Yangi dars bayoni:
O‘zbekistonda dastlabki qatag‘onlarning boshlanishi. Sovet rejimi o‘z hokimiyatini mustahkamlab olgach, uning xususiyatlari tobora oshkora namoyon bo‘la boshladi. Bu holat xususan milliy respublika-
lardagi rahbar xodimlarga munosabatda yaqqol namoyon bo‘ldi. Qaror topgan ma’muriy-buyruqbozlik tizimi va uning rahbar o‘zagi hisoblangan Butunittifoq kommunistlar (bolsheviklar) partiyasi – VKP(b) bu paytga kelib “sotsializm asoslari”ni qurishga jiddiy kirishdi hamda jamiyatning barcha sohalarida hukmronlik mavqeyini egalladi.
1931-yil 25-aprelda Moskvada bo‘lib o‘tgan sud majlisida Munavvarqori boshchiligidagi millatning 15 nafar fidoyisi bo‘lgan “Milliy Istiqlol” a’zolari otib o‘ldirishga, qolgan 72 nafar kishi esa uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi. O‘zbek xalqining 15 nafar farzandi Moskva atrofida otib tashlandi. Qamoqdan ham deyarli hech kim Toshkentga qaytib kelmadi.1936 – 1938-yillardagi katta terror hamda O‘zbekistonda davlat arboblari, ziyolilar, ulamolar va harbiylarning qatag‘on qilinishi. Bu paytda totalitar rejimda ma’muriy buyruqbozlik va avtoritar boshqaruvning kuchayishi natijasida qonunbuzarlik hodisalari oddiy holga aylandi. Sovet mustabid tuzumi butun mamlakatda bo‘lgani singari O‘zbekistonda ham ommaviy qatag‘onlarni avj oldirdi. Yirik davlat va jamoat arboblari, partiya va xo‘jalik rahbarlari, ziyolilar, ruhoniylar va harbiylar bilan birgalikda oddiy kishilar va kolxozchilar ham qatag‘on qilindi.
O‘zbekistonda siyosiy qatag‘onlik 1937-yilning yozida, ayniqsa avjiga chiqdi. O‘zbekiston SSR XKS raisi Fayzulla Xo‘jayev, O‘zbekiston Kompartiyasi MK birinchi sekretari Akmal Ikromov hamda xalq komissarlari, viloyatlar, shaharlar va tumanlar rahbarlari, ko‘plab xo‘jalik xodimlari qamoq qa olinib, tergovdan keyin SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi sayyor sessiyasining qaroriga ko‘ra otib tashlandi.
XXSR harbiy ishlar noziri, alohida O‘zbek otliq askarlar polkining komandiri va komissari, 19-tog‘li otliq O‘zbek diviziyasi komandiri lavozimlarida ishlagan Mirkomil Mirsharopov sovet rejimi tomonidan Maykopda 1937-yil 28-oktyabrda qamoqqa olindi. U O‘zbek diviziyasini milliylashtirish va bu diviziya yordamida O‘zbekistonni SSSR tarkibidan ajratib olish va mustaqil davlatni barpo etishga urinishda ayblandi. Dastlabki O‘zbek diviziyasi tarqatib yuborildi hamda M. Mirsharopov boshchiligida 18 nafar o‘zbek harbiy komandirlari va askarlari Toshkent atrofda 1938-yil 10-oktyabrda otib tashlangan.Xullas, 1937-1938-yillarda to‘qib chiqarilgan soxta ayblar bo‘yicha O‘zbekistonda 41000 nafardan ortiq kishi hibsga olinib, ulardan 37000 nafardan ko‘prog‘i jazolandi, 6920 nafar kishi esa otib o‘ldirishga hukm qilindi. Faqat davlat va jamoat arboblari, yozuvchi, shoir va olimlardan 5758 nafar kishi qamoqqa olinib, ulardan 4811 nafari otib tashlangan edi. Bu ma’lumotlar respublikamiz miqyosida qizil terror qanchalik keng miqyosda shafqatsiz ravishda amalga oshirilganligining yaqqol isboti hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |