15.2. Qishloq turizmini rivojlantirishning xalqaro modellari va uni O‘zbekiston sharoitida qo‘llash
Jahonda qishloq turizmini tashkil qilishning ancha mukammal modellari Yevropa davlatlarida ishlab chiqilgandir. Bu modellar deyarli biri – biriga o‘xshamaydi. Eng muhimi, quyida qayd qilingan modellar hozirda Yevropa davlatlarida muvoffaqiyat bilan ishlamoqda va jahondagi ko‘plab davlatlar bu modellar asosida o‘z mamlakatlarida qishloq turizmini rivojlantirishmoqdalar.
Britaniya modelida asosan qishloq turizmida turistlarni joylashtirishga ko‘proq e’tibor berilgan. Boshqa jihatlar esa Yevropadagi davlatlar tajribasidan olingan hisoblanadi.
Turistlarning ommaviylashgan, ular yaxshi ko‘radigan yashash tarzi 3 tipga bo‘linadi:
Fermerning uyida yashash va uning oilasi bilan nonushta qilish. Bu sharoitda fermer bilan, uning oila a’zolari bilan do‘stona aloqalarni boshlash imkoniyatlari, sharoitlari yuzaga keladi;
Alohida binoda, qisman qulaylik sharoitida o‘z – o‘ziga xizmat qilish bilan yashash;
Atroflari o‘ralgan, o‘rtacha 8 – 15 turistni joylashtiradigan binoda, o‘z – o‘ziga xizmat qiladigan sharoitda yashash.
Uchinchi variant Britaniya modelida juda daromadli hisoblanadi. Bir kunlik tunash har bir turist uchun 10 yevro miqdorida. Bu variantning daromadliligining asosiy sababi yoshlarga va guruhlarga mo‘ljallanganligidadir. Bu sharoitni o‘quvchilar va ayniqsa studentlar ma’qul ko‘rishadi. Shu bilan birga Britaniya modelida qishloqda joylashishning 3 xil darajasi bor: lyuks –puldorlar uchun maxsus qurilgan uy, o‘rtacha boylar uchun maxsus qurilgan hovli va yuqoridagi 3 ta sharoitli yashash tarzi.
Britaniya modelida yana bir muhim xizmatlar borki, qishloqlardagi tadbirkorlar turstlar uchun mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan milliy va sport o‘yinlari, bolalar uchun poni (pakana) otda sayr, otlarda sayr, golf o‘yinlarini tashkil qilishadi. Shuning uchun ham shaharliklar bahor va yoz oylarida qishloqlarga shoshilishadilar.
Britaniya modelidagi yana bir muhim jihatlar shundan iboratki, ota – onalar bolalarini ekologik madaniyat, bilim ruhida tarbiyalash uchun ham bolalarini qishloqlarga olib borishadilar va qishloq tadbirkorlari maxsus tayyorlangan maydonchalarda (og‘il, molxona) chorva mollarining bir – ikki oylik uloqchalar, buzoqchalar, qo‘zichoqlar bilan birga o‘ynashadi, quyonlarga, qushlarga ovqat, don berishadi. Bu jarayonlarda bolalarda hayvon va parrandalarga mehr tuyg‘ulari hosil bo‘ladi.
Fransiya modeli. Fransiya jahonda qishloq turizmini rivojlantirgan birinchi mamlakat hisoblanadi. Bu davlat XX asrning o‘rtalarida qishloq turizmini rivojlantirishning davlat dasturini ishlab chiqqan edi. Hozirga kelib qishloq turizmi fransiyaning barcha departamentlarida yaxshi tashkil qilingan. Fransiya modelida qishloq turizmi ancha murakkab va maxsus ixtisoslashtirilgan hisoblanadi. Mamlakatning janubida qishloq – cho‘milish plyaj turizmi infratuzilmalari yetarli darajada yaratilgan. Bu qishloqlarda turistlar uchun maxsus kotedj uylari qurilgan. Markaziy rayonlarda agroturizm yaxshi rivojlangan. Bu yerdagi qishloqlarda turistlar uchun kichik uylar barcha sharoitlari bilan turistlarning ixtiyoriga beriladi. Chunki, faranglar ovqatni o‘zlari tayyorlashni xush ko‘rishadi.
Fransiya vino va gastronomiya turizmi bo‘yicha ham jahonda oldingi o‘rinlarda turadi. Bu turizmda asosan boy turistlar dam olishadi. Ular qishloq uylarda joylashib kuniga uch mahal (to‘liq pansion) ovqatga buyurtmalar berishadi va bu ovqatlarning tayyorlanish jarayonlariga qatnashadilar.
«Vino turizmi» shaharlik faranglarning eng yaxshi ko‘rgan qishloq xo‘jalik turizmi yo‘nalishiga kiradi. Ma’lumki, faranglar eng ko‘p vino ichadigan xalqlardir. Vino turizmidagi turistlar vinoning ta’mini sinab ko‘rishga qatnashadilar, shampan vinosidagi farqni bilish uchun ko‘plab vinochilik xo‘jaliklariga borishadilar, vino tayyorlashni o‘rganishadilar, vinoni mehmonlarga uzatishni mashq qilishadi, vinoning navlarini to‘plab uylariga olib ketishadilar.
Ko‘plab turistlar qadimiy qal’alar, tarixiy ibodatxonalar, arxeologik topilmalar joylashgan qishloqlarda hafta – o‘n kunlab qolib ketishadi. Ular qishloq uylarida joylashib kuni bilan piyoda sayrga chiqishadi, ibodatxonalar, tarixiy joylarni o‘rganishadi va ovqatlanishga to‘liq haq to‘lashadi, o‘zlari ovqat tayyorlashmaydi. Alp tog‘laridagi qishloqlar esa asosan chang‘i sporti havaskorlariga turistik xizmatlar ko‘rsatishadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |