2.3. Korporativ boshqaruvning nemis modeli
Korporativ boshqaruvning german modeli kontinental-evropa modeli deb
ham ataladi. Bu model korporatsiyalar o‘rtasidagi munosabatlar barcha manfaatdor
shaxslar – aksiyadorlar, moliyaviy tuzilmalar, xodimlar, davlat tomonidan
muvofiqlashtirilishi bilan xarakterlidir. Ko‘pincha ular yirik aksiyalar paketiga
egalik qiladilar, korporatsiyalarga o‘z vakillarini qo‘yadilar va boshqalar. Ular
korporativ tuzilmalarning tarkibi sifatida qabul qilinadi va boshqaruvda ishtirok
etish huquqiga ega bo‘ladi, ya’ni ijtimoiy hamkorlik prinsipi amal qiladi.
Germaniyada aksiyadorlik kapital boshqa qator mamlakatlarga qaraganda
sezilarli darajada markazlashgan. Bunda aksiyadorlik kapitaliga bir necha yirik
yuridik shaxslar – banklar va korporatsiyalarning o‘zaro egalik qilish amaliyoti
kuzatiladi. Moliyaviy institutlar 70 foizgacha aksiyalarni nazorat qiladi. Tashqi
aksiyadorlar va individual investorlarning roli minimal darajada.
Banklar direktorlar kengashida o‘z vakillari orqali monitoring va nazorat
funktsiyalarini amalga oshiradi, qimmatli qog‘ozlar emissiyasini tashkil qiladi,
ishonchnoma asosida aksiyalarni boshqaradi. Mazkur jihat german modelining eng
asosiy xususiyati hisoblanadi.
Kapital bozorining past darajada rivojlanganligi sababli banklar
korporatsiyalarni tashqi moliyalashtirishning asosiy manbasi sifatida ko‘zga
tashlanadi. Bu holat nodo‘stona birlashish va qo‘shib olishlarga imkon bermaydi.
Aksariyat aksiyadorlar depozitariy vazifasini ham bajaruvchi banklar orqali
aksiyalar sotib oladilar. Korporatsiyalar materiallari asosida banklar korporatsiya
faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini aksiyadorlarga
yo‘naltiradi. Agarda takliflar va tavsiyalar bo‘yicha aksiyadorlarda e’tirozlar
bo‘lmasa, banklar o‘z fikri bo‘yicha masalani ovozga qo‘yadi.
Shuning uchun korporatsiyalarni boshqarishda banklar iqtisodiy va ma’nan
javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi.
Mazkur modelning boshqa xususiyatlariga quyidagilarni ham kiritish
mumkin:
- umumiy yig‘ilishda aksiyadorlarning ovozlar soni chegaralanishi;
- individual aksiyadorlar ulushining pastligi;
- xorijiy investorlarning faol ishtiroki.
Korporativ boshqaruvning german modelida direktorlar kengashi ikki
palatali, ya’ni mustaqil direktorlardan tashkil topgan kuzatuv kengashi va
menejerlardan iborat ijroiya organi. Ular o‘rtasida funktsiyalar, vakolatlar,
javobgarlik aniq taqsimlangan holda belgilab qo‘yilgan. Kuzatuv funktsiyasi qaror
qabul qilish funktsiyasidan ajratilgan.
Ikki palatali direktorlar kengashining amal qilishi autsayderlar manfaatlarini
himoya qilishni kafolatlamaydi, shunga ko‘ra ko‘pincha kengash nazoratni amalga
oshiruvchi emas, balki maslahatchi funktsiyasini bajaruvchi boshqaruv raisi
yonidagi organ sifatida ko‘zga tashlanadi.
Germaniyada direktorlar kengashining bosh maqsadi aksiyadorlarning
alohida guruhlari manfaatlarini himoya qilish emas, balki umumiy holda
korporatsiya raqobatbardoshligini oshirish hisoblanadi.
Kengash tuzilmasi va son tarkibi korporatsiya ustavida emas, balki
qonunchilik asosida belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra kuzatuv kengashi a’zolari soni
20 kishi bo‘lishi kerak va uning uning son tarkibi o‘zgarishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bank vakillari uning a’zolari bo‘lishi mumkin.
Aksiyadorlar soni 500 tadan kam bo‘lgan, faoliyat ko‘lami yirik bo‘lmagan
korporatsiyalarda yalpi kuzatuv kengashi aksiyadorlar tomonidan saylanadi.
Aksiyadorlar soni 500 tadan 2000 tagacha bo‘lgan o‘rta tipdagi korporatsiyalarda
kuzatuv kengashi tarkibining uchdan bir qismi, 2000 dan ortiq aksiyadorlarga ega
yirik korporatsiyalarda esa yarmi (20 tadan o‘ntasi)ni aksiyadorlar saylaydi.
Kengashning qolgan a’zolari mehnat jamoasi tarkibidan va kasaba uyushmalari
tashkilotlaridan saylanadi. Ya’ni “kuzatuv kengashi a’zolarining yarmi ishchi-
xodimlardan shakllantiriladi”
15
va bunday yondashuv manfaatlar muvozanatiga
erishish imkonini beradi.
Kuzatuv kengashi ijroiya kengashi a’zolarini besh yillik muddatga
tayinlaydi, lekin shartnoma muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin. Ijroiya
organi bevosita korporatsiya faoliyatiga javobgar sifatida bo‘yicha umumiy
nazoratni amalga oshiradi, korporatsiya hisobotlarini, katta miqdordagi kapital
qo‘yilmalarini, strategik qarorlarni, aktivlarni sotib olish yoki qo‘shib olish
amaliyotlarini tasdiqlaydi. Bunday qarorlar qabul qilish qonunga asosan tartibga
solinadi. O‘z navbatida ijroiya kengashi (boshqaruv) menejerlardan tashkil topadi
va kuzatuv kengashi oldida hisobdor hisoblanadi.
German modelida quyidagi masalalar aksiyadorlar tomonidan ma’qullanishi
talab etiladi:
- sof foydani taqsimlash;
- katta miqdordagi xarajatlar to‘g‘risida qarorlar;
- ustavga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;
- menejerlarni rag‘batlantirishning yuqori chegarasini oshirish;
- birlashishlar, qayta tashkil etishlar va boshqalar.
German modeli insayderlar, kompaniya menejerlarining samarali nazorati,
yuqori barqarorlikka ega ichki va tashqi munosabatlar, bankrotlik riski nisbatan
pastligi, turli xil nizolar yuzaga kelish ehtimoli pastligi bilan ham tavsiflanadi.
Shuning uchun kompaniyalarni uzoq muddatli rivojlantirish masalalariga ustuvor
darajada e’tibor qaratiladi. Yana bir xususiyat bu mutaxassislar, xususan
menejerlar bilim va malakasiga juda yuqori darada talablar qo‘yilganligidir.
15
Bob Tricker. Corporate governance: principles, policies and practices. – UK.: Oxford university press, 2012. – P. 157.
Do'stlaringiz bilan baham: |