Mehnat resurslari.
Ijtimoiy-iqtisodiy muhit.
Mehnat resurslariga talab (ularning bajaridigan ish funksiyalari va kategoriyalarini hisobga olgan holda).
Ishchi va xodimlarni ishga olish tartibi. Ishchi-xodimlar shtat ro’yxati.
Ishchi-xodimlarni o’qitish rejasi.
Ishchi-xodimlarga haq to’lash bilan bog’liq bo’lgan xarajatlarni baholash.
Investitsiya loyihasini amalga oshirish jarayonini rejalashtirish.
Loyihani amalga oshirish bosqichlari.
Loyihani amalga oshirish grafigini tuzish.
Loyihani amalga oshirish byudjetini ishlab chiqish.
Investitsiyani baholash va moliyaviy tahlil.
Xarajatlarni baholash.
Investitsiya loyihalarining iqtisodiy samaradorligini baholash usullari.
Investitsiya loyihasini moliyalashtirish.
Mustaqil o’zlashtirish va nazorat uchun savollar:
Biznes-rejalashtirishning mohiyati va vazifalarini aytib bering.
Biznes-rejani funktsiyasi va tarkibiy tuzilishi nimalardan iborat?
Biznes-rejaning umumiy ma’lumotlari va rezyumesiga izoh bering.
Biznes-rejaning asosiy bo’limlarini tushuntirib bering.
Investitsion loyihalashtirishda biznes-rejaning xususiyatlari niamlardan iborat?
Biznes-rejaning taqdimoti qanday amalga oshiriladi?
5-MAVZU. INVESTITSIYA LOYIHALARI MARKETINGI
Reja:
Bozorni tadqiq qilishning zamonaviy konsepsiyasi mohiyati
Marketing tadqiqotlari. Bench marking
Loyiha marketingi dasturi va byudjeti. Loyihani amalga oshirish jarayonida marketingni boshqarish
Bozorni tadqiq qilishning zamonaviy konsepsiyasi mohiyati
Marketing – insonning ayirboshlash vositasida talab va ehtiyojni qondirishga qaratilgan faoliyati. Marketing tarkibiga bozorni o’rganish. Iste’molchi buyurtmasiga ko’ra mahsulotlar assortimentini rejalashtirish, bozorni egallash, reklama, tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqaruvchidan iste’molchiga yetkazib berish bilan bog’liq tadbirkorlik faoliyati kiradi. Marketing konstruktor, muxandis, iqtisodchi va boshqa mutaxassislarga bozor ehtiyojlari bilan tanishish, iste’molchi ushbu mahsulotning qanday bo’lishini istashi, unga qancha xaq to’lashi, u kim uchun zarurligi xaqida muloxaza yuritish imkonini beradi.
Bozor sharoitida korxonani boshqarish marketingni ishlab chiqarish siklining boshiga qo’yadi, chunki xo’jalik qarorlarini qabul qilish asosida ishlab chiqarish imkoniyatlari emas, balki bozor talablari, xaridor ehtiyojlari yotadi. Oxir natijada korxona ko’lami, korxonani boshqarish tashkiliy tarkibini, boshqaruv tamoyil va usullarini, xizmat ko’rsatish yo’nalishlarini bozor belgilaydi.
Bozor munosabatlari sharoitida korxona bozor konyukturasi, bo’lajak sheriklar imkoniyatlari, narxlar o’zgarishi xaqida axborot olish asosida o’z ishlab chiqarishini moddiy-texnikaviy ta’minlash va kapital qurilishni tovarlar va xizmatlar bozoridan (bevosita ishlab chiqaruvchidan, ulgurji savdoda, shu jumladan, yarmarka, kimoshdi savdosi, hamda moddiy-ta’minot va boshqa vositachi tashkilotlardan) resurslar sotib olish yo’li bilan amalga oshiradi. Natijada korxonaning reja-iqtisod, texnika, texnologiya, ta’minot va sotuv bo’limlari vazifalari o’zgaradi. Chunki, korxona muxandis-texniklari resurslardan qay darajada foydalana olish imkoniyatiga ega ekanliklarini bilishlari, bozor ta’siridan erkin bo’lishlari uchun korxonada bozor iqtisodiyoti, korxona ishlab chiqarish va moliya siyosati masalalari bo’yicha axborot manbaasi, bo’lgan maxsus marketing xizmatini tashkil etish ehtiyoji vujudga keladi.
Marketing bo’limi bozorni, ijtimoiy talab holati va o’zgarishi, konyukturani o’rganish natijasida korxonada ishlab chiqariladigan mahsulot zarurligi, istiqboli masalasini hal etadi.
Korxonani marketing vositasida boshqarish ancha mushkul bo’lib, katta xajmda reja-hisob kitoblarini, kadrlarni qayta tayyorlashni, boshqaruv vazifa va usullarini tubdan o’zgartirishni talab qiladi. Faqat korxona, butun iqtisodiyot xo’jalik mexanizmini tubdan qayta qurishi asosidagina marketing tendensiyasini qo’llash mumkin. Aks xolda korxona tez o’zgaruvchan talabga moslasha olmay raqobat kurashiga bardosh bera olmaydi. Bu korxona foyda ko’rmasligi va undan kelib chiquvchi boshqa oqibatlarga olib keladi. Chunki, faqat iste’molchilar ehtiyojini hisobga olib, fan-texnika taraqqiyoti yutuqlaridan foydalana olgan korxonagina o’z mahsulotini sotishdan foyda olishi mumkin.
Bu ma’noda amerikalik avtomobil magnati G. Fordning fikrini ta’kidlab o’tish zarur. Undan qanday qilib millioner bo’lganligini so’raganlarida quyidagicha javob bergan: «Juda oson. Men o’z avtomobillarimni bozorda boshqalarga nisbatan arzonroq sotib, o’z ishchilarimga boshqalarga nisbatan ko’p xaq to’laganman». Bunday xolda u sinishi kerak edi, lekin, u raqobatchilarini bozordan siqib chiqarib bozorni egallagani uchun millioner bo’ldi.
Tovar pul munosabatlari jamiyatni o’z-o’zini boshqarish mexanizmi bilan qurollantirgani uchun bebaho xususiyatga ega. Tartibga solinuvchi bozor xo’jalik faoliyatini iste’molchiga qaratish, tashkiliy tizimlar, boshqaruv tamoyili va usullarini qayta qurish, korxona maqsad va vazifalarini o’zgartirishni talab qiladi.
Marketing talabni qondirishga qaratilgan faoliyat bo’libgina qolmay, balki talabga ta’sir ham qilishdir. Xo’sh, bu ta’sir qanday bo’lishi kerak, boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishga o’tish va yangi talabni vujudga keltirish kerakmi? Marketing faoliyatining bu aniq maqsadlarini - bozorda mavjud bo’lgan vaziyatni hisobga olish bilan, xaridorlar qiziqish darajasi bilan, korxonaning o’z iqtisodiy va ijtimoiy vazifalari bilan, u yoki bu bozorga kirishi bilan aniqlanadi. Shunday qilib, talab marketing maqsadini, shu bilan birga kerakli marketing strategiyasini tanlashga imkon beradi. Bir necha talab darajasini va unga mos keluvchi bir qancha strategiyasini aloxida ajratib ko’rsatish mumkin.
Amerikalik iqtisodchi Filipp Kotler o’zining mashxur «Marketing bo’yicha boshqaruv» qo’llanmasida marketing turlarining klassifikatsiyasini bergan. Quyidagi talab darajasi va unga mos keluchi marketing strategiyasini ko’rib chiqamiz.
Marketing strategiyasi jamiyat va korxona jamoasining uzviy manfaatlari ishlab chiqarish samaradorligi masalalarini hal qilishga xizmat qilish kerak.
Marketing strategiyasi bosqichlarini sxema tarzida ifodalash mumkin (5.1rasm)
5.1-rasm. Marketing bosqichlari
1-bosqich – talab konyukturasini o’rganish. Korxona bozordagi iqtisodiy vaziyatni xar tomonlama o’rganadi, talab konyukturasini, shuningdek, xaridor imkoniyatlarini o’rganadi.
2-bosqich – bozor sig’imini o’rganadi. Korxona ko’zda tutilgan savdo sig’imini aniqlaydi. Bu ushbu sohaga kapital sarflash uchun turtki bo’lib xizmat qiladi. 3-bosqich – mavjud bozor sharoitida korxona maqsad va imkoniyatlarini aniqlash. Bozor ehtiyojlarini bilish ularni korxona imkoniyatlari bilan taqqoslashga imkon beradi.
4-bosqich – marketing reja va strategiyasini ishlash. Ham maqsadga erishishning umumiy strategiyasi, ham korxona yo’nalishi va bo’linmalari uchun batafsil reja sifatida ishlanadi.
5-bosqich – ilmiy-texnik va tajriba konstruktorlik ishlari. 4 ta bosqichda rivojlanish yo’llari belgilangandan so’ng bevosita sotish uchun mahsulot ishlab chiqarishga ilmiy-tadqiqot, tajriba va konstruktorlik ishlari, texnologiya, ishlab chiqarish rejasi, tajriba ishlab chiqarish va x.k.ga o’tiladi. Nixoyat, mahsulot yaratildi.
6-bosqich – mahsulotni bozorga kiritish. Buning eng muhim sharti bozorga chiqishning eng maqbul yo’lini tanlash bilan birga, narx siyosatini ham belgilashdir.
7-bosqich – reklamayu bozorda o’ylab samarali ish yuritmay muvaffaqiyatga erishib bo’lmaydi. Tovar xaqida xaridorlarga axborot berish va uni sotib olishga undash - murakkab va ma’suliyatli vazifa bo’lib, u bilan bir vaqtda savdoni rag’batlantirish xaqida ham g’amxo’rlik qilish kerak.
8-bosqich – mahsulot assortimentini boshqarish. Talab xaridorning assortiment o’zgarishiga talabi o’zgarishini o’rganish. Assortimentni o’zgartirish, bozorga taklif etilgan dastlabki variantga tuzatish kiritish.
9-bosqich – savdo faoliyatini boshqarish. Savdo, yukni tashish, yuklarni qadoqlashga aloxida e’tibor beriladi.
10-bosqich – savdodan keyingi xizmat ko’rsatish, iste’molchiga servis xizmati ko’rsatish, tovardan foydalanishda ko’maklashish.
11-bosqich – marketing faoliyatini nazorat qilish. Butun faoliyat dasturini nazorat qilish. Oxirgi bosqichning tugashi, birinchi bosqichning boshlanishini bildiradi.
Marketing strategiyasini bilish «marketingni boshqarish» tushunchasiga ta’rif berishga imkon yaratadi. Marketingni boshqarish - bu ishlab chiqarish va bozorni foyda olish, savdo xajmini oshirish, bozordagi xissasini oshirish maqsadida xaridorlar bilan foydali ayirboshlashni ta’minlash, mustaxkamlash maqsadida o’rganish va taxlil etishdir.
Biznes-rejalarda marketing strategiyasini shakllantirish maqsadida quyidagi savollarni yoritilishi shartdir:
tanlangan bozor xaqida ma’lumotlar;
tanlangan bozor segmentlari;
tanlangan bozor xajmi va o’sishi sur’atlari;
tanlangan bozor rivojlanish tendensiyasi
raqiblar: nomi; xajmi; bozordagi xissasi; afzalligi va kamchiliklari; biznes tendensiyasi, to’g’ri va yondashma raqobatni baholash; bular korxonaning qay darajada raqobatbardoshligani bildiradi.
xaridorlar, ularning mahsulot to’g’risidagi fikrlari, sotib olishning asosiy sabablari;
xaridorlar, bozor segmenti bo’yicha mahsulot realizatsiya xajmi va foyda taxlili;
korxonaning xozirgi kundagi va kelgusida ko’zlangan bozordagi xissasi;
kafolat va sotishdan keyingi xizmatlar sohasidagi siyosati;
baho va kredit siyosati;
reklama strategiyasi va uni, bozorda xarakat qilish usuli;
mahsulot (ko’rsatilgan xizmat)lar uchun marketing sarflari;
joylarni tanlash taxlili;
marketingning tadqiqotlar o’tkazishning aniq usullari;
bahoni shakllanishi, bozor taxlilidan kelib chiqib uni belgilash, ishlab chiqarilayotgan mahsulot va ko’rsatilayotgan xizmat xarajatlariga asoslash;
tovarlar tashqi ko’rinishi, mahsulotlar sifatga tavsifnomasi;
mahsulotni taqsimlash usuli va yo’llari.
sotish strategiyasi;
imkoniyatli xaridorlar soni va ularni qayerda joylanishi;
qaysi bozorlarni to’g’ridan-to’g’ri sotish bo’yicha qamrab olish mumkin, qaysilarini tovar xom ashyo birjalari, brokerlar va distribyutorlar orqali;
qay tartibda reklama tanlangan va bozorga moslashtirilganmi.
Yuqoridagi ma’lumotlar ilmiy jixatdan asoslangan bo’lishi foydadan xoli emas.
Bozorni tadqiq qilish - marketing tadqiqotlarining ma’lum bir qismidir, xolos. Faqatgina shartli ravishdagina ularni marketing tadqiqotlarining asosi deb qabul qilish mumkin. Bozorni tadqiq qilish jarayonida quyidagilar aniqlanadi:
bozorga kiritilayotgan yoki unda mavjud bo’lgan mahsulotning mumkin bo’lgan sotish miqdori;
tovarning iste’mol xususiyatidagi va boshqa xarakteristikalarining o’zgarishi tendensiyasi;
yoshi, jinsi, xududiy, ijtimoiy, oilasidagi kishilar soni, o’zini tutishi, daromadi darajasi bo’yicha iste’molchilar guruhini aniqlash;
assortimentni rejalashtirishda, sotish va reklamani tashkil qilishda xaridorlarning istagini aniqlash;
mahsulotning sotilishi miqdori, uning umumbozor sig’imidagi ulushi
(xududlar va segmentlar bo’yicha ham);
firmaning raqobatdoshligini va uning bozordagi o’rni.
Ko’rinib turibdiki, bozor to’g’risidagi ma’lumotlar miqdori katta va turli xarakterga ega. Shuning uchun bozorni tadqiq qilishda turli bilim sohalarining mutaxassislari qatnashadilar va bu tadqiqotlar ancha qimmatga tushadi, lekin, firmalar bozorni iloji boricha tezroq o’zlashtirish maqsadida xarajatlardan qochmaydilar, chunki raqobatchilar bozorda yangi raqobatchi paydo bo’lishini oldini olish uchun qarshi choralar ko’radilar. Shuning tadqiqotlar jarayoni, ayniqsa, uning natijalari olinganidan keyin va firma ularni marketing konsepsiyasini asoslash uchun qabul qilingandan so’ng tovarni sinovli sotishni tashkil qilish boshlanadi. Bu jarayonning asosiy vazifasi, firmaning bozordagi samarali o’rnini aniqlovchi o’ziga xos omillarni o’rganishdir.
Bozorni marketing nuqtai nazaridan o’rganish o’z oldiga kompaniyalar, firma (korxona) tovarlarini samarali sotish imkonini, uning kengayish uchun yangi segmentlar, sifatini yaxshilash, zaxiralar va yangi tovarlar yaratishni, iste’molchilar talabini qondirish va yuqori foyda olishni maqsad qilib qo’yadi. Bu maqsadni amalga oshirish uchun chuqur marketing tadqiqotlari amalga oshiriladi. Bozorni marketing nuqtai nazaridan tadqiq qilishning vazifasi, ishlab chiqarish va unda chiqadigan tovarlarning bozor va iste’molchining yuqori talablariga moslashtirishdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |