ATROF-MUHITNI MUHOFAZA QILISH HAMDA EKOLOGIK NAZORAT SOHASIDAGI DAVLAT ORGANLARI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mamlakatda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, ekologik vaziyatni yaxshilash, qulay ekologik holatni barqaror saqlash, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi samaradorligini ta’minlash hamda sohada sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish maqsadida:
1. Quyidagilar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining (keyingi o‘rinlarda — Davlat ekologiya qo‘mitasi) yangilangan asosiy vazifalari etib belgilansin:
ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ularni qayta tiklash va inson faoliyatining tabiatga salbiy ta’sirini oldini olish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
atrof-muhitni muhofaza qilish borasida jamoatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni ta’minlash, jamoatchilik nazoratiga uslubiy yordam ko‘rsatish va ko‘maklashish, fuqarolarning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash;
atrof-muhitning qulay ekologik holatini, ekologik tizimlar, tabiiy komplekslar va obyektlarning muhofaza qilinishini ta’minlash;
o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash, ular turlarining xilma-xilligini, tabiiy turkumlari yaxlitligini va ularning yashash muhitini saqlash, qayta tiklanishi va rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishda qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini olib borish, maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish borasida davlat va xususiy sherikchilikni faol jalb qilgan holda tizimni tashkil etish;
atmosfera havosi, er, yer osti boyliklari, suv, o‘rmonlar, hayvonot va o‘simlik dunyosini, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishda qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan davlat ekologik nazoratini o‘rnatish;
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishini “Korrupsiyasiz soha”ga aylantirish, ekologik tarbiya, targ‘ibot va ta’lim tizimini tashkil etish, ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy ta’lim muassasalari faoliyatiga ko‘maklashish.
2. Quyidagilar:
Davlat ekologiya qo‘mitasining tashkiliy tuzilmasi va markaziy apparati tuzilmasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining tuzilmasi hamda viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 3 va 4-ilovalarga muvofiq;
tuman (shahar) ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha inspeksiyalari tuman (shahar) ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limlari etib qayta tashkil qilinsin hamda ularning namunaviy tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari boshliqlari Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi tomonidan bevosita lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Davlat ekologiya qo‘mitasi bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi;
Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi a’zosi hisoblanadi.
4. Davlat ekologiya qo‘mitasi raisiga:
zarur hollarda, Davlat ekologiya qo‘mitasining markaziy apparati, hududiy bo‘linmalari va uning tarkibiga kiradigan idoraviy mansub tashkilotlarning tuzilmalariga boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish;
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlarining shtat birliklariga qo‘shimcha shtat birliklarini joriy qilish va saqlash;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ilmiy va ta’lim tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini hamda ekspertlarni maslahatchi sifatida jalb qilish huquqi berilsin.
5. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash sohasini hamda ekologik nazorat tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasi va ularga qarshi kurashish tizimini yangi darajaga ko‘tarish maqsadida Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va Davlat ekologiya qo‘mitasining quyidagilarni nazarda tutuvchi “Ekologik patrul” ishlash tizimini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi qo‘llab-quvvatlansin:
ichki ishlar organlari jamoat xavfsizligi xizmati va Milliy gvardiyaning patrullikka jalb etilgan bo‘linmalarining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha vakolatlarini kengaytirish;
ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilik talablari ijrosi so‘zsiz ta’minlanishini nazorat qilishda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlarining ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya bo‘linmalari bilan yaqindan hamkorligini o‘rnatish hamda qo‘shma profilaktik tadbirlarni o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘yish.
7. Ichki ishlar vazirligi Milliy gvardiya va Davlat ekologiya qo‘mitasi bilan birgalikda:
uch oy muddatda ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya bo‘linmalarining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha vakolatlarini kengaytirish yuzasidan tegishli qonun loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
doimiy ravishda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilik talablari ijrosi so‘zsiz ta’minlanishini nazorat qilishda o‘zaro yaqindan hamkorlikni o‘rnatsin hamda qo‘shma profilaktik tadbirlarni o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin.
8. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, Davlat ekologiya qo‘mitasining ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va jarima solish huquqiga ega xodimlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 285-moddasiga asosan huquqbuzarni ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish, shaxsan ko‘rikdan o‘tkazish, uning ashyolari va transport vositalarini ko‘zdan kechirish hamda ashyolar va hujjatlarni olib qo‘yish vakolatlariga ega.
9. 2022-yil 1-martdan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
a) davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlariga ular egaligidagi bino va inshootlarga tutash (chegaradosh) bo‘lgan yer uchastkalari quyidagi shart va majburiyatlar bilan ularga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladi:
yer uchastkalarini obod holda saqlash;
daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni parvarish qilish va sug‘orish;
yig‘ishtirish-tozalash ishlarini amalga oshirish va chiqindi qutilarini o‘rnatish;
bolalar maydonchalari, o‘tirish joylari (skameykalar), tungi yoritish tizimini o‘rnatish, ta’mirlash va saqlash;
aholi uchun piyoda yo‘laklarini barpo etish, ta’mirlash va lozim darajada saqlash;
b) mazkur bandga asosan doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladigan yer uchastkalarida bino, inshoot, ishlab chiqarish va noishlab chiqarish hamda yengil konstruksiyali obyektlarni o‘rnatish va qurish taqiqlanadi;
v) davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlariga tegishli yer uchastkalarini doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib berish ushbu bandning “a” va “b” kichik bandlarida nazarda tutilgan talablar asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
g) mazkur bandga asosan doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladigan yer uchastkalarida davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlari tomonidan belgilangan shart va majburiyatlar bajarilishi ustidan nazorat ichki ishlar organlari jamoat xavfsizligi xizmati, Milliy gvardiyaning patrullikka jalb etilgan bo‘linmalari hamda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari tomonidan amalga oshiriladi.
10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
2023-yil 1-yanvarga qadar shaharlar va boshqa aholi punktlarida joylashgan hamda bo‘sh turgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga mo‘ljallangan yer uchastkalari tegishli davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlariga ajratilishini;
doimiy ravishda shaharsozlik faoliyati natijasida shakllangan yangi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga mo‘ljallangan yer uchastkalari belgilangan tartibda tegishli davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlariga ajratilib borilishini ta’minlasin.
11. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlariga quyidagi bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalarni kiritish huquqi berilsin:
davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlari tomonidan mazkur qarorning 9-10-bandlariga asosan ularga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib berilgan yer uchastkalarida tegishli shart va majburiyatlar bajarilishini ta’minlash bo‘yicha;
2023-yil 1-yanvardan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan shaharlar va boshqa aholi punktlarida joylashgan hamda bo‘sh turgan yer uchastkalari tegishli davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlariga ajratilib borilishini ta’minlash bo‘yicha.
12. 2022-yil 1-fevraldan boshlab:
viloyatlar va tumanlar (shaharlar) hokimlarining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi tugatilib, qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi kiritilsin;
Toshkent shahri va uning tumanlari hokimlarining arxitektura, kapital qurilish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi tugatilib, qurilish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi kiritilsin.
13. Vazirlar Mahkamasi apparati tuzilmasining Hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi masalalari kotibiyatida boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 3 nafardan iborat bo‘lgan Ekologik nazorat bo‘limi tashkil etilsin.
Belgilansinki, Ekologik nazorat bo‘limining 1 nafar shtat birligi Vazirlar Mahkamasi apparatining umumiy shtat birliklari doirasida hamda 2 nafar shtat birligi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ajratilishi orqali shakllantiriladi.
14. Davlat ekologiya qo‘mitasi keng jamoatchilik, ilmiy tadqiqot institutlari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillarini jalb etgan holda 2022-yil 1-dekabrga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi Ekologik kodeks loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
ekologiyaga oid qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish va ixchamlashtirish;
atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida jamoatchilik nazoratining roli va ta’sirini oshirish;
bioxilmaxillikni asrash, tiklash va ko‘paytirishning aniq mexanizmlari va rag‘batlantirish tizimini joriy etish;
atrof-muhitni muhofaza qilishda davlat tashkilotlari va fuqarolarning huquq va majburiyatlari;
ekologik nazorat va monitoring turlarini amalga oshirish tartibi, shu jumladan “yashil iqtisodiyotni” rag‘batlantirish choralari;
ekologik ekspertizani amalga oshirish tartibi.
15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-oktabrdagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3956-son qarori 3-bandining ikkinchi — to‘rtinchi xatboshilari va 4-bandi, shuningdek, unga 1 — 5 ilovalar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
16. Davlat ekologiya qo‘mitasi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Do'stlaringiz bilan baham: |