Gap va sintaktik aloqa vositalari
Reja:
1.Sintaksis so’z birikmasi.Gap va uning turlari
2.Gap bo’laklari,bosh bo’laklar
3.Gapning ikkinchi darajali bo’laklari
Gap orqali tugallangan fikr ifodalanadi.Gap hosil qilish uchun so’z vaso’z birikmalarini grammatik jihatdan bog’lash kerak.Gap ohang jihatdan tugallangan bo’lishi kerak
Gap haqida umumiy ma’lumot. Til birligi bo’lgan gap grammatik jihatdan shakllangan holda tugallangan ohang orqali nisbiy tugal fikr ifodalaydi:Kuz fasli kirib keldi. Yig’im-terim ishlari avjiga chiqdi.
Gap kesimga ega bo’lib,bir mustaqil so’zdan yoki birdan ortiq mustaqil so’zning ko’makchi va kelishik yordamida bog’lanishidan hosil bo’l adi. M: Xatni qalam bilan yozdi gapida –ni, bilan, di bog’lovchi vosita hisoblanadi. Bu – gap tarkibining grammatik jihatdan shakllanganligi.
Gap ohang jihatdan tugallangan bo’lishi lozim: Kuz. Hamma yoqda ish qaynayapti. Bu gapdagi kuz so’zi tugallangan ohang bilan aytilgani uchun gap hisoblanadi. Demak gap:
muomalaning eng kichik birligi;
nisbiy tugallangan fikrni ifodalaydi;
grammaik jihatdan shakllangan bo’ladi;
tugallangan ohang bilan aytiladi.
Ko’rinadiki, tugallangan ohang va fikrga ega bo’lib, grammatik jihatdan shakllangan bo’lib, muomalaning eng kichik vositasi hisoblangan yakka so’z yoki so’z birikuvi gap deb ataladi.
Gapning ifoda maqsadiga ko’ra uch turga ega: darak gap, so’roq gap, buyruq gap.
Darak gap orqali biror narsa haqida xabar beriladi, uning oxirida nuqta qo’yiladi: Navoiy ruboiylaridan yod oldim. Darak gapdagi xabar keng ma’noli bo’lib, darak-xabar, orzu-umid, ishonch, ta’kid, g’urur, maslahat, tashviq, sevinch, taajjub, gumon, achinish, tashvish, g’azab, norozilik, kinoya kabilarni ifodlaydi.
So’roq gap orqali so’zlovchi o’zi suhbatdoshidan yangi ma’lumot olishga urinadi: Bugun keldingmi? Yozuvda so’roq gapning oxirida so’roq belgisi qo’yiladi. Bu gaplar ko’proq dialogik nutqda uchraydi.
So’roq gapda so’roq olmoshi (kim? nima? qanday? qancha? necha? qaysi? – bunday gap so’roqqa javob bo’luvchi so’zni talb qiladi), so’roq yuklamasi (-mi, chi, a, ya, ) yoki so’roq ohangi bilan hosi; bo’ladi. Bu xil gap ha yoki yo’q degan javobni talab qiladi. Quyidagi misolda so’roq ohangi so’roq vositasi sifatida qatnashgan: Soat ikki bo’ldi. Ikki bo’ldi?
So’roq gap ikkiga bo’linadi:
Sof so’roq gap javob talab qiladi: Siz ertaga kelasizmi?
Ritorik so’roq gap javob talab qilmaydi, javobi o’zida yashiringan va barcha uchun ma’lum bo’ladi: Men uning to’satdan kelib qolishini qaydan bilay? Ritorik so’roq gap quyidagi ma’nonin ifodalashi mumkin.
“tasdiq”-Bu vatanda nimalar yo’q ?!
“inkor”-O’zingdan chiqqan baloga, qayga borasan davoga?!
“taajjub”-Bu nimasi?!
“tashvish”-Meni tashlab ketmaysanmi?!
“g’azab”Maqsad nima,maqsad?!
“gumon”-Paxta ham yaxshi ochilmagandir?
“kuchli hayajon ”-Tokaygacha ezilamiz,ota?!
Buyruq gapda suhbatdoshni nimadir qilashga undash maqsad qilib qo’yiladi . bunday gapda iltimos, buyruq, taklif,maslahat, hayratlanish, tashviq, gumon, tashvish, hayajon, gazab, yalinish tarzida bo’lishi mumkin:
“maslahat”-Avval o’yla, keyin so’yla.
“buyruq”-Dadil harakat qil.
“iltimos”- Ashuladan yana bo’lsin.
“orzu”-Qani hamma odam sizday bo’lsa!
“hayratlanish”-Nahotki bu siz bo’lsangiz!
“g’amxo’rlik”-Sovqotib qolma, issiqroq kiyin!
“tashviq”-Kunning tig’ida nima qilasan, bu yerga kelib, salqinda o’tirsang-chi !
“gumon”-Qurqqan bo’lsa kerak!
“g’azab, do’q”-Xatdan o’chir oglimni hozir!
Yozuvda buyruq gapning oxiridak o’pincha undov belgisi, ohangiga qarab nuqta qo’yilishi mumkin.
Eslatma:
Ayrim darslikda gap ifoda maqsadiga ko’ra to’rt turga ajratiladi: darak gap, so’roq gap, buyruq gap, istak gap. Istak gapga quyidagicha ta’rif berilgan: kesimi –sa shaklidagi fe’l bilan ifodalangan gap istak gap hisoblanadi. Xorijiy tilni yaxshi o’rganib,chet elga o’qishga borsam. Istak gap oxirida nuqta qo’yiladi. Bundan istak gap buyruq gapning ichidan ajralib chiqqankigi ko’rinib turibdi.
Gapning his-hayajon ifodalashiga ko’ra turi.
Gap ohangiga, his-tuyg’ni ifodalashiga ko’ra ikkiga bo’linadi:
His-hayajonli gap
His-hayajonsiz gap
His-hayajonli gap eh,oh, uh, o, uf, obbo kabi undov; qanday,qancha, naqadar, shunday kabi so’z yoki faqat his-hayajon ohangi bilan hosil bo’ladi: Eh bahorning gashtiga nima yetsin! Paxta terimi boshlandi! Darak,so’roq, buyruq gaplar his-hayajon bilan aytilib his-hayajonli gapga aylanadi.
His-hayajon gap so’roq gap bo’lsa,tinish belgisi qo’yidagicha qo’yiladi:
So’roq mazmunidan ko’ra his-hayajon kuchli bo’lsa,oldin undov,keyin so’roq belgisi qo’yiladi:Farzand qanday oqlar ona haqqini!?
So’roq mazmuni kuchli bo’lsa,oldin so’roq, keyin undov belgisi qo’yiladi:Nega ertaroq kelmading,og’lim?!
Ayrim holda his-hayajonning o’ta kuchliligini ifodalash uchun uchta undov belgisi ketma-ket qo’yiladi: O’lim yovga!!!
Biror sabab bilan uzilib qolgan his-hayajon gapning oxirida undov belgisi va undan keyin ketma-ket ikkita nuqta qo’yiladi: Men yetim o’sganman, oh, u yetimlik!..
Gapning grammatik asos miqdori (tuzilishiga ko’ra turi). Ega va kesim birgalikda, bir bosh bo’lakli gapda kesimning o’zi gapning grammatik asosini tashkil etadi. Gap tuzilishi, ya’ni grammatik miqdoriga ko’ra ikkiga bo’linadi:
Sodda gap
Qo’shma gap
Sodda gap. Sodda gapda bitta kesim, ya’ni bitta grammatik markaz mavjud bo’ladi:Dars boshlandi. Ba’zan sodda gap egasiz bo’lib, boshqa bo’laklar kesimga birlashadi: Bugun Moskvadan ukam bilan uchib keldim.
Qo’shma gap. Qo’shma gapda ikki va undan ortiq kesim, ya’ni kamida ikkita grammatik markaz mavjud bo’ladi: Qo’ng’iroq chalindi va dars boshlandi. Qo’shma gap faqat kesimdan iborat bo’lishi ham mumkin: Qarasam, qaramaysan.
Ayrim gap turi orasidagi ma’nodoshlik. Ayni bir fikr gapning hra-xil turi bilan ifodalanadi:
Sodda gap – qo’shma gap: Har kim ekkanini o’radi - Kim nimani eksa, shuni o’radi.
Yig’iq gap – yoyiq gap: Hamma keldi – Sobirjon, Halimaxon, Saida, Sojida va boshqalar uyga keldi.
Gapning bosh bo’laklar tarkibiga ko’ra turi. Gapda bosh bo’laklar tarkibi to’liq (ega ham, kesim ham mavjud bo’lishi) yoki to’liq bo’lmasligi mumkin. Shunga ko’ra gp ikkiga bo’linadi.
Bir bosh bo’lakli gap. Uning grammatik asosi bir bosh bo’lakdan iborat bo’ladi: Ota-onalarga yordam berdik.
Ikki bosh bo’lakli gap. Biz maktabga bordik.
Gap yoyiq va yig’iqligiga ko’ra ikkiga bo’linadi.
Yig’iq gap
Yoyiq gap.
Yig’iq gap faqat kesimdan iborat bo’ladi. Keldim. O’qituvchim ham. Atov va so’z gap ham yig’iq gapdir: Qish. Rahmat.
Yoyiq gapda boshqa bo’laklar ham qatnashadi.
Gapning zarur bo’lagi mavjud, mavjud emasligiga ko’ra ikkiga bo’linadi.
To’liq gap.
To’liqsiz gap.
To’liq gapda fikrni ifodalash uchun zarur bo’lgan bo’lakning barchasi qatnashadi. Ulardan xat bormi?
To’liqsiz gapda nutq vaziyatidan ma’lum bo’lgan ayrim bo’lak tushuniladi: -Siz maktabga borasizmi? –Boraman (ega (men), hol (maktabga) tushirilgan).
To’liqsiz gapning quyidagi turi mavjud:
Dialogik nutq tarkibidagi to’liqsiz gap: -Kim kelmadi? –Ahmad.
Ibora shaklidagi to’liqsiz gap: Tug’ilgan kuningiz bilan! Navruzingiz bilan!
Qo’shma gap tarkibidagi to’liqsiz gap: Yaxshidan ot qoladi, yomondan dod (qoladi).
Gapning murakkablashtiruvchi vositasiga ko’ra turi. Gap undalma, kirish so’z, kirish birikma, kirish gap va kiritma qurilma ishtirok etmaydi: O’quvchilar maktab bog’iga to’planishdi.
Murakkablashgan gap tarkibida undalma, kirish so’z, kirish birikma, kirish gap va kiritma qurilm ishtirok etmaydi. Shunga ko’ra murakkablashgan gapning:
Undalmali gap;
Kirish so’z / birikma / gapli gap;
Kiritma qurilmali gap turi farqlanadi. Bu murakkablashtiruvchi vositadan birortasi ham gap bo’lagi bilan sintaktik aloqaga kirishmaydi.
Undalma. So’zlovchining nutqi qaratilgan shaxs / narsa / mavjudotni bildirgan so’z undalma deyiladi. Undalma odatda, ikkinchi shaxsga qaratilgan bo’ladi. Kel, ey, dilbar, ki bo’ston vaqti bo’ldi. She’riy asarda shoir o’ziga y’ni so’zlovchiga ham murojaat qilishi mumkin. Nazm, tuz, Erkin, axir, erkin zamondir bu zamon. Undalma boshqa gap bilan faqat mazmunan bog’langan bo’aladi.
Undalma ko’pincha bosh kelishikdagi ot bilan ifodalanganligi uchu egaga o’xshab ketadi, chunki u ishtirok etgan gapda ko’pincha ega tushiriladi. Biroq ega kesim bilan shaxs va son (birlik va ko’plik) da bog’langan bo’ladi, undalma esa bog’lanmaydi. Karimjon (ega, III shaxs, birlik) ertaga keladimi (kesim, III shaxs, birlik)? Karimjon (undalma, III shaxs, birlik), ertaga kelasizmi (II shaxs, ko’plikda) ?
Ayrim holda, ayniqsa, she’riy asarda hayvon, qush, josiz narsalarning nomini bildirgan so’z ham undalma bo’ladi. Quyosh, nuriy to’kaver mo’l-ko’l. Bir so’z bilan ifodalangan undalma, yig’iq undalma, so’z birikmasi bilan ifodalangan undalma yoyiq undalma deyiladi. Undashni kuchli ifodalash uchun undalmadan oldin e, ey, hoy, obbo kabi undovlar ham qo’llanadi, ular vergul bilan ajratiladi. Ey, usta Parfi, keling, bormisiz.
Undalma ot, olmosh, otlashgan sifat, otlashgan son, so’z bikmasi, ibora bilan ifodalanadi.
Undalma gapning boshida kelsa, undalmadan so’ng, gap o’rtasida kelsa, ikki tomoniga, gapning oxirida kelsa, undalmadan oldin vergul qo’yiladi.
Kirish so’z / birikma / gap. So’zlovchining bayon qilgan fikriga munosabatini bildirgan so’z, kirish so’z, shunday so’z birikmasi esa kirish birikma deb yuriiladi. Kirish so’z bilan kirish birikma, asosan, modal so’z bilan ifodalanadi.
Kirish gap so’zlovchining o’zi bayon qilgan fikriga qo’shimcha mulohzasini bildiradi. Kirish gap asosiy fikrni to’ldirish, izohlar uchun ishlatiladi. U odatda vergul bilan ajratiladi.
Mustahkamlash uchun savollar:
Gap va uning belgisi haqida gapiring.
Darak gap nima? Misol keltiring.
So’roq gap nima? Buyruq gap nima?
Ritorik so’roqqa izoh bering. Misol keltiring.
Gapning grammatik asos miqdoriga ko’ra turi haqida gapiring va misol keltiring.
Bir bosh bo’lakli gap haqida gapiring va misol keltiring.
Adabiyotlar:
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat tili” “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” haqidagi qonunlari. “Xalq ta’limi”.
Ne’matov H., Bozorov O. Til va nutq. T. 1993. 23
Hozirgi o’zbek adabiy tili. T. 1996
Azizov O. Tilshunoslikka kirish. T. 1963.
Mirzayev M., UsmonovS., Rasulov R. O’zbek tili. T. 1979. 1-2
Shodmonov E., Nafasov T. Hozirgi o’zbek tili. Laboratoriya mashqlari. T. 1986
www.ziyonet.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |