Savol: Bizga ma’lum bo’lishicha, Toshkent shahridagi xususiy tadbirkorlardan biri qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqaradi. Xodimlar uchun ish vaqti ertalabki soat 6:00 dan kechki soat 23:00 gacha belgilangan. Shanba va yakshanba kunlari ham ish bo’ladi.
Bunday sharoitda ishlagan kishiga birinchi oy 300 ming so’m maosh, keyingi oylardan esa 600 – 700 ming maosh beriladi. Ishchilar bu kabi oylikli ishni topish qiyin bo’lgani sabab ham shunday sharoitlarda ishlashga majbur.
Ish beruvchining ishchilarni mana shunday holatda uzluksiz ishlatilishi qonunan mumkinmi? Agar qonun buzilgan bo’lsa, qayerga va qanday shikoyat qilish mumkin?
Javob:
Ish vaqti
Mehnat kodeksiga ko’ra, xodim ish tartibi yoki grafigiga yoxud mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq o‘z mehnat vazifalarini bajarishi lozim bo‘lgan vaqt ish vaqti hisoblanadi.
Siz aytgan holatdan ma’lum bo’lishicha, korxonada sutkasiga 17 soat ishlash rejimi o’rnatilgan. Ammo savolda bir xodim uchun ertalab soat 6:00 dan 23:00 gacha ishlash nazarda tutilganmi yo’qmi, bu aniqlashtirilmagan. Lekin savolning umumiy mazmunidan shu holat nazarda tutilganligini anglash mumkin. Demak, korxonada xodimlar sutkasiga 17 soat ishlamoqda. Shanba va yakshanba kunlari ham ishlash rejimi o’rnatilganligini hisobga olsak, xodimlar haftasiga 7 kun, jami 119 soat ishlayotgan bo’ladi.
Mehnat kodeksiga ko’ra, xodim uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga 40 soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emas. Ishning tugashi bilan keyingi kuni (smenada) ish boshlanishi o‘rtasidagi kundalik dam olish vaqtining muddati 12 soatdan kam bo‘lishi mumkin emas (128-modda). Demak, sutkasiga tonggi 6 dan 23 ga qadar ishlash rejimini o’rnatish qonunga xilof va mumkin emas.
Bundan tashqari, 123-moddada ish vaqtini jamlab hisobga olish usuli haqida yoritilgan bo’lib, unga ko’ra, hisobga olinadigan davrdagi ish vaqtining muddati ish soatlarining normal miqdoridan (40 soat) oshib ketmaydigan shart bilan korxonada ish vaqtini jamlab hisobga olish joriy qilinishi mumkin. Bunda hisobga olinadigan davr bir yildan, kundalik ish vaqtining (smenaning) muddati esa o‘n ikki soatdan ortib ketmasligi lozim. Demak, bir kunlik ish vaqtining eng ko’p miqdori 12 soat bo’lishi mumkin. 12 soatlik ish vaqtiga yo’l qo’yilgan holatda ham haftalik ish soati 40 soatdan oshib ketmasligi kerak.
Ish vaqtidan tashqari ish
Xodim uchun belgilangan kundalik ish (smena) muddatidan tashqari ishlash ish vaqtidan tashqari ish deb hisoblanadi. Ish vaqtidan tashqari ishlar xodimning roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Ish smenasining muddati o‘n ikki soatdan iborat bo‘lganda, shuningdek, mehnat sharoiti o‘ta og‘ir va o‘ta zararli ishlarda ish vaqtidan tashqari ishlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Nogironlarni, homilador ayollarni, 14 yoshga to’lmagan bolasi bor ayollarni (ularning roziligisiz) tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlari ishlashga jalb qilib hamda xizmat safariga yuborib bo’lmaydi. Shu bilan birga, homilador ayollarni va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni tungi ishlarga jalb qilishga bunday ish ona va bolaning sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirmasligini tasdiqlovchi tibbiy xulosa bo‘lgan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi.
Ish vaqtidan tashqari ishning muddati har bir xodim uchun surunkasiga ikki kun davomida to‘rt soatdan (mehnat sharoiti og‘ir va zararli ishlarda — bir kunda ikki soatdan) va yiliga bir yuz yigirma soatdan ortiq bo‘lmasligi lozim.
Ish beruvchi har bir xodimning haqiqatda ishlagan ish vaqtini, shu jumladan, ish vaqtidan tashqari ishlagan vaqtini o‘z vaqtida aniq hisobga olib borishi shart.
Dam olish
Bundant tashqari, Kodeksga ko’ra, 6 kunlik ish haftasida har kungi ishning muddati 7 soatdan, 5 kunlik ish haftasida esa 8 soatdan ortib ketmasligi lozim. Xodimni surunkasiga ikki smena davomida ishga jalb etish taqiqlanadi. Masalan, kunduzgi smenada ishlagan odam kechki yoki tungi smenada ishlashi mumkin emas (120-modda). Soat 22:00 dan to soat 6:00 gacha bo‘lgan vaqt tungi vaqt deb hisoblanadi. Barcha xodimlarga dam olish kunlari (har haftalik uzluksiz dam olish) beriladi. Besh kunlik ish haftasida xodimlarga haftada ikki dam olish kuni, olti kunlik ish haftasida esa, bir dam olish kuni beriladi. Umumiy dam olish kuni yakshanbadir.
Dam olish kunlarida ishlatish taqiqlanadi. Ish beruvchining farmoyishi bo‘yicha ayrim xodimlarni dam olish kunlari ishga jalb etishga alohida hollardagina, jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilangan asoslar bo‘yicha va tartibda yo‘l qo‘yiladi.
Dam olish kunlarida bajarilgan ish uchun kompensatsiya to’lanadi. Ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi. Bayram yoki dam olish kunidagi ish xodimning xohishiga qarab boshqa dam olish kuni (otgul) berish bilan qoplanishi mumkin. Bayram yoki dam olish kunidagi ish yoxud ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish uchun boshqa dam olish kuni berilgan taqdirda, bunday ishlar uchun kamida bir hissa miqdorda mehnat haqi to‘lanadi (157-modda).
Demak, ma’lum bo’ladiki, dam olish kunlari xodimlarni ishlashga jalb qilishga faqat ayrim hollardagina yo’l qo’yilishi mumkin. Yo’l qo’yilgan taqdirda ham xodimga kompensatsiya va boshqa kun dam olishga ruxsat berilishi kerak. Ammo korxonada 7 kunlik ish rejimida doimiy ravishda ishlash qonunga ko’ra taqiqlanadi. Xodimlarni dam olish kunlari ishlashga jalb qilish man etiladi.
Bundan tashqari, xodimga ish kuni (smena) davomida dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berilishi kerak, bu tanaffus ish vaqtiga kiritilmaydi. Tanaffus berish vaqti va uning aniq muddati ichki mehnat tartibi qoidalarida, smena grafiklarida yoki xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilab qo‘yiladi. Ishlab chiqarish sharoitiga ko‘ra dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berish mumkin bo‘lmagan ishlarda ish beruvchi xodimga ish vaqtida ovqatlanib olish imkoniyatini yaratib berishi shart. Bunday ishlarning ro‘yxati, ovqatlanish tartibi va joyi ichki mehnat tartibi qoidalarida belgilab qo‘yiladi. Mehnat to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlar bilan ish kuni (smena) davomida boshqa tanaffuslar ham belgilab qo‘yilishi mumkin.
Mehnatga haq to’lash
Tungi vaqtdagi ishning har bir soati uchun kamida bir yarim baravar miqdorda haq to‘lanadi. Tungi vaqtdagi ish uchun oshirilgan miqdorda to‘langan haq tarif stavkalariga (mansab maoshlariga) qo‘shilmaydi. To‘lanadigan haqning aniq miqdori jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilanadi. Jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib, kechki smenadagi ish uchun oshirilgan miqdorda haq to‘lash nazarda tutilishi mumkin.
O’zbekiston hududida 2013-yil 12-dekabr holatiga ko’ra, eng kam oylik ish haqi 96 105 so’m hisoblanadi. Mеhnаt hаqining miqdоri ish bеruvchi bilаn xоdim o`rtаsidаgi kеlishuvgа binоаn bеlgilаnаdi. Mеhnаt hаqi qоnun hujjаtlаri bilаn bеlgilаngаn eng kаm miqdоrdаn оz bo`lishi mumkin emаs vа uning eng ko`p miqdоri birоn bir tаrzdа chеklаnmаydi. (153-modda) Demak, 0 razraydli (hech qanday malaka talab qilinmaydigan ish) ishchi uchun haftasiga 40 soatdan oshmagan ish soatlariga eng kam oylik ish haqidan kam bo’lmagan ish haqi to’lash, masalan, 300 ming so’m to’lash qonunga muvofiq. Ammo xodim haftasiga 40 soatdan ko’p ishlashga jalb qilinsa, avvalo, bunday xatti-harakat, so’ngra esa haftasiga 119 soat ishlagan xodimga atigi 300 ming so’m ish haqi berish noqonuniy hisoblanadi.
Shikoyat qilish
Xodimlarni bunday noqonuniy tarzda mehnatga jalb qilish ustidan xodimlar jamoa bo’lib yoki ulardan biri korxona joylashgan tuman prokuraturasiga korxona ustidan shikoyat qilishi lozim. Noqonuniy holatlar aniqlangach, prokuror korxona rahbari ustidan ma’muriy ish ochib, tuman jinoyat ishlari bo’yicha sudga shikoyat qiladi. Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 49-moddasiga ko’ra, mansabdor shaxs[1] mehnat to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganligi uchun javobgarlik belgilangan. Shikoyatda xodimlar korxona ularni ish vaqtidan tashqari ishlarga hamda dam olish kunlari ishlashga jalb qilganligi uchun shunday ishlarga to’lanishi lozim bo’lgan kompensatsiya to’lovlarini undirib berishini so’rashi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |