7-mavzu. Veterinariya sohasini rivojlanishiga hissa qo’shgan o’zbek olimlari
S.N. VOXIDOV
S.N.Voxidov 1912 yilda Samarqand shahrida xizmatchi oilasida tug‘ilgan. 1931 yilda o‘rta maktabni tugallab, O‘zbekiston davlat qishloq xo‘jaligi instktutining veterinariya fakultetiga o‘qishga kirgan. 1936 yil Moskva zooveterinariya institutining umumiy, xususiy xirurgiya kafedrasiga aspiranturaga kirib, 1939 yilda tugatgan. 1946-48 yillarda O‘zbekiston davlat qishloq xo‘jaligi instituti operativ xirurgiya kafedrasida assistent bo‘lib ishlagan. 1948-1949 yillarda esa Moskva Veterinariya Akademiyasida bir yillik aspiranturada tahsil olib «Fitonsidlarning jaroxatlar bitishiga ta’siri» mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Keyinchalik, kafedrada dotsent va kafedra mudiri lavozimida ishlagan.
Fan sohasida olib borgan samarali ilmiy-tadqiqotlarining natijasiga ko‘ra 100 ga yaqin ilmiy maqolalar, 1 ta monografiya, qo‘llanma va risolalar chop etgan. 1952-61 yillarda Samarqand qishloq xo‘jalik institutiga rahbarlik qilgan.
1960-70 yillarda “Aktinomikoz kasalligining kelib chiqish sabablari, tarqalishi, diagnostikasi va davolash» mavzusida ilmiy-tadqiqotlar olib borib, 1973 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan va veterinariya fanlari doktori ilmiy darajasini olgan.
S.N.Voxidovning fan va jamiyat oldidagi sharafli mehnatlari hukumat tomonidan yuksak baholanib, «Mehnat veterani», «Oliy ta’lim a’lochisi» nishonlari va ko‘plab faxriy yorliqlar hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlangan.
D.X.NARZIYEV
Veterinariya fanlari doktori, professor D.X.Narziyev 1925 yilda tavallud topgan. 1949 yilda Samarqand qishloq xo‘jalik institutining veterinariya fakultetini bitirgan. 1958 yilda veterinariya fanlari nomzodi, 1974 yilda veterinariya fanlari doktori ilmiy darajasi uchun dissertatsiya himoya qildi.
1959-1988 yillarda hayvonlar anatomiyasi kafedrasiga rahbarlik qilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jalik xodimi, professor D.X. Narziyev bir necha yosh olimlarning doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalariga rahbarlik qilib, o‘zining morfolog - anatomlar maktabini yaratgan. Qorako‘l qo‘ylari suyaklarining va muskullarinnng postnatal ontogenezi, makro-mikroanatomiyasini urganish bilan fanning rivojiga katta hissa qo‘shgan. Hozirgi kungacha foydalanilib kelinayotgan «Hayvonlar anatomiyasi» darsligi va 250 dan ortiq ilmiy maqolalarning muallifidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |