Radiatsion himoya, radiatsion xavfsizlik — radioaktiv moddalar va boshqa ionlovchi nurlanish manbalari bilan ishlaganda xavfsizlikni taʼminlovchi tadbirlar majmui. Radiobiologiya, yadro fizikasi, kosmik biologiya, kosmik tibbiyot va boshqa fanlar yutuqlariga asoslanadi. Radiatsion himoyaning asosiy maqsadi — biosferaning radioaktiv moddalar bilan ifloslanishiga yoʻl qoʻymaslik, odam va hayvonlar organizmini (Mas, kosmos sharoitida) zararli nurlanishlardan asrash va h.k. Zararli nurlanishlarning organizmga biologik taʼsiri haqidagi maʼlumotlar Radiatsion himoya yoki radiatsion xavfsizlik meʼyorlarini ishlab chiqish uchun asos boʻladi (qarang Dozimetriya). Radioaktiv moddalar bilan ishlaganda yoki ulardan foydalanishda xavfsiz sharoitlarni taʼminlash, avvalo, xodimlarni xavfli nurlanishlar manbai (yadro reaktorlari, gammadefektoskoplar, radioizotop termoelektr generator va boshqalar) taʼsiridan ishonchli himoya qilishdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |