Poetik til meʼyori tamoyili. Bu tamoyil sheʼrni sheʼr qiladigan asosiy shartlardan. Zero, soʻzni his qilmasdan, unga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlmasdan, uni oʻrinli va tejab qoʻllamasdan turib sheʼr xususida soʻzlash oʻrinsiz. Koʻpsoʻzlilik adabiyotni siyqalashtiradi. Muayyan voqeani qofiyaga solib nochor saviyada qayd etish hali sheʼr boʻlolmaydi. Poetik til badiiyatning yuqori darajasini ham, oz soʻzga koʻp maʼno yuklash zaruratini ham, misralarning tabiiy ohangini ham – barcha-barchasini oʻz ichiga oladi. Busiz sheʼrning saviyasi haqidagi har qanday soʻz ortiqcha.
Abdulkarim Bahriddinning “Tomchidil” toʻplamida mazkur tamoyilga misol boʻla oladigan sheʼrlar koʻp. Mana, shoirning ana shunday toʻrtliklaridan biri:
Darveshga dedilar: “Ustingga qara,
Yirtiq-yamoq kiyim, janda xirqating!”
Darvesh dedi: “Dilni poklash-la bandman,
Ustimni bezashga yoʻqdir fursatim”.
Darhaqiqat, barcha zamonlarda ham ahli dillar – maʼrifat ahli asosiy eʼtiborni koʻngil pokligiga qaratgan. Zohiriga zeb berish bilan ovora boʻlib, botinni xarob qilish jaholat belgisi sanalgan. Ana shu tuygʻuning betakror badiiy talqini sheʼrning yutugʻini taʼminlagan asosiy omildir. Yana bir muhim jihati, unda nainki soʻz, hatto birorta tinish belgisi ham nooʻrin qoʻllanmagan.
Salim Ashurning “Titroq” nazmiy toʻplami mutolaasidan koʻngillarda toza sheʼr titrogʻini tuyasiz. Shoirning badiiy-estetik didi sheʼrdan sheʼrga oʻsayotganini his etasiz. Jumladan, mana bu misralar aslo toʻqilmagan, quyilib kelgan:
Shabboda bir patni tutib keltirdi,
Sevgining nomidan maktub keltirdi.
Har soʻzda chiroyli barmoq izi bor,
Har soʻzning yonida gul ildizi bor.
Soʻz emas, lablarda taralgan nafas,
Lab emas, bir qalbda yaralgan nafas.
Nafasmas, bir dilning tubidagi uh,
Uh emas, koʻkrakda erigan anduh…
Nuqramas, tomoqda tebrangan bir voh,
Voh emas, pardan ham yengilroq bir oh…
Bu satrlarni oʻqir ekansiz, shabboda sevgi maktubini shoirga emas, sizga keltirgandek, hayajonga tushasiz. Koʻngil dunyongizni nafis bir tuygʻu egallaydi. Zero, asl sheʼr ana shunday boʻlishi kerak, oʻz muhibi qalbiga, shuuriga, ruhiyatiga nur olib kirishi kerak. Bunday nafis sheʼrlar, tutilmagan tashbehlar, ohorli talqinlar koʻp ekani toʻplamning asosiy yutugʻidir.
Vafo Fayzulloning “Azaliy gʻussa” sheʼrlar toʻplamining nomidayoq chinakam poeziya mujassam. Toʻgʻrisi, undagi sheʼrlarni mutolaa qilish anchayin ogʻir, gʻussaning zoʻrligidan yuraklar ezilib ketadi. Biroq ayon bir haqiqat shundaki, sheʼr faqat quvonchdangina tugʻilmaydi. U oʻquvchi koʻnglini goho iztirob va anduh oloviga tashlaydi, goho gʻamu anduh qozonida qovuradi. Baʼzan qaygʻu buloqlari vositasi ila boʻlsin, koʻngil kirlarini yuvadi. Mana bu misralar ham ana shunday iztirob hissi bilan yoʻgʻrilgan:
Issiz chechaklarning koʻpini koʻrdim,
Hayosiz gʻunchalar undan ziyoda.
Negadir keladir goho xoʻrligim,
Baxtsizliksiz yashab boʻlmas dunyoda.
Muhimi, sheʼrda teran mazmun va yuksak badiiyat uygʻunligi kuzatiladi. Falsafiy tafakkur ustunlik qiladi. Ortiqcha biror soʻz uchramaydi. Hech bir oʻrinda tahrirga ehtiyoj sezilmaydi.
Oʻroz Haydarning “Falak favvorasi” toʻplamidagi sheʼrlarning aksari poetik til meʼyori jihatidan talab darajasida. Mana bu misralar mutolaasidan koʻngil yorishib ketadi. Sababi, obrazli tafakkur va xalqona ohang teran mazmunni goʻzal badiiy shaklda ifodalash imkonini bergan:
Quyoshning savatidan
Boychechaklar sochilsin.
Yurak yorugʻ sevgidan
Atirguldek ochilsin.
Shamol, kuyla koʻzimda!
Shoirning “Tun haqida qoʻshiq” sheʼri ham poetik tasvirning quyuqligi, tashbehlarining ohorli ekani, oʻzga ijodkorlarni takrorlamasligi bilan alohida ajralib turadi:
Oy tangasin yoʻqotgan koʻkda
Soʻnib borar yulduzlar shami.
Tun qaygʻuli adashgan qizday,
Kelmas unga hech kimning rahmi…
Yoʻqotgandir ranglar libosin,
Dili siyoh soylar titrar jim.
Saf tortgancha daraxtlar sassiz,
Zulmat sari boshlaydi hujum.
Shodmonqul Salom poetik til meʼyorini, uning nazmdagi mavqeini teran his etadigan shoirlardan. “Borligini bilganlar” toʻplamidagi sheʼrlar buning yorqin isbotidir. Sheʼriyat bu fantaziya demakdir. Chinakam shoirning xayolot olami keng boʻladi. U muayyan mavzuga hech kim oʻylamagan rakursda yondasha biladi. Shu bois Shodmonqulning shoirlarning “nasab”i haqidagi mana bu misralari hech kimga malol kelmaydi. Shoir rostdan ham shunday ekaniga odamni ishontiradi:
Shoirlar shamolning avlodlaridir,
Iztirob tufayli yerga bogʻlangan.
Mangu sogʻinchlarning qanotlaridir,
Hech kim kuymas oʻtda alar dogʻlangan.
Bugina emas. Shoirlar: “koʻp xirgoyi boʻlgan esa-da, aytilmagan gʻussa qoʻshigʻining davomi”. Hayrat darchasidan boqqan koʻzlarga muhrni ham ular bosgan. Kipriklarida osmonu zaminni koʻtarib yurguvchilar ham ular. Dunyoni achchiq sevishlari sababi shunda. Eng achinarlisi, ular dunyoda yashayotganlari yoʻq, “Oʻng kelmas tushlarni koʻrayotirlar”. Mana bu badiiy umumlashma esa, shoirlikning yuki naqadar zalvorli ekani haqidadir:
Shoirlar – olamning dilgir yuragi,
Dunyo – koʻhna naprach, turaveradi.
Shamol va shoirlar ruhi tirikdir,
Dunyoning yuragi uraveradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |