Insho
Biz yangi O’zbekiston farzandlarimiz
Reja:
1.Vatan-muqaddas maskan.
2.O’zbekiston kelajagi-yoshlar qo’lida.
3.Yangi O’zbekistonda erkin va farovon yashaylik.
Vatanni sevmoq iymondandir.
(Hadis)
Vatan. Naqadar yurakka yaqin, qadrdon so`z. Bu so`z aytilganda qulog`im ostida ajib va sehrli musiqadek jaranglaydi. Ha, Vatan bu dunyodagi so`zlarning eng ohangdori, qo`shiqlarning eng yoqimlisidir. Men Vatanni erta tongda shabnamlardan marjon taqqan maysaning nafasida, sayroqi qushlarning chug`ur-chug`urida ko`raman. Dunyoda qimirlagan tirik jon borki, vatansiz emas. Hatto erta tongdanoq dunyo kezguvchi qushlar ham kun bo‘yi osmon uzra parvoz etsa-da, har kech o‘z oshyoniga sog‘inib qaytadi. Yaratilganlar ichida eng mukammali bo‘lmish inson esa bu tuyg‘usiz bir lahza ham yashay olmaydi. Bu shunday tuyg‘uki, dilimizda jonday yashirin, tilimizda jaranglashi boldan-da shirin. Vatanga muhabbat inson bolasi tug‘ilishi bilan paydo bo‘ladi. Onajonimizning mehrli nigohi, issiq quchog‘i, muhabbati bulog‘idan qaynab chiqqan allasi bular Vatan haqidagi ilk tuyg‘ularimizdir.
Inson yaratganning hukmi bilan qaysi makonda tug’ilsa, voyaga yetsa, unga o’sha joy Vatan bo’ladi. Vatanda insonning avlod-ajdodlari, davlati va xalqi bilan bog’liq an’ana va o’lmas qadriyatlar shakllanadi. Chunki insonning eng pokiza va muqaddas tuyg’ulari o’zi tug’ilgan, voyaga yetgan zamin – Vatani bag’rida uyg’onadi. “Siz bilan bizga Alloh O’zbekiston deb atalgan, tuprog’ida oltin gullaydigan, qishlarida bahor shivirlaydigan, tog’ desa tog’i bor, bog’ desa bog’i bor, har tongda bulbullar madhini o’qib tamom qilolomaydigan bir yurtni Vatan qilib bergan ekan, buning uchun o’zimizni baxtli deb bilmog’imiz kerak”,- deb ta’kidlagan edilar O’zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov.
Vatan deganda biz faqat yurtimiz tuprog‘ini emas, balki uning zaminida bo‘y ko‘rsatgan giyohdan tortib daryo-yu soylari va tog‘-u toshlarigacha, kamtar, mehnatkash, fidoyi, mard odamlaridan to eng mitti jonivorlarigacha — o‘zimiz tug‘ilib, unib-o‘sgan makon bilan bog‘liq narsalarning barchasini tushunamiz. Vatan tuprog‘idagi oddiy xas ham chag‘ir tosh ham bizga muqaddas bo‘lib tuyuladi. Shuning uchun ajdodlarimiz yurt tuprog‘ini ko‘zlariga to‘tiyo etgan, qayga borsa ham Vatan yodi bilan nafas olgan, uni yov nazarlardan, shum niyatlardan himoya qilgan.
Vatan o‘z farzandlarini bag‘rida asrab-avaylab voyaga yetkazadi, eng og‘ir kunlarda ularga madad bo‘ladi. Farzandlar ham ulg‘ayib, kamolga yetgach, Vatan oldidagi qarzini uzishi, unga sidqidildan xizmat qilishi shart. Vatan ona kabi aziz va muqaddasdir. Ota-ona oldidagi qarzni uzib, ado qilib bo‘lmaganidek, Vatan oldidagi farzandlik burchini o‘tash uchun ham bir inson umri kamlik qiladi. Shuning uchun haqiqiy vatanparvar insonlar el-yurt uchun kerak bo‘lganda aziz jonini ham ayamaydi.
Vatanni sevish, uning bag‘ridagi ne’matlarni qadrlash, tinchlikni saqlash ,yurt kelajagi uchun qayg’urish yoshlarning zimmasida. Bizning yurtimiz ulug’ ajdodlarimiz At-Termiziy, Xorazmiy, Yassaviy, Ahmad Farg’oniy, Abu Rayhon Beruniy, Muhammad Zamaxshariy, Abu Ali Ibn Sino, Mirzo Bobur, Ulug’bek, Alisher Navoiy kabi vatanparvar siymolari bilan ham mashhur.Biz yoshlar bunday ajdodlarimizdan yurtga fidoyilik, yurt kelajagiga qayg’urish borasida o’rnak olib, ular qoldirgan boy ma’naviy meroslarini o’rganishimiz lozim.
“Har qanday millatning ravnaqi, umumbashariyat tarixida tutgan o’rni, obro’ va shuhrati bеvosita o’z farzandlarining aqliy va jismoniy yеtukligiga bog’liqdir”,- dеydi Prеzidеntimiz.
Bugungi kunda mamlakatimiz, xalqimiz hayotida har kuni yangidan yangi o’zgarishlar, yangilanishlar ro’y bermoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan barcha hududlarda Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilmoqda.Bu yoshlarning bilim va salohiyatini aniqlash, ularni to’g’ri rivojlantirish bilan birga yoshlar orasida katta intilish to’lqinini hosil qildi.Barcha sohalarda katta maqsadlar qo’ygan O’zbekistonda ta’lim sifatiga, yoshlar kelajagiga, bilimli kadrlarni tariyalashga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda.
Har soniyada har kun yuragi “Vatan” deya urguvchi fidoyi insonlar!Jonajon O’zbekistonimizning ertangi kuni , farovon hayoti va porloq kelajagi uchun men, siz barchamiz birdek daxldormiz! Bu daxldorlik hissini yurakdan his qilib, Vatan oldidagi faol fuqarolik burchimizni teran anglagan holda yangi O’zbekistonda erkin va farovon yashaylik.
Vatan! Sening noming farzandlaring she’rlarida baland ovozda, o`tli satrlarda kuylanaveradi. Zero yurak navolarining eng go`zal ohangi o`zingsan, Vatan! Shoirlar qo`liga qalam tutqazgan, she’rlariga ilhom bag`ishlagan ham o`zingsan, Vatan! Men ham sening buyuk kelajak ila jahonga yuz tutayotgan jamolingga qarab:
“O`zbekiston, otajonim,
Chiroq bo`lay yo`lingga.
Mehnat bilan qadoq qo`ling,
Quvvat bo`lay belingga”, – degim keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |