Harakat tarzi kategoriyasining ichki bo’linishlari. Harakat tarzi shakllarining UGMsini ochishda, kategorial xususiyati va paradigmatik munosabatini oydinlashtirishga ularning tarkibli, ya’ni [qo’shimchaQfe’l leksema] tuzilishga ega ekanligi ham ma’lum darajada monelik qilishi tabiiy. Chunki bunda masalani murakkablashtiruvchi bir necha holat mavjud:
1) shaklda uni o’ziga biriktirayotgan leksemaning ham, ravishdosh shaklining ham, shuningdek, ko’makchi fe’lning ma’nolari ham qorishgan holda voqelanib, umumiy tarz ma’nosining ko’rinishini murakkablashtirishi;
2) harakat tarzi shaklini hosil qilishda ishtirok etayotgan ko’makchi fe’llar ma’nolarining mustaqil qo’llanishidagi lug’aviy ma’nolari bilan aloqasining mavjudligi va bu aloqaning turli daraja va ko’rinishda ekanligi;
3) ravishdosh ko’rsatkichining ham, ko’makchi fe’lning ham ma’noviy murakkabligi, serqirra mohiyatliligi harakat tarzi shaklining ham ko’p ma’noliligini keltirib chiqarishi va shaklni ayni bir ma’no ifodalovchi vosita sifatida muayyan paradigmaga kiritish imkoniyatining cheklanganligi.
Ma’lum bo’ladiki, harakat tarzi shakllari garchi “tarz” umumiy grammatik ma’nosi ostida birlashsa-da, ularni boshqa grammatik kategoriyalarda bo’lgani kabi, shakllardan kelib chiqqan holda paradigmatik tahlil qilish imkoni cheklangan. Shu boisdan harakat tarzi shakllari paradigmasi lisoniy tizim sifatida tahlilga tortilar ekan, “xususiylikdan umumiylikka” yo’nalishida emas, balki “umumiylikdan xususiylikka” tamoyili asosida ish ko’rmoq lozim bo’ladi.
Harakat tarzi shakllarining XGMlari ham bevosita nutq bilan bog’liq bo’lib, ular faqat nutqiy hosilalardagina o’zining XGMlarini yuzaga chiqaradi. Harakat tarzi shakllarining UGMsi esa bevosita kuzatishda berilmagan bo’lib, tayyorlik, umumiylik, majburiylik, barqarorlik kabi xususiyatga ega. Harakat tarzi shakllarining UGMsi xususiyliklarning umumiy xossalari sifatida mazkur xususiyliklarda yashaydi va ular orqaligina nutqda reallashadi.
Harakat tarzi shakllarining xususiylashuvi umumiy grammatik ma’noning muayyan xossalari asosida shakllanadi. Har qanday hodisa ko’plab mohiyatlar zarrasidan iborat bo’lganligi sababli, nutqda qo’llanilgan muayyan so’zshaklda turli UGMning XGMsi sifatida yuzaga chiqqan zarralar mavjud bo’lib, ular nutqiy alohidalik sifatida so’zshakllarda shunday zich birlashganki, ko’p holda ularni bir-biridan ajratish qiyin.
Miqdoran ellikdan ortiq shaklni o’z ichiga qamrab olgan harakat tarzi shakllari, aytilganidek, “tarz” umumiy grammatik ma’nosi ostida birlashadi. Bu umumiylik muayyan nutqiy qo’llanishgacha bir necha oraliq bosqichni bosib o’tadi. Birinchi bo’linishi ikki a’zoli bo’ladi:
a)“jarayonlilik”;
b)“qobiliyat”.
Ikkinchi bo’linish – oraliqlanishda “jarayonlilik” oraliq ma’nosi:
a)“ish-harakatning boshlanishi”;
b)“ish-harakatning davomiyligi”;
v)“ish-harakatning tugallanganligi” oraliqlanishlariga ega bo’ladi. “Qobiliyat” oraliq ma’nosi:
a)“qodirlik”;
b)“sinash” parchalariga bo’linadi.
O’z navbatida ikkinchi oraliq ma’nolar yana parchalanadi.
Ma’lumki, o’zbek tilida shu kungacha eng katta morfologik paradigma sanalgan zamon kategoriyasi 18 a’zodan iborat. Hajman undan-da katta bo’lgan, qariyb 50 ga yaqin a’zoni o’z ichiga olgan harakat tarzi shakllari paradigmasini “tarz” umumiy grammatik ma’nosi ostida birlashtirish mumkin.
Harakat tarzi kategoriyasi fe’l tasniflovchi kategoriyalari sirasida nisbat va bo’lishli-bo’lishsizlikdan keyin joylashadi. Chunki fe’lning bu kategoriyaga munosabati doimiy emas. Aniqrog’i, barcha fe’llarda tarz ma’nosidan biri voqelanishi shart emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |