IV.Yangi mavzuning bayoni. . Mamlakatning juda katta resurslarini va Rossiyadan sotib olingan Alyaskani (1867- y.) o`zlashtirish bilan band bo`lgan AQSh mustamlakalar va o`z ta'sir doiralarini qo`lga kiritishga Yevropa mamlakatlaridan kechroq kirishdi. Uning e'tibori Karib havzasi va Tinch okeani boyida joylashgan mamlakatlarga qaratildi. 1889- yilda Tinch okeanining eng markazida, Osiyoga olib boradigan strategik jihatdan muhim bo`lgan dengiz yo`llari kesishgan joydagi Gavayi orollari bosib olindi. AQSh Lotin Amerikasida hukmron bo`lib olish uchun kurashib, riyokorlik bilan «Hamma Amerika mamlakatlarining manfaatlari bitta», degan g`oyani targ`ib qilib keldi. 1889- yilda AQSh Davlat departamenti tashabbusi bilan Vashingtonda birinchi Panamerika konferensiyasi chaqirildi. Birinchi Panamerika konferensiyasining birdan-bir aniq natijasi xalqaro «Amerika respublikalari syezdi» degan assotsiatsiyasi tuzishdan iborat bo`ldi. AQShning G`arbiy yarim shardagi mamlakatlar ustidan tanho hukmronlik qilishga qaratilgan Panamerikanizm siyosati shu tariqa vujudga keldi. 80-yillarda Venesuela bilan Britaniya Gvineyasi o`rtasidagi ziddiyat juda kuchayib ketganda AQSh «Monro doktrinasi»ga tayanib, bu janjalni bartaraf qilishda o`zi vositachilik qilmoqchi bo`lganligini Angliyaga ma'lum qildi. 1899- yil Venesuela masalasi hal etildi. Ko`p o`tmay Samoa orollari ham qo`lga kiritildi. XIX asrning oxirida AQSh nihoyatda qudratli davlatga aylandi. Ispaniyaga qarashli Kuba oroli Amerika hukmron doiralarining havasini keltirardi. AQSh Ispaniyaga qarshi urushga tayyorlana boshladi. AQSh o`z fuqarolarining manfaatini himoya qilish bahonasi ostida 1898- yil 15- fevralda Kuba sohillariga o`z harbiy kemasini yubordi. Bu harbiy kema Gavana reydida turgan joyda noma'lum sababga ko`ra portlab ketdi. Natijada, 268 kishi halok bo`ldi, 100 ga yaqin kishi esa yarador bo`ldi. AQSh bu qo`poruvchilikda Ispaniyani aybladi va Kongress 1898-yil 22- aprelda Ispaniyaga qarshi urush harakatlarini boshlash haqida qaror qabul qildi. Bu dunyoni qayta bo`lib olish yo`lidagi birinchi urush edi. 3 oy davom etgan urushda Ispaniya yengildi va sulh so`rashga majbur bo`ldi. 1898- yil 10- dekabrda Parij shahrida AQSh - Ispaniya tinchlik shartnomasi imzolandi. Unga ko`ra AQSh Puerto - Riko va Guam orollariga, Ispaniyaga 20 mln. dollar to`lab Filippinga ega bo`lib oldi. Gavayi orollari batamom anneksiya qilib olindi. 1898- yilda Kuba nomiga mustaqillik oldi. Amalda esa AQShga qaram bo`lib qolaverdi. Panama kanali.AQSh Karib dengizi havzasida ham agressiv siyosat olib bordi. 1903- yilda Kubaga majburan shartnoma qabul qildirdi. Unga ko`ra, AQShning ruxsatisiz bironta davlat bilan ittifoq tuzish yoki o`zining ichki siyosatiga birorta o`zgarish kiritish huquqidan mahrum etildi. AQShning Meksikaga sarflangan kapitali 1911- yil oxirida 1,5 mlrd. dollarga yetdi. Shaxtalarning 78 foizi, metallurgiya korxonalarining 72 foizi, neftning 58 foizi, kauchuk ishlab chiqaruvchi korxonalarning 68 foizi AQSh monopolistlarining qo`liga o`tdi. AQSh Gvatemala, Kosta-Rika va Nikaraguaga asoratli zayomlar berdi. Bu zayomlarni berish vaqtida qo`yilgan shartlar AQShning bu mamlakatlar ichki ishlariga aralashuviga imkon berardi. Gavayi va Filippin orollari bosib olinganligi hamda Tinch okean bo`yida joylashgan mamlakatlar bilan savdo-sotiqning kuchayganligi sababli AQSh Tinch va Atlantika okeanlarini birlashtiruvchi kanal qurish masalasiga alohida ahamiyat bera boshladi. Panama kanalini qurayotgan va bankrotga uchragan Fransiyadan aksionerlik jamiyatining hamma aksiyalarini arzon-garovga sotib oldi. Kanal Kolumbiya hududida edi. Endilikda kanal qurish va undan foydalanish huquqiga Amerikaning to`la ega bo`lishiga Kolumbiya Senati qarshilik qildi.