4-mavzu. TURIZM SOHASINING RESURSLARI
Reja:
4.1. Turizm resurslari tushunchasi
4.2. Turizm resurslarining guruhlanishi
4.3. Turistik resurslar va turistik akvatoriya
4.1. Turizm resurslari tushunchasi
Turizm sohasining resurslari – turizm maqsadlarida va turizm jarayonida insonning ehtiyojini qondirishga qodir tabiiy-iqlim, ijtimoiy –madaniy, tarixiy, me’moriy, ilmiy va xizmat ko‘rsatishga doir, tomosha qilinuvchi ob’ektlar yoki hodisalar to‘plamidan iborat.
Turizm sohasining resurslari har bir mamlakatning milliy boyligi bo‘lib, ular davlat mulki hisoblanadi. Ammo ulardan bir qismi jahon ahamiyatiga molik ob’ektlar va yodgorliklar hisoblanib YUNESKO ning «Jahon merosi» ro‘yxatiga kiritilgan. Bunday ro‘yxat har yili YUNESKO tomonidan o‘rganiladi va yangilanadi, ro‘yxatdagi ushbu tabiiy, tarixiy va madaniy yodgorliklar davlat tomonidan muhofaza qilinadi, umumjahon ahamiyatidagi ob’ektlar va yodgorliklarni ta’mirlashga, saqlab qolishga BMT tomonidan tegishli mablag‘ ajratiladi.
Bugungi kunda O‘zbekiston katta turistik resurslar salohiyatiga ega bo‘lib, uning hududida 7000 dan ortiq tarixiy-arxitektura yodgorliklari va go‘zal tabiiy-iqlimiy resurslari mavjud. Mamlakatimizda mavjud jami turistik-rekreatsion ob’ektlaridan Toshkent shahrida 144 tasi, Samarqandda 118 tasi, Buxoroda 201 tasi va Xiva shahrida 310 tasi joylashgan bo‘lib, ushbu turistik ob’ektlardan foydalanidigan turistik firmalar esa asosan markaziy mintaqalarda joylashganini ko‘ramiz. Turistik resurslarning 3/1 qismigina turizm uchun faoliyat ko‘rsatmoqda, qolganlari esa turistik infratizimning shakllanishini va yangi turmahsulotlar tayyorlashni talab qilmoqda. Hozirgi vaqtda ko‘pgina tarmoqlar kabi turizm industriyasi ham tez rivojlanib bormoqda. Turistik biznesni mavjud investitsiya, texnologiya, hamda malakali ishchi – xodimlar orqaligina shakllantirib bo‘lmaydi. Buning uchun birinchi navbatda, turistik resurslardan samarali foydalanish zarur bo‘ladi.
Mutaxassislar turistik resurslarga quyidagicha ta’rif berishgan: turistik resurslar tabiiy, tarixiy, ijtimoiy – madaniy va boshqa ob’ektlar bo‘lib, turistlarni sayohatga qiziqtiradigan, insonning jismoniy, ruhiy va aqliy kuchini tiklashi va rivojlanish ehtiyojlarini qondirishga qodir ob’ektlarga aytiladi. Turistik resurslarning mohiyati shundan iboratki, ular turistik mahsulot shakllanishiga asos bo‘lib hisoblanadi. Turistik resurslardan sog‘lomlashtirish, turistik, sport va tanishuv maqsadida foydalaniladi. Undan tashqari, turistik resurslarni shartli ravishda ikki guruhga bo‘lish mumkin: tabiiy va infratuzilmali. Turistik biznesning rivojlanishida yuqoridagi ikki guruhning ham ahamiyati katta. Har qanday yuqori turistik resurs salohiyatidan, kommunikatsiya, aloqa vositalari, xizmat ko‘rsatish sohalarisiz foydalanib bo‘lmaydi. Mavjud turistik resurslar majmuasini tabiiy – iqlimiy, madaniy – tarixiy, ijtimoiy – iqtisodiy, axborot beruvchi resurslarga bo‘lish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |