Nazorat savollari:
1. “Onomastika” termini va uning mazmuni.
2. Onomastika fani va uning tarkibiy qismlari haqida.
3. Onomastika (nomshunoslik) fanining nazariy va amaliy masalalari.
4. “O‘zbek onomastikasi masalalari” tanlov fanining predmeti, maqsadi va asosiy bahs mavzulari.
5.O‘zbek onomastikasi (glmshunosligi) sohasining shakllanishi haqida umumiy tushuncha.
6. O‘zbek antroponimikasi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida.
7. O‘zbek toponimikasi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida.
8. “O‘zbekiston onomastikasi” mavzuida o‘tkazilgan ilmiy anjumanlar va ularning o‘zbek nomshunosligi taraqqiyotidagi ahamiyati.
9. O‘zbek nomshunosligining kelgusida tadqiq etilishi lozim bo‘lgan dolzarb muammolari.
10. “Onomastik ko‘lam” va “onomastik maydon” tushunchalari hamda ularning mohiyati..
11. “Onomastik ko‘lam” haqidagi V.N.Toporov, A.V.Superanskaya kabi olimlarning ilmiy-nazariy qarashlari.
12. E.Begmatov, Ya.Avloqulovlarning O‘zbek tili onomastikasining makroko‘lami tarkibi” nomli maqolasi (O‘zbek tili va adabiyoti, 2007. № 5. – B. 33-39) haqida.
13. E.Begmatov, Ya.Avloqulovlarning O‘zbek onomastikasining mikroko‘lami” nomli maqolasi (O‘zbek tili va adabiyoti, 2008, № 1. – B. 55-60) haqida.
14. O‘zbek nomshunosligida hozircha kam o‘rganilgan mikro onomastik ko‘lam, onomastik ko‘lamchalar haqida tushuncha.
2-ma’ruza
ONOMASTIK TADQIQOT
METODLARI HAQIDA
Tayanch so‘z va iboralar: metod, usul, yo‘nalish, metodologiya, onomastika taraqqiyotining uch bosqichi, onomastik tadqiqotlarning tasviriy metodi, onomastik tadqiqotlarning tarixiy metodi, onomastik universaliyalar, onomastik tadqiqotlarning qiyosiy-chog‘ishtirma metodi, onomastik tadqiqotlarning areal metodi, onomastik tadqiqotlarda semiotik metod, onomastik tadqiqotlarda stilistik metod, onomastik tadqiqotlarning lingvopsixologik metodi, onomastik tadqiqotlarda statistik metodning o‘rni.
Umuman, jahon onomastikasi ham, jumladan turkiy onomastika ham o‘z taraqqiyoti davomida quyidagi uch bosqichni bosib o‘tgan:
a) onomastik materialni oddiy qayd qilish davri yoki noilmiy davr. X1X asrgacha barcha fanlar singari onomastika fani ham qiyosiy-tarixiy metod shakllangunga qadar bo‘lgan davr xuddi shunday xususiyatga ega edi. Masalan, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Mahmud Koshg‘ariy, Mahmud Zamaxshariy kabi allomalarning asarlarida joy nomlarini, kishi ismlarini oddiy qayd qilish hollari ko‘zga tashlanadi. Jumladan, “Devonu lug‘otit turk” bo‘yicha tuzilgan indeks-lug‘at materiallariga qaraganda, Mahmud Koshg‘ariy asarida Abu Bakr, Badruq, Barman, Barsg‘an, Tabdu, Tahmuras kabi kishi ismlari (antroponimlar), arab, alqa, aramut, afshar, og‘uz, bashg‘irt, basmil, barsman, tuxsi, tubut, tat, salg‘ur, rus, chumul, qarluq, uyg‘ur kabi xalq, urug‘, qabila nomlari (etnonimlar), Ertuch, Balu, Barman, Marv, Sulm, Talas, Tashkand, Udun, Qifchaq kabi shahar va qishloq nomlari (toponimlar), Ertish, Firat, Qaz suvi, Hind, Etil kabi dengiz, ko‘l, daryo, soy nomlari (gidronimlar), Eran tuz, Baqir soqum, Yikar kabi planeta, yulduz va fasl nomlari (kosmonimlar) singari onomastik birliklar qo‘llangan22.
Xuddi shunday boy onomastik material Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abulg‘ozi Bahodirxon asarlarida ham qo‘llangan. Masalan, B.Bafoev va SH.YOqubovning kuzatishlari shuni ko‘rsatadiki, Alisher Navoiy asarlarida ikki mingdan ortiq onomastik birliklar qo‘llangan23. “Boburnoma”da 1406 ta kishi ismi (antroponim), 1100 dan ortiq joy nomi (toponim), 277 ta qavm-qabila va nasl-nasab nomi (etnonim), 414 ta hayvon va o‘simliklar nomi, 40 ta kitob va risola nomi (biblionim) tilga olingan24. M.Turdibekovning hisob-kitoblariga qaraganda, Abulg‘ozi Bahodirxonning “SHajarayi turk” asarida 1357 ta atoqli ot mavjud. SHulardan 880 tasi antroponimlar, 286 tasi toponimlar, 118 tasi etnonimlar, 51 tasi gidronimlar, 22 tasi esa oronimlardir25. Umuman, o‘zbek tarixiy onomastikasi sohasida o‘z tadqiqotchilarini kutayotgan muammolar ham anchagina bor26;
b) onomastikasining fan sifatida shakllanish davri. Bu fanning ildizlari Evropa va rus tilshunosligida X1X asr oxiri va XX asr boshlarida paydo bo‘lgan. A.X.Vostokov, A.I.Sobolevskiy, A.A.SHaxmatov, M.Fasmer, S.K.Kuznetsov, P.L.Mashtakova kabi olimlarning asarlarida rus tilidagi onomastik materialni to‘plash va tahlil qilish haqidagi dastlabki ma’lumotlar keltirilgan edi;
v) ilmiy yoki sof onomastik davr. Bu davr XX asrning 20-yillaridan hozirgi kungacha bo‘lgan muddatni o‘z ichiga oladi. Bu davrda onomastik material tilning leksik, fonetik, morfologik va boshqa sath birliklari singari alohida to‘planib, xilma-xil yo‘nalishlarda tadqiq etiladigan bo‘ldi. Lekin tilning onomastik materiali ko‘pincha leksik material tarkibida tahlil qilindi. Geografik nomlarni o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi tilshunoslar, tarixchilar va geograflarning o‘zaro bahslari, muloqotlari tufayli toponimika alohida, mustaqil fan sifatida talqin etildi. Masalan, taniqli toponimist olim E.M.Murzaev toponimikani lingvistik, tarixiy va geografik tahlil metodlaridan foydalanuvchi mustaqil fan deb hisoblaydi. Taniqli tilshunos olim B.V.Gornungning fikricha, atoqli otlar har bir til lug‘at sostavining tarkibiy qismi sanaladi hamda tilshunoslik sohalaridan biri bo‘lgan leksikologiyaning o‘rganish ob’ektidir. Shu sababli tilshunoslarni toponimlarni til materiali sifatida o‘rganishdan mahrum etish, cheklash mumkin emas. SHu bilan birga toponimik materialning xususiyatlarini o‘rganishga tarixchining ham, geografning ham, etnografning ham haqqi bor.
Hozirgi zamon nomshunosligi materialistik dialektikaning qonun va kategoriyalariga tayanib ish ko‘radi hamda onomastik material tahlilida quyidagi metodlardan foydalanib ish ko‘radi: tasviriy metod, tarixiy metod, qiyosiy-chog‘ishtirma metod, areal metod, semiotik metod, stilistik metod, lingvopsixologik metod, statistik metod kabilar. Ba’zan onomastik materialni o‘rganishda bu metodlarning bir nechtasidan birdaniga foydalaniladi. Quyida ana shu metodlarning ayrimlari haqida qisqacha to‘xtalib o‘tishni lozim topdik.
Tasviriy metod. Ma’lumki, tasviriy metod barcha ijtimoiy-tarixiy va tabiiy fanlarda keng qo‘llaniladi27. Shunga ko‘ra bu metod boshqa metodlar orasida qo‘llanish ko‘lami jihatidan eng yuqori o‘rinda turadi. Bu metoddan foydalanishning dastlabki bosqichida material to‘planadi, kataloglar (kartochkalar)ga tushiriladi hamda ular sistemalashtiriladi. Bu esa onomastik materialning turli qirralarini sezish, bilish uchun katta imkon beradi. Masalan, toponimlarni tasviriy metod asosida o‘rganishda tog‘, qir, adir nomlari, qishloq, shahar, ko‘cha, mahalla, guzar nomlari ro‘yxati asos qilib olinadi. Xuddi shuningdek, daryo, ko‘l, buloq, ariq, kanal, soy nomlari ro‘yxati gidronimlarni tasviriy metod bilan o‘rganishda katta yordam beradi. Ana shu ro‘yxatlar materiali asosida keyinchalik onomastik birlik (toponim, gidronim kabi)larning lug‘atlari tuziladi. Masalan, G.P.Smolitskayaning “Oka basseyni gidronimlari” (1976), Stefan Ilchevning “Bolgar ism va familiyalarining lug‘ati” (1969), E.Begmatovning “O‘zbek ismlari ma’nosi” (2007: 2010) kabilar shular jumlasidandir.
Onomastik birliklarni o‘rganishning tasviriy metodi boshqa metodlar kabi tarixiy jihatdan o‘zgaruvchan xarakterga egadir. Bu metod o‘z qo‘llanish doirasini, tahlilga tortilgan material ko‘lamini tilshunoslik ilmining yutuqlari bilan bog‘liq holda o‘zgartirib, kengaytirib boradi.
Tarixiy metod. Har qanday fanda ilmiy tahlilning asosiy tamoyillaridan biri tarixiylikdir. Onomastik material tahlilida tarixiylik tamoyili juda muhim ahamiyat kasb etadi. CHunki onomastik materialda xalqning o‘tmish tarixi, etnografiyasi, arxeologiyasi ildizlarini sezish qiyin emas. SHuning uchun onomastik materialni tarixiy-etnografik nuqtai nazardan o‘rganishga birinchi navbatda tarixchilar qiziqish bildirganlar.
Onomastik birliklarga tarixiy nuqtai nazardan yondoshuv tarixiy, arxeologik va etnografik ma’lumotlarni, faktlarni onomastika doirasiga keng tatbiq etishga olib keldi. SHu bilan birga onomastik leksika tarixiy aspekt (qiyosiy-tarixiy va tarixiy-qiyosiy yo‘nalishlar) da keng o‘rganildi.
Onomastikaga lingvo-tarixiy metodni qo‘llashda A.M.Selishev, A.I.Popov, V.A.Nikonov, B.A.Serebrennikov, V.N.Toporov, O.N.Trubachev, YU.A.Karpenko kabi rus olimlarining, V.Georgiev, V.Tashitskiy, S.Rospond, F.Bezglay singari chet ellik olimlarning xizmati katta bo‘ldi.
Onomastik birliklar tarixiy nuqtai nazardan o‘rganilganda quyidagi ikki yo‘nalishga amal qilinadi: a) onomastik materialning tarixiy holatidan hozirgi ko‘rinishigacha bo‘lgan o‘zgarishlarni aniqlash usuli (perspektiv tahlil usuli); b) onomastik materialning hozirgi holatidan uning tarixiy holatigacha bo‘lgan tarixiy rivojlanish jarayonini aniqlash (retrospektiv tahlil usuli). Har ikki tahlil yo‘nalishidan ham asosiy maqsad onomastik birliklarning rivojlanish, o‘zgarish jarayonlarini aniqlashdan iboratdir.
Onomast-toponimistlar to‘plangan materialni tarixiy metod bilan o‘rganganda lisoniy (etnik) stratigrafiya (lotincha: stratum – “qatlam” va yunoncha: grapho – “yozaman” so‘zlaridan)ni aniqlashga intiladilar. Bunday tahlillardan maqsad onomastik birliklarning eng qadimgi o‘z va o‘zlashgan qatlamlarini aniqlash, uning tarkibidagi o‘zgarishlar silsilasini aniqlashdir. Jumladan, antroponimlarning etimologiyasi, uning ma’nosini izohlash, shunga doir turli xil qarashlarni keltirib, ularga munosabat bildirish ana shunday izlanishlar samarasi sanaladi. Keyingi yillarda olimlar toponim va antroponimlardagi ichki (lisoniy-struktur) va tashqi (ekstralingvistik) o‘zgarishlar tarixini o‘rganishga alohida e’tibor qaratmoqdalar. Birinchi tip o‘zgarishda onomastrik birliklarning lisoniy tarixi, evolyusiyasi aniqlanadi, ikkinchisida esa u yoki bu onomastik birliklarda davr ruhining aksi inobatga olinadi (masalan: BAM, DneproGES, XXP parts’ezd, Komintern, Komsomol kabi abbreviaturalarda sobiq totalitar tuzum aksini sezish qiyin emas).
Qiyosiy-chog‘ishtirma metod. Onomastik birliklar qo‘llanish xususiyatiga ko‘ra hududlararo farqli tomonlarga ega. Ana shunday farqlar qiyosiy-chog‘ishtirma metod yordamida aniqlanadi. Qiyosiy tahlil uchun har qanday onomastik birliklar (toponimlar, gidronimlar, urbonimlar, oykonimlar, odonimlar, antroponimlar va boshqalar) tanlab olinadi hamda ular orasidagi umumiy va farqli holatlar belgilanadi. Masalan, o‘zbek antroponimlari orasida umumturkiy qatlam bilan birga forscha-tojikcha, arabcha, so‘g‘dcha, mo‘g‘ulcha, xitoycha so‘zlar ham mavjud, ularni aniqlash uchun tadqiqotchi turli tillarga oid lug‘atlarga, tarixiy-etimologik manbalarga murojaat qiladi. Xuddi shunday holatni toponim, gidronim kabi boshqa onomastik birliklarda ham uchratish mumkin. Prof.T.Nafasovning fikricha, SHahrisabz – forscha-tojikcha izofa. Ma’nosi yashil shahar, bog‘-rog‘lari ko‘p shahar. YOki fransuz tilidan rus tiliga, rus tilidan o‘zbek tiliga o‘tgan vokzal so‘zi XX asrning 80-yillari oxirida shohbekat deb tarjima qilinadigan bo‘ldi. Vokzal deganda asosan temir yo‘l vokzali tushuniladi. Temir yo‘l yoki avtoshohbekat atrofidagi mahallalar keyinchalik SHohbekat deb nomlandi28. FHDYO idoralaridagi yangi tug‘ilganlarga berilgan ismlar ro‘yxatlarini qiyosiy-chog‘ishtirma metod asosida o‘rganib, ism qo‘yishdagi umumiy va farqli holatlarni aniqlash mumkin. Masalan, 1971-1975 yillardagi ana shunday ro‘yxatlarni qiyoslab, Grodno viloyatida beloruslar va ruslarning ism qo‘yishdagi umumiy belgilari aniqlangan. Bunday umumiylik 35 % o‘g‘il bolalar ismlarida, 27 % qiz bolalarning ismlarida uchraydi. Xuddi shunday qiyoslashlar orqali antroponimlar rivojidagi tarixiy evolyusiyani ham aniqlash mumkin29. Nomshunoslikda qiyosiy-chog‘ishtirma tadqiqotlar sinxron va diaxron aspektlarda olib boriladi. Bunday kuzatishlar sof lingvistik, lingvosotsiologik (Gulchehra SHodievna – Gulchehra SHodi qizi; Ahmadjon Turdiqulovich – Ahmadjon Turdievich kabi), psixologik (Aysha – Ayshe - Oysha – Oyshabonu – Oyshaxon – Oyshabeka – Oyshabibi; Kumushoy – Kumushbibi – Kumushxon – Kumush kabi), etnomadaniy (masalan, Bo‘ri, Tulki, Bolta, Tesha, O‘roq kabi ismlar hozir deyarlik qo‘yilmaydi). SHu asosda tillar orasidagi onomastik universaliyalarni aniqlash imkoniyati vujudga keladi30.
Areal metod. Nomshunoslikda areal metod asosida ma’lum bir ajratib olingan hududdagi onomastik birliklar birma-bir, birin-ketinlikda talqin qilinadi, tahlil natijalariga ko‘ra onomastik birliklarning hududdagi tarqalish chegarasi xaritalar yordamida belgilanadi. Masalan, Ishtixon, Molguzar, Oqsoy, Misit, Do‘rmon, Navbahor, Sheyxlar // SHayxlar singari toponimlarni talqin qilishda areal metodning dalillari muhim ahamiyat kasb etadi.
Semiotik metod. Bu metodda so‘zlar – onomastik birliklar asosiy rol o‘ynamaydi, balki ular ifodalaydigan ishora va belgilar etakchi vazifa bajaradi. Masalan, Qirqqiz tog‘i, Yakkatog‘, Yakkabog‘, Uchtepa, To‘rtko‘l, To‘rtayg‘ir, Beshariq, Oltio‘g‘il, Oltiariq, Mingo‘rik kabi toponimlar tarkibidagi son komponent (qirq, yakka, uch, to‘rt, besh, olti, ming kabi) bu toponimik ob’ektlarning nomlanishida miqdor tushunchasi etakchi ekanligini ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Stilistik metod. Bu metod yordamida badiiy va publitsistik matnlarda qo‘llangan onomastik birliklarning uslubiy talqini berish, ularning matndagi funksional xususiyatini aniqlash mumkin bo‘ladi. Masalan, E.Qilichev shu metod yordamida Sadriddin Ayniy asarlarida toponimlar va antroponimlarning uslubiy xususiyatlarini o‘rgangan edi31. Laqablarning badiiy matndagi ayrim uslubiy xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha ham kuzatish ishlari olib borilgan32. Lekin kelgusida badiiy va publitsistik matnlarda qo‘llangan onomastik birliklarni stilistik metodda tahlil qilishning aniq mezonlari ishlab chiqilishi lozim.
Lingvopsixologik metod. Bu metodni I.A.Boduen de Kurtene, N.V.Krushevskiy kabi olimlar o‘z vaqtida til birliklarini assotsiativ eksperiment (tajriba) metodi asosida o‘rganish deb baholagan edilar. Hatto keyinchalik mashhur psixolingvist olim A.A.Leontev rahbarligida rus tilining assotsiativ me’yorlari lug‘ati ham yaratilgan edi33. Lingvoassotsiativ metodga ko‘ra onomastik birliklar tahlilida ham tilshunoslikka oid, ham psixologiyaga oid xususiyatlar inobatga olinadi. Masalan, Toshkent, Toshquduq, Toshloq, Toshko‘prik, Toshlisoy, Toshrabot kabi onomastik birliklar (toponimlar) tilga olinganda kishining xayoliga uning birinchi komponenti “tosh” bilan aloqador tasavvurlar keladi. SHu asosda Toshkent toponimining kelib chiqishini “tosh” elementi bilan bog‘lab izohlangan tadqiqotlar ham bor34.Bu esa faqat lingvopsixologik vaziyat natijasida chiqarilgan bir tomonlama xulosadir. Lekin aslida Toshkent toponimi hosildor erli, xirmon joyli hudud ma’nosidagi CHosh (CHoch), SHosh shakllaridagi fonetik o‘zgarishlarga uchragan CHosh so‘zidan yuzaga kelgan35. Ayrim antroponimlarning ma’nosini izohlashda ham lingvopsixologik metod va xalqning urf-odati, etnografiyasidagi an’analar yordam beradi. Masalan, Bo‘rigul – onasi qornida yig‘lab tug‘ilgan qiz bolaning ismi; Bobomurod – yoshlar unashtirilgandan keyin turli sabablarga ko‘ra to‘y kechiktirilib, to‘ydan keyinroq qizning o‘z uyida (ya’ni bobo uyida) tug‘ilgan bolaning ismi. YOki Holida, Xolbozor, Xolbuvi, Xollibibi, Xolmirza, Xolmonoy, Xolmurod, Xollibeka, Xollibaxt, Xolkeldi kabi ismlar badanida xoli bor yoki xoli ko‘p bolalarga qo‘yiladigan ismlar. Bunday bolalarning ismi ko‘pincha ikkita bo‘ladi: Xolida // Salima, Xolbozor // Samariddin, Xolbuvi // Anorgul kabi36.
Statistik metod. Bu metod yordamida o‘rganilgan onomastik birliklarning qo‘llanish darajasini, statistikasini aniqlash mumkin. Hozirgi vaqtda nomshunoslikda biror mavzu yoki onomastik ob’ekt tanlanganda o‘sha ob’ektda qo‘llanilgan atoqli nomlarning umumiy miqdori, statistikasi aniqlanadi, shundan keyin asosiy ilmiy kuzatish ishlari olib boriladi.
Nazorat savollari:
1. Onomastik birliklarni tahlil qilish metodlari va metodlogiyasi haqida umumiy tushuncha.
2. Onomastika taraqqiyotining uch davri, ularning bir-biri bilan o‘zaro aloqadorligi.
3. Nomshunoslikda qo‘llaniladigan tasviriy metod haqida tushuncha.
4. Nomshunoslikda qo‘llaniladigan tarixiy va qiyosiy-chog‘ishtirma metodlarning xususiyatlari.
5. Onomastik universaliyalar va ularni aniqlash yo‘llari.
6. Nomshunoslikda qo‘llaniladigan areal metod, semiotik metod va stilistik metodning o‘ziga xos xususiyatlari.
7. Nomshunoslikka oid tadqiqotlarda lingvopsixologik metod va statistik metodning o‘rni.
3-ma’ruza
O‘ZBEK ANTROPONIMIKASI HAQIDA TUSHUNCHA VA UNING
ASOSIY MUAMMOLARI
Tayanch so‘z va iboralar: antroponim, antroponimika, antroponimiya, ism, laqab, familiya, taxallus, ota-ism, regional antroponimiya, antroponimik lug‘at, patronim, antroponimik universaliya, antroponimik tizim, antroponimik areal.
Ma’lumki, antroponim (yunoncha: antropos - antropos + onoma-atoqli ot) – kishi atoqli oti (ism, familiya, laqab, taxallus, patronim va boshqalar). Atoqli ot tiplaridan biri37. Ma’lum bir tilda mavjud bo‘lgan barcha kishi atoqli otlari majmui, fondi antroponimiya deb yuritiladi. Antroponimika yoki ismshunoslik esa onomastika (nomshunoslik)ning kishi atoqli otlari (antroponimlar)ning paydo bo‘lishi, rivoji va vazifaviy xususiyatlarini o‘rganuvchi bo‘limidir.
O‘zbek antroponimlarini ilmiy asosda to‘plash va o‘rganish ishlari X1X asr oxiri-XX asr boshlarida boshlangan edi. Dastlab E.T.Smirnov (1899), keyinchalik N.S.Likoshin (1916) va boshqa rus geografiya jamiyati Turkiston bo‘limining a’zolari (V.F.Oshanin, A.Samoylovich kabilar) o‘zbekcha ismlarni to‘plash va ularni ruscha transliteratsiyada ifodalash masalalari bilan shug‘ullanganlar. N.Ostroumov (1910), A.Samoylovich (1911), S.Oldenburg (1928), V.YA.Nalivkin, M.Nalivkina (1897) kabilarning ishlarida o‘zbekcha ismlar va laqablarning etimologiyasi, etnografiyasiga oid ayrim masalalar o‘rganilgan edi. N.S.Malitskiy esa Toshkent shahridagi mahalliy aholi ismlari, urf-odati masalalari bilan shug‘ullangan (1928). S.Ibrohimov, M.Rahmonlar esa o‘zbekcha ismlar va familiyalarning imlosiga doir kuzatishlar olib borganlar (1935).
O‘zbekcha ismlarning lisoniy xususiyatlarini ilmiy jihatdan o‘rganish 1960 yillardan boshlangan. Xuddi shu davrda D.Abdurahmonov (1960), O‘.Nosirov (1965), F.Abdullaev (1960, 1961), M.SHamsieva (1962), A.Ishaev (1961), X.Doniyorov (1960) kabi olimlarning o‘zbek antroponimikasiga doir ayrim ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalari e’lon qilingan edi.
O‘zbek antroponimikasining asoschisi, hech shubhasiz, E.A.Begmatov sanaladi. U 1962-1965 yillar davomida o‘zbek antroponimiyasi bo‘yicha juda boy material to‘pladi va antroponimlarning lingvistik, ekstralingvistik xususiyatlari, ismlar, laqablar, taxalluslar, familiyalar, otaismlarning leksikasi, strukturasi, grammatik xususiyatlari bo‘yicha qator salmoqli maqolalar e’lon qildi. SHu asosda bu olim 1965 yilda “O‘zbek tili antroponimikasi” degan mavzuda nomzodlik ishini himoya qilgan edi38. SHundan keyin E.Begmatovning ismshunoslikka oid “Nomlar va odamlar” (1966), “Kishi nomlari imlosi” (1970), “O‘zbek ismlari imlosi” (1972), «Literaturnыe imena i familii uzbekskix avtorov v russkoy transkripsii» (1981), “O‘zbek ismlari” (1992, 2000, 2007), “Ism chiroyi” (1994) kabi juda ko‘plab asarlari nashr etilgan.
O‘zbek antroponimlarining semantikasi va etimologiyasi masalalarini YA.Menajiev, X.Azamatov, D.Abdurahmonov va E.Begmatovlar “Ismingizning ma’nosi nima?” nomli risolasida amaliy jihatdan hal etishga intildilar. O‘zbekcha ismlarning ruscha yozilishi, imlosi muammolariga bag‘ishlangan S.Ibrohimov (1961, 1967), N.Mamatov (1958), F.Kamolov, R.Jumaniyozov, YA.Pinxasov, T.Mirzaev, E.Begmatov (1962) kabi olimlarning maqolalari matbuot sahifalarida e’lon qilingan edi. E.Begmatovning “Kishi nomlari imlosi” (Toshkent, 1970), “O‘zbek ismlari imlosi” (Toshkent, 1972), «Literaturnыe imena i familii uzbekskix avtorov v russkoy transkripsii» (Tashkent, 1981) kabi asarlari ismshunoslikning ana shunday amaliy masalalariga bag‘ishlanganligi bilan e’tiborlidir.
XX asrning 70-yillarida o‘zbek nomshunosligi mustaqil soha sifatida shakllanishi bilan uning tarkibidagi antroponimika (ismshunoslik)ka oid tadqiqotlar ko‘lami ham kengaydi. SHu davrdan boshlab o‘zbek antroponimiyasi xilma-xil yo‘nalishda o‘rganiladigan bo‘ldi. Masalan, G.F.Blagova (1963, 1970), A.S.Tolstova (1961), Q.Karimov (1962, 1967), E.Begmatov (1984, 1985) kabi olimlarning tadqiqotlari tarixiy yozma yodgorliklarda qo‘llanilgan antroponimlar tahliliga bag‘ishlangan bo‘lsa, E.Begmatov (1981, 1984), R.Qo‘ng‘urov (1964, 1966), A.Jumaev (1985), G‘.Sattorov (1985) singari olimlarning ilmiy kuzatishlari antroponimlarning yasalishi, o‘zlashma antroponimlar strukturasi, ismlarning grammatik va semantik xususiyatlari tahliliga oid edi.
Mamlakatimizda bajarilgan nomshunoslikka oid ishlarning ayrimlari antroposistemalarning qo‘llanilish xususiyatlari, antroponimik seriyalarning hududlarda tarqalish chastotasini aniqlashga bag‘ishlangan edi. Bu jihatdan L.I.Royzenzon, E.B.Magazanik (1971), L.I.Royzenzon, A.Isaev (1971), L.I.Royzenzon, A.Boboxo‘jaev (1978), R.Rahimov (1978), T.S.Eroxina, M.N.Ramazonova (1978), V.B.Suzanovich (1978), V.A.Nikonov (1967, 1973, 1977) kabi olimlarning ishlarini alohida ta’kidlash lozim. E.Begmatov (1972), V.A.Nikonov (1972), L.V.Danilova (1976) kabi olimlarning izlanishlari esa o‘zbek antroponimlarida jins tushunchasining ifodalanish usullari (polyarizatsiya) tahliliga bag‘ishlangan edi.
Antroponimlarning uslubiy xususiyatlari X.Doniyorov (1965), X.Doniyorov, B.Yo‘ldoshev (1985), B.Yo‘ldoshev, X.Usmonov (1985), E.Qilichev (1978; 1982), U.Qosimov (1980; 1995) singari olimlarning ilmiy ishlarida o‘rganilgan edi. O‘zbek tilshunosligida kishi ismlari, ayniqsa folklor asarlarida qo‘llangan antroponimlar sotsiolingvistik va funksional-semantik yo‘nalishda tadqiq etilgan ishlar paydo bo‘ldi. Bu o‘rinda D.Abdurahmonov, H.Bektemirov (1967), S.Yo‘ldosheva (1974, 1975), B.Fayzullaev, S.Tursunov (1985), A.Ishaev (1973), I.Xudoynazarov (1998) kabi olimlarning ilmiy izlanishlari alohida ajralib turadi. Keyinchalik I.Xudoynazarov folklor antroponimiyasiga doir nomzodlik ishini ham himoya qildi39.
O‘zbek dialektal antroponimiyasini o‘rganish bo‘yicha o‘zbek nomshunosligida dastlabki qadamlar tashlandi. Bu o‘rinda H.Doniyorov (1960, 1975, 1979)ning ishlarini alohida ta’kidlash lozim. SHu bilan birga O.Madrahimov, F.Abdullaev, Z.Do‘simovlar Xorazm shevalari, A.Ishaev, Y.Ibrohimov kabi olimlar Qoraqalpog‘istondagi o‘zbek shevalari antroponimiyasini tadqiq etishga oid qator ishlarni amalga oshirganlar. O‘zbek antroponimlari orasidagi o‘zlashma qatlam, undagi forscha-arabcha, ruscha ismlar tahlili E.Begmatov (1965, 1986, 1994), S.I.Zinin (1972), N.A.SHaropov (1985) singari olimlarning ilmiy ishlarida o‘z aksini topgan. O‘zbek tilidagi laqablarning o‘ziga xos funksional-lisoniy xususiyatlariga bag‘ishlab E.Begmatov (1965), E.Qilichev (1982), Y.Ibrohimov (1986), B.Yo‘ldoshev (2010) kabi olimlar ilmiy maqolalar e’lon qilganlar. O‘zbek antroponimik tizimining tarkibiy qismi bo‘lgan taxalluslar, ularning qo‘llanish xususiyatlari, turlari, matn tarkibidagi vazifasi kabi masalalarga oid B.Qoriev (1966, 1967), YO.Ishoqov (1968)larning ilmiy maqolalari yaratilgan40. Keyinchalik bu muammoga bag‘ishlab T.Qoraev, R.Vohidovlarning risolalari e’lon qilindi41.
O‘zbek antroponimikasi bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar XX asrning 80-yillariga kelib, uning tarkibida turkiy qatlamni o‘rganishga e’tibor berildi. Masalan, G‘.Sattorov “O‘zbek ismlarining turkiy qatlami” mavzuida nomzodlik ishini himoya qildi42. bu olimning shu mavzuga doir bir necha maqolalari ham e’lon qilindi. Bu ishlarda quyidagi haqqoniy xulosalarga kelingan:
“O‘zbek antroponimiyasining milliy o‘ziga xosligini ikki lisoniy material ta’minlaydi. Bular: tub turkiy nomlar va o‘zbekcha ismlardir. Milliy-lisoniy ruh, ayniqsa o‘zbekcha nomlarni ijod qilishda yorqin namoyon bo‘ladi.
Tub turkiy qatlamga mansub nomlarning aksariyati appelyativ ma’nosi aniq sezilib turgan nomlardir. SHunga qaramasdan ismlarning bu qatlamida ma’nosiga ko‘ra uch xil nomlarni uchratish mumkin: 1) ma’nosi aniq sezilib turuvchi nomlar; 2) ma’nosi hozirda qorong‘ilashgan ismlar; 3) o‘lik ma’noli nomlar. Aksariyat o‘zbekcha ismlar birinchi va ikkinchi guruhga mansubdir.
Turkiy qatlamga mansub nomlarni leksik-semantik jihatdan uch guruhga ajratish mumkin: 1) ism-bag‘ishlovlar; 2) nom-izohlar; 3) ism-tilaklar...”. SHuni inobatga olish lozimki, turkiyshunoslikda kishi ismlari tarkibida umumturkiy qatlamni tadqiq etish ancha qadimiy tarixga ega. Jumladan, boshqird olimi A.G.SHayxulov tatar va boshqird ismlarida turkiy qatlam tahliliga oid nomzodlik dissertatsiyasi himoya qilgan (1978), keyinchalik uning xuddi shu mavzuga oid o‘quv qo‘llanmasi nashr ettirgan edi43. V.U.Maxpirov esa “Devonu lug‘atit turk” asaridagi kishi ismlariga bag‘ishlangan nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Xuddi shunday kuzatishlar o‘zbek ismshunosligida ham olib borilgan edi.
XX asrning 90-yillariga kelib o‘zbek antroponimiyasida tarixiy nomshunoslik yoki tarixiy antroponimiya masalalari maxsus o‘rganildi. Masalan, SH.YOqubov “Navoiy asarlari onomastikasi” mavzuida nomzodlik ishini himoya qildi, undan oldin B.Bafoev “Navoiy asarlari leksikasi” nomli monografiyasida Navoiy asarlaridagi kishi ismlari va geografik nomlarni semantik va statistik jihatdan tahlil qilgan edi.
“Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati”ning 4-tomida Alisher Navoiy asarlarida qo‘llangan barcha kishi nomlari, geografik, astronomik va boshqa nomlar, Alisher Navoiy ijodida uchragan asar nomlarining to‘la ro‘yxati berilgan.
Bu davrda badiiy asarlarda qo‘llangan antroponimlarning uslubiy xususiyatlari, ularning tarjimasi bilan bog‘liq masalalar ham o‘rganila boshlandi. Masalan, YU.Po‘latovning “Badiiy asarda nomlar tarjimasi” nomli risolasi e’lon qilindi.
O‘zbek antroponimikasining yana bir muammosi poetik yoki badiiy antroponimika masalalari bilan bog‘liq. YA’ni badiiy asarlarda qo‘llangan kishi ismlari, umuman, atoqli otlar faqat nominativ funksiyani emas, balki bir qancha funksional-uslubiy xususiyatlarni ifodalashga xizmat qiladi. Mana shu masala keyinchalik o‘zbek antroponimikasida maxsus o‘rganildi. Masalan, SamDUda E.B.Magazanik shu mavzuda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi, keyinchalik monografiya nashr ettirdi. Bu ishda antroponimlarning lingvistik kategoriya sifatidagi tabiati, onomastilistika va uning rus adabiyotshunosligida o‘rganilish darajasi masalalari o‘rganilgan. Olim o‘z tadqiqotida badiiy asarlarda qo‘llangan antroponimlarni juda keng kontekstda olib qaraydi, badiiy asar syujeti, konfliktini namoyon etishda kishi ismlarining o‘rni masalasini asosli yoritadi. Masalan, olimning talqiniga ko‘ra, A.S.Pushkin asarlarida qahramon familiyasi bilan ismi o‘zaro fonetik jihatdan ohangdoshlik xususiyatiga ega: Ev-gen-iy O-neg-in kabi. Xuddiy shunday fonetik ohangdoshlik M.YU.Lermontov qahramonlarining familiyasi va ismiga ham xosdir: EvgENiy ArbENin kabi.
Mustaqillik yillarida o‘zbek antroponimikasiga oid tadqiqotlar doirasi yana ham kengaydi. Masalan, S.Rahimov Xorazm vohasi misolida mintaqaviy (regional) antroponimiya masalalariga doir kuzatish ishlari olib bordi, shu asosda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. N.Husanov XU asr o‘zbek yozma yodgorliklari tilidagi antroponimlarning leksik-semantik va uslubiy xususiyatlarini tadqiq etib, ikki qismdan iborat monografiya yaratdi va shu mavzuda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. M.Tillaeva Xorazm onomastikasi tizimining tarixiy-lisoniy tadqiqini “Avesto” asari onomastikasi bilan qiyosiy yo‘nalishda olib borib, yaxshi natijalarga erishdi. Olimaning xulosasiga ko‘ra, “Avesto”da uchraydigan kishi nomlari nafaqat butun eroniy, balki turkiy, somiy xalqlar antroponimikasiga ta’sir qilgan. SHuning uchun bugungi o‘zbek ismlari orasida Jamshid, Isfandiyor kabi bir qancha avestoviy antroponimlar yoki “Avesto” ta’sirida yuzaga kelgan kishi nomlarini uchratamiz.
Ko‘rinadiki, o‘zbek antroponimikasining erishgan yutuqlari juda salmoqli, lekin bu sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar, qator muammolar ham bor:
O‘zbek ismlarining imlo lug‘ati, izohli lug‘ati, o‘quv lug‘atini tayyorlash va ularni hozirgi zamon talablariga ko‘ra nashr ettirish lozim.
O‘zbek antroponimlari tarkibida o‘zlashma qatlamni, eng qadimgi sug‘diy, mo‘g‘ul, uyg‘ur, hind, fors-tojik, arab va rus baynalminal qatlamlarni maxsus o‘rganish talab qilinadi va hokazo.
Do'stlaringiz bilan baham: |