Mavzuning dolzarbligi.Bugungi avlod jahon mamlakatlari taraqqiyotining o`ziga xos globallashuv bosqichida yashamoqda. Bu bosqichda xalqaro aloqalar, mamlakatlar hayotining bir-biriga ta'siri, turli sohalardagi o`zaro munosabatlar, fikr va tajriba almashinuvlari, sintez va uyg`unlashuv har qachongidan ham yuqori bosqichga ko`tarildi.Endi har qanday hodisa ham butunjahon kontekstidagina o`zining tom ma'nodagi bahosini olishi mumkin. Binobarin, adabiyotshunoslikda ham milliy adabiyot asarlarini jahon so`z san'atining nodir namunalariga qiyosan baholash tamoyili kuchaymoqda. Aslini olganda, biror davrda ham o`z qobig`iga o`ralgan adabiyot bo`lgan emas, bo`lmaydi ham. Xalqlar do`stligi, jismoniy va ma'naviy kamolot, o`zaro hamkorlik va birodarlik, halollik singari yuksak gumanistik ideallarni targ`ib etgan san'at va adabiyot hamma davrlarda ham o`zaro ta'sir tamoyili zaminida rivojlanib, taraqqiyqilib borgan. Binobarin, muayyan yozuvchi ijodini jahon adabiyoti namunalariga qiyosan o`rganish masalasi, birinchidan, milliy adabiyotning, muayyan yozuvchi ijodining dunyo adabiyoti kontekstidagi o`rnini belgilash; ikkinchidan, ijodiy individuallik masalasini hal qilish nuqtai nazaridan hamisha dolzarbdir. Shunga ko`ra, mazkur dissertatsion ishda ikki yirik prozaik - Jek London va Abdulla Qahhor ijodi qiyosan tahlilqilindi.
Bundan tashqari, o`zbek adabiyotiga jahon ilg`or adabiyotining ta'siri XIX asr oxiri - XX asr boshlaridan e'tiboran sezilarli bo`lib qoldi. Ijtimoiy-siyosiy yemirilishlar zaminida tarjimachilikning, o`zaro adabiy aloqalarning taraqqiy etishi, rus adabiyoti va adabiyotshunosligi orqali bevosita adabiy ta'sir kuchaydi. O`zbek adabiyotida jahon adabiyoti ta'sirida bir qator janrlar shakllandi va taraqqiy etdi, konkret asarlar maydonga keldi. Umuman, XX asr o`zbek adiblari ijodi, ularning salaflari - Sharq mumtoz shoirlari hamda Yevropa va Amerika adabiyoti vakillari ijodidan farqli ravishda, XX asrdagi yangi ijtimoiy-siyosiy dunyoqarash zaminida sharq va g`arb adabiy an'analarining, Sharq va G`arb tafakkurining murakkab sintezi sifatida maydonga keldi. Garchand XX asrda yashab ijod etgan o`zbek adiblari ijodi g`oyaviy-badiiy jihatlardan keng tadqiq qilingan bo`lsa ham, bugungi adabiyotshunoslik oldida milliy adiblarimiz ijodini mana shunday murakkab sintezlashuv hosilasi sifatida alohida-alohida o`rganish vazifasi turibdiki, bu ham mavzuning dolzarbligini ko`rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |