Asarlari
Nasafiy bir necha yillik ilmiy safarlar va ulamolar suhbatidan hosil bo‘lgan bilim va tajribalariga asoslangan holda bir qator fan sohalarida asarlar yozdi. Manbalarda alloma o‘zidan yuzdan ortiq ilmiy asar qoldirgani haqidagi maʼlumot mavjud. Ularni tafsir, hadis, kalom, fiqh va sheʼriyat kabi shartli besh guruhga bo‘lish mumkin.
Tafsir ilmi bo‘yicha olim „at-Taysir fi (ilm) at-tafsir“ („Tafsir ilmiga oid osonlashtirilgan kitob“) asarini yozgan. U to‘rt jilddan iborat bo‘lib, unda Qur’on oyatlarining sharhi o‘ziga xos tartibda berilgan.
Hadis ilmida olim muayyan mavqeni egallagan. Unga „al-Hofiz“ nomining nisbat berilishi fikrimiz dalilidir. Hofiz darajasiga erishgan muhaddislar kamida 20 ming, baʼzi kitoblarga ko‘ra 50 ming yoki 100 ming va undan ortiq hadislarni matn va isnodlari bilan to‘liq yod bilganlar.
Allomaning hadis ilmida peshqadam bo‘lganini uning bu sohada yozgan asarlari ham tasdiqlaydi. Masalan, Nasafiy Imom Buxoriyning „al-Jomi as-sahih“ asarini sharhlab, o‘zining „an-Najoh fi sharh axbor kitob as-sihoh“ („Sahih kitobidagi xabarlarni sharhlash bo‘yicha erishilgan yutuqlar“) nomli kitobini yozdi.
Hozirgi kunda Nasafiyning O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan „Matla an-nujum va-majma al-ulum“ („Yulduzlarning chiqish joyi va ilmlarning tutashgan yeri“) nomli katta hajmdagi qomusiy nodir qo‘lyozma asarining bir qismi ham hadis ilmi hamda vaʼz-nasihatlarga bag‘ishlangan.
Bundan tashqari, olim hadis ilmining turli janrlariga bag‘ishlangan „Tatvil al-asfor li-tahsil al-axbor“ („Xabarlar talabidagi uzoq safarlar“) asarining ham muallifidir.
Kalom ilmida Nasafiy Imom Moturidiy anʼanalarini davom ettirdi. Masalan, Abu Ali al-Hasan ibn Abdulmalik al-Moturidiy, sahoba Abu Ayyub Xolid al-Ansoriy avlodi bo‘lmish Abul Hasan Ali ibn al-Hasan al-Moturidiy kabi olimlar Nasafiyning ustozlari edilar. Nasafiy o‘zining bilvosita ustozi Imom Moturidiy taʼlimotini ixcham va qisqa shaklga keltirib, moturidiylik taʼlimotini keng yoyishga xizmat qildi. U yaratgan „Aqoid an-Nasafiy“ asari islom olamida keng tarqalgan bo‘lib, unga ko‘plab sharh va hoshiyalar yozilgan. Olim kalomga oid birgina shu asarni yozgan bo‘lsa-da, uning ilohiyotchi sifatida shuhrat qozonishiga sabab uning juda qisqa holda islom aqidasini nazariy asoslab berganidir.
Fiqh ilmi bo‘yicha Nasafiy o‘zidan so‘ng hanafiy fiqhiga oid boy ilmiy meros qoldirdi. Manbalarda uning bu sohada yaratgan sakkizta asarining nomi keltiriladi. Ulardan „Kitob ad-doir fi-l-fiqh“ („Fiqhga doir kitob“), „Mashori ash-shori“ („Qonunchining qonunlari“), „al-Hasoil fi-l-furu“ („Furu bo‘yicha erishilgan yutuqlar“) yoki „al-Hasoil fi-l-masoil“ („Masalalar bo‘yicha erishilgan yutuqlar“)ning nomlarigina bizga maʼlum xolos. Uning „al-Manzuma an-nasafiya fi-l-xilofiyot“ („Nasafiyning xilof ilmiga oid nazmiy kitobi“), „Tilbat at-talaba“ („Tolib istagan kitob“), „Sharh al-usul li-l-Karxiy“ ("al-Karxiyning „usul“iga sharh"), „Fatovo shayx al-islom as-Sug‘diy“ („Shayxu-l-islom as-Sug‘diy fatvolari“) asarlari bizgacha yetib kelgan.
Sheʼriyat sohasida ham olim samarali ijod etib, yozgan asarlarining ko‘p qismini nazmga solgan. Jumladan, „Kitob al-qand“da keltirgan hadislaridan aksarini o‘z tili bilan sheʼriy uslubda ham sharhlab o‘tadi. Yuqorida nomi zikr etilgan fiqhga oid „Al-Manzuma an-nasafiya fi-l-xilofiyot“ asari esa to‘lig‘icha nazmiy usulda yozilgan.
Nasafiy o‘zi asar yozish bilan birga boshqa olimlarning kitoblaridan ham dars bergan. Masalan, 1137 yilda Samarqanddagi „Ku-yi Muqotil“, „Ku-yi namdon-giron“ nomli masjidla¬rda va o‘z masjidida (masjid Abi Hafs Nasafiy) hamda „Tabg‘och-xon“ madrasasida hadis ilmi toliblariga quyidagi asarlarni imlo qildi:
„Kitob at-tavorix va-l-ansob“ („Tarix va nasablar kitobi“);
„Tasmiyat ashob al-mukarrama alo tartib al-huruf al-mu’jama“ („Muhtaram yaqinlar ismlarining alifbo tartibidagi qomusi“);
„Tarix al-xulafo al-qoimin baʼda-l-xulafo ar-roshidin“ („Xulafoi roshidindan keyin hukm surgan xalifalar tarixi“);
„Nasab mashohir aimmat ad-din va tavorixuhum“ („Din imomlaridan mashhurlarining nasab va tarixlari“);
„as-Sab’iyot as-sam’iyot“ („Tinglangan yettiliklar“; bu kitob o‘z ichiga 360 ta hadis matnini jam qilgan);
„Kitob al-xutab al-jiyod li-l-juma va-l-aʼyod“ („Jum’a va iyd uchun sara xutbalar“).
Nasafiyning baʼzi asarlari shuhrat qozonganini, ularga ko‘plab sharhlar bitilganidan ham bilish mumkin. Olim asarlaridan bizgacha yetib kelganlarining soni o‘ndan oshadi. Bu asarlar kelajakda Nasafiyning serqirra ijodining turli yo‘nalishlarini mufassal o‘rganishga yetarli asos bo‘lib xizmat qila oladi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, Nasafiy o‘z davrining taniqli olimi bo‘lib, turli ilm sohalarida faoliyat yuritdi. U qoldirgan boy maʼnaviy meros asrlar osha Oʻrta Osiyo xalqlari maʼnaviyatini ko‘tarishga xizmat qildi. Ayni kunda ham bu xazina o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmadi, balki xalqlar, xususan, yoshlar orasida ilm-maʼrifat nurlarini sochib, tarix zarvaraqlarini yoritmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |