27-modda. Davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarning huquqlari
Davlat sanitariya nazoratini amalga oshirayotgan mansabdor shaxslarga ularning vakolatlari doirasida quyidagi huquqlar beriladi:
a) davlat boshqaruvi idoralarida, mulkchilikning shakllaridan qat’i nazar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, birlashmalardan, shuningdek alohida shaxslardan yo‘l qo‘yilgan sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlari buzilishiga barham berishni talab qilish;
b) xalq xo‘jaligi obyektlarini qurish va ularni qayta qurish loyihalarida sanitariya normalariga, qoidalariga va gigiyena normativlariga rioya etilishini nazorat qilish;
v) mulkchilikning shakllaridan qat’i nazar vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, birlashmalarga va alohida shaxslarga belgilangan tartibda:
aholi punktlarini rejalashtirish va qurish loyihalari, xalq xo‘jaligi obyektlarini joylashtirishning istiqbol rejalari bo‘yicha, shuningdek korxonalar, binolar va inshootlarni qurish, qayta qurish loyihalari bo‘yicha xulosalar berish;
qurilish uchun yer uchastkalari berish, ro‘zg‘orda va maishiy maqsadlarda suvdan foydalanadigan joylarni va oqova suvlar tozalanganidan keyin ularni tushirib yuborish shartlarini aniqlash, zaharli, kimyoviy, radioaktiv va boshqa moddalarni qayta ishlash va ko‘mib tashlash masalalari bo‘yicha xulosalar berish;
g) turar joy binolari hamda madaniy-maishiy binolar, sanoat, qishloq xo‘jalik va boshqa korxonalar, shuningdek inshootlarning amaldagi sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga muvofiqligi haqida xulosalar berish;
d) bolalar muassasalarida tarbiyalanayotgan hamda o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan bolalarning o‘quv-mehnat soatlari va taxminiy mashg‘ulot tartibi haqida taqdim etishgan takliflar yuzasidan xulosalar berish;
e) qaysi idoraga bo‘ysunishidan qat’i nazar, ilmiy tadqiqot muassasalari, oliy o‘quv yurtlarini, boshqa muassasalar va tashkilotlarni maxsus ekspertizalar o‘tkazishga jalb etish va bunga buyurtmachilar hisobidan haq to‘lash;
j) sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlari bajarilishini nazorat qilish maqsadida qaysi idoraga qarashli bo‘lishdan va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, birlashmalarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda kirish;
(27-moddaning “j” bandi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 15-apreldagi 77 son— Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 5-son, 124-modda)
z) qaysi idoraga qarashli bo‘lishidan va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, birlashmalarning rahbarlaridan va alohida shaxslardan:
sanitariya normalarini, qoidalarini, epidemiyaga qarshi tartibotni muntazam suratda bajarmayotgan va ishlab chiqarishning hamda bajarilayotgan ishlarning xususiyatlarini hisobga olib, yuqumli, parazitar kasalliklarni tarqatish xavfini tug‘diradigan shaxslarni ishdan chetlashtirishni;
atrofdagilar uchun xavfli bo‘lgan yuqumli va parazitar kasallik bilan og‘rigan bemorlarni kasalxonaga yotqizishni;
profilaktika va epidemiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirishni;
obyektlarning sanitariya holatini aniqlash hamda aholi salomatligining holatini epidemiologiya jihatdan tahlil qilish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar va tushuntirishlarni berishni talab qilish huquqiga egadirlar;
i) gigiyena ekspertizalari, laboratoriya tadqiqotlari o‘tkazish uchun oziq-ovqat mahsulotlarini, buyumlarni, predmetlar va materiallarni olish, shuningdek bevosita obyektlarning o‘zida, laboratoriyada va asboblar yordamida zarur tekshirishlar o‘tkazish;
k) sanitariya nazoratini amalga oshirishga boshqa idoralarning mutaxassislarini shartnoma asosida, shuningdek jamoatchilik vakillarini jalb etish.
Bosh davlat sanitariya vrachlari va ularning o‘rinbosarlari sanitariya qonunlari buzilgan taqdirda quyidagi huquqlarga ega bo‘ladilar:
yer uchastkasi, uy-joy, jamoat, ishlab chiqarish va boshqa xalq xo‘jaligi obyektlari qurilishiga, ularni qayta qurish, kengaytirishga, yer ajratishga doir, sanitariya normalariga va qoidalariga javob bermaydigan loyihalash haqidagi hujjatlarni va loyihalarni qaytarish;
sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlari buzilishiga barham berilgunga qadar amaldagi ishlab chiqarish obyektlarida, madaniy-maishiy binolardan foydalanishni, umumiy ovqatlanish va savdo korxonalarining, ta’lim, davolash-profilaktika hamda sanatoriy-kurort muassasalarining faoliyatini to‘xtatib qo‘yish, uskunalar, asboblar va gidrotexnika inshootlarini ishlatishni taqiqlab qo‘yish;
sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlari buzilgan taqdirda aholi punktlari, binolar va inshootlar qurilishini, ularni qayta qurishni hamda mazkur obyektlarda ayrim ish turlarini amalga oshirishni to‘xtatib qo‘yish;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yoki odamlar hayoti va salomatligi uchun xavfli deb topilgan yangi xomashyo turlarini, kimyoviy moddalarni, texnologiya uskunalarini, jarayonlarini va asboblarini, oziq-ovqat mahsulotlari va oziq-ovqat xomashyosini, sanoat buyumlarini, qurilish materiallarini, ion hosil qiluvchi nurlanish manbalarini, biologiya vositalarini, oziq-ovqat xomashyosi, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlarga ishlatiladigan idishlar, plastik, polimer va boshqa materiallarni, ulardan tayyorlangan buyumlarni va boshqa xalq iste’moli mollarini ishlab chiqarishni, qo‘llashni va sotishni ta’qiqlab qo‘yish;
xo‘jalik va ichimlik suvi bilan ta’minlashda, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularga ishlov berish chog‘ida kimyoviy moddalarni qo‘llashni, odamlar salomatligiga zararli ta’sir ko‘rsatish xavfi tug‘ilgan taqdirda qishloq xo‘jalik ekinlari va hayvonlarning o‘sishini tezlashtiradigan va tartibga soladigan dorilarni, pestitsidlarni, atir-upa va pardoz mahsulotlarini qo‘llashni bu moddalar va materiallarni ishlab chiquvchi ularning xavfli emasligi haqida ilmiy asoslangan ma’lumotlarni taqdim etgunigacha taqiqlab qo‘yish;
suv iste’mol uchun yaroqsiz deb topilganda undan ichish va xo‘jalik maqsadlarida ishlatishni taqiqlab qo‘yish;
sanitariya normalarini, qoidalarini va gigiyena normativlarini buzayotgan shaxslarni vaqtincha ishdan chetlashtirish.
Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini to‘xtatib qo‘yish sud tartibida amalga oshiriladi, favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va salomatligi uchun boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bog‘liq holda o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib qo‘yish hollari bundan mustasno.
(27-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrdagi O‘RQ-59-son bilan to‘ldirilgan — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 41-son, 405-modda)
Do'stlaringiz bilan baham: |