3. To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarning iqtisodiyotni modernizatsiya qilishdagi roli
To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar:
– investorga investitsiya kiritilayotgan ob’ekt ustidan nazorat qilish huquqini beruvchi ishlab chiqarishga sarflangan uzoq muddatli xorijiy qo’yilmalarni;
– pirovard maqsadi foyda ko’rinishida daromad olishga qaratilgan tadbirkorlik kapitalining ustuvor shaklini;
– xususiy kapitalga asoslangan to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni;
– xorijiy investorning investitsiya kiritilayotgan ob’ekt ustidan to’liq egalik qilishini;
– xorijiy investor tomonidan investitsiya kiritilayotgan ob’ekti ustav kapitalining 10 %dan kam bo’lmagan qismi ustidan nazorat o’rnatishini;
– xorijiy investorning investitsiya kiritilayoggan ob’ektlarni boshqarishda samarali qatnashishini;
– mustahkam iqtisodiy munosabatlarni o’rnatish hamda korxona ustidan nazorat xuquqini qo’lga kiritish maqsadida kapital va resurslarning transchegaraviy harakatini qamrab oladi.
To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarning O’zbekistonga kirib kelishi qisqa vaqt ichida mulkchilikning turli shakllarini tashkil topishiga ko’maklashdi, O’zbekiston iqtisodiyotida tarkibiy qayta qurishni, nufuzli tarmoqlarning barpo etilishini ta’minladi. Eng muhimi, O’zbekiston iqtisodiyotining baynalmilallashini va O’zbekistonning xalqaro bozorga o’z mahsulotlarini olib chiqishini va u erda o’z o’rniga ega bo’lishini ta’minladi.
To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarning kirib kelishi respublikamizda xususiylashtirish jarayonlarini tashkil etish bosqichlari bilan bog’liq bo’ldi. Shu bilan bir qatorda, respublikada iqtisodiy islohotlarning huquqiy poydevorini yaratish ham, to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar oqimlari shakllarini belgilab berdi. To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarning oqimlari:
– O’zbekiston iqtisodiyotida qo’shma korxonalarning barpo etilishiga asos soldi;
– xorijiy korxonalar barpo etilishiga zamin yaratdi.
Tadqiqotlar ko’rsatishicha, milliy iqtisodiyotning to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va ulardan samarali foydalanish holati ichki bozor hamda eksportning hajmi, tabiiy va mineral resurslar, malakali ishchi kuchi mavjudligi, bozor islohotlarini amalga oshirish sur’atlari, iqtisodiy barqarorlik omillari bilan bog’likdir.
O’tish iqtisodiyoti mamlakatlarining to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning jozibadorligini belgilovchi omillarni besh guruhga bo’lish mumkin:
– bozor omillari (ichki bozor va eksport imkoniyatlari);
– boy tabiiy resurslarning mavjudligi;
– ishlab chiqarish xarajatlari omillari;
– investitsiya muhiti;
– mamlakatning iqtisodiy rivojlanish strategiyasi.
Iqtisodiy islohotlarning hozirgi bosqichida xorijiy investitsiyalar, ayniqsa, to’g’ridan-to’g’ri xususiy xorijiy investitsiyalar uchun qator imtiyozlar berildi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 11 apreldagi «To’g’ridan-to’g’ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etishni rag’batlantirish borasidagi qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida»gi Farmoni12ga ko’ra, 2005 yilning 1 iyulidan boshlab to’g’ridan-to’g’ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etadigan iqtisodiyot tarmoqlari korxonalari asosiy faoliyat bo’yicha daromad (foyda) solig’i, mulk solig’i, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va hududlarni obodonlashtirish solig’i, ekologiya solig’i, mikrofirma va kichik korxonalar uchun belgilangan yagona soliq to’lashdan, shuningdek, Respublika yo’l jamg’armasiga majburiy ajratmalar to’lashdan ozod etildi. Farmonda belgilanganidek, to’g’ridan-to’g’ri xususiy xorijiy investitsiyalar hajmi quyidagicha bo’lganda mazkur soliq imtiyozlari beriladi:
– 300 ming AQSh dollaridan 3 million AQSh dollarigacha – 3 yil muddatga;
– 3 million AQSh dollaridan 10 million AQSh dollarigacha – 5 yil muddatga;
– 10 million AQSh dollaridan ortiq bo’lganda – 7 yil muddatga.
Ushbu soliq imtiyozlari quyidagi shartlar asosida qo’llanilishi belgilab qo’yilgan; 1) mazkur korxonalarni ortiqcha ishchi kuchi bo’lgan mintaqalar –Qoraqalpog’iston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyatlarda, shuningdek, Navoiy, Andijon, Namangan va Farg’ona viloyatlarining qishloq aholi punktlarida joylashtirish; 2) korxonaning ustav kapitalida xorijiy ishtirokchilarning ulushi kamida 50 foizni tashkil etishi lozim; 3) ushbu korxonalar davlat ro’yxatidan o’tkazilgandan keyin to’g’ridan-to’g’ri xususiy xorijiy investitsiyalarni kiritish; 4) xorijiy investitsiyalarni erkin almashtiriladigan valyuta yoki yangi zamonaviy texnologik uskuna tarzida qo’yish; 5) mazkur imtiyozlarni qo’llanilishi muddati davomida imtiyozlardan olingan daromadni korxonani yanada rivojlantirish maqsadida qayta investitsiyalashga yo’naltirish.
To’g’ridan-to’g’ri investitsiyalar tarkibiga:
– ishlab chiqarish (asosiy va aylanma) fondlari, ularni kengaytirish, qayta qurish va qayta qurollantirishga qo’yiladigan iqtisodiy resurslar;
– ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma xarajatlari (bino va inshootlar, uy-joylar);
– pul qiymatiga ega bo’lgan nomoddiy aktivlar (qimmatli qog’ozlar, patentlar, texnik va texnologik yangiliklar, loyihalar va boshqa intellektual mulk ob’ektlari)ni kiritadi.
To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarning investitsiya faolligi va kuchli raqobat muhiti yaratilishiga ta’siri quyidagilarda namoyon bo’ladi:
– integratsiyalashuvni ta’minlangan holda raqobat muhitini ta’minlaydi, raqobatga undaydi;
– xorij boshqaruv tajribasini qo’llashga undaydi;
– iqtisodiyot sub’ektlaridan investitsiya faolligini talab etadi;
– yangi uskuna, jihoz, zamonaviy texnika, texnologiyani qo’llashga chorlaydi;
– yangi texnika-texnologiya asosida yangi mahsulot ishlab chiqarishni, yangi bozorlarni egallashni nazarda tutadi;
– investitsiya muhitini takomillashtirib borishni talab etadi;
– ishlab chiqarishning modernizatsiya qilinishini ta’minlaydi;
– o’z manfaatlari ustunligini nazarda tutadi;
– ishonch qozonish uchun kuchli rag’batlantirish, imtiyozlar, kafolatlar tizimini talab qiladi;
– xorijdan turli aktivlar kirib kelishi asosida qabul qiluvchi mamlakatda iqtisodiyotni yuksaltiradi, soliq, boj, ijara va boshqa tushumlarning ko’payishini ta’minlaydi.
Asosiy adabiyotlar
1.Vaxobov A.V., Xojibakiev Sh.X., Mo’minov N.G. “Xorijiy investitsiyalar”. O’quv qo’llanma.- T.: Moliya, 2010.-328 b.
2.Вахабов А.В., Разыкова Г.Х., Хажибакиев Ш.Х. Иностранные инвестиции и модернизация национальной экономики. Монография. Т.: Молия, 2011.-300 с.
3.Bekmurodov A.Sh., Karrieva Ya.K., Ne’matov I.U., Nabiev D.H., Kattaev N.T. Xorijiy investitsiyalar. O’quv qo’llanma. –T.:Iqtisodiyot, 2010.-166 b.
4.Mamatov B., Xujamkulov D., Nurbekov O. Investitsiyalarni tashkil etish va moliyalashtirish. Darslik. – T.: Iqtisod-Moliya, 2014. – 608 b.
5.Kayumov R.I., Xojimatov R.X. Investitsiyalarni tashkil etish va moliyalashtirish: Darslik. - T.: TDIU, 2010. - 496 b.
6.Karlibaeva R. Investitsiyalarni tashkil etish va moliyalashtirish: O’quv qo’llanma. - T.: Cho’lpon, 2011.-124 b.
7.Raimjonova M.A. O’zbekistonda erkin iqtisodiy hududlarga investitsiyalarni jalb qilish: nazariy asoslari, hozirgi holati va istiqbollari. T.: “Extremum-press”, 2013.-176 b.
8.Toshov O. Investitsion faoliyatni moliyalashtirishni takomillashtirish. T.: “Akademnashr”, 2012.-165 b.
9.Хазанович Э.С. Иностранные инвестиции: Учебное пособие/ Э.С.Хазанович.2-е изд., стер.-М.:КНОРУС, 2011.-312с.
10Xashimov A.A., Madjidov Sh.A., Muminova N.M. Investitsiyalarni tashkil etish va moliyalashtirish. Darslik. - T.: Sharq matbaa nashriyot uyi, 2014.-208 b.
11.Шевчук Д.А. Организация и финансирование инвестиций. -Ростов на Дону.: Феникс, 2006.-272 с.
12.Сергеев И.В., Веретенникова И.И. Организация и финансирование инвестиций. Учебное пособие. – М.: Финансы и статистика, 2001. – 272 с.
Do'stlaringiz bilan baham: |