Abay Qo‘nanboyev (1845-1904; Qozog'iston)
Q ozoq adibi, yirik so‘z san’atkori Abay 1845 yilda Qozog‘istonning Semey viloyatiga qarashli Ayako‘z tumanining Chingaztog‘ yonbag‘rida joylashgan Qorauy ovulida boy xonadonda tug‘ilgan. Otasi Qo‘nonboy Semeyning e’tiborli boylaridan bo‘lgan.
Shoirning asl ismi Ibrohim bo‘lib, onasi Uljon va otasining onasi Ziyrak momo tomonidan erkalanib, Abay deb chaqirilar edi. Keyinchalik bu nom shoirning taxallusiga aylanib ketdi.
Abay dastlabki ma’lumotni ovulidagi mulla qo‘lida oldi, 12 yoshida Orenburgdagi madrasada o‘qidi. Shu davrdan boshlab u she’rlar yoza boshlagan, lekin otasidan cho‘chib, she’rlarini hech kimga ko‘rsatmaydi.
Abay 35 yoshlarida adabiyotga qaytadan kiradi, lekin bu davrda ham she’rlarini do‘stlarining nomidan chop ettirib yurdi. 1886 yilda «Yoz» she’rini birinchi marta o‘z imzosi bilan e’lon qilgan.
Buyuk shoir o‘z ijodida Yassaviy, Navoiy, Fuzuliy an’analarini davom ettirgan, Pushkin, Lermontov asarlarini qozoq tiliga tarjima qilgan.
U 1904 yil 6 iyulda vafot etdi.
Abay insonni komil ko‘rishni istardi, turkiy xalqlar tarixini yaxshi biladigan mutafakkir edi. U Navoiyni o‘zining buyuk ustozi deb bilgan.
Asarlari: «Iskandar», «Mas’ud» dostonlari, «Qorako‘z» falsafiy didaktik asari, «Qish», «Burgutchi», «Kuz» kabi she’rlari, «Azim kissasi» dostoni, «Naqliya so‘zlar» (44 hikoyatdan iborat) majmuasi va boshq.
Qoʻnonboyev Abay (Ibrohim), Abay [1845.10.8, Yettisuv viloyati Chingiztog' (hozirgi Abay) tumani — 1904.6.7] — qozoq yozma adabiyotining asoschisi, maʼrifatparvar shoir. Yettisuvdagi Ahmad Rizo madrasasida tahsil olgan. Sharq mumtoz adabiyotining Firdavsiy, Saʼdiy, Navoiy, Fuzuliy singari namoyandalari asarlarini oʻrgangan. Bu shoirlarning asarlaridagi dunyoviy gʻoyalar taʼsirida xalqni maʼrifatga undovchi sheʼrlar yoza boshlagan. q. dunyoqarashining shakllanishida Sharq mumtoz shoirlari bilan birga Yettisuvga surgun qilingan rus demokratlari va ular orqali Krilov, Pushkin, Lermontov, Tolstoy asarlari bilan tanishish muhim omil boʻlgan. Uning fikricha, koʻchmanchilik sharoitida yashab kelayotgan va shu tufayli urugʻ-urugʻlarga boʻlinib ketgan qozoq xalqi mentalitetidagi ayrim qusurlarni bartaraf etmay turib, ijtimoiy va madaniy taraqqiyotga erishish mumkin emas. Shu maqsadda maʼrifat va madaniyatni targʻib etuvchi, yaxshi insoniy fazilatlarni tarbiyalovchi didaktik yoʻnalishdagi asarlar yozishga katta eʼtibor bergan. U qozoq xalqini maʼrifatga, madaniyatga, insoniylikka undovchi 44 ta katta-kichik lavhalardan iborat "Naqliya soʻzlar" falsafiy hikoyasini yozgan.
Q Chernishevskiy va Dobrolyubov singari rus demokratlarining gʻoyalari, Arastu, Suqrot, Aflotun, hatto Gegelning falsafiy-didaktik qarashlari bilan ham tanishgan. Uning 200 dan ziyod sheʼr va 4 dostondan iborat adabiy merosida bu siymolar taʼsirida yozilgan asarlar oz emas q. "Iskandar" dostonida makedoniyalik Aleksandr obraziga murojaat etib, "Ajralganni boʻri yer" degan hikmatni tarqoq holda yashab kelayotgan vatandoshlari shuuriga quymoqchi boʻlgan.
Q.ning adabiy merosida "Masʼud", "Azim rivoyati", "Vadim" singari dostonlar ham alohida oʻrin egallaydi. Q. Shaxsan oʻzi sheʼriy ijod bilan shugʻullanibgina qolmay, farzandlarini ham adabiyot olamiga olib kirdi. Ulardan biri — Magʻaviyaga "Mengʻat Qosim", Oqilboyga esa "Qissai Yusuf" dostonlarining syujetini "sovgʻa qilib", shu asarlarning yozilishiga sababchi boʻlgan. q. ayni vaqtda doʻmbira chertib, oʻz sheʼrlariga kuylar ham bastalagan.
M.Avezov oʻz ijodiy umrining kattagina qismini Q.ning hayoti va ijodiy faoliyatini oʻrganishga sarflab, u haqda koʻp jildli "Abay yoʻli" epopeyasini yaratgan. Q.ning aksar asarlari oʻzbek tiliga Mirtemir va boshqa shoir, yozuvchilar tomonidan oʻgirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |