G’arbiy Evropa feodal munosabatlarning paydo bo’lishi
Reja:
1.Rim imperiyasida quldorlik tuzumi inqirozi va feodal munosabatlarning paydo bo’lishi.
2.Agrar va siyosiy tuzumdagi o’zgarishlar.
3.Varvar qabilalarining imperiyaga hujumlari.
IV asr oxirida Rim imperiyasi tarkibiga G’arbiy Evropaning deyarli hammasi, Dunayning o’ng sohil viloyatlari, Bolqon yarimoroli, O’rta Yer dengizi orollari, Shimoliy Afrika, Misr, Mesopotamiyaning bir qismi, Suriya ва Falastin kirgan.
G’arbiy Yevropada feodalizm Rim imperiyasining emirilib borayotgan quldorlik imperiyasining va varvarlarning ilk sinfiy jamiyatga o’tayotgan ijtimoiy tuzumining qo’shilishi asosida shakllandi. Yevropaning qator mamlakalarida, масалан, Skandinaviya, Sharqiy slavyan hududlarida feodal munosabatlar faqat ibtidoiy jamoa tuzumining yemirilishi asosida, quldorlik tuzumi ta’sirisiz qaror topadi. Shunga ko’ra, feodalizm shakllanishi sekin kechib, kech tugatiladi. Varvarlar tomonidan Rim imperiyasining bosib olingan joylarida nisbatan rivojlangan ijtimoiy-iqtisodiy tuzum ta’sirida bu jarayon jadal boradi. III asrda Rim imperiyasi xo’jaligida tushkunlik boshlanadi. Savdo qisqaradi, dehqonchilik darajasi pasayadi. Bozorga mahsulot chiqaruvchi xo’jaliklar soni kamayadi. Davlat aholidan mahsulot solig’i olib, amaldorlarga va armiyaga mahsulot tarzida maosh to’lashga o’tadi. Savdo izdan chiqib, hunarmandchilikda tushkunlik boshlanadi. Viloyatlar o’rtasida iqtisodiy aloqalar kamayadi.
Imperiyaning G’arbiy viloyatlarida kuchli sezilgan iqtisodiy tuskunlik eramizning II asri oxiridayoq boshlangan quldorlik tuzumining inqirozi bilan bog’liq edi. Qul mehnati va quldorlik munosabatiga asoslangan ishlab chiqarishning taraqqiyoti imkoniyati tugaydi. Qulchilik ishlab chiqaruvchi kuchlarning keyingi rivoji uchun to’siq bo’lib qoladi. Qulning o’z mehnati natijasidan manfaatdor emasligi biron-bir texnik rivojlanishga yo’l qo’ymaydi. Yirik yer egaligi o’sib, katta mulklarda qul mehnatini nazorat qilish qiyinlashadi va qul mehnati unumdorligi pasayadi. Quldorlik tuzimini barqaror saqlab turish uchun ichki bozorni tashqaridan keltiriladigan qullar bilan, ya’ni istilo qilingan mamlakatlar aholisini qulga aylantirish orqali ta’minlash mumkin edi. Bu esa Rim harbiy jihatdan atrofdagi davlatlardan ustun bo’lsagina mumkin edi. Qul mehnatiga asoslangan yirik yer egaligining o’sishi rim armiyasining asosiy manbai bo’lgan erkin dehqonlarni xonavayron qildi. Bu Rim davlatining harbiy qudratiga putur yetkazdi va arzon qul manbai barham topadi. Bularning natijasida qulchilikka asoslangan mehnat samarasiz bo’lib qoladi va ishlab chiqaruvchilarni ishlatishni usulini o’zgartirishni taqazo qiladi. Hosilni bir qismini xo’jayinga berish yoki xo’jayin yerida ishlash sharti bilan qullarni yer va ish qurollari bilan ta’minlaydilar. Biroq qul va uning mulki hali xo’jayinga tegishli edi.
So’nggi imperiya davrida qullarni ozodllikka chiqarish kuchayib, davlatning o’zi buni rag’batlantiradi. Ular imperator, cherkov yerlarini shartli olganlar.
So’nggi imperiya davrida kolonlik keng tarqaladi. Yirik va o’rta mulklarda yer olib ishlovchi kolonlar xo’jayinga obrok to’lab, ba’zi majburiyatlarni o’taganlar, lekin to’la huquqli erkin kishi hisoblangan. Xonavayron bo’lgan dehqonlar, asir varvarlar kolonlarga aylanganlar. Kolonlar xo’jalik jihatdan mustaqil bo’lganlar: o’z mahsulotlarini sotganlar, obrok belgilangandan oshmagan. Kolonlar davlat solig’ini to’laganlar, harbiy xizmat o’taganlar, sudyalarga murojaat qilishga huquqli bo’lganlar. Yersiz kolon sotilmagan. Kolonlikdan tashqari yerga egalik qilishning boshqa ko’rinishi – prekariy – yirik yer egalaridan belgilangan muddatga foydalanish uchun yer olgan erkin kishilar ham tarqalgan. Muddat yer egasi tomonidan belgilangan. Xonavayron bo’lgan yoki homiylikka muhtoj mayda mulkdorlar o’z yerlarini yirik yer egalariga sovg’a qilib, foydalanish uchun ma’lum shart asosida qaytarib olganlar va prekariylarga aylanganlar.
Yirik yer egaligining o’sishi natijasida o’rta yer egalari ham kasod bo’lib, yirik yer egalarining, imperetor domenining cherkov yerlarining shartli foydalanuvchilariga aylanadilar. Shunga qaramay imperiya qulashi arafasida mayda va o’rta yer egaliklari butunlay yo’qolib ketmaydi, Shimoli-Sharqiy Galliyada, Britaniyada, Do’naybo’yi viloyatlarida, Shimoliy Afrikada saqlanib qoladi.
G’arbiy viloyatlarda yirik senator yer egaliklari muhim o’rin tutgan; III–V asrlarda uning Strukturasi o’zgaradi. Senatorlar latifandiyasi va imperator fiske yer o’rnini mayda uchastkalarga bo’lingan partsellalar egallaydi.
Partsellalar qullarga, prekariychilarga, kalonlarga berilgan. Qullar mehnatiga asoslangan eski ko’rinishdagi villalar ham saqlangan, lekin ular ham yangi ko’rinishdagi munosabatlarga o’rin bo’shata boradi va feodal jamiyatiga xos bo’lgan xo’jalik shakli va iqtisodiy munosabatlar kirib kela boshlaydi.So’nggi Rim imperiyasi agrar tuzumida emfitevzis degan yerga egalik shakli ham mavjud bo’lgan. Emfitevtlar har yili mulk egasiga belgilangan to’lovni berib, xo’jalikni yaxshi yuritishi kerak bo’lgan. Emfitevtlar yerni ijaraga berishi, meros qoldirishi va hatto sotishi mumkin bo’lgan. Agar emfitevt uch yil ichida to’lovni to’lamasa, vafot qilsa va merosxo’ri bo’lmasa, yoki muddat tugasa yer egasiga qaytarilgan. Emfitevzis feоdal jamiyatiga xos bo’lgan shartli yer egaligining boshlanishi edi.
Siyosiy tuzumdagi o’zgarishlar
Quldorlik tuzumi inqirozi Rim jamiyatining siyosiy, huquqiy idoraarida o’z aksini topadi. Mamlakat ichidagi sinfiy ziddiyatlar, viloyatlarda separatistik harakatlarning kuchayishi, tashqi hujumlar kuchayishi davlatni yangi sharoitlarga moslashishga majbur qiladi. Mamlakatni boshqarish imperator va u tomonidan tayinlangan amaldorlar qo’lida to’planadi. Senatning ahamiyati yo’qolib, imperator hokimiyati shaharlarning mustaqilligi bekor qilinadi. Yollanma – varvarlardan tuzilgan armiya sari oshadi. Ko’plab amaldorlarni va armiyani ta’minlash uchun davlat soliqlarni oshiradi. Soliqlarni muntazam tushishini ta’minlash uchun hunarmandlar o’z kollegiyalariga biriktiriladi va chiqish man qilinadi. Ular davlat foydasiga natural soliq to’laganlar (293 yilgi Diokletian edikti).
Biroq bu tadbirlar quldorlik davlatining inqirozini to’xtata olmadi. Inqiroz sharoitida imperiya o’z kuchi va yaxlitligini saqlab qola olmadi. Rim viloyatlarining iqtisodiy, siyosiy va madaniy alohidalashuvi 395 yilda imperiyani G’arbiy va Sharqiy qismlarga bo’linishiga olib keldi. Italiya, Galliya, Britaniya, Ispaniya, Do’naybo’yi viloyatlari va Shimoliy Afrika G’arbiy Rim imperiyasi tarkibida qoldi. Sharqiy Rim imperiyasi tarkibiga Bolqon yarimoroli, Kichik Osiyo, Misr va Sharqiy viloyatlar kirgan va keyinchalik Vizantiya deb atala boshlangan.G’arbiy viloyatlarda quldorlik tuzumi inqirozi keskinlashib, viloyatlarda separatistik harakatlar kuchayadi. Hukumat aholini avvalgi usullar bilan boshqara olmay, mahalliy zodagonlarga yordam uchun murojaat qiladi. Kolonlarning davlat majburiyatlarini o’tashini nazorat qilish yirik yer egalariga yuklatiladi. Yirik yer egalari o’zlarining sud – ma’nuriy idoralarini tuzib, harbiy drujinalarini tuzadilar. Davlat apparatining yemirilishi va magnatlarning shaxsiy hokimiyatlarining shakllanishi shu ko’rinishda sodir bo’ladi. Markaziy hokimiyat kuchsizlanadi. Viloyatlarni boshqarish mahalliy magnatlar qo’liga o’tadi. Harbiy boshliqlar hukumatdan mustaqil bo’la borib, endi yangi boshliqlarga xizmat qila boshlaydilar, ularga sodiqlikka qasamyod qiladilar.
Rimda varvarlar deb lotin tiliga va madaniyatiga begona bo’lgan xalqlarni aytganlar. Rim chegarasiga tutash hududlarda yashagan varvarlarning yirik etnik guruhlari: keltlar, germanlar, slavyanlar kiradi. Keltlar Shimoliy Italiyada, Galliyada, Ispaniyada, Britaniyada va Irlandiyada yashaganlar. Rim istilosidan keyin keltlar rimliklar bilan qo’shilib ketadi.
German qabilalari egamiz boshlarida ga’rbiy chegarasi Reyn va Sharqda Visla daryolari, Janubda Alp, Dunay va Shimolda Shimoliy va Boltiq dengizi bo’lgan hududda yashaganlar. Ular Skandinaviyaning janubida ham yashaganlar. Germanlardan Sharqda slavyan qabilalari yashaganlar. Elbadan Dongacha Boltiqdan O’rta va Quyi Dunaygacha va Qora Dengizgacha Bo’lgan hududlarga yashaganlar. Eramizning I-II asr mualliflari ularni venetlar deb ataydi. Tasit ma’lumotlariga ko’ra eramiz boshlarida slavyanlar o’troq dehqonchilik bilan shug’ullanganlar. Chorvachilik, ov, baliqchilik bilan ham shug’ullanganlar. Temirchilik, kulolchilik, yung va zig’irdan to’qish ularda tarqalgan. Ularda pul bo’lmagan. Ayirboshlov savdo vositasi bo’lgan. Slavyanlar urug’ tuzumida yashaganlar.IV-V asrlarda slavyanlarning g’arbiy yo’nalishda Elbagacha janubda Bolqon yarim oroligacha ko’chishi kuzatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |