1. Samarqand shahridan bir vaqtda qarama-qarshi tomonga qarab ikki mototsiklchi yo’lga chiqdi. 5 soatdan keyin ular orasidagi masofa 715 km bo’ldi. Agar birinchi mototsiklchining tezligi soatiga 65 km bo’lsa, ikkinchi mototsiklchining tezligini toping?
2. Kinoteatrning tomosha zalida 19 ta qator, har bir qatorda 22 tadan joy bor. Agar chiptaning narxi 200 so’mdan bo’lib, 3 seansning hammasiga chiptalar sotilsa, kinoteatrga qancha pul tushadi?
3. Mirza 30 ta qo’ziqorin topdi. Karim Mirzaga qaraganda 6 marta kam qo’ziqorin topdi. Nazira Karimga qaraganda 2 ta ko’p qo’ziqorin topdi. Ular uchalasi birga nechta qo’ziqorin topishgan?
4. Alisher, Nabi va Umidning og’irligi birgalikda 91 kg. Agar Alisher va Nabi 63 kg, Nabi va Umid 58 kg bo’lsa, har bir bolaning og’irligini toping?
5. Kitob, albom va daftar birga 780 so’m turadi. Kitob bilan albom birga 600 so’m, kitob bilan daftar birga 410 so’m turadi. Kitob, albom va daftar alohida qancha turadi?
6. Bir ishchi bir kunda 60 ta buyum, ikkinchisi undan 15 ta kam buyum tayyorlaydi. 630 ta buyum tayyorlash uchun ikkala ishchi necha kun ishlashi kerak?
7. Turist paroxodda 131 km, poyezdda paroxoddagidan 3 marta ko’p yo’l bosdi. Qolgan yo’lni piyoda bosdi. Agar turist hammasi bo’lib 560 km yo’l bosgan bo’lsa, necha km yo’lni piyoda yurgan?
8. Uchta vagonga 100 t yuk ortildi. 1-vagonga 18 t, 2-vagonga undan 3 marta ortiq yuk ortildi. 3-vagonga necha tonna yuk ortilgan?
9. Hamid shahardan qishloqqa yuk mashinasida soatiga 40 km tezlik bilan bordi. Qaytishda u yengil mashinada soatiga 70 km tezlik bilan keldi. Agar Hamid qaytishda 4 soat sarflagan bo’lsa, shahardan qishloqqa qancha vaqtda borgan?
10. 84 m uzunlikdagi bir o’ram sim ikki bo’lakka shunday bo’lindiki, biri ikkinchisidan 5 marta uzun bo’ldi. Har bir bo’lakning uzunligini toping?
11. Ikki shahardan bir vaqtda bir-biriga qarab ikki avtomashina yo’lga chiqdi. Ulardan birining tezligi 42 km/soat, ikkinchisining tezligi undan 2 marta ortiq. Agar shaharlar orasidagi masofa 378 km bo’lsa, avtomashinalar necha soatdan keyin uchrashadi?
12. Kompot uchun 600 g quritilgan meva olindi. Unda 3 qism olma, 2 qism olcha va 1 qism nok bor. Olingan quritilgan mevada necha gramm olma va necha gramm olcha bor?
13. 63 ta kitob sotib olindi. Hamma kitobning 2/9 qismi rus tilida, qolgani o’zbek tilida. Nechta o’zbekcha kitob sotib olingan?
14. Sinfda 40 ta o’quvchi bor. Ularning 3/5 qismi qizlar. Sinfda nechta o’g’il bola o’qiydi?
15. Oralaridagi masofa 600 km bo’lgan ikki shahardan bir vaqtda bir-biriga qarab ikki poyezd yo’lga chiqdi. Ular 4 soatdan keyin uchrashdi. Agar 1-poyezdning tezligi 12 km/soat bo’lsa, 2-poyezdning tezligini toping?
16. Salim bir kitobdan 24 bet o’qigandan keyin Tolib ham shunday kitobni o’qishni boshladi. Agar Tolib kuniga 18 bet, Salim 12 bet o’qisa, necha kundan keyin Tolib Salimga yetib oladi?
17. Berilgan 5 ta sondan birinchisi 23 ga teng. Har bir keyingi son avvalgisidan 10 ta ortiq. Shu 5 ta sonning yig’indisini toping?
18. Eng katta 4 xonali sonni 101 ga bo’lib, so’ngra undan men o’ylagan sonni ayirsak, eng kichik ikki xonali son hosil bo’ladi. Men qanday son o’ylaganman?
19. 3 ta sonning yig’indisi 1826 ga teng. Ulardan birinchisi eng kichik 2 xonali son, 2- si 3-sidan 3 marta katta. Shu sonlarni toping?
20. 4-“A” sinfidagi 30 ta o’quvchining hammasi futbol va tennis bilan shug’ullanadi. Agar futbol bilan shug’ullanadigan o’quvchilar soni tennis bilan shug’ullanadiganlardan 6 ta ko’p bo’lsa, har bir sport turi bilan nechtadan o’quvchi shug’ullangan?
21. Ona 62 yoshda, qizi 39 yoshda. Qizi 14 yoshda bo`lganida, ona necha yoshda bo`lgan. Ona 45 yoshda bo`lganida, qizi necha yoshda bo`lgan?
22. Qandaydir sonni 18 ga bo’lganda, bo’linma 15 ga va qoldiq 3 ga teng bo’ldi. Bo’linuvchini toping?
23. A va B shaharlardan bir vaqtda ikki mashina bir-biriga qarab yo‘lga chiqdi. Birinchi mashinaning tezligi 60 km/soat. Ikkinchi mashinaning tezligi unga nisbatan 10 km/soat ortiq. Mashinalar 4 soatdan so‘ng uchrashishdi. Shaharlar orasidagi masofani toping?
24. Bo’ri o’zidan 60 m uzoqlikda turgan quyonni ko’rib quvib ketdi. Bo’ri minutiga 70 m, quyon esa minutiga 55 m yo`l bosadi. Qancha vaqtda bo’ri quyonga yetib oladi? Shu vaqt ichida ular necha m dan yo`l bosadi?
25. Binoning 6-qavatigacha bo’lgan zinaning uzunligi 2-qavatgacha bo’lgan zinaning uzunligidan necha marta uzun ( qavatlar orasidagi zinalar soni bir xil deb hisoblansin)?
26. Binoning 16-qavatigacha bo’lgan zinaning uzunligi 4-qavatgacha bo’lgan zinaning uzunligidan necha marta uzun ( qavatlar orasidagi zinalar soni bir xil deb hisoblansin)
27. Balandligi 10 m bo’lgan simyog’ochga shilliqurt ko’tarilayapti. Shilliqurt kunduzi 5 m ko’tarilsa, kechasi esa 4 m pastga tushadi. Necha kundan keyin shilliqurt simyog’ochning uchiga chiqadi?
28. Sinfdagi 30 o’quvchidan 23 tasi futbol to’garagiga, 16 tasi esa gimnastika to’garagiga qatnashadi. Necha kishi faqat futbol to’garagiga qatnashadi?
29. 100 kishidan iborat turistlar guruhida 70 kishi ingliz tilini, 45 kishi nemis tilini va 23 kishi ikkala tilni biladi. Ikkala tilni bilmaydigan turistlar nechtani tashkil qiladi?
30. Otasi 50, o’g’li 28 yoshda. Necha yil oldin otasi o’g’lidan 2 marta katta bo’lgan?
Do'stlaringiz bilan baham: |