§. Falsafaning izlanish metodlari
Olamdagi o‘zgarish, rivojlanish, umumiy aloqadorlik va taraqqiyotning qay tarzda amalga oshishi, qanday sodir bo‘lishi kabi masalalar ham falsafaning azaliy muammolari qatoriga kiradi. Falsafaning ana shu mavzularga munosabati va ular bilan bog‘liq muammolarni hal qilishiga qarab farqlanadigan bir necha ta’limot, qarash, usul va metodlari bor. Dialektika, metafizika, sofistika, eklektika, dogmatika kabilar shular jumlasiga kiradi. Ularning tarixi nihoyatda uzoq bo‘lib, Qadimgi Yunoniston va Rim davrida (mil. avv. VII-I asr) boshlandi. Keyingi yillarda sinergetika ham falsafiy metod va ta’limot sifatida talqin etilmoqda.
Dialektika – yunon tilida bahs va suhbatlashish san’ati degan ma’noni anglatadi. Dialektika olamdagi narsa va hodisalar doimo o‘zgarishda, o‘zaro aloqadorlik va bog‘liqlikda, taraqqiyot va rivojlanishda deb tushunishdir. Dialektikaga ko‘ra, olamda o‘z o‘rniga va joyiga, yashash vaqti va harakat yo‘nalishiga ega bo‘lgan barcha narsalar va hodisalar bir-birlari bilan bog‘liq va aloqador tarzda, bir-birlarini taqozo etadigan, doimiy va takrorlanib turadigan bog‘lanishlar orqali namoyon bo‘ladi.
Taraqqiyot jarayonida avlodlar, davrlar, siyosiy tuzumlar, umuman ijtimoiy voqea va hodisalar o‘z-o‘zidan avtomatik tarzda sodir bo‘lib, nom-nishonsiz yo‘qolib ketmaydi. Balki ularning barchasi insonlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqa va munosabatlarning hosilasi, ijtimoiy jarayonlarning natijasi, biror sababning oqibati sifatida namoyon bo‘ladi. Bir davr ikkinchisining o‘rniga, bir avlod oldingisidan keyin. Bir voqea boshqasining ortidan sodir bo‘lib turadi. Ana shu abadiy va azaliy uzluksizlik, doimiy aloqadorlik, vaqtning orqaga qaytmasligi va voqealarning ketma-ketligi tarzidagi bog‘lanishlar, rivojlanish va taraqqiyot, olamning rang-barangligi va uyg‘unligi dialektikaning asosiy tamoyillarini tashkil qiladi.
Falsafada mazkur tamoyillarga asoslangan tafakkurni – dialektik tafakkur, ana shunday dunyoqarashni – dialektik dunyoqarash, yondashuvni – dialektik yondashuv, metodni – dialektik metod deb atash an’anaga aylangan. Shu bilan birga u yoki bu olimning ushbu tamoyillarga asoslanadigan dunyoqarashi, falsafiy ta’limotlari ham bor. Masalan, Demokrit va Geraklit dialektikasi, Kant yoki Gegel dialektikasi deyilganda ana shunday hol nazarda tutiladi.
«Metafizika» yunoncha so‘z bo‘lib, «fizikadan keyin» degan mazmunni ifodalaydi. Bu tushuncha falsafa tarixida birinchi marta, Qadimgi Yunonistonning buyuk faylasufi Arastuning «Ilk falsafa» deb atalgan asarlariga nisbatan ishlatilgan.
Metafizika bilish metodi sifatida hali ishlab chiqarish fan yetarli darajada rivojlanmagan XVI-XVII asrlarda, paydo bo‘ladi. U vaqtlarda ko‘pchilik tabiatshunoslik fanlari falsafadan endigina ajralib chiqib, ular predmet va hodisalarni alohida-alohida o‘rganayotgan, ularning xususiyatlari to‘g‘risida dalillar to‘planayotgan bir paytda metod ijobiy rol o‘ynagan. Ayni shu vaqtda u tabiatshunoslikdan falsafiy metod sifatida falsafaga kiritiladi. Lekin u metod faylasuflarni asta-sekin dunyodagi predmet va hodisalarni bir-biridan ajralgan holda, ularni umumiy bog‘lanishdan tashqarida tekshirishga va shuning natijasida predmet va hodisalarni harakat holatida emas, balki harakatsiz holatda, muhim darajada o‘zgaradigan narsalar sifatida emas, balki abadiy o‘zgarmaydigan narsalar sifatida, tirik emas, balki o‘lik narsalar sifatida tekshirishga odatlantirib qo‘ya boshlaydi. Lekin XVIII asrga kelib tabiatshunoslik va ijtimoiy fanlar to‘plagan materiallar umumlashtirilib, fanlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlik va bog‘lanishlar aniqlana boshlanib, metafizikaning cheklanganligi, bir tomonlama metod ekanligi ma’lum bo‘la boshlaydi.
Sofistika – (yunon. sophisma – ataylab xato dalillar asosida, ko‘p ma’noli so‘zlarga asoslanib fikr yuritish) – bilib turib, xato asoslardan yolg‘on xulosa chiqarishdir. Bu yerda so‘fiylik falsafasi emas, balki o‘rta asrlarda Yevropada keng tarqalgan alohida falsafiy ta’limot nazarda tutiladi.
Sofistik tafakkur usuli dastlab qadimgi yunon falsafasida paydo bo‘lib, o‘rta asrlarda ayniqsa keng tarqaladi va rivojlanadi.
Qadimgi davr yunon falsafasida biron-bir bilim sohasini mukammal egallagan kishilar sofistlar, deb atalgan bo‘lsa, keyinchalik o‘rta asrlarga kelib, notiq, bilimdonlik, donishmandlik bilan nom chiqargan kishilar
ham, turli omonim so‘zlar asosiga qurilgan turli fikrlar bilan kishilarning boshini qotiradigan, ustamonlik bilan ular fikrlarini chalg‘itadigan kishilar ham sofistlar deb atala boshlanadi.
Sofistik tafakkur usuli yoki sofistik muhokama jarayonida bilib turib, ataylab yolg‘on asoslardan yolg‘on xulosalar chiqarish asosida fikr yuritish usulidir.
Eklektika (yunon. – tanlayman) – turli qarama-qarshi nazariyalarni, qarashlarni aralash-quralash qilib yuboruvchi tafakkur usulidir. Dialektik tafakkur usuliga muqobil bo‘lgan tafakkur usullaridan yana biri bu eklektikadir.
Eklektik tafakkur usuli ham dastlab qadimgi yunon falsafasida yuzaga keladi. Eklektik tafakkur usuli, ayniqsa, O‘rta asr falsafasi va yangi zamon falsafasi sxolastiklari qarashlarida keng qo‘llaniladi. Eklektik tafakkur usulida narsa va hodisalarning muhim va nomuhim, asosiy va asosiy bo‘lmagan xususiyatlari, ular o‘rtasidagi bog‘lanishlar mexanik ravishda birlashtirilib, qorishtirilib ifodalanadi. Narsa va hodisalarga, ularning bog‘lanishlariga aniq, muayyan makon va zamonda, muayyan vaziyat va shart-sharoitda yondashmaslik, ulardagi asosiy va ikkinchi darajali tomonlarni hisobga olmaslik asosida eklektik tafakkur usuli paydo bo‘ladi. Eklektik tafakkur usuli asosida ham formal mantiq qonunlaridan noto‘g‘ri foydalanish, narsa va hodisalar mohiyatiga yuzaki yondashish yotadi.
Dogmatika (yunon. o‘zgarmas, qotib qolgan, aqida) – aniq shart- sharoitlarni hisobga olmay qo‘llaniladigan qoida, prinsip, fikrdir. Dogmatik tafakkur falsafadagi amaliyot va fanning yangi ma’lumotlarini hisobga olmay, aniq makon va zamon bilan bog‘liq bo‘lmagan, o‘zgarmas tushunchalar va qoidalar bilan ish ko‘ruvchi tafakkur usulidir. Dogmatik tafakkurning asosini metafizika tashkil qilib, u dastlab sofistik tafakkur usuliga qarama-qarshi o‘laroq vujudga keladi.
Sinergetika – olamning o‘z-o‘zini tashkil etish, makon va zamonda narsa va hodisalarning azaliy ketma-ketligi, o‘zaro aloqadorligi, ularning muayyan tizimlardan iborat sababiy bog‘lanishlar asosida mavjudligini e’tirof etishga asoslangan ilmiy qarashlar majmuasidir. U asosan XX asrning ikkinchi yarmida shakllangan ta’limot bo‘lib, asoschisi Nobel mukofoti sovrindori I.Prigojindir, bu ta’limotni dialektika asosida shakllangan va uni to‘ldiradigan ilmiy qarashlar majmuasi deydiganlar ham bor. Ularga qarshi o‘laroq, dialektika endi kerak emas, uni sinergetika bilan almashtirish lozim deb hisoblovchilar ham mavjud.
Sinergetikaning XX asrdagi shaxdam odimlari o‘rta asrlarda Yevropada aniq fanlar sohasida induksiya va deduksiya usullarining muvafaqqiyatli qo‘llangani, katta mavqega ega bo‘lgani va pirovard natijada, falsafiy metodga aylanganini eslatadi. Sinergetika XX asr tabiiy fanlarining falsafa sohasiga kiritayotgan eng katta yutuqlaridan biri sifatida baholash mumkin. Ammo, bu uning dialektikani falsafadan butunlay surib chiqardi degani emas. Zero, falsafada har bir ta’limot, uslub va metodning o‘z o‘rni va faoliyat darajasi bor. Dialektikaning falsafadagi o‘rni, qadr-qimmati nihoyatda katta va u falsafaning asosiy qismlaridan biri bo‘lib qolaveradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |