Bog'liq Korxonalar moliyaviy holatini reyting baholash va tahlil qilish111
Korxonalarning moliyaviy holatini reyting baholashning zaruriyati, tahlil maqsadi, mazmuni va vazifalar
Reyting so‘zi amaliyotga ingliz tilidagi “rating” so‘zidan kirib kelgan bo‘lib, “baholash, baho qo‘yish” ma’nosini anglatadi. Umumiy mazmunda reytingni ikki xil mazmunda mashhurlik va liderlik ma’nosida ishlatish mumkin. Mashhurlik, liderlik faqat subyektlargagina emas, balki korxonalarga, hududlarga va davlatlarga ham xos tushunchalardir.
Masalan, har yili turli xalqaro tashkilotlar, fondlar, institutlar ekspertlar guruhi tomonidan 100 dan ortiq ko‘rsatkichlar bo‘yicha alohida subyektlar, korxonalar va davlatlarning reytingi e’lon qilinmoqda. Ular qatoriga BMT, Jahon banki, turli jamoat tashkilotlarini, mashhur reyting agentliklarini kiritish mumkin.
“Mudis” xalqaro reyting agentligi, “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi; “Standard & Poor's”, “Forbes” va h.k. reyting agentliklar eng mashhur reyting agentliklari hisoblanadi.
Jumladan, “Moody's” va “Standard & Poor's”larning har biri jahon bozori reytingini 40 % ini nazorat qiladilar.
Jumladan, makro ko‘lamda davlatlarning reytingini aniqlash yuzasidan har yili turli ko‘rsatkichlar tizimi bo‘yicha baholashlar amalga oshirilmoqda va natijalari e’lon qilinmoqda.
- ijtimoiy rivojlanish darajalarini o‘zida aks ettiruvchi; (baxtli hayot indeksi, inson rivojlanish indeksi, o‘rtacha umr ko‘rish darajasi, aholining o‘sish darajasi, insonlarning baxtlilik darajasi, ijtimoiy rivojlanish darajasi, ta’lim darajasi, meditsina xizmatini ko‘rsatish darajasi, ekologik samaradorlik, yashash uchun eng qulay imkoniyatlar darajasini aks ettiruvchi);
- iqtisodiy rivojlanish darajalarini aks ettiruvchi (YaIM darajasi, aholi jon boshiga YaMM darajasi, biznes yuritishga qulay shart-sharoitlarning yaratilishi, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish darajasi, oziq-ovqat xavfsizligi darajasini aks ettiruvchi);
- siyosiy rivojlanish darajalarini aks ettiruvchi (tinchliksevarlik, qonun ustuvorligi, terrorizm xavfining yo‘qligi darajasini aks ettiruvchi);
- ilmiy texnikaviy rivojlanish darajasini aks ettiruvchi (ilmiy tadqiqot faolligi, patentlar olish, innovatsion rivojlanish darajalarini aks ettiruvchi);
- axborot kommunikatsion rivojlanish darajalarini aks ettiruvchi (elektron hukumatning rivojlanishi, internet tizimining joriy etilishi va uning tezligi, mobil aloqa tizimidan foydalanish darajalarini aks ettiruvchi);
O‘zbekiston dunyo davlatlari qatorida, biznes yuritishga yaratilgan shart-sharoitlar bo‘yicha, qonun ustuvorligi bo‘yicha, oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha, patentlar olish darajasi bo‘yicha, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha oldingi o‘rinlarda turadi.
Jumladan, Jahon banki hamda uning bo‘linmasi bo‘lgan Xalqaro moliya korporatsiyasi “Biznesni yuritish” hisoboti (Doing Business-2019-2020) natijalariga ko‘ra O‘zbekiston, biznesni yuritishga qulay imkoniyatlarning yaratilishi bo‘yicha O‘zbekiston eng yuqori o‘sish darajalariga erishayotgan, TOP-10 talik davlatlar qatoriga kiritilgan. Bu bevosita korxonalarning, iqtisodning ham rivoj topayotganligidan dalolat beradi.
“Biznesni yuritish”ga qulay shart-sharoitlarning yaratilishi bo‘yicha, tadqiqot natijalarida 10 ta muhim ko‘rsatkich, indikator sifatida tanlab olingan. Ushbu ko‘rsatkichlarga quyidagilar kiritiladi: korxonaning ruyxatga olinishi; qurilishga ruxsatnoma berilishi; energiya ta’minotiga ulanish darajasi; mulkga huquqni ro‘yxatga olinishi; kredit olish; minoritar investorlar himoyasi; soliqqa tortish darajasi; xalqaro savdo; shartnoma majburiyatlarini bajarilishi; to‘lovga noqobillikka ruxsat berilishi darajasi.
Bugungi kunda reyting amaliyotidan oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilimini baholashda, banklar reytingini chiqarishda, aktsionerlik jamiyatlarida, auditorlik tashkilotlari, sug‘urta agentliklari reytingini aniqlashda keng foydalanib kelinmoqda.
Reyting baholash korxonalar o‘rtasida turli belgilar bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin. Masalan, aktivlar hajmi bo‘yicha, tushum, foyda hajmi bo‘yicha, eksport hajmi va ishlovchilar soni bo‘yicha va h.k. Lekin korxonalar iqtisodiy va moliyaviy salohiyatida ushbu ko‘rsatkichlarning barchasi qamrab olinganligi sababli ularning moliyaviy holatini reyting baholash amaliyotidan keng foydalaniladi.
Korxonalar moliyaviy holatini reyting baholashning juda ko‘p metodik ishlanmalari tuzib chiqilgan. Albatta bu tabiiy xol. Negaki, barcha soha va bo‘g‘inlarning o‘ziga xos xususiyatlari mavjudki, ular uchun yagona normani belgilash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Korxonalar moliyaviy holatini baholashda qiymat, miqdor va boshqa birliklarni ajratish qiyin bo‘lganligi sababli ularni yagona bitta jihatga keltiruvchi nisbiy ifodalar asosida tasniflash mumkin bo‘lgan koeffitsiyentlar usulidan keng foydalanish mumkin.
Moliyaviy koeffitsiyentlar asosida moliyaviy holatning reyting bahosini aniqlash va uning natijalarini qiyosiy o‘rganish asosida nimaga erishish mumkin?
Bu jarayon birinchi navbatda hech bir tahlil turi beraolmaydigan natijani bilishga va undan korxonaning taktik va strategik boshqarishda foydalanish uchun zarur. Shu bilan birgalikda uning natijalari faqat ichki boshqaruv xodimlari uchungina emas balki ko‘proq tashqi qiziquvchilarning keng doirasi uchun ham ahamiyatlidir.
Reyting baholash korxonalarning reyting baholash mezonlari bo‘yicha bir-biriga nisbatan ustunligini belgilab beruvchi va o‘sib boruvchi yoki kamayib ketuvchi tarkibda ularning joylashgan o‘rnini ko‘rsatib beruvchi tartiblashdir. Bu baholash bir tizimga kiruvchi korxonalarning bo‘limlari o‘rtasida, alohida olingan korxonalar o‘rtasida ham amalga oshirilishi mumkin.
Bu borada albatta reyting bahosini aniqlashning etalon birliklari tanlab olinishi lozim. Moliyaviy holatni reyting baholashda eng muhim manba uning axborot ta’minoti masalasidir. Bunday axborot manbalari sifatida moliyaviy hisobotlar, statistik hisobotlar, soliq va bojxona hisobotlari va boshqa hisobot ma’lumotlari olinishi mumkin.
Reyting baholashlar mutlaq ko‘rsatkichlar orqali ham nisbiy ko‘rsatkichlarini jamlash orqali ham aniqlanishi mumkin.
Mutlaq ko‘rsatkichlar sifatida ko‘pincha mahsulot (ish va xizmat)lar hajmi, sotish hajmi, sof foyda, aktivlar hajmi, xarajatlar sarfi ko‘rsatkichlari olinadi. Ushbu ko‘rsatkichlarni jamlash, ranjirlash, ketma-ketlikda tuzib chiqish korxonalarning reyting bahosini chiqarishning umumbelgilangan tartib taomillari asosida amalga oshiriladi.
Bu holatlar turli faoliyat sohasiga tegishli bo‘lgan korxonalarni, ishlar mazmuni turlicha bo‘lgan korxonalarni taqqoslash imkonini bermaydi. Shu sababli ham ko‘pincha nisbiy ifodalar asosida aniqlanadigan, moliyaviy manbalari bir xil qoidalarda tuziladigan moliyaviy holatning koeffitsiyentlardagi ko‘rsatkichlaridan foydalangan holda reyting bahosini chiqarish tartiblaridan foydalaniladi.
Bunday ko‘rsatkichlar qatoriga korxonaning to‘lov layoqati, ish aktivligi, bozor aktivligi, mablag‘lar aylanuvchanligi, kapital tarkibini ifoda etuvchi moliyaviy koeffitsiyentlari kiritiladi.
Bitta ko‘rsatkich yoki belgi bo‘yicha korxonalarning ranjirlash va ularning liderlik va mashhurlik o‘rnini belgilash qiyin jarayon. Negaki, bitta ko‘rsatkichning ta’sir birliklari ikkinchi ko‘rsatkichning ta’sir birliklari hisoblanmaydi. Ya’ni bitta ko‘rsatkich bo‘yicha yaxshi natija ikkinchi ko‘rsatkich bo‘yicha yomon natijani umumiy baholashda hisobga olinmasligiga olib keladi. Shu bilan birgalikda bir necha ko‘rsatkichlar bo‘yicha ranjirlash qator qiyinchiliklar tug‘diradi.
Bu ta’sir birliklarini barchasini hisobga olish yuzasidan odatda matematik usullardan foydalaniladi. Ular qatorida eng mashhurlari va ommaviylashganlari taksometrik modellash, summalarni jamlash usuli, etalon usuli, kenglikni belgilash, omadli raqobatchini belgilash va boshqa usullar hisoblanadi.
Moliyaviy holatni reyting baholash maqsadi korxonalar moliyaviy holatini kompleks ko‘rsatkichlari tizimida mutlaq va nisbiy ifodalarda, oshkor etiladigan ma’lumotlar bazasiga tayangan holda davriy o‘rganish hamda ranjirlash orqali tarmoq, soha va xudud bo‘yicha o‘rnini belgilashdan iborat.
Moliyaviy holat bo‘yicha reytingni aniqlash quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
1. Ranjirlash amalga oshiriladigan ko‘rsatkichlar tizimini tanlash. Moliyaviy hisobot shakllari asosida aniqlanadigan va korxonaning turli faoliyat natijaviyliklarni aks ettiruvchi bunday ko‘rsatkichlar qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin: mulkiy holatni baholash imkonini beruvchi koeffitsiyentlar; likvidlik ko‘rsatkichlari, ish aktivligi, rentabellik ko‘rsatkichlari, moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlari.
2. Reyting baholash yuzasidan iqtisodiy birliklarni tanlab olish. Agar korxonalarning soha va tarmoq bo‘yicha reytingi aniqlash tahlil maqsadi qilib belgilangan bo‘lsa, bitta tarmoqqa va soha tegishli bo‘lgan turdosh korxonalargina tanlab olinadi.
Agar hudud va davlat bo‘yicha korxonalar reytingini aniqlash talab etiladigan bo‘lsa, bunda bir-biriga to‘la mos tushuvchi metodik yondashuvlardan foydalaniladi va bu jarayon bir qadar qiyin jarayon hisoblanadi. Bunda ko‘pincha ularni ish hajmi bo‘yicha joylashuviga muhim ahamiyat qaratiladi.Tanlov doirasi qanchalik kengayib borsa, ranjirlash va reytingni aniqlash qiyinlasha boradi.
3. Koeffitsientlarni tanlash. Koeffitsientlar barcha korxonalarda bir xil metodik asosda hisob-kitob qilinadi va ularning taqqoslash shartlariga to‘la amal etish lozim. Shuningdek ko‘rsatkichlarning faoliyat va tarmoq turlari bo‘yicha muhimlik darajasiga ham alohida ahamiyat qaratish va ularning muhimlik darajasiga ahamiyat qaratish zarur.
Masalan, savdo korxonasida ish aktivligini baholashda tovar oborot ko‘rsatkichi, xizmat ko‘rsatuvchi bo‘g‘in uchun rentabellik ko‘rsatkichi muhimligi kabi.
4. Tanlangan usullar asosida reyting baholashni amalga oshirish.
Moliyaviy holatni reyting baholash oldiga qo‘yiladigan vazifalar quyidagilardan iborat:
1. Analitik balans ma’lumotlari asosida korxonaning umumiy moliyaviy holatini baholash;
2. Qarz mablag‘laridan foydalanish samaradorligini moliyaviy leviridj asosida baholash;
3. Korxona moliyaviy barqarorligini mutlaq ko‘rsatkichlarda tahlil etish;
4. Moliyaviy koeffitsiyentlarni aniqlash va tahlil etish;
5. Moliyaviy natijalarni tahlil qilish;
6. Xulosa va takliflar tayyorlash.