Связанные картинки
Chaqaloq boshqa yosh davridagi odamlarga qaraganda kuchsiz, zaif, ojiz ko’rinsa-da, ba’zi jihatlari bilan kattalardan ustunlik qiladi. Ye.A.Arkinning fikricha, chaqaloqlik davrining kuchli jihatlari ko’pincha uning o’sish quvvatida o’z ifodasini topadi. U har oyda ikki sm dan o’sadi, uning og’irligi har kuni 1,6–2 grammdan ortib boradi. Uning shiddatli sur’at bilan o’sishi ko’proq individning vegetativ nerv sistemasi, ichki sekresiya (buqoq, qalqon osti va ustki) bezlarining faoliyatiga bevosita bog’liqdir.
Go’daklik davrining psixologik xususiyatlari
Go’dakning hayotiy faoliyati va taqdiri uni qurshagan, parvarishlaydigan katta yoshdagilarga bevosita bog’liq bo’lib, uning barcha ehtiyoj va talablari faqat shular tomonidan qondiriladi. Psixologik iboralar bilan aytsak, kattalar bolaning fazodagi o’rnini uzluksiz o’zgartirishi, almashtirishi natijasida unda ko’rish, eshitish, teri tuyush, haroratni sezish, ta’m bilish kabi sezgilar rivojlanadi (takomillashadi). Kattalar tomonidan go’dak uchun yaratgan obyektiv va subyektiv shart-sharoitlar uning o’sishini belgilovchi muhim turtki vazifasini o’taydi. Atrof-muhitning xususiyat va xossalarini kattalar go’dakning psixik dunyosiga singdiradilar.
Go’daklik davrining xususiyatlarini o’rgangan L.S.Vigotskiy “Go’daklik davri” nomli asarida bolaning voqyelikka munosabati dastlab ijtimoiy munosabatdek tuyulishini, ana shu jihatdan uni ijtimoiy jonzot deyish mumkinligini uqtirdi.
D.B.Elkoninning fikricha, katta yoshdagi odamlar go’dakni qurshagan voqyelikning markaziy siymosi, muhim tarkibiy qismi hisoblanib, uning har qanday ehtiyojini qondirish bilan bog’liq muammolar uchun tayanch nuqtasi vazifasini bajaradilar. Go’dak tabiiy-biologik jihatdan onadan ajralgan bo’lsa ham, aslida u bilan ijtimoiy bog’liqligicha qoladi.
Go’dakning bir yoshgacha davridagi psixologik xususiyatlarini o’rganish bo’yicha qator tadqiqotlar mavjud. Shular orasida N.L.Figurin, M.P.Denisova, M.Yu.Kistyakovskaya, A.Vallon, D.B.Elkonin, Ye.A.Arkin, S.Fayans, Sh.Byuler, F.I.Fradkinalarning asarlari alohida ahamiyatga molikdir.
S.Fayans tajribasida go’dakka chiroyli va jozibador o’yinchoqlar 9 sm masofadan ko’rsatilganda u butun vujudi bilan ularga intilgan, keyinchalik oraliq 60 sm bo’lganida bolaning intilishi, qo’l cho’zishi, sustlashgan, va nihoyat, ular 100 sm dan ko’rsatilganda bolada intilishi, cho’zilishi, ixtiyorsiz harakati mutlaqo so’ngan. U o’yinchoq bilan bir qatorda turgan katta kishiga ham ana shunday befarq qaragan. Masofa qanchalik qisqarsa, bolaning unga intilishi, qiziqishi shunchalik kuchayib borishini kuzatish mumkin.
Tadqiqotchi A.V.Yarmolenko yarim yoshlik go’daklarda jozibali narsalarning o’zaro qiyosiy tasnifini tadqiq qilgan. Muallif olgan ma’lumotlarga qaraganda, go’dak behisob jismlar orasida insonni (katta yoshli odamlarni) tobora aniqroq, ravshanroq ajrata boshlagan. Shu bilan birga harakatsiz ko’ruv qo’zg’atuvchisiga diqqatni to’plash 26 sekunddan 37 sekundgacha, harakat qilmayotgan odamga bolaning tikilishi 34 sekunddan 111 sekundgacha, harakatdagi ko’ruv qo’zg’atuvchisiga qarashi, 41 sekunddan 78 sekundgacha, harakatdagi insonga e’tibor berishi 49 sekunddan 186 sekundgacha ortgan. Tajribada go’dakning harakatlanayotgan odamga diqqatni to’plab turishi to’rt marotaba ortgani aniqlangan.
O’yin faoliyatidagi tabassum, jonlanish, shodlik tuyg’ulari avval faqat kattalar ishtirokida namoyon bo’ladi, vaqt o’tishi bilan o’yinning o’zi bolaga quvonch bag’ishlaydi. Go’dak bir yoshga yaqinlashgan sari kattalarning xatti-harakatlarini izchil kuzatishdan tashqari, unda asta-sekin ularning faoliyatida ishtirok etish tuyg’usi, istagi paydo bo’ladi, keyinchalik ularga ko’mak berish ishtiyog’i tug’iladi.
Natijada bola individual faoliyat turidan hamkorlikdagi faoliyatga ham o’ta boshlaydi. Ma’lumki, hamkorlikdagi faoliyat muloqot ko’lamini kengaytirishga yordam beradi. Tadqiqotchilardan N.L.Figurin va M.P.Denisova go’dakning bir yoshgacha davridagi psixik o’sishini o’rganganlar. Olingan ma’lumotlaridan kelib chiqib bir yoshgacha kulgi inson chehrasi va tovushidan ta’sirlanish asosida vujudga kelishini ta’kidlaganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |