16 noyabr – Xalqaro bag'rikenglik kuni
Xalqaro YUNESKO tashkiloti dunyoda tinchlik, dinlar va konfessiyalararo muloqotni o'rnatish, millatlar va ellatlar o'rtasida hamkorlikni rivojlantirish borasida bir qator ishlar amalga oshiririb, hozirda bag'rikenglikka oid 70 dan ziyod xalqaro hujjatlar qabul qilingan. Ularning yorqin namunasi 1995 yil 16 noyabrda Parijda YUNESKO Bosh konferentsiyasining 28-sessiyasida e'lon qilingan “Bag'rikenglik tamoyillari deklaratsiyasi”dir. Hozirda ushbu kun butun dunyoda “Halqaro bag'rikenglik kuni” sifatida keng nishonlanadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda tinchlik, osoyishtalik beg'ubor osmon, munavvar kunlarimizning qard qimmati, ahamiyati har qachongidan ham ortib ketdi. Bunday tinch osuda hayotning qadriga yetaylik. Ana shu tinchlik, osoyishlatik omili bo'lgan diniy bag'rikenglik tamoyillarini yanada mustahkamlash va rivojlantirishga diyorimizda alohida e'tibor qaratib kelinmoqda. Yurtimizda xilma–xil diniy e'tiqodga ega bo'lgan kishilarning bir zaminda buyuk g'oya va sof niyatlar yo'lida xamkor va hamjixat bo'lib yashashligi bag'rikenglikning yorqin namunasidir.
Mustaqil o'lkamiz – O'zbekistonda 130 dan ortiq millat vakillari bo'lib, ular 16 ta turli konfessiyaga e'tiqod qilib kelmoqdalar. Bugungi kunda ular tinch-omon, ahil-inoq yashab kelmoqdalar. Islomda bag'rikenglik masalasi o'zining ilk davridayoq namoyon bo'ldi. Jahon dinlarining ichida faqat Islomda e'tiqod erkinligi ochiq-oydin e'lon qilingan. Bu borada Qur'oni karimning Baqra surasini 256 oyatida shunday marhamat qilingan: «Dinda majburlashlik yo'q....».
Darhaqiqat, Konstitutsiyamizda ham biron fuqaroni biron dinga majburlab kiritish taqiqlangan, har bir inson haq-huquqi, erkinligi va kafolatlangani xususida shunday deyilgan: «Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan diniga e'tiqod qilish yoki hech qanday dinga e'tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo'l qo'yilmaydi». Diniy bag'rikenglik tamoyili Konstitutsiyamizning barcha moddalarida o'z aksini topgan desak xato bo'lmaydi.
O'zbekiston hududida yashovchi har bir fuqaroning manfaatlari, haq-huquq va burchlari qonunimiz doirasida aniqlanib, belgilab qo'yilgan. Diniy bag'rikenglik turli din vakillari e'tiqodidagi mavjud aqidaviy farqlardan qat'i nazar ularning yonma-yon, o'zaro tinch-totuv yashashini anglatadi. Har kim o'z e'tiqodiga amal qilishda erkin bo'lgani holda bu huquqqa boshqalar ham ega ekanligini e'tirof etmog'i lozim. Bag'rikenglik bilan o'zgalarning uzrini qabul qilish, og'irlikni o'ziga olib, boshqalarga yengillik baxsh etish muqaddas dinimizning ta'limotlaridan biridir. Muruvvat, diniy bag'rikenglik Islomning tamal toshi, e'tiqod va dinlar tarixidagi bir yangilik bo'ldi. Islom ilk davrdanoq sobiq dinlarga hech qanday tazyiq o'tkazmadi.
Birinchi kunlardanoq diniy bag'rikenglikning olamshumul shiorlarini o'rtaga tashladi.O'lkamizda qadimda Islom dinini bag'rikenglik tamoiliga asos solgan ota-bobolarimiz faoliyatlari kabi hozirda ham masjidlar faoliyat ko'rsatayotgani kabi nasroniylar cherkovi, yahudiylar ibodatxonalari va boshqa din vakillari butxonalari ish olib bormoqda. Albatta, bu dinimizning bag'rikengligidan dalolat qiladi.
Alloh bizni g'ayridinlarga yaxshilik va adolat qilishdan qaytarmaganligi «Mumtahana» surasining 8-oyatida o'z aksini topgan: «Din to'g'risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o'z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo'lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas...».
Totuvlik va diniy bag'rikenglik Islomning tamal toshi, e'tiqod va dinlar tarixidagi bir omildir.
Islom ilk davridanoq avvalgi dinlarga hech qanday tazyiq o'tkazmadi. Islom birinchi kunlardanoq diniy bag'rikenglikning olamshumul shiorlarini o'rtaga tashladi: «barcha samoviy dinlar bir manba, bir buloqdan suv ichadi, hamma payg'ambarlar birodardirlar, risolatda ular o'rtasida hech qanday afzallik yo'q, e'tiqodga, dinga majburlash mumkin emas, ilohiy diyonatlarning barcha ibodatxonalari himoya va mudofaa qilinishi kerak, dinlardagi ixtiloflar qotillik va adovatlarga sabab bo'lmasligi, yaxshilik, silai rahmdan to'smasligi lozim» va hokazolar.
Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom bu borada Islom ummatigagina emas, butun insoniyatga haqiqiy ibrat-namuna edilar. Bag'rikenglik, kechirimlilik bobida u zotga teng keladigani topilmaydi. Olamlar sarvari qasos va o'ch olish imkoniyati bo'laturib o'zlariga zulm va yovuzliklar ko'rsatganlarni kechira olgan zot edilar.
Payg'ambarimiz (s.a.v.)ning hadislaridan birida g'ayridin bo'lgan qo'shniga ham insoniylik yuzasidan yaxshi va chiroyli muomalada bo'lishga buyurganlar. Bu o'rinda sahobai kirom va tobeinlar hammamizga o'rnak va namuna ko'rsatishgan. Umar ibn Xattob (r.a.) g'ayridinlarga xayrixohligi, mehr-muruvvati va adolatparvarligi bilan Islom dunyosidan tashqarida ham ma'lum va mashhur edi. Hazrat Umar (r.a.)ning Quddus va Ludda nasroniylari bilan imzolagan xavfsizlik shartnomasiga muvofiq shahardagi cherkovlar buzib tashlanmasligi, musulmonlar nasroniylarning ibodatxonalarini egallab olmasligi va ularda ibodat qilmasligi kafolatlangan.
Tarixdan ma'lumki, O'zbekiston hududi qadimdan diniy bag'rikenglik borasida dunyoga namuna bo'lib kelgan. Shuningdek, yurtimizdan yetishib chiqqan Burhoniddin Marg'iloniy, Abu Lays Samarqandiy, Alouddin Kosoniy kabi ulamolar tomonidan ta'lif etilgan asarlarda o'zga din vakillariga nisbatan bag'rikeng bo'lish masalasiga alohida ahamiyat qaratilgan.
Bugungi kunda O'zbekiston Respublikasida 16 diniy konfessiyaga mansub 2 239 diniy tashkilot faoliyat olib bormoqda. Ulardan 2065 tasi islomiy, 157 tasi xristian, 8 tasi yahudiy, 6 tasi bahoiy jamoalari, bittadan Krishnani anglash jamiyati va Budda ibodatxonasidir. Bulardan tashqari konfessiyalararo Bibliya jamiyati ham faoliyat yuritmoqda. Ushbu diniy tashkilotlarning emin-erkin faoliyat olib borayotgani, barcha diniy marosimlarini, bayramlarini hech qanday to'siqlarsiz to'laligicha o'tkazayotganligi ham yurtimizda hukm surayotgan diniy bag'rikenglikning amaliy ifodasidir.
Afsuski, bugungi kunda biz jahonning turli nuqtalarida, ayniqsa Yaqin Sharq mamlakatlarida diniy, milliy va boshqa ijtimoiy-siyosiy omillar negizida yuzaga kelgan qurolli to'qnashuvlar oqibatida yuzlab odamlarning qurbon bo'layotgani, minglab kishilarning o'z boshpanalaridan ayrilib, tug'ilib o'sgan yurtlarini tashlab ketishga majbur bo'layotgani kabi ayanchli jarayonlarning guvohi bo'lmoqdamiz.
Ming afsuslar bo'lsinki, ba'zi bir yoshlar din niqobi ostida bilib-bilmay mana shunday urush o'choqlarida o'zga din vakillarini turli qiynoqlar bilan azoblab, hatto ularni vahshiyonalik bilan o'ldirmoqdalar. Zero, Payg'ambarimiz alayhi salom o'z hadislarida;
“Kim ahli zimmaga biror zahmat yetkazsa, qiyomat kuni Meni o'zining dushmani sifatida ko'radi”. (Ahmad ibn Hanbal, «Musnad»).
Buyuk ajdodlarimizning boy madaniyat va ma'rifat buloqlaridan bahramand bo'lgan xalqimiz nafaqat millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglik balki dinu-diyonat, iymonu-e'tiqod, odobu-axloq, mehru-muruvvat, oila, farzand tarbiyasi, ota-ona hurmati va izzati borasida ham o'ziga xos keng fe'llik, sahovat va mo''tadillik tamoyillariga amal qilib kelmoqda. Mamlakatimiz tarixan ko'pmillatli o'lka bo'lganligi tufayli bu zaminda turli-tuman din vakillarining emin-erkin yashashlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Yurtimizdagi boshqa tashkilotlar qatori diniy jamoalar ham jamiyat taraqqiyotida tobora faol ishtirok etib, xalqimizning ma'naviyati va qadriyatini tiklash, o'zligimizni anglash, eng asosiysi, mustaqilligimizning mustahkam va boqiy bo'lishiga hissalarini qo'shmoqdalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |