Fransua Rable (1494 - 1553) Fransiya Uyg`onish davrining ulkan adibi va Yevropaning buyuk insonparvarlaridan biri. U Shinonda kichik sud amaldori oilasida dunyoga kelgan. Rable fransiskan cherkovining monaxi, keyin ruhoniy darajasini oldi. U tabiiy fanlar, tabobat bilan shug`ullangan va 1528 yilda cherkov hukumatining ruxsati bilan Parijga jo`nab ketadi. Keyinroq esa Lionda katta kasalxonaning vrachi bo`lib ishlaydi hamda shu shaharning o`zida yozganlarini chop ettiradi. Bir qancha vaqt Rable Italiyada yashab, botanika bilan shug`ullanadi. Ma`lumki, faqatgina cherkov va monastirlar o`zlarining mevazor bog`lari hamda seleksiya ishlari bilan mashhur bo`lishgan. Rable o`zigà tanish bo`lmagan meva, sabzavotlarning urug`larini va navlarini yig`ib, Fransiyaga jo`natar edi. 1533-yilda "Pantagryuel"ning birinchi qismi paydo bo`ldi. Aslini olib qaraganda, Rable "Buyuk va bahaybat ulkan odam (velikan) Gargantyua haqidagi bebaho va buyuk xronikalar" deb nomlangan xalq ertagi syujetini qayta ishlagan va undan foydalangan. Badiiy jihatdan zaif "Gargantyua" o`zidà keng folklorni hamda eski ritsarlik romanlarining qahramonlariga yo`naltirilgan o`tkir satirani o`z ichiga olgan. "Pantagryuel'" esa Rable tomonidan o`ylab topilgan bo`lib, shu xalq kitobining davomi, ya`ni, asl nusxaning sodda yasamasi edi. 1534-yili "Pantagryuelning otasi, buyuk Gargantyuaning dahshatli hayoti haqidagi povest'" deb nomlangan kitob bosmadan chiqadi. Lekin bu kitob "Pantagryuel"ni orqaga surib, romanning birinchi kitobi bo`lib oldi. Bu asarda Rable tomonidan ko`tarilgan savollarning eng asosiysi sifatida Gargantyuaning tarbiyasi haqidagi muammoni keltirish mumkin. Qirol Granguz'e avval o`z o`g`lining tarbiyasini sxolastlarga topshiradi. O`rta asrlarda cherkov dogmalarini hech qanday mantiqiy sharhlarsiz, sun`iy ravishda izohlashga asoslangan falsafa va shu yo`nalish murabbiysi. Ammo sxolastika shu davrga kelib quruq yod oldirish usuliga o`tib olgan edi. O`qituvchilar bolaga o`rgatilayotgan narsalarni tutilmasdan, aytilayotgan so`zning mantiqiga yetmay turib, barchasini yod olishga majbur qilishar edi. Buning natijasida bola hech narsani o`rgana olmasdi. Rable kitobxonlarga Gargantyuaning gumanistlar tomonidan o`qitib-o`rgatilishi haqidagi boblarda o`zining ideallarini bayon qiladi. Rablening asosiy pedagogik qarashlari italyan gumanistlari va Erazm Rotterdamskiyning qarashlari bilan to`g`ri keladi. Ular insonning aqliy va jismoniy rivojlanishi o`zaro uyg`unlikda kechishi, ya`ni, aqliy tarbiya albatta, jismoniy tarbiya bilan birgalikda olib borilishi kerakligini ta`kidalydi. Binobarin, Rable ta`lim-tarbiya jarayoni har xil fanlar bilan almashinib turishi, dam olishga ham vaqt ajratilishi kerak, shundagina ta`lim oluvchi ishtiyoq va xursandchilik bilan o`rganadi, degan mantiqqa tayangan. Shunday qilib, romanning syujeti xalq ijodidan olingan bo`lib, oddiy tilda bayon qilingan, uning tomirlari folklorga borib taqaladi. Rablening tili ham asosan, xalqchil, faqatgina muallif uni badiiy va ilmiy elementlarni qo`shib boyitgan. Rablening donishmandligi va yumori unga haqiqatdan ham jahon madaniyati tarixida abadiy romanni qoldirdi. Uning Gargantyua hamda Pantagryuelning bolaligi va tarbiyasi haqidagi kitoblari ko`pgina dunyo tillariga tarjima qilinib, qayta-qayta nashr etildi. Jyul Vern (1828-1905) hali-hamon o`smirlarning eng sevimli yozuvchilaridan biri bo`lib qolmoqda. Uning kitoblari dunyoga kelishi bilanoq, jahon tillariga tarjima qilinib, butun jahon bo`ylab tarqalgan. Zamondoshlari uni butundunyo sayyohi, ustaxonasiz kashfiyotchi, deb atashgan. U fransuz adabiyotida ilmiy fantastik janrning asoschisi. Adibning ijodiy g`oyalari juda ulkan: butun dunyoni, turli iqlimdagi mamlakatlarning tabiatini, turli xalqlarning madaniyati, urf-odati hamda an`analarini tasvirlash edi. Lekin bularning barchasini u geograf sifatida emas, balki, "G`aroyib sayohatlar" (yoki "G`aroyib sarguzashtlar") deb nomlagan ko`p tomli romanlar seriyasini yaratish maqsadini ko`zlardi. Jyul' Vern "G`aroyib sayohatlar" ustida ishlashni 1862 yildan 1905 yilgacha olib bordi va hamma qismlarining nashri qariyb yarim asrga cho`zildi. Uning asarlarida dunyo bo`ylab sayohatlar, chunonchi, Yevropa mamlakatlari, Shimoliy va Janubiy Amerika, Afrika, Osiyo, Avstraliya, Okeaniya, Arktika va Antarktika mamlakatlari tasvirlangan. To`rtta roman "robinzonad" turkumini tashkil etadi; ularning voqealari kimsasiz orollarda kechadi. Boshqa romanlarning voqealari okeanlarda, dengizlarda, hattoki, planetalararo bo`shliqlarda bo`lib o`tadi. "G`aroyib sayohatlar"da muallifning jug`rofik, aniq va texnika fanlariga oid, fantastika va muhandislikka oid bilimlari ajoyib tarzda uyg`unlashib ketadi. Vernning qahramonlari – tadqiqotchilar, muhandislar, quruvchilar; ular uzoq masofalarni bosib o`tishadi, yangi mashinalarning turlarini yaratishadi, suv osti hamda havo kemalari ixtiro qilishadi, vulkanlarni, dengiz va okean tublarini tadqiq qilishadi hamda yangi erlarni kashf qilishadi. Binobarin, muallif jahon adabiyotiga ilmiy-fantastika janrining asoschisi bo`lib, kirib keldi. Shu jumladan, uning romanlari g`aroyib sayoh’atlar hamda sarguzashtlar namunasidir. Uning kitoblarida har bir zukko, aql-idrokli o`spirinni qiziqtirib qo`yadigan barcha narsalar mujassam. Bundan tashqari, uning asarlarida insonning yaratuvchanlik qobiliyati, ijodkorligi va aql-zakovatiga ishonch hissi ufurib turabdi. Yozuvchining o`zi Nante shahridagi advokat oilasida dunyoga kelgan. Oilaviy an`anaga ko`ra, bolakay otasining kasbini me`ros qilib olmoqchi edi. Ammo bola dengiz sayohatlarini, kemalarni orzu qilardi. Lekin otasi Jyul' Vernni parij huquq maktabiga o`qishga jo`natadi. O`ta qiziquvchan yosh yigitchaning ilmga tashnaligi uni Milliy kutubxonaga borib ko`proq kitob o`qishga, ma`ruzalarda, ilmiy munozaralarda ishtirok etishga, geografiya, astronomiya kitoblarini o`qishga hamda yangiliklardan boxabar bo`lishga undaydi. U o`zining yozuvchilik iqtidoriga amin bo`lgan holda komediyalar, dramalar, librettolar yozishga kirishadi va shu bila bir qatorda, Nantga qaytib yuristlik qilish niyati ham yo`q emasdi. U "Havo sharida besh hafta" deb nomlangan debyut asarga qo`l uradi. Ammo bu asar uning barcha taxminlaridan ham ortiqroq natijalar berdi. Bu ilm haqidagi haqiqiy asar bo`lib, unda qiziqarli sarguzashtlar, ilmiy bilimlar va gipotezalarni ommalashtirish bilan uyg`unlashib ketadi. Afrika haqidagi birinchi asarning o`zidayoq Jyul' Vern hali kashf etilmagan Nil manbalarining aniq joylarini bashorat qiladi. Havo shari bilan bog`liq fantastikani ortidan endi "Yer markaziga sayohat" (1864) deb nomlangan geologik, keyin Arktika haqidagi "Kapitan Gatterasning sayohatlari va sarguzashtlari" (1864-1865) hamda "Yerdan Oyga" deb nomlanagan fazoviy asarlar paydo bo`ldi. Fransuz yozuvchisining qahramonlari doim yodda qolarlidir. "Kapitan Grantning bolalari" haqida ham shunday fikrni bildirish mumkin. Uning qahramonlari yuragining tozaligi va maqsadlari sari intilishlari, sotqinlik va ikkiyuzlamachilikni bilmasliklari hamda har doim o`zlarining oldiga qo`ygan maqsadlarini amalga oshishiga ishonishlari bilan ajralib turishadi va ularning niyatlari o`zlariga hamroh bo`lib, yo`llarida uchragan barcha qiyinchilik va to`siqlarni yengib o`tishadi.
Shunga hamohang voqelik tizimi "Mo`jizakor orol", "Yigirma ming le suv ostida" kabi romanlarida davom ettiriladi. Shunday qilib, yuqorida nomlari zikr etilgan romanlar "Kapitan Grantning bolalari" "G`aroyib sayohatlar" bilan birgalikda trilogiyalar seriyasini tashkil etadi. Bu romanlar asosida yosh kitobxonlarning bir nechta avlodlari tarbiyalangan. Endilikda, ilm-fan taraqqiy etib, katta odimlar ila rivojlanayotir. Ammo, Kapitan Nemoning "Nautilus"i yoki jyulverncha aqlga sig`mas mashinalari eskirgan bo`lsa-da, baribir adib qahramonlarining mard-jasurligi avvalgidek, yoshlarni o`ziga tortadi. Fransuz yozuvchisining kitoblari motivi asosida bir qancha mul'tiplikatsion va badiiy fil'mlar olingan, spektakllar qo`yilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |