Rossiya NATO tashkiloti bilan aloqalarni uzishga tayyor
Amerika Ovozi
25/08/2008
Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev “NATO tashkiloti bilan barcha aloqalarni tugatishga tayyormiz” demoqda. Uning aytishicha “Rossiyaning NATOsiz ham kuni o’tadi”.
Kreml Gruziya bilan imzolangan sulhga amal qilmayotganlikda ayblanmoqda. Lekin 27 a’zolik Yevropa Ittifoqining amaldagi prezidenti Fransiya Rossiyaga sanksiya qo’yish taklifiga qo’shilmaydi.
Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putinning aytishicha esa Jahon Savdo Tashkilotiga kirish uchun harakatlar davom etadi, ammo bu borada ba’zi davlatlar bilan imzolangan kelishuvlar bekor qilinishi mumkin.
Hozirgi xulosa shuki, deydi Putin, bu hujjatlar endi bizning manfaatlarimiz uchun xizmat qilmaydi. AQSh rasmiylari Gruziyadagi urushdan keyin Rossiyani bu tashkilotga olish masalasini qayta ko’rib chiqish kerak deyayotgan edi.
Fransiya Tashqi ishlar vaziri Bernar Kushner Rossiya qo’shini Gruziyani butunlay tark etgani yo’q, lekin sanksiyalar haqida gap bo’lishi mumkin emas, deydi.
“Eng muhimi Gruziyada urush to’xtatildi va Rossiya qo’shinining katta qismini Gruziyadan olib chiqdi”, - deydi Kushner.
Rossiya-Gruziya o’rtasida imzolangan sulhga Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi vositachilik qilgan, Moskva va Tbilisida bo’lib tomonlarni janglarni to’xtatishga ko’ndirgan edi. AQSh, Britaniya va Franisya nazarida Rossiya bitimni o’zi bilganicha talqin qilyapti.
Yevropa Ittifoqi Rossiya bilan munosabatlarini qayta ko’rib chiqish uchun 1 sentyabr kuni Bryusselda yig’iladi. Ittifoqning ayrim a’zolari Rossiyani jazolash kerak desa, boshqalar, jumladan, Fransiya buni yoqlamaydi.
Siyosatdonlar ta’biricha 26 a’zoli NATO tashkiloti Rossiyaga mushtini ko’rsatayotgan bo’lsa-da, Kreml bunga qo’l siltamoqda. Yevropa Ittifoqining Germaniya kabi nufuzli a’zolari Rossiya neft va gaziga muhtoj. Buni har ikki tomon yaxshi biladi.
Bu orada Rossiya qonunchilari prezident Medvedevdan Janubiy Osetiya va Abxaziyani mustaqil deb tan olishni so’ramoqda. Parlamentning yuqori va quyi palatalari shu mazmunda rezolyutsiya qabul qilgan, biroq hujjat qonuniy kuchga ega emas. Federatsiya Kengashi spikeri Sergey Mironov nazarida “Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqil bo’lishga haqli”.
23 avgust kuni AQShning gumanitar yordam ortilgan harbiy kemasi Gruziyaning Batumi portiga yetib keldi. Makfol kemasi mojaro natijasida sarson bo’lgan aholiga choyshab, suv, oziq-ovqat va bolalar uchun mahsulotlar olib keldi, biroq muammo uni qanday qilib tarqatishda.
“Rossiya yo’llarni yopib qo’ygan”, - deydi AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi direktori Genrietta For. 13 million dollarga teng ko’mak nohukumat tashkilotlar yordamida ko’p joylarga yetkaziladi, biroq Rossiyadan hamkorlik talab qilinmoqda.
Gruziya iqtisodiyoti uchun muhim bo’lgan, Batumidan 80 kilometr uzoqlikdagi Poti bandargohi haligacha yopiq. Rossiya bu yerda harbiy punktlar barpo etgan va hech kimni yo’latmayapti.
Gruziya xavfsizlik idoralari rahbari Kaxa Lumaya “Rossiya mamlakat bo’ylab 20 ga yaqin tekshiruv punktlari o’rnatgan. Shulardan 7-8 tasi xavfsizlik zonasidan tashqarida. Shunisi aniqki, Rossiya urushga aloqasi bo’lmagan hududlarni nazorat qilmoqda”, - deyd
Do'stlaringiz bilan baham: |