Reja:
-
So‘z birikmasi
-
So‘z birikmasining qo‘shma so‘z va iboradan farqi
-
So‘z birikmasi va gap
So‘zlarning tobelanishi asosida bog‘lanishi so‘z birikmalarini hosil qiladi va so‘z birikmasi ikki va undan ortiq so‘zdan iborat bo‘lishiga qaramay, bitta tushunchani ifodalaydi: opamning kitobi, qizil gul.
So‘zlarning teng bog ‘lanishi asosida so‘z qo‘shilmalari hosil bo‘ladi. So‘z qo‘shilmasida har bir so‘z ma’no mustaqilligini, alohida-alohida narsalarni nomlab kelish xususiyatini saqlab qoladi: kitob va daftar, siz bilan biz kabi.
So‘z birikmalari ham so‘zlar kabi narsa, belgi, harakatni atashga xizmat qiladi. Lekin so‘z- leksik hodisa, so‘z birikmasi-grammatik hodisa. So‘z birikmasi narsa, belgi yoki harakatni yakka holda emas, balki ikki va undan ortiq so‘zlarning o‘zaro aloqaga kirishuvi orqali ifodalaydi.Masalan, kitob so‘zi bir narsaning umumlashgan oti bo‘lib, yolg‘iz tushunchani ifodalaydi, o‘rtog‘imning kitobi birikmasida esa faqat kitob ma’nosining o‘zi emas, balki o‘rtog‘imga tegishli kitob tushunchasi ifodalanadi. So‘z birikmalarida ma’no, tushuncha ancha aniq va ravshan bo‘ladi. Masalan: nor-erkak tuya, g‘o‘nan-ikki yashar ot, ezma-sergap odam.Shuning uchun lug‘atlarda so‘zning ma’nosini ochib berishda so‘z birikmalaridan foydalaniladi.
So‘z birikmasi va ibora. So‘z birikmasida so‘zlar o‘zaro erkin bog‘langan bo‘ladi: tushuncha anglatadi, turg‘un bog‘lanma(ibora)larda esa so‘zlar ma’noviy butunlik uchun birlashgan –yaxlitlangan bo‘ladi va bir leksik ma’no anglatadi. Turg‘un bog‘lanmaga bir so‘z sifatida qaraladi, lug‘atlarda so‘zlar qatorida beriladi, chunki ular ham so‘zlar kabi ma’no ifodalaydi. Masalan, ko‘zini yog‘ bosgan iborasi - mag‘rurlangan, yog‘ tushsa yalagudek iborasi - toza, to‘nini teskari kiyib olmoq iborasi – qaysarlik qilmoq ma’nosini beradi, ammo bu ma’nolarini oddiy emas, obrazli terzda ifodalaydi.
So‘z birikmalaridagi so‘zlarni erkin bog‘langani uchun almashtirish mumkin,iboralardagi so‘zlarni almashtirib bo‘lmaydi, ular bir ma’no ifodalash qonuniyati asosida turg‘unlashgan, yaxlitlangan bo‘ladi: bo‘yniga qo‘ymoq(iqror qilmoq), ko‘nglidan o‘tkazmoq(o‘ylamoq), o‘pkasi yo‘q(hovliqma) kabi.
So‘z birikmasi va ibora gapda o‘xshash shaklda o‘xshashi mumkin, lekin biri tushuncha, biri leksik ma’no ifodalaydi. Masalan: Hozirgina qizcha ushlab olgan tog‘ kapalagi uchib ketdi (so‘z birikmasi). Uning ahvolini ko‘rdi-yu, kapalagi uchib ketdi(ibora).
Quyidagi birikmalarni so‘z birikmasi va ibora sifatida ishlatish mumkin: bo‘yniga ilmoq, tarvuzi qo‘ltig‘idan tushmoq, qo‘li ochiq, tosh otmoq.
Misollar: Shifokor dorini bolaning qulog‘iga qo‘ydi (so‘z birikmasi).
Tez qaytib kelishini qulog‘iga quydi (Ibora)
Semiz qo‘y go‘shti o‘z yog‘ida qovurildi (so‘z birikmasi).
Akbarali vijdon azobida o‘z yog‘ida qovurildi (ibora)
So‘z birikmasi va qo‘shma so‘z. So‘z birikmasida ham, so‘zda ham qismlar bir xildagi so‘z turkumlariga oid bo‘lishi, har ikkalasi ham bir xil grammatik shaklga ega bo‘lishi mumkin. Bu ularning shakily o‘xshashligidir. Lekin so‘z birikmasidagi qismlar ma’no mustaqilligini saqlagan bo‘ladi. Qo‘shma so‘z tarkibidagi qismlarning ma’nosi esa saqlanmagan bo‘lib, qo‘shma so‘zning umumiy ma’nosi orqali anglashiladi.
So‘z birikmasini tashkil qilgan qismlarning har biriga alohida-alohida so‘roq berish mumkin: kitobni (nimani?)o‘qimoq, uydan(qayerdan?) chiqmoq kabi.Qo‘shma so‘zlarga esa yaxlit savol berish mumkin:kungaboqar(nima?), kamquvvat (qanday?) kabi.
So‘z birikmasining qismlari o‘zaro mustaqil so‘z urg‘usini saqlagan bo‘ladi(uyning eshigi, xatni oldim), qo‘shma so‘z esa umumiy bir urg‘uga ega bo‘ladi(oqko‘ngil, bilakuzuk).
Qo‘shma so‘zlarning ko‘pchiligi tarixan so‘z birikmalari asosida yuzaga kelgan.
So‘z birikmasiga misollar: Dori bosh og‘rig‘ini darrov qoldiradi.
Qayerdandir oq qushlar uchib keldi.
Rahimjon ma’yus holda so‘ri suyanchig‘iga qo‘l qo‘ydi.
Qo‘shma so‘zga misollar: “Boshog‘riqni ko‘paytirmang”,-dedi o‘qituvchimiz. Bola jarohatlangan oqqushni davoladi.
Maktab direktori kotiba olib kirgan hujjatlarga qo‘l qo‘ydi.
So‘z birikmasi va tasviriy ifoda. So‘zning so‘z birikmalari bilan ifodalangan ma’nodoshlari tasviriy ifodalar yoki parafrazalar deyiladi. Tasviriy ifodalar so‘zning ma’nosini oydinlashtirish, matnni badiiylashtirish, takrorning oldini olish kabi uslubiy vazifalarni bajaradi.
So‘z birikmasi va gap. So‘z birikmasi ham, gap ham so‘zlarning Grammatik aloqaga kirishuvidan yuzaga keladi. So‘z birikmasi biror narsa,belgi, harakat yoki holatni anglashtirgan holda anglatadi. Gap esa ma’lum bir fikrni, tasdiq yoki inkor hukmni ifodalab keladi. Gapning markazi kesimdir.U kesimlik qo‘shimchalari bilan shakllangan bo‘ladi.
So‘z birikmasi: chiroyi gul, muhandis akam, shirin qovun, g‘azalni yodlash, ko‘chatni o‘tqazish.
Gap: gul chiroyli (chiroyli guldir,chiroyli edi).
Akam muhandisdir (edi, bo‘ladi).
Bu qovun shirin (-dir,edi).
G‘azalni yodlaymiz(-ng, dim).
Ko‘chat o‘tqazing(-dik, -miz).
So‘z birikmasi zanjiri. Gap tarkibidagi bir so‘z birikmasidagi hokim so‘z boshqa bir so‘zga tobelangan, bir hokim so‘z bir necha tobe so‘z yoki bitta tobe so‘z bir necha hokim so‘zga aloqador bo‘lgan hollarda so‘z birikmalari zanjiri hosil bo‘ladi.
So‘z birikmasidagi tobe va hokim so‘zlar orasida bir necha boshqa so‘zlar va so‘z birikmalari kelishi mumkin. Masalan, shimoldan esgan shamol so‘z birikmasi zanjirida 2 ta, shimoldan esgan mayin shamol so‘z birikmasi zanjirida 3 ta, uch kundan beri shimoldan esgan mayin shamol so‘z birikmasi zanjirida 5 ta so‘z birikmasi bor.
Bitta gap tarkibida bitta yoki ikkita so‘z birikmalari zanjirigina bo‘la oladi. Bu zanjirlar gapning kesimi yoki egasi atrofida birlashadi.
So‘z birikmasiga misol: Ahmadjon aka o‘z hayotida esda qoladigan hech nima ko‘rmadi. Ushbu gapda 5 ta so‘z birikmasi mavjud (3 ta fe’lli, 2 ta otli): hech nima ko‘rmadi, esda qoladigan, qoladigan hech nima, o‘z hayotida, hayotida qoladigan.
Hech nima ko‘rmadi, esda qoladigan, hayotida qoladigan – fe’lli birikma;
Qoladigan hech nima, o‘z hayotida – otli birikma.
Hokim so‘z ot, sifat, son,olmosh,ravish bilan ifodalansa, otli birikma; fe’lning ravishdosh va harakat nomi bilan ifodalansa, fe’lli birikma hisoblanadi: O‘quvchilarning hammasi, intizomda birinchi, unda ko‘p, hammadan chiroyli;
kitobni o‘qish, ishni bajarib kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: |