Bu qoida menga ustozim bilan uchrashganimdan tanish. Ustozning savdo karvoni haqidagi ikki xil xabarga xazratimning javoblaridan lol qolgandim. Oradan yillar o‘tsada men o‘sha voqeani esimdan chiqarmadim. Aqlni shoshiradigan darajadagi oltinlar topsamda, qattiq suyunib aqlimni yo‘qotmadim. Og‘ir ko‘ngilsizliklar kelsa-da, kuyunib yoqa yirtmadim. Bir kuni faqat o‘zim biladigan bir ko‘ngilsizlik bo‘ldi. Odatda men kasodga uchraganlarimni umuman aytmayman. Ammo daftarimga yozib qo‘yaman. Xullas bir kuni bozorda olib sotar bilan uchrashib qoldim. U menga katta miqdorda teri va chilvir buyurtma qildi. Pulini molni olgach, berishini aytdi. Ishondim (chunki lafz insonning tirkligidir, belafz insonning o‘likdan farqi yo‘q). Oradan ikki oy o‘tib aytgan molini yetkazdim. Terichilikni tushunmaganim uchun ularga ozgina shikast yetgan ekan. Ammo sifati qattiq buzilmagan. U molni oldi. Pulini bir kun o‘tib berishini aytdi. Men asosiy sarmoyamni o‘sha mollarga tikkandim. Ertasi kuni undan javob bo‘lmadi. Gazlama va mo‘yna olib kelishim kerak, mijozlar betoqatlana boshlagandi. Agar vaqtida yetkazib bermasam, boshqa savdogar mijozlarimni og‘dirib olishi mumkin edi. Ammo chayqovchidan ha deganda javob bo‘lavermadi. Men gazlama olib kelish uchun bir tanishimdan katta miqdorda qarz oldim. Muddatni bir oy deb belgiladik. Teri buyurtirgan odam uzog‘i yigirma kunda pulimni qaytarishga vada berdi. Men savdo karvonim bilan qaytib kelganimda rosa bir oy o‘tgandi. Qarzimni qaytarish uchun chayqovchidan pul so‘radim, u yana muddat so‘radi. Qarzining o‘ndan bir qismini qaytardi. Shu qadar jaxlim chiqdiki, jismoniy imkoniyatimdan foydalanib uni o‘ldirib qo‘yishim yoki o‘lasi qilib kaltaklashimga oz qoldi. Ammo ustozimning nasihatlarini eslab fikrimdan qaytdim. Unga oxirgi muddatni berdimda, tanishimning oldiga borib uzr so‘radim. Ammo tanishimga pul juda zarur ekan. Men ikki kun ichida molni yarim bahosida sotib, qarzni berdim. Kasodga uchradim. Yaqin bir yil ichida na gazlama, na mo‘yna olib kela oladigan darajada sarmoyasiz qoldim. Ammo puli bor odamlarni axtardim, to‘xtab qolmadim. Bir sarmoyador chiqdi. U bir necha yildan buyon oltin yig‘ar, ammo ishlatmas ekan. Undan qarz so‘radim bermadi. Keyin foydaning o‘ndan uch qismiga sheriklikka ko‘ndirdim. Menga bir marta mol olib kelish kifoya qilardi. Bir yarim oyda yangi mollar olib keldim va yaxshi foyda qildim. Qarzimni va foydadan ulushni qaytardim. U yana sherikchilik qilish istagini bildirdi, ammo zarurati bo‘lmagani uchun rozi bo‘lmadim. Mol oladigan odamlarga bir vakildan xat jo‘natish va pulini keyingi mol olishda berish sharti bilan ishni boshlab yubordim. Ishonchga kirdim. Chayqovchi vadasini bajarolmadi. Olti oy o‘tib qarzini qaytardi. Jaxl qilmadim. Pulni oldim va qaytib chayqovchilar bilan pulini oldindan bermasa ishlamaslikka ahd qildim. To‘quvchi, tikuvchi ustalar bilan har doim qarzga ishlayveraman, chunki ularga ishonaman. Xullas ortiqcha xursandchilik bo‘lmag‘ur g‘ururga, ortiqcha g‘am esa omadsizlikka sabab bo‘larkan. O‘shandan buyon hecham g‘amlarga kuyunmadim, xursandchiliklarga ortiqcha suyunmadim. O‘rtacha bo‘ldim.