1.2.Bolalar psixologiyasi fanining boshqa fanlar bilan aloqasi.
Bolalar psixologiyasi predmetining muhim tomonlaridan biri - turli yoshdagi bolalarda sezgi, idrok, diqqat, xotira, nutq, tafakkur, hissiyot, xayol va iroda kabi psixik jarayonlarining namoyon bo’lishi, taraqqiy etishi hamda takomillashuvining qonuniyatlarini o’rganishdan iboratdir. Bolalar psixologiyasi bola shaxsiy psixologik xususiyatlarini qanday tarkib toptirishni chuqur tahlil qiladi. Bunda bolalar psixologiyasini bolalar shaxsining tarkib topishiga faol ta’sir etuvchi omillar qiziqtiradi.
Ma’lumki, bola shaxsi va uning psixologik xususiyatlari qandaydir tasodifiy omillarning tartibsiz ta’sir etishi natijasida emas, balki muayyan aniq omilning qonuniy ta’sir etishida tarkib toptiradi. Ana shu muhim qonuniy tarzda ta’sir qiladigan omillarni ochish va isbotlash bilan bolalar psixologiyasi shug’ullanadi.
Bolalar psixologiyasi o’zining murakkab predmetini o’rganishda falsafaga tayanadi. Ma’lumki, tabiat va jamiyatdagi narsa hamda hodisalar taraqqiyotining eng umumiy qonuniyatlarini o’rganadi, hamda inson ongining ijtimoiy hayotga bog’liqligini isbotlab beradi.
Tabiat va jamiyat taraqqiyotining umumiy qonuniyatlaridan xabardor bo’lish bolalar psixologiyasiga bolalar psixik taraqqiyotini o’rganishda va «tabiiy zot» bo’lib tug’ilgan bolaning inson ijtimoiy tajribasini egallab, shaxs bo’lib yetishini o’rganish to’g’ri yo’l topishga yordam beradi.
Bolalar psixologiyasi o’z predmetini o’rganishda umumiy psixologiyaning inson psixikasi xaqida qo’lga kiritilgan yutuqlariga asoslanadi. Masalan, umumiy psixologiyaning psixik jarayonlar, psixologik xolatlar, inson shaxsi va uning faoliyati xaqidagi ta’limotlardan to’g’ridan-to’g’ri foydalanadi. O’z navbatida, umumiy psixik holat ham bolalar psixologiyasining yutuqlariga asoslanadi.
Bolalar psixologiyasi anatomiya va fiziologiya fanlari tomonidan qo’lga kiritilgan yutuqlardan ham keng foydalanadi. Bunda bolalar psixologiyasi, xususan bolalar nerv sistemasi va oliy nerv faoliyatining ma’lumotlaridan foydalanadi. Bolalar nerv sistemasining normal taraqqiyoti va normal ishlashi bola psixikasi rivojlanishining muhim shartlaridandir. Shuning uchun psixolog mutaxassislar bola nerv sistemasining taraqqiyoti masalalari bilan bevosita tanish bo’lishlari lozim.
Bolalar psixologiyasi pedagogika fani bilan xam yaqin alokadadir. Pedagogika fani yoshlarga ta’lim-tarbiya berish va ularni har tomonlama barkamol tarzda rivojlantirish haqidagi fandir. Bolalar psixologiyasi ta’lim-tarbiyaning maqsadi, yo’l-yo’riqlari va vazifalariga doir fikrlarni pedagogika fanidan oladi, hamda unga yaqindan yordam beradi.
Bolaning aqliy taraqqiyoti qonunlaridan xabardor bo’lish turli yoshdagi bolalar bilan ta’lim-tarbiya ishlarini to’g’ri tashkil qilish imkoniyatini beradi.
Bolalar psixologiyasi bolalar gigiyenasi, bolalardagi kasalliklarni o’rganuvchi pediatriya bilan ham bog’liqdir. Bu fan bolalar psixologiyasi namoyondalariga bolalar psixik taraqqiyotining normal borayotganini chuqurroq bilish va normal taraqqiyotda burilish sabablarini aniqlash imkonini beradi. Bolalar psixologiyasi esa, o’z navbatida, bolalarning normal psixik taraqqiyotini aniqlab berish bilan birga shifokorlarning bola psixologiyasini yanada yaxshiroq tushunib olishlariga yordam beradi.
Bolalar psixologiyasi bola shaxsi va shaxsiy psixologik xususiyatlarning tarkib topishini o’rganishda (bir qator) bolalar adabiyotidan, xususan, avtobiografik asarlardan keng foydalanadi. Shunday qilib, bolalar psixologiyasi bolalarning murakkab psixik jarayonlari va shaxsiy psixologik xususiyatlarini o’rganishda bir qator fanlarning qo’lga kiritgan yutuqlaridan foydalanadi va ularga yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |