SEVISH VAQTI KELDI…
Muallif: Nargiza Erkaboyeva
MUQADDIMA
Agar sen qayerga yurishni
bilmayotgan bo‘lsang, to‘xta va o‘yla:
sen o‘zi qayerdan kelgansan?
Qabulimga 48 yoshli ayol ishga kirish masalasi bo`yicha
maslahat so`rab keldi. Kvant maydonda mijozimning ishga
kirolmaslik sababini diagnostika qildim. Diagnostika – bu
mijozning xohishga qarab u qo`ygan savol bo`yicha vaziyatning
asl sabibini aniqlash. Diagnostikadan ma’lum bo`lishicha, ayol
sobiq sevgilisidan qo`rqib ishga kira olmayotgandi. Sobiq sevgilisi
28 yoshda, tibbiyot sohasida o`qirdi. Qisqasi, ayol mijozimning
umri davomida juda ko`p erkaklar bilan jinsiy yaqinlik qilgani
ayon bo`ldi. Ayol erkaklarni tez-tez almashtirgan. O`zini bir
poyezddan ikkinchi poyezdga o`tib yuradigan yo`lovchiday his
qilgan. Biri ketsa, o`rniga ikkinchisi kelgan. “Endi qanaqasi
kelarkan?” deb o`ylar ekan u. Eng qizig`i, ayol hech bir erkak
bilan uzoq munosabatda bo`lmagan. Ular bilan birga bo`lganda
o`zida qoniqish ham his qilmagan. Nima uchun shundayligini
anglamagan holda erkak almashtirishda davom etgan.
Yana bir mijozim 21 yoshli qiz. Nufuzli oliygohlardan birida
o`qiydi. Kelishgan, xushbichim, aqlli, go`zal – bir so`z bilan
aytganda, bir oilaning sevimli bekasi bo`lishga arziydigan qiz.
Qiz ikki yildan beri yigitlar bilan jinsiy munosabatda bo`ladi.
Qanchalik harakat qilsa ham, o`zini to`xtata olmaydi. Uyidagilar
bundan bexabar. Ko`p marta o`ziga “bas” deb aytdi, lekin
uddalay olmadi. O`zini to`xtatolmaganidan, yigitlarni tinmay
almashtirayotganidan hayratga tushadi. Go`yo o`zini qandaydir
ko`rinmas kuch boshqarayotgandek tuyuladi. Kechalari yig`lab
chiqadi, qo`rquvga tushadi, lekin chorasiz.
Yana bir mijozim 27 yoshli yigit. Tinim bilmay ishlaydi, kam
uxlaydi. Oliygohni bitirgan, lekin oyligi kamligi sababli o`z
kasbida ishlamaydi. Qancha harakat qilsa ham, kredit va
qarzlardan chiqib ketolmaydi. Topgan puli bir tomondan keladi,
ikkinchi tomondan to`xtamasdan chiqib ketaveradi. Qisqa qilib
aytganda, qo`li pul ko`rmaydi.
Yuqoridagi kabi yuzlab mijozlar bilan ishladim.
Hammasining ildizi bitta, hamma hal bo`lmayotgan
muammolarni rod (ajdodlar tizimi)ga bog`lagan holda hal qilish
mumkin. Eng hayratlanarlisi, asosiy ildizga kirib borilganda
muammo ortga qaytmaydigan darajada yechiladi.
Hozirda insonlar o`zini anglashni, o`zini his qilishni, o`zini
sevishni istab qolishdi. Hech qaysi davrda insoniyat bunchalik
o`zini tanishga kuchli ehtiyoj sezmagan. “Nega aynan shu
sayyorada dunyoga keldim? Nima uchun yashayapman? Men
aslida kimman?” Shunday savollar hammani birday
o`ylantirmoqda. Bu haqda qanchalik ko`p o`ylasak, shunchalik
ko`p izlanishga harakat qilamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |