2. Xalq hokimiyatchiligi va uni amalga oshirish shakllari
"Xalq hokimiyatchiligi" atamasi yunoncha "demokratiya" ("demokratia") so‘zining aynan tarjimasi bo‘lib, bu ibora ilk bor yunon shahar-davlatida paydo bo‘lgan va keyinchalik butun dunyoga tarqalgan hamda siyosiy lug‘atdan mustahkam o‘rin olgan.
Demokratiya so‘zi "demos" ("demos") xalq va "kratos" ("kratos") hokimiyat so‘zlarining birikmasidan tuzilib, "xalq hokimiyatchiligi" deganidir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining "Xalq hokimiyatchiligi" deb nomlangan ikkinchi bobi davlatimizning demokratik tabiatini ifodalaydi va O‘zbekistonni suveren demokratik respublika ekanligini tasdiqlaydi. "Xalq hokimiyatchiligi" prinsipi har qanday demokratik davlat Konstitutsiyaviy tuzumining asosiy shartlaridan biridir.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 7-moddasida mamlakatimizdagi xalq hokimiyatchiligi prinsipi quyidagicha ochib berilgan:
“Xalq - davlat hokimiyatining birdan-bir manbai” ekanligi qayd etilgan.
Referendum so‘zining lug‘aviy ma’nosi lotincha “ma’lum qilinishi lozim bo‘lgan narsa” deganidir, ya’ni davlatda hal qilinishi lozim bo‘lgan muhim masalalar xalqqa ma’lum qilinadi va uning ovoz berishi orqali hal etiladi. O‘zbekiston fuqarolari referendumda ixtiyoriy ravishda qatnashadilar. Referendumga qo‘yiladigan masalalar xalq, jamiyat, davlat manfaatlaridan kelib chiqqanligi uchun unda fuqarolarning aksariyati doimo faol ishtirok etadi. Masalan, 2002 yil 27 yanvarda o‘tkazilgan referendumda ikki palatali parlament va Prezident vakolati muddatini uzaytirish masalasi qo‘yilibgan.
O‘zbekistonda fuqarolarning barcha darajadagi hokimiyat tuzilmalariga yakka tartibda va jamoa bo‘lib murojaat qilishlari huquqi ta’minlangan. Bu ham bevosita demokratiyaning, xususan, fuqarolarning davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etishining shakllaridan biridir. Masalan,
Konstitutsiyaning 35-moddasiga binoan, har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega.
Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shart.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida"gi (O‘zR 13.12.2002 y. 447-II) Qonunida " O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat va jamoat ishlarini boshqarishda ishtirok eta borib, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va boshqa qonunlarida o‘zlariga berilgan huquqlar va erkinliklarni ro‘yobga chiqara borib; o‘zlarining qonuniy huquqlari va mafaatlarini himoyalab murojaat qilishga; davlat va jamoat birlashmalarining vakolatli organlari buzilgan huquqlarini tiklashiga haqlidirlar" deyiladi (1-modda).
O‘zbekiston Konstitutsiyasining muhim demokratik jihatlaridan biri shundaki, uning 10-moddasida butun hokimiyat xalq qo‘lida ekanligi qonuniy rasmiylashtirilibgina qolmay, O‘zbekiston xalqining ushbu hokimiyatni qanday tartibda amalga oshirishi ham aniq ko‘rsatib qo‘yilgan: “O‘zbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan Respublika Oliy Majlisi va Prezidenti ish olib borishi mumkin.
Jamiyatning biron-bir qismi, siyosiy partiya, jamoat birlashmasi, ijtimoiy harakat yoki alohida shaxs O‘zbekiston xalqi nomidan ish olib borishga haqli emas.”
Vakillik demokratiyasining namoyon bo‘lishi ayniqsa O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi faoliyatida ko‘zga yaqqol tashlanadi. Oliy Majlis haqida shuni aytish mumkinki, u O‘zbekiston Respublikasining oliy vakillik muassasasi, qonun chiqaruvchi organi, ya’ni parlamentidir.
O‘zbekiston Oliy Majlisi bevosita xalq tomonidan tashkil etilib, uning vakillik organi hisoblanadi. Unga deputatlar xalq tomonidan umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri, yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. Demak, O‘zbekiston xalqi o‘z ichidan munosib nomzodlar tanlab, ularni Oliy Majlisga vakil sifatida saylaydi. Ularga vakolat berib qo‘yadi va xuddi shu tariqa hokimiyatga egalik qiladi. Biroq faqat shugina emas. Xalqning hokimiyatga egalik qilishi boshqa vositalar orqali ham amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining tashkil etilishi, vazifalari, tuzilishi va faoliyati haqida Konstitutsiyaning XVIII bobi, 78-88-moddalarida batafsil ko‘rsatib berilgan.
O‘zbekistonda Prezidentlik boshqaruvining tashkil etilishi, vazifalari va vakolatlari haqida Konstitutsiyaning XIX bobi, 89-97moddalarida atroflicha ma’lumotlar berilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |