Bog'liq Banklarda buxgalteriya hisobi [iqtisodchi kutubxonasi]
Materiallar hisobi, ularning kirim qilish va ishlatish tartibi.
Hisobvaraqlar rejasiga bank omboridagi asosiy vositalar “Ombordagi asosiy vositalar” nomli 16561-hisobvaraqda, ombordagi kam baholi va tez eskiruvchi buyumlar esa “Ombordagi kam baholi va tez eskiruvchi buyumlar hamda boshqa qimmatliklar” nomli 19921-hisobvaraqda hisobga olinadi. Ombordagi asosiy vositalar va ombordagi kam baholi va tez eskiruvchi buyumlar omborxonadan yozma talabnomalar bo‘yicha beriladi. Bu talabnomalarni imzolash va ombordan materiallar berishga ruxsat etish huquqi berilgan shaxslar to‘g‘risida buyruq chiqarilishi kerak. Buyruq nusxasi mazkur shaxslar imzolarining namunalari bilan birga ombor mudiriga va buxgalteriyaga, hisobvaraq bo‘yicha hisob yuritadigan xodimga topshiriladi.
Qiymati tegishli hisobvaraqlarga kiritilishi kerak bo‘lgan materiallar uchun yozilgan talabnomalarda bank buyrug‘i bo‘yicha imzolash huquqi berilgan tasarruf etuvchining ruxsat beruvchi imzosi bo‘lishi lozim.
Ombordan materiallar olish uchun yoziladigan talabnoma uch nusxada tuziladi. Ularda ko‘zda tutilgan barcha rekvizitlar, shuningdek, talab qilinayotgan moddiy qimmatliklarning nomenklatura bo‘yicha raqamlari, nomi (navi), soni va maqsadi ko‘rsatiladi.
Talabnomalarning dastlabki ikki nusxasiga materiallar oluvchi ularni olgani haqida tilxat yozadi va bu qog‘ozlarga materiallarni bergan omborchi imzo chekadi.
Berilgan materiallar ombor hisob yuritish qaydnomalarida chiqim qilinganidan keyin omborchi talabnomaning ikkinchi nusxasini xranologik tartibda o‘zidagi chiqim hujjatlari yig‘majildiga tikib qo‘yadi. Birinchi nusxa buxgalteriyaga topshiriladi, uchinchisi esa materiallarni oluvchining qo‘liga beriladi.
Materiallar boshqa filialga jo‘natilayotganda talabnomalar to‘rt nusxada tuziladi. Ularning biri moddiy qimmatlik jo‘natmasiga qistiriladi, ikkita nusxasi buxgalteriyaga beriladi va to‘rtinchi nusxasi ombor mudiriga beriladi. Talabnomalar umumiy summasiga materiallar sarfini hisob hujjatlarida aks ettirish uchun kirim-chiqim orderi tuziladi.
Yoqilg‘i va moylash materiallari haydovchilarga, shuningdek, boshqa xo‘jalik materiallarni muayyan limitlar bo‘yicha muntazam olib turadigan shaxslarga talabnomalarsiz, har bir oyda har bir oluvchi uchun tutiladigan limit kartalari asosida berilishi mumkin. Bu kartalarda berilgan materiallar summasi qayd etiladi. Ana shu limit kartalari asosida har oy oxirida materiallarning qiymati balansdan chiqariladi.