KIRISH
O’zbekistonning mustaqilligi va istiqboli yo’lidagi barcha islohotlar negizidagi tashkiliy, madaniy, sog’liqni saqlash, ta’lim-tarbiya, sport va boshqa shu kabi muhim tadbirlar bugungi kunning asosiy vazifalariga aylanmoqda. Respublika Prezidenti I.A.Karimov ta’kidlaganidek «Shu bois mamlakatimizning istiqlol yo’lidagi birinchi qadamlaridanoq buyuk ma’naviyatimizni tiklash va yanada yuksaltirish, milliy ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, uning milliy zaminini mustahkamlash, zamon talablari bilan uyg’unlashtirish asosida jahon andozalari va ko’nikmalari darajasiga chiqarish maqsadiga katta e’tibor berib kelinmoqda!»1 (3,5)
«Ta’lim to’g’risida»gi Qonun (1997 y.), «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» (1997 y.), «Sog’lom avlod» davlat dasturi, «Jismoniy tarbiya va sport to’g’risida»gi qonun (2000 y.) hamda ular bilan bevosita bog’liq bo’lgan qarorlar, farmonlar va nizomlarda o’quvchi-yoshlarni ma’naviy va jismoniy barkamolligini tarbiyalash kasb-hunarni egallashda zamonaviy bilimlar berish kabi muhim masalalar o’z ifodasini topgan.
Respublika Prezidenti I.A.Karimov «Barkamol avlod – O’zbekiston taraqqiyotining poydevori» asarida ta’kidlaganlaridek, «Barchangiz yaxshi bilasizki, kelajak avlod haqida qayg’urish, sog’lom, barkamol shaxsni tarbiyalab yetishtirishga intilish bizning milliy xususiyatimiz. Bunda bir olam mantiq ifoda etilganligini anglamoq zarurdir».2
Qabul qilingan qarorlar va qonunlarda kelajak avlodlarning jismoniy va aqliy barkamolligini ta’minlash yo’llari ochib berilmoqda. Yoshlarning jismoniy tayyorgarligi, qobiliyati, qiziqishiga qarab sport turlari bo’yicha turli xil mashg’ulotlar, musobaqalar o’tkazish maqsadga muvofiqdir. Shu sababli, jismoniy tarbiya va sport bilan ommaviy ravishda shug’ullanish o’quvchi-yoshlar va talabalarning kundalik ehtiyojiga aylanmog’i zarur. Shu bilan birga, u o’quvchi-yoshlarni har tomonlama rivojlantirishda, sog’lom turmush tarzini shakllantirishda, ularni barkamol inson bo’lib yetishishiga asosiy omil bo’lib xizmat qiladi.
Qo’l to’pini o’rgatish uzluksiz ta’lim tizimining deyarli barcha bosqichlarida, jumladan, umumiy o’rta, o’rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta’lim muassasalarida jismoniy tarbiya mashg’ulotlarining doimiy tarkibiy qismi sifatida o’rgatish va o’rganish nazarda tutiladi.
Ushbu uslubiy qo’llanmada qo’l to’pi o’yinining texnikasi, texnologiyasi, qoidalari, ishtirokchilarning harakatlanishlari, to’pni uzatish va qabul qilib olish usullariga oid va hakamlik qilish talablari to’g’risida zaruriy dastlabki ma’lumotlar keltirilgan bo’lib, ularni o’rgatish uslublarini takomillashtirib borish ushbu qo’llanmaning asosiy maqsad va vazifalaridan hisoblanadi.
Qo’l to’pi o’yini hozirda umumiy o’rta ta’lim, o’rta maxsus, kasb-hunar kollejlari va oliy o’quv yurtlarida doimiy ravishda o’rgatiladigan sport o’yinlaridan hisoblanadi. Ammo, uni uzluksiz ta’limning turli bosqichlarida yoshlarning o’ziga xos xususiyatlariga mos holda o’rgatish uslublari to’liq holda yaratilgan. Ushbu qo’llanmada qo’l to’pi o’yining texnikasi, ishtirokchilarning harakatlari, to’pni uzatish va qabul qilib olish va musobaqalarni o’tqazishni rejalashtirish va tashkil qilishga doir dastlabki ma’lumotlar keltirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |