Men bu kitoblarni ukam yaxshi
o’qisin deb oldim. Bu kitoblarni ukam yaxshi o’qisin degan maqsadda oldim.
Har ikki gap ham to’g’ri tuzilgan. Ular ifodalagan hukmda ham zidlik yo’q. Demak, nutqdan
mantiqsizlik kuzatilmaydi. Ana shu nutqda mantiqsizlik yo’qligi mantiqiy kategoriya hisoblangan
hukmning to’g’riligi bilan tasdiqlanadi. Berilgan hukm ikki xil gapda ifodalangan ekan. Birida
hissiylik yo’q, ikkinchisida esa qisman bo’lsa-da his -tuygu bor.
Nutq madaniyati bilan ruhshunoslikning munosabati, nutqning o’rinli - o’rinsiz ekanligini
belgilashda namoyon bo’ladi. So’zlovchi har - xil vaziyatlarda, har - xil odamlar o’rtasida bo’ladi.
Demak, u o’z nutqini ana shu vaziyatlar va odamlar holatini hisobga olgan holda tuzishi kerak.
Bundan tashqari tinglovchilar kayfiyati degan narsa ham bor. So’z tinglovchilarning zerikib
turganligi sezilib tursa-yu, nutq qanchalik to’g’ri bo’lmasin, notiq o’sha zerikkanlikni his qilmasa
va nutqni cho’zib yuborsa, uning ta’sir kuchi yo’qoladi. ,
Nutqni ta’sirchan qilishda tilning tasviriy
vositalaridan hisoblangan metonimiya, metafora kabilardai foydalaniladi. Nutq madaniyati
bilan ruhshunoslik munosabatida ko’proq notiqning u yoki bu fikrini bayon qilishda odamlar
kayfiyatini hisobga olishi birinchi o’rinda turadi. Har bir kishining, umuman tinglovchining
kayfiyatiga qarab nutqso’zlash taqozo etiladi. Tinglovchilar bilan samimiy muomala hamma vaqt
notiqning asosiy vazifasi bo’lishi lozim. Tinglovchilarning yuz va ko’z ifodalarini ko’rmay,
sezmay turib, eng zo’r zarur gapni aytib yuborishni o’ylab ko’rish kerak. Ana shunday zarur gaplar
hammaning diqqati tortilgan paytda aytilishi zarur.
Hamma vaqt ham tinglovchilar oldida uyalib qolmaslik, noo’rin so’zlarni, gaplarni ishlatib
yubormaslik uchun notiq odamlar ruhiyatini chuqur ko’zda tutishi lozim, ularni qiziqtiradigan
narsalarni topishga harakat qilishi, boshqa mavzu, boshqa hodisalarga o’tib ketmasligi kerak.
Har bir notiq uning nutqi qanday tuzilganda tilning qanday tasviriy vositalarini qaysi
holatlarda, nutqning qaysi qismida ishlatganda tinglovchilar kayfiyatiga ta’sir qilinishi, ular
kayfiyatini o’zgartirishini yaxshi bilishi lozim. Ana shundagina ko’zlangan maqsadga erishish
mumkin.
Nutq madaniyati nafosat (estetika), badiiy adabiyot, adabiyotshunoslik, adabiy tanqidchilik
kabi fanlar bilan uzviy aloqadadir. CHunki yaxshi nutq tinglovchiga estetik zavq berishi kerak,
uni hayajonlantirishi lozim. Badiiy nutq esa ta’sirchan nutq bo’ladi, shu orqali kishilar ongiga
ta’sir etadi. Unday nutq egasi badiiy tasvir vositalaridan juda keng foydalanadi.
Badiiy nutqning adabiy til me’yorlariga munosabati ham boshqacha. Unda ba’zi adabiy
me’yorlardan chekining ham uchrashi mumkin. Biroq bunda ma’lum bir maqsad ko’zda tutilgan
bo’ladi.
Xullas, nutq madaniyati sohasi ko’pgina boshqa fanlar bilan ham o’zaro munosabatda
bo’ladi. Ayniqsa, uning tilshunoslik, uslubiyat, notiqlik san’ati, matnshunoslik, ruhshunoslik,
falsafa hamda adabiyotshunoslik fanlari bilan aloqasi juda mustahkamdir.
Tabiat va jamiyatda inson tilidek murakkab, serqirra, serqatlam, servazifa, shakl va mazmun
mosligi hodisasi kamdan-kam topiladi. Til dunyoni bilish, bilimlarni to’plash, saqlash, keyingi
avlodlarga yetkazish, ruhiy kategoriyalarni voqelantirish kabi bir qancha vazifalarni bajarishga
qaramasdan asosiy e’tibor uning kishilar o’rtasidagi aloqani ta’minlash vazifasiga qaratib kelindi.
Tilni faqat insonlar o’rtasidagi aloqa vositasi sifatidagina talqin etish insonning tabiiy tilini,
bu benihoya murakkab va muhtasham hodisani soddalashtirishdan, aniq bir milliy qiyofa yoki
milliy - ruhiy zamindan mutloqo mosuvo bo’lgan sun’iy tilga (masalan esperanto)
tenglashtirishdan, yo’l harakatini tartibga solish maqsadida yaratilgan shartli «til» ga
baravarlashtirishdan boshqa narsa emas. Agar til faqat aloqa vositasigina bo’lganda edi. U juda
oddiy, sodda va qashshoq bir narsaga aylangan bulardi.
Holbuki, til bemisil boy, sehr-u sinoatga, ruh-u ruhoniyatga, ko’rk -u komillikka limmo -
lim bir xilqatdir.
CHinakkam nutq madaniyati esa tilni ana shunday rangin xilqat tarzida idroq etish asosida
shakllanadi.
Aniqki, nutq madaniyati jamiyat madaniy - ma’rifiy taraqqiyotining, millat ma’naviy
kamolotining muhim belgisidir. Haqiqiy ma’nodagi madaniy nutq shaxs umummadaniy
saviyasining favqulodda muhim unsurlaridan biridir. SHuning uchun ham mamlakatimizda
ma’naviy - ma’rifiy isloxotlar davlat siyosatining ustuvor yo’nalishi deb e’lon qilingan bugungi
kunda nutq madaniyati ko’nikmalari va malakalarini oshirish, ta’lim jarayonlarining barcha
bosqichlarida madaniy nutq muammolarini yetarli darajada nazarda tutish har qachongidan ham
dolzarblik kasb etganligi bejiz emas.
Respublikamizning «Davlat tili haqida» gi, «Ta’lim to’g’risida» gi qonunlari, Kadrlar
tayyorlash bo’yicha Milliy Dastur va boshqa juda ko’plab hujjatlarda ma’naviy - ma’rifiy tarbiya,
til masalalariga alohida ahamiyat berilgan. Jamiyatimizning har bir a’zosi, har qanday mutaxassis,
zamon bilan hamqadam kadr, eng avvalo, o’z ona tilisining sobit sohibi bo’lmog’i lozim.
Prezidentimiz I.Karimov ham o’z nutqlarida shunday ta’kidlaganlar: «O’z fikrini mutlaqo
mustaqil, ona tilida ravon, go’zal va lo’nda ifoda eta olmaydigan mutaxassisni, avvalombor, rahbar
kursisida o’tirganlarni bugun tushuning ham, oqlash ham qiyin».
Fikrni ona tilida mustaqil, ravon, go’zal va lo’nda ifoda etmoq uchun odamda nutqiy
madaniyat yetarli darajada bo’lmog’i lozim.
Zero,nutq madaniyati tildan bemalol va maqsadga o’ta muvofiq tarzda foydalana olishni
ta’minlaydigan ko’nikma, malaka va bilimlarning jami demakdir.
Nutqning madaniyligini ta’min etadigan to’g’rilik, aniqlik, mantiqiylik, ifodalilik, boylik,
soflik kabi bir qancha sifatlar mavjud. Ana shu kommunikativ sifatlarning barchasini o’zida
mujassamlashtirgan nutq madaniy nutq hisoblanadi.
Albatta, nutqning to’g’riligi, ya’ni uning adabiy til me’yorlariga qat’iy mosligi madaniy
nutqning asosiy, markaziy sifatidir. Ammo har qanday to’g’ri nutq madaniy bo’lavermaydi. U
yuqorida aytilgan boshqa kommunikativ sifatlarga ega bo’lgandagina chin ma’nodagi madaniy
nutq atamasini oladi. SHunga qaramasdan, uzoq vaqtlar bizning ta’lim tizimimizda, asosan,
nutqning to’g’riligigagina diqqat qilindi, shu sifatni o’rgatishga zo’r berildi.
Rossiyada Pyotr I zamonida shunday farmon chiqarilgan ekan, unga ko’ra jismoniy yoki
nutqiy nuqsonga ega bo’lgan odam, har qancha yetuk mutaxassis bo’lmasin, dars berish uchun
sinfga kiritilmagan. Dunyoda boladay ziyrak taqlidchi va tanqidchi yo’q, shuning uchun «jonli
ko’rgazmali qurol» har jihatdan to’kis va tugal bo’lishi lozimligi oddiy mantiqning talabidir.
O’qituvchining asosiy quroli «ketmoni» uning tili, nutqi ekan, bu qurol samarali ishlamog’i
uchun u o’tkir bo’lishi kerak, shuning uchun «O’qituvchi nutq madaniyati» fani faqat filologiya
fakulьteti talabalarigagina emas, balki har qanday fan o’qituvchilarini tayyorlaydigan
fakulьtetlarda ham o’qitilyapti.
Xulosa qilib aytganda, nutq madaniyati muammolarini ilmiy asosda o’rganishni yanada
chuqurlashtirish ham bugungi kunda alohida dolzarblik kasb etdi. Bu borada anchagina ishlar
qilingan. Ammo hali qilinadigan ishlar juda ko’p. Mustaqillik sharofati bilan erkin taraqqiyot
yo’liga tushib olgan tilimizning o’z tabiatiga xos mezonlarni tayin etish unuttirilgan boyliklarni
tiklash, sofligini ta’minlash tamo-yillarini takomillashtirish, bir necha ming -yillik madaniyatimiz
tarixidagi nutqiy odob an’analarini o’rganish, so’zni benazir ne’mat sifatida ardoqlagan ulug’
ajdodlarimizning ulkan merosini bor bo’yicha ko’rsatib berish o’qituvchilar va bo’lajak
o’qituvchilar oldida turgan muhim vazifalardir.
Tayanch tushunchalar:
1. O’qituvchi nutq madaniyati - amaliy jihatdan o’qituvchi nutqining xilma - xil
muammolarini tadqiq qiluvchi fan.
2. Nutq madaniyati - namunaviy nutq sirlarini egallash haqidagi ta’limot.
3. Madaniy nutq fazilatlari - uning to’g’riligi, aniqligi, mantiqiyligi, ifodaviyligi, boyligi va
sofligi.
4. Yuqori nutq madaniyati - bu fikrlarni til vositalari bilan to’g’ri, aniq va ta’sirchan qilib bera
olish.
5. To’g’ri nutq - hozirgi adabiy til me’yorlariga rioya qilib tuzilgan nutq.
Aqliy hujum uchun savollar:
1. «O’qituvchi nutq madaniyati» fani qanday muammolarni o’rganadi?
2. Qanday nutq madaniy nutq hisoblanadi?
3. Nutq madaniyati qaysi fanlar bilan o’zaro munosabatda bo’ladi?
4. Tilni faqat aloqa vositasi deb tushuning to’g’rimi?
5. Hozirgi kunda fan oldidagi muhim vazifalar qaysilar?
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. I.Karimov. Barkamol avlod - O’zbekiston taraqqiyotining poydevori, Toshkent, 1997 -yil.
2. R.Qung’urov, E.Begmatov, Yo.Tojiyev. Nutq madaniyati va uslubiyat asoslari, Toshkent, 1992
-yil.
3. T.Qudartov. Nutq madaniyati asoslari, Toshkent, 1993 -yil.
4. K.Nazarov. Nutq madaniyatiga oid masalalar, Toshkent, 1973 -yil.
5. E.Begmatov, A.Boboyeva, M.Asomiddinova, B.Umrqulov. O’zbek nutqi madaniyati
ocherklari, Toshkent, 1988 -yil.
6. S.Inomxo’jayev. Notiqlik san’ati asoslari, Toshkent 1982 -yil.
7. U.Nosirov. Nutq madaniyati va davr. Nutq madaniyatiga oid masalalar, Toshkent 1973 -yil.
8. S.Akobirov. Lug’at - so’z xazinasi, Toshkent, 1977 -yil.
9. B.Umrqulov. Lektor nutqi va badiiy til, Toshkent, 1981 -yil.
10. E.Fozilov. Nutq madaniyatining ba’zi - bir nazariy masalalari. «Nutq madaniyatiga oid
masalalar» to’plami, Toshkent, 1973 -yil.
Do'stlaringiz bilan baham: |