Vim Kofino, Niderlandiyaning Vaginengen universiteti Suv va iqlim o‘zgarishi markazi direktori:
– Orol muammosiga bag‘ishlangan yirik anjumanning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan o‘tkazilgani inqirozga yuz tutgan dengizni asrab qolishga nihoyatda katta e’tibor qaratilayotganidan dalolatdir. Orol fojiasi bugun dunyoning qariyb barcha mamlakatlari uchun dolzarb muammoga aylangan. Bugun har birimiz ushbu muammoni bartaraf etish yo‘lida hamjihat bo‘lib, birgalikda harakat qilmog‘imiz lozim.
Mamlakatingizning go‘zalligi meni doim hayratga soladi. O‘zbekistonda o‘zimni doimo xotirjam va baxtiyor his etaman. Mamlakatingizga har kelganimda barcha sohalarda yuz berayotgan ulkan o‘zgarishlarni ko‘rib quvonaman. Har tomonlama yuqori saviyada tashkil etilgan ushbu anjumanda ishtirok etish imkoniga ega bo‘lganimdan mamnunman.
Oleg Vasilyev, Rossiya fanlar akademiyasi akademigi:
– Bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiya Orol mintaqasi kelajagi uchun nihoyatda katta ahamiyatga egadir. Bu yerda yuzaga kelgan vaziyatni bartaraf etish, birinchi navbatda, suvdan foydalanish muammosini hal etishga bog‘liq va bu katta miqdorda mablag‘ sarflashni talab etadi. Konferensiyada buning uchun nafaqat olimlar va mutaxassislar, balki dunyodagi xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, ishbilarmon doiralar sa’y-harakatini birlashtirish zarurligi bir necha bor ta’kidlandi.
Mening kasbim muhandis-gidrotexnik va Orol muammosi bilan bir yildan buyon shug‘ullanaman. Ahvolni tubdan o‘zgartirish uchun muammoning barcha jihatlari, birinchi galda, Orol dengizi havzasi suvidan foydalanishning gidrotexnik tartibi, mintaqa atrof-muhitining jismoniy va ekologik ahvoli o‘zgarishi bilan bog‘liq jihatlarni hisobga oladigan yangi, nostandart yondashuvlar, kompleks sa’y-harakatlarni amalga oshirish zarur.
Men o‘zbekistonlik hamkasblarim bilan birgalikda Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv xo‘jaligi komissiyasi Ilmiy-axborot markazi tadqiqotlarida, jumladan, ushbu o‘ziga xos suv havzasini ekologik qayta tiklash bo‘yicha loyihani ishlab chiqishda ishtirok etdim. Menimcha, ayni paytda Orolning g‘arbiy, chuqur suv osti qismini qayta tiklash muhimdir. Loyihaning amalga oshirilishi yaqin vaqt ichida bu yerda suvning sho‘rlanishini kamaytirish imkonini beradi. Demak, baliqchilikni, shuningdek, yon-atrofdagi yerlar holatini yaxshilash hisobidan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Shubhasiz, bularning barchasi bu yerda yashovchi aholi turmush darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Toshkentda tashkil etilgan Orol muammosi bo‘yicha konferensiya nihoyatda samarali va foydali bo‘ldi. Konferensiya tufayli biz, turli mamlakatlardan tashrif buyurgan olimlar va mutaxassislar bugungi kunda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni muhokama etish bilan birga kelgusidagi ishlar yo‘nalishlarini ham belgilab oldik. O‘zbekiston tomonidan tayyorlangan loyihalar ro‘yxati bu boradagi ishlarni ro‘yobga chiqarishda katta yordam bo‘ldi. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi esa, Orol inqirozi oqibatlarini yengillashtirish imkonini beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |