Bog'liq BOLALAR PEDAGOGIKASI Дарслик 2-кисм (24.04.2020)
4.2-rasm. Bilimning amaliyot davomidagi yuksalishi [28; 30] Bilish jarayonida bilim hosil bo‘ladi. Bilim – odamlarning ijtimoiy tarixiy amaliyot jarayonida to‘plagan umumlashgan tajribasidir. Bilim obektiv borliqni to‘g‘ri aks ettiradi. Eng to‘g‘ri va mukammal bilimlar ham o‘z navbatida doimiy emas, balki ijtimoiy taraqqiyot jarayonida o‘zgarib boradi. Bilimlar asosida ta’lim oluvchilarning kuzatuvchanlik, tafakkur, xotira singari bilish qobiliyatlari rivojlanadi, ularda e’tiqod hosil bo‘ladi, ilmiy dunyoqarshni shakllantiruvchi g‘oyalar tizimi tarkib topadi. Ta’lim jarayonida biror bir fan sohasida insoniyat tomonidan o‘zlashtirilgan barcha bilimlarni o‘rganish mumkin emas. Ta’lim jarayonida eng asosiy, eng muhim bilimlar – fanlarning asoslari o‘rganiladi.
Ta’lim muassasalarida o‘rganiladigan o‘quv predmetlari soni o‘z vazifalari va xususiyatlariga muvofiq tarzda ortib boriladi. Boshlang‘ich sinflarda tabiat va jamiyat qonuniyatlari borasidagi eng oddiy ma’lumotlarni berish asosida ularda dunyoqarash shakllantirilib boriladi. Mazkur bilimlar asosida ta’lim oluvchilar obektiv borliq mohiyatini anglab boradilar.
Ta’lim jarayonida ta’lim oluvchilar bilimlar tizimini egallabgina qolmasdin, balki faoliyat ko‘nikma va malakalarini ham hosil qiladilar. Ko‘nikmalar muayyan vaziyatdagina emas, balki dastlabki shart - sharoitlar o‘zgargan vaqtda ham ma’lum xatti – xarakatlar qilish (hosil bo‘lgan tajriba asosida) qobiliyati bilan tavsiflanadi. Ko‘nikmalarni bilimlar bilan aralashtirib yuborish yaramaydi. Har qanday ko‘nikma asosida bilim yotadi. Bilimlar fikr – mulohazalarda, ko‘nikma esa xatti – xarakatlarda ifodalanadi. Xatti – xarakatlar aqliy yoki jismoniy bo‘lishi mumkin.
Malaka muayyan usul bilan bexato bajariladigan, o‘rganib qolingan avtomatlashgan ongli harakatdir. Malaka bir xatti – harakatning o‘zini bir xil sharoitda ko‘p marta takrorlash natijasida hosil qilinadi. Malaka qanchalik puxta bo‘lsa, odam ishni shunchalik tez yo‘lga qo‘yadi. Malakalar turlicha bo‘ladi, chunonchi, o‘quv malakalari – o‘qish, sezish, og‘zaki hisoblash va boshqalar; mehnat malakalari ish qurollari bilan ishlash, materiallar va texnika bilan muomalada bo‘lish va hakazolar; harakat malakalari – yurish, yugurish va boshqalar. Ko‘nikma kabi malaka ham egallangan bilimlar asosida hosil qilinadi. Ko‘nikma va malaka o‘rtasida farqli tomonlari ham bor. Xususan, o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirilgan ko‘nikma va malakalar har xil tavsifda bo‘ladi.
Yuqorida aytib o‘tilgandek, bilim, ko‘nikma va malakalar ta’lim jarayonida tarkib topadi. Ta’lim – dialektik tarzda taraqqiy etib boradigan ichki ziddiyatli jarayon bo‘lib, unda ikki tomon ta’lim oluvchi va ta’lim beruvchi ishtirok etadi. Ta’lim berish ta’lim oluvchilarga bilimlar berish, ularda ko‘nikma va malakalarni hosil qilish, yangi haqiqatlarni ochishga yo‘naltirilgan ijodiy, mantiqiy tafakkurni tarbiyalashdir [28; 31-b.].
O‘qitish, o‘qitish jarayonlari tasniflari va ularning ta’lim jarayonidagi o‘zaro aloqadorligi. O‘qish ta’lim oluvchilarning o‘zlashtirish, o‘qitish qobiliyati, fikrlash hamda muayyan harakatlarni hosil qilish jarayoni sanaladi. O‘qish jarayonida ta’lim oluvchilar ma’lum bo‘lmagan, o‘zlashtirmagan ma’lumotlarni o‘zlashtira boradilar.
O‘qitish tushunchasi – insonlar orasida yashash, hayotda turmush kechirish va faoliyat ko‘rsatish uchun zarur bilim, ko‘nikma va malakalar yig‘indisini o‘zlashtirishga qaratilgan ongli faoliyat ifodasidir.
O‘qitish – ijtimoiy xulq – atvorni odatiy shaklga aylantirish maqsadida ta’lim oluvchilar bilan rejali va tizimli tarzda tashkil etiladigan turli harakatlar, tashkiliy va amaliy ishlarga undovchi faoliyatdir. O‘qitish ta’lim oluvchilarni tarbiyalash va rivojlantirishning barcha bosqichlarida samarali vosita sanaladi.
O‘qitish jarayoni – bu ta’lim jarayonida ta’lim beruvchi va ta’lim oluvchi faoliyatining qanday bo‘lishi, o‘qitish jarayonining qanday tashkil etishi va olib borish kerakligini hamda shu jarayonda ta’lim oluvchilar qanday ish harakatlarini bajarish kerakligini belgilab beruvchi jarayondir.
Pedagogik ta’lim mazmun – mohiyatini baholash va uning sifati hamda samaradorligini oshirish ta’lim jarayoniga tegishli bo‘lgan har bir komponentlarga (jihatlarga, omillarga, ko‘rsatkichlarga) uzviy ravishda bog‘liq bo‘ladi va shu sababli ham pedagogik ta’lim tizimini yagona dinamik tizim deb qaraladi. Shu ma’noda o‘quv jarayonining tashkil etuvchilarini quyidagicha ifodalash mumkin (4.3-rasm).
Ta’lim jarayonini olib borishning sifati va samaradorligi ko‘p jihatdan ularni tashkil etuvchilarning nechog‘lik o‘zaro aloqadorlikda faoliyat yuritishiga bog‘liq. Bunda albatta ta’limning sifat nazoratini ilmiy asosda to‘g‘ri tashkil etish mexanizmlarini ishlab chiqish lozim bo‘ladi va ta’lim sifatini belgilovchi omillarni hamda ulardan foydalanishning mantiqiy ketma – ketligini algoritmik tarzda asoslashni taqozo qiladi.