Ruhiy davolash – psixoterapiyaning boshqa usul-amallari orasida autogen mashg‘ulotlar alohida o‘rin tutadi. Uni 1909-yili nemis psixoterapevti Yogan Shuls taklif etgan. Bu usul mohiyat-e’tibori bilan bemorni mushaklar relaksatsiyasi (mushaklarni bo‘shashtirish) va ma’lum maqsadni ko‘zlab o‘zini o‘zi ishontirish orqali ko‘nglida xotirjamlik, yaxshi kayfiyat va xatti-harakatlariga ishonish hissini paydo qilishga o‘rgatadi. Ruhiy (psixologik) jihatdan bu usul o‘zini o‘zi boshqarishning mustaqil holda amalga oshirilishiga, bemorning kasallikni yenga olishiga katta yordam beradi.
Sanitariya maorifi va aholini gigiyenik jihatdan tarbiyalash
Sanitariya maorifi kasalliklarning oldini olish, salomatlikni mustahkamlash va muhofaza qilish, yuksak ish qobiliyatini, faol uzoq umr ko‘rishni ta’minlash hamda sog‘lom avlodni tarbiyalab yetishtirish maqsadida aholining sanitariya-gigiyena madaniyatini oshirishga qaratilgan davlat, jamoat va tibbiyot tadbirlari tizimidan iboratdir. Har bir tibbiyot hamshirasining eng muhim kasbiy burchi aholini sanitariya-gigiyena jihatdan tarbiyalash, zararli odatlar (kashandalik, spirtli ichimlik ichish, ko‘p ovqat yeyish)ga qarshi kurashish, salomatlikni mustahkamlashda jismoniy tarbiya va sportning ahamiyatini targ‘ib qilish, shuningdek, sog‘lomlashtirish tadbirlari o‘tkazishdir.
Tibbiyot hamshiralarining vazifasi – sog‘lom turmush tarzining mazmunini ochib berish, kasalliklarning oldini olish, salomatlikni muhofaza qilish va yaxshilashda uning ahamiyatini ko‘rsatish, jamiyatda yashovchi har bir fuqaroda sog‘lom turmush kechirishga xohish uyg‘ota bilish va uni shakllantirishga ko‘maklashishdir. Birlamchi kasallikning oldini olishni axloq va sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalari ko‘rinishida mustahkamlash va rivojlantirish, aholini (uning yoshi, jinsi va ijtimoiy guruhlarini) gigiyenik jihatdan tarbiyalash tizimining asosini tashkil etishi kerak.
3. Sog‘lom turmush tarzida ekologiyaning ahamiyati
Tabiat nihoyatda go‘zal, uning insoniyat uchun marhamati keng. Tabiat hayot onasi, deb bejiz aytilmagan. U kishilarni kiyintiradi, to‘ydiradi, nafas olish uchun kerak bo‘lgan havoni, hayot uchun zarur bo‘lgan suvni tozalab beradigan nafosat olami dilga huzur bag‘ishlaydi. Tarovatli bog‘-u rog‘lar, ko‘kni suyab turgandek azim tog‘lar, bag‘ri keng vodiylar turfa rangli chamanlari bilan go‘zal.
Bugungi kunda insoniyatni xavf ostida qoldirayotgan hodisalardan biri ekologik vaziyat hisoblanadi. Ma’lumki, fantexnika taraqqiyoti birinchi navbatda ishlab chiqarishni tubdan o‘zgartirib, sanoat mahsulotlarini ko‘plab yetkazib berishda muhim omil vazifasini o‘taydi. Ayniqsa, fan va texnikaning beqiyos rivojlanishi mehnat sharoitining tubdan o‘zgarishiga sabab bo‘lmoqda. Bunday taraqqiyot xoh sanoatda, xoh xalq xo‘jaligining turli sohalarida bo‘lsa-da, insonni o‘rab turgan atrof muhitning bir qadar buzilishiga va o‘z navbatida, aholi turli qatlamlarining salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishida namoyon bo‘lmoqda. Hattoki, genofondini o‘zgartirishigacha olib bormoqda. Insonning tabiiy boyliklardan o‘yla may-netmay ortiqcha foydalanishi oqibatida sayyoramizning qiyofasi borgan sari o‘zgarib, o‘rmonlar yo‘qolib, o‘simlik va hayvon turlari kamaymoqda, foydali qazilmalar tugab bormoqda. Suv havzalari, tuproq va atmosfera havosining tobora ifloslanib borishi, turli xo‘jalik faoliyati oqibatida paydo bo‘ladigan chiqindilar va sanoat korxonalaridagi chiqindi moddalarining ortib borishi natijasida, aholini ekologik toza suv, oziq-ovqat bilan ta’minlash dolzarb muammoga aylanib qolgan. Ma’lumki, keyingi yillarda bunday ekologik holat dunyo mamlakatlarida, shu bilan bir qatorda O‘zbekistonda ham e’tiborga olinib, xalqaro hamkorlikda katta ishlar olib borilmoqda. Atmosfera havosidagi zaharli omillarning tobora ko‘payib borishi faqatgina inson salomatligiga ziyon yetkazib qolmasdan, balki butun tirik jonivorlar va o‘simliklar hayotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotir. Odamlar o‘rtasida, ayniqsa, yosh bolalar orasida kasalliklarning avj olishiga sabab bo‘lmoqda.
Xulosa
Shunday qilib, atrof muhitning ifloslanishi, undagi muvozanatning buzilishi, qolaversa, bunday ekologik o‘zgarishlar inson salomatligiga juda katta ziyon yetkazmoqda. Tabiatdagi kanserogen, mutagen, allergen moddalarining tobora ko‘payib borayotgani va shunga mos kasalliklarning avj olib borishi, ekologik xavf tug‘dirishi shubhasizdir.
Sanitariya-gigiyena ko‘nikmalarini tarbiyalash onalar va oilani, maktabgacha, so‘ngra maktab yoshidagi bolalarni, aholining keyingi yosh guruhlarini tarbiyalashni izchillik bilan o‘z ichiga olishi kerak. Sanitariya maorifi shifokorlarning muhim ish uslubi, tibbiyot fani va mafkura ishining bir sohasi hamdir. Bu ishda hozirda respublikamizda «Sog‘lom avlod uchun», «Ekosan», «Nuroniy», «Umid» jamg‘armalari, Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy jamiyatlari, shuningdek, nodavlat notijorat targ‘ibot tashkilotlari faol ishtirok etadi. Tibbiyot hamshiralari sanitariya madaniyati darajasini oshirishda faol bo‘lishlari shart. Sanitariya maorifi xalq ma’naviy ehtiyojlarini rivojlantirishda, kishilarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda katta ahamiyat kasb etadi.
Adabiyotlar ro’yhati
Do'stlaringiz bilan baham: |