Reja: kirish asosiy qism bog‘langan qo‘shma gaplarning formal -sintaktik talqini. Qo‘shma gaplarning formal-funksional talqini. Jahon tilshunosligida qo’shma gaplar talqini. Xulosa foydalanilgan adabiyotlar kirish


Jahon tilshunosligida qo’shma gaplar talqini



Download 82,17 Kb.
bet5/6
Sana11.02.2023
Hajmi82,17 Kb.
#910254
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
Zarnigor

3. Jahon tilshunosligida qo’shma gaplar talqini.
Tilshunoslik fanida qo`shma gap mavzusi azaldan muammoli bo`lib keldi va bugungi kunda ham uni muammolardan xoli deb bo`lmaydi. Buning asosiy boisi shundaki, qo`shma gap fikr ifodasi sintaktik shaklining eng yuqori va murakkab pog`onalaridan birini tashkil etadi.
Jahon tilshunosligida qo`shma gap talqiniga bag`ishlangan ilmiy-monografik tadqiqotlar ko`p bo`lishiga qaramay, bu sohada hali yechilmagan jumboqlar anchagina ko`rinadi. Ular jumlasiga qo`shma gap tarkibiy qismlarining nomlanishi, ularning tub strukturaga munosabati,tarkibiy qismlarning o`zaro bog`lanishini ta`minlovchi grammatik va ekstralingvistik omillarning funksional salmog`ini aniqlash, qo`shma gapning ustpredikativ belgisi, uning sintaktik derivatsiyasiga taalluqli muammolarni va, umuman, «qo`shma gap» terminining qo`llanilishi bilan bog`liq ko`plab munozarali masalalarni kiritish mumkin.
Qo`shma gap komponentlarining munosabati turlarini o`rganish XX asrning yigirmanchi yillarida tilshunoslik fanida asosiy mavzulardan biri bo`ldi va bu sohada tilshunoslar o`rtasida ilmiy bahs va munozaralar boshlandi. Bunday munozaralarning boshlanishiga, masalan, rus tilshunosligida, M.N.Petersonning «Ocherk sintaksisa russkogo yazika» nomli asarida qo`shma gap xaqida bildirilgan mulohazalari sabab bo`ldi. M.N.Peterson qo`shma gap tarkibiy qismlarining tobe va teng bog`lanishi xususida tilshunoslar tomonidan aytilayotgan fikrlarning g`oyat chalkash va chuqur ilmiy asosga ega emasligini ta`kidlaydi va quyidagilarni yozadi: «Mavjud kriteriyalar bosh gapni tobe gapdan, shuningdek, ergash bog`lanishni teng bog`lanishdan farqlash uchun asos bo`lolmaydi. Demak, ergash va teng bog`lanish tushunchalarida lingvistik ma`no yo`q».
M.N.Peterson nafaqat komponentlari teng bog`lanishli, balki tarkibiy qismlari ergash bog`lanishli qo`shma gapning ham mavjudligini inkor etadi. Uning fikriga ko`ra, qo`shma gapga taalluqli sintaktik tadqiqotlarda teng va ergash bog`lanishlar xususida emas, balki so`z birikmalarining o`zaro munosabati haqida mulohaza yuritish lozim. Bu o`rinda, albatta, so`z birikmasi keng ma`noda tushuniladi va gapning ham so`zlarning o`zaro birikuvidan tashkil topishi nazarda tutiladi.
Masalaning bunday qo`yilishi, albatta, tilshunoslardan javob kutardi. Mazkur tanqidiy mulohazaga birinchilardan bo`lib A.M.Peshkovskiy izoh beradi va teng hamda ergash bog`lanish tushunchalarining zamirida lingvistik ma`no borligini atroflicha yoritib berishga harakat qiladi. Olim teng bog`lanish asosida shakllanuvchi bog`langan qo`shma gaplar tobe bog`lanish asosida shakllanuvchi ergash gapli qo`shma gaplardan birinchi galda bog`lovchi vositalar orqali farqlanishini va mazkur vositalarning qo`shma gap strukturasidagi sintaktik o`rinlari ham o`ziga xosligini alohida ta`kidlaydi. Bunda teng bog`lovchi bog`langan qo`shma gapning har ikki tarkibiy qismida takroran qo`llanishi yoxud tarkibiy qismlar oralig`ida kelishidan qat`i nazar, biror tarkibiy qismning muchasi sanalmasligini, ergashtiruvchi bog`lovchi esa ergash gapning nafaqat ritmik nuqtai nazardan, balki uning organik tuzilishi jihatidan ham ajralmas qismi ekanligini to`g`ri eslatadi.
O`zbek tilshunosligida ham sintaktik muammolar talqiniga ta`siri kuchli bo`lgan A.M.Peshkovskiyning «Russkiy sintaksis v nauchnom osveshenii» nomli asarining ham katta bir qismi bog`langan, bog`lovchisiz va ergash gapli qo`shma gaplar tahliliga bag`ishlanadi. Bu asarda rus tilshunosligida bog`langan hamda ergash gapli qo`shma gaplarning lingvistik mohiyatini ochib berishga harakat qilinganini ko`ramiz. A.M.Peshkovskiyning eng muhim xulosalaridan yana biri shunda ko`rinadiki, u qo`shma gap xususida so`z yuritganida ohangni til unsuri hisoblanuvchi bog`lovchi bilan hech qachon tenglashtirib bo`lmasligini, ohang bunda yordamchi vosita ekanligini to`g`ri ta`kidlaydi.
A.M.Peshkovskiy qo`shma gap tushunchasining ba`zi g`aliz tomonlari borligini eslatadi va bu haqda quyidagilarni yozadi: «U bir necha gapni bir gap deb atagani uchun turli anglashilmovchiliklarga sabab bo`lmoqda».
A.M.Peshkovskiy bog`langan va ergashgan qo`shma gaplarni teng va ergash bog`lanishli so`z birikmalariga o`xshatadi, zotan, mazkur birikmalarning ham birinchisining komponentlari munosabatlari teng huquqlilikka, ikkinchisiniki esa ergash bog`lanishga asoslanadi. Bundan tashqari, olim o`z tadqiqotlarida bog`lovchisiz qo`shma gaplar tabiati xususida ham so`z yuritadi va ularni qo`shma gapning alohida bir turi sifatida tavsiflaydi.
A.M.Peshkovskiy, garchi o`z tadqiqotlarida qo`shma gap tushunchasini asoslab berishga uringan bo`lsa ham, aslida «qo`shma gap» terminiga qarshi edi. Uning fikriga ko`ra, til birliklari o`z-o`zi bilan qorishib yangi pog`onani hosil qila olmaydi.Masalan, morfema tarkibiga ikkinchi morfema, so`z tarkibiga ikkinchi so`z sig`maydi. Demak, gap tarkibiga ham ikkinchi gap sig`maydi.
Darhaqiqat, til sistemasining asosiy birliklari munosabatiga e`tibor berganimizda ham, fonemaning faollashuvi morfema sathida, morfema aktualizatsiyasi so`z doirasida, so`zning real qo`llanishi esa gap qolipida iyerarxik (pog`onali) tarzda voqelanishini ko`ramiz. Bu, o`z navbatida, A.M.Peshkovskiyning «qo`shma gap» termini xususidagi e`tirozi asosli ekanini ko`rsatadi. Chunki har bir til birligining qo`llanishi (faollashuvi) o`zidan katta birlik og`ushida amalga oshadi. Demak, gapning faollashuvi gap sathida emas, balki mikro- yoxud makromatn tarkibida sodir bo`ladi. Ana shu nuqtai nazardan «qo`shma gap» terminining nechog`lik to`g`ri yoki noto`g`ri ekanligini chuqur ilmiy mushohada yuritib o`ylab ko`rishga to`g`ri keladi.
Nemis tilshunosi, yosh grammatikachilar maktabining yirik vakillaridan biri X.Paul bog`langan qo`shma gapni parataktik qurilma deb ataydi va bunday qurilma komponentlari biri ikkinchisini aniqlamasligini, balki har ikkalasi ham bir-birini aniqlashini ta`kidlaydi. Bunda, albatta, u qo`shma gap parataktik xarakterda bo`lganda komponentlarining o`zaro tenglik asosida birikuvini nazarda tutadi.
Hozirgacha mavjud lingvistik adabiyotlarda qo`shma gaplar grammatik shakli va komponentlarining munosabatiga qarab bog`lovchisiz, bog`langan va ergash gapli qo`shma gaplarga bo`lib o`rganilayotganini kuzatamiz. Ammo mazkur ishimizning mavzusi teng komponentli murakkab sintaktik qurilmalar bilan bevosita bog`liq bo`lgani uchun quyida, asosan, qo`shma gapning bog`lovchili va bog`lovchisiz turlari xususida mulohaza yuritamiz.
Akademik V.V.Vinogradovning fikriga ko`ra, qo`shma gapning, shu jumladan, bog`langan va bog`lovchisiz qo`shma gaplarning ham tarkibiy qismlari struktur-sintaktik va mazmuni jihatlaridan bir-biri bilan aloqada bo`ladi.Bog`langan qo`shma gap tarkibiy qismlari, ergash gapli qo`shma gap tarkibiy qismlaridan farqli ravishda, teng bog`lanishli, teng munosabatli ko`rinsa-da, bu tarkibiy qismlarning faqat birinchisini erkin qurilishli deb hisoblash mumkin, ikkinchisi struktur ko`rinishi hamda sintaktik holatiga ko`ra birinchisiga qandaydir ma`noda tobe bo`ladi. Bog`lovchisiz qo`shma gap tarkibiy qismlari esa ritm hamda melodik vositalar, leksik unsurlar ishtirokida aloqaga kirishadi va bunda ham analogik vaziyat kuzatiladi.
Bizningcha, V.V.Vinogradovning mazkur fikri ancha asoslidir. Chunki bog`langan va bog`lovchisiz qo`shma gaplar komponentlarining o`zaro semantik va sintaktik munosabatlari shundan dalolat beradi. Bu, ayniqsa, qo`shma gapning kommunikativ vazifa bajarishida aniqroq namoyon bo`ladi.Biroq V.Vinogradov tomonidan qo`llangan «tobelik» tushunchasini ayni paytda ergash gapning bosh gapga tobelik darajasi bilan tenglashtirmaslik lozim.
Qo`shma gap ikki yoki undan ortiq sodda gaplarning mexanik tarzdagi birikuvini emas, balki muayyan kommunikativ vazifa bajarilishi uchun xizmat qiluvchi shakliy va mazmuniy butunlikni tashkil etgan sintaktik qurilmalar birikuvini taqozo etadi. Shu bois qo`shma gap o`ziga xos murakkab shakl, ma`no hamda ohang butunligi mahsuli sanaladi.
Rus olimi A.G.Rudnevning fikriga ko`ra, bog`langan qo`shma gaplar ikki yoki undan ortiq mustaqil sodda gaplarning tenglik asosida birikuvidan tashkil topadi. Bizningcha, bu mulohaza bilan qo`shilish qiyin.Sodda gaplarning mustaqilligi to`g`risida faqat bu gaplar qo`shma gap tarkibiga kiritilishidan avval gapirish mumkin. Ular qo`shma gap tarkibiga kiritilgach, biri ikkinchisi bilan ma`no va grammatik jihatdan bog`langan bo`ladi. Bu esa, o`z navbatida, bog`langan qo`shma gap tarkibiy qismlarining nisbiy mustaqilligidan dalolat beradi. Shu bois «teng komponentli» tushunchasini ham nisbiy deb bilmoq lozim.
Biroq A.G.Rudnev bog`langan qo`shma gaplar komponentlarining o`zaro bog`liqligi quyidagilarga asoslanishini to`g`ri ko`rsatadi:
1.Ular bir paytda sodir bo`layotgan voqea-hodisa ifodasiga ko`ra o`zaro bog`langan bo`ladi.
2.Zamon oqimida ketma-ket ro`y berayotgan voqea-hodisa voqelanadi.
3.Ikkinchi komponent birinchisida berilayotgan xabarning natijasi bo`lishi mumkin.
4.Ro`y berayotgan voqea-hodisalar ma`nolari o`zaro zid bo`ladi.
5.Hodisalar voqelanishining galma-galligi kuzatiladi. Bunda qo`shma gap komponentlari munosabati ayiruv bog`lovchilariga asoslanadi.
6.Ikkinchi komponent birinchisida voqelanayotgan xabarning alohida ta`kidlanishi uchun xizmat qiladi.
A.G.Rudnev bog`lovchisiz qo`shma gaplar qo`shma gapning alohida turi emasligini, ular yo bog`langan, yoki ergash gapli qo`shma gaplarning bog`lovchi vositalar ishtirok etmagan ko`rinishini taqozo etishini alohida ta`kidlaydi. Olimning fikriga ko`ra, bog`lovchisiz munosabat qadimda ham, hozir ham mustaqil ma`noga ega bo`lmagan.
Bizningcha, bu o`rinda A.G.Rudnevning fikri bilan qo`shilish qiyin. Zotan, bog`lovchisiz qo`shma gapni mustaqil ma`noga ega emas deb bo`lmaydi va shu bois uni bog`langan yoki ergash gapli qo`shma gapning bog`lovchisiz turi tarzida talqin etish masala tavsifini ancha chigallashtiradi.
A.N.Gvozdev tilshunoslikda qo`shma gaplarni bog`langan va ergash gapli deb ataluvchi turlarga bo`lish XIX asrlarda kun tartibiga qo`yilganligini, ammo buning ilmiy asoslanishi hanuzgacha mukammal talqin etilmaganligini aytadi. A.N.Gvozdev mazkur tasnifni ilmiy asoslash uchun bog`langan va ergash gapli qo`shma gaplarning har birining o`ziga xos sintaktik xususiyatlarini puxta o`rganish lozimligini ta`kidlaydi va faqat shu orqali ularning alohida grammatik kategoriyalar sanalishi mumkinmi yoki yo`qmi ekanligini dalillasa bo`ladi, degan xulosaga keladi.
A.N.Gvozdevning fikriga ko`ra, bog`langan qo`shma gaplar bilan ergash gapli qo`shma gaplarning asosiy tafovuti ularning sintaktik strukturalarida, bog`lovchi vositalarda ko`zga tashlanadi. Bog`langan qo`shma gaplarda ham uyushiq bo`laklarda ko`zga tashlanadigan sintaktik vositalar kuzatiladi va ular tarkibida qo`llanadigan bog`lovchilar ham bir xildir. Shu bois bog`langan qo`shma gaplar komponentlari munosabatlari, gapning uyushiq bo`laklarida bo`lganidek, biriktiruvchi, zidlovchi va ayiruvchi ma`nolarni taqozo etadi. Bundan tashqari, A.N.Gvozdev bog`langan qo`shma gaplarda bog`lovchi vosita tarkibiy qismlarining birortasiga taalluqli emasligini va u ikki komponentning oralig`ida sintaktik o`rinlashuvini, ergash gapli qo`shma gaplarda esa bog`lovchi yoki uning o`rnida qo`llanilgan grammatik vosita ergash gap tarkibida kelishini ta`kidlaydi.
A.N.Gvozdev bog`lovchisiz qo`shma gaplar haqida gapirganida, ularning hozirgi tilshunoslikda munozarali ekanligini, zotan, bunday qo`shma gaplar tarkibiy qismlari munosabati ergash bog`lanishga asoslanishi ham mumkinligini aytadi.
Ko`rinadiki, A.N.Gvozdev ham bog`lovchisiz qo`shma gaplar tarkibiy qismlari ergash bog`lanishga asoslanishi mumkinligini ta`kidlab masala tavsifini ancha chigallashtiradi.
V.G.Admoni bog`langan qo`shma gap xususida mulohaza yuritar ekan, uning tarkibiy qismlarini mustaqil sodda gaplar bilan qiyoslaydi va biri ikkinchisi bilan mazmunan zich bog`langan mustaqil qo`llanilgan sodda gaplar bilan bog`langan qo`shma gap tarkibida faollashgan sodda gaplar o`rtasidagi farq nisbiy ekanligini ta`kidlaydi. V.G.Admonining ko`rsatishicha, mustaqil qo`llangan sodda gaplar grammatik jihatdan avtosemantik xarakterga ega ekanligi, bog`langan qo`shma gap tarkibiy qismlari tarzida kelayotgan sodda gaplar grammatik jihatdan sinsemantik sifatga ega ekanligi ular o`rtasidagi asosiy farqlardan biri sanalishini aytadi. Olim bog`langan qo`shma gap komponentlarining sinsemantik belgilari quyidagilarda ko`rinishini eslatadi: 1. Grafik rejada. 2. Ritmik-intonatsion rejada. 3. Mantiqiy-grammatik rejada.
Bizningcha, bu o`rinda V.G.Admoni fikrida ba`zi g`alizliklar ko`zga tashlanadi. Buni birinchi galda «avtosemantika» va «sinsemantika» terminlarining qo`llanilishida qayd etish mumkin. Boshqacha aytganda, gapning avtosemantik yoki sinsemantik xarakterda bo`lishi grammatik jihatdan emas, balki semantik jihatdan belgilanadi. Bu nuqtai nazardan «avtosemantika» termini aksariyat hollarda, mustaqil sodda gaplardan tashqari, bog`langan va bog`lovchisiz qo`shma gap komponentlariga bevosita taalluqlidir, zotan, ularning har biri mazmuniga ko`ra nisbiy mustaqil bo`lishi mumkin. Ana shu jihatdan bog`langan qo`shma gap komponentlari ergash gapli qo`shma gap komponentlaridan semantik strukturasiga ko`ra farqlanadi.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda, bu o`rinda shuni ham aytish lozimki, ergash gapli qo`shma gap komponentlari sinsemantik xarakterda bo`ladi. Bu haqda YE.V.Guliganing «Hozirgi nemis tilida qo`shma gaplar nazariyasi» monografiyasidan kerakli ma`lumotlarni olish mumkin.
Avtosemantik va sinsemantik gaplar xususida N.S.Valgina ham asosli ma`lumot beradi. Unga ko`ra, bog`langan qo`shma gap komponentlarining teng huquqlililik asosida bog`lanishi sintaktik sathda ko`rinadi, mazmuniy nuqtai nazardan esa ular nisbiy mustaqildir, zotan, har ikki komponent bir-biriga bog`liqdir. Bog`langan qo`shma gap qismlarining mazmunan nisbiy mustaqilligi ularning avtosemantik xarakterda ekanligidan dalolat beradi. Bunday vaziyatda qismlarning har biri leksik nuqtai nazardan to`liq, bekami-ko`st bo`ladi va shu bois ular mustaqil qo`llanilishi mumkin bo`lgan sodda gaplarni taqozo etadi.
Bog`langan qo`shma gapning birinchi komponenti avtosemantik tarzda, ikkinchisi esa sinsemantik xarakterda bo`lishi ham mumkin. Chunki ko`p paytlarda ikkinchi komponent mazmuniga ko`ra birinchi komponentga uzviy bog`langan holda voqelanadi. Ba`zan esa qo`shma gapning birinchi komponenti ham leksik jihatdan to`liq emasligi kuzatiladi. Bu esa, o`z navbatida, uning mazmunan nisbiy mustaqil bo`lishiga monelik qiladi.
N.Valgina bog`lovchisiz qo`shma gaplar o`tgan asrning 5O-yillaridan boshlab mustaqil tur sifatida o`rganilayotganini aytadi va bunday qo`shma gap tarkibiy qismlari, asosan, intonatsiya, fe`l-kesimning grammatik shakli yoki so`z tartibi vositasida munosabatga kirishishini ta`kidlaydi.
Aytish lozimki, N.Valgina bog`langan qo`shma gap qismlarining avtosemantik va sinsemantik xarakteri haqida ilmiy e`tiborga molik fikr aytgan bo`lsa ham, bog`lovchisiz qo`shma gaplarning sintaktik tabiati xususida biror yangi fikr bildirmaydi.
V.A.Beloshapkovaning mas`ul muharrirligida chop etilgan «Hozirgi rus tili» darsligida bog`langan qo`shma gaplar teng bog`lovchili so`z birikmalariga qiyosan o`rganiladi va bu haqda quyidagi mulohazalar bildiriladi: «Qo`shma gap komponentlari o`rtasidagi teng bog`lanish tarkibiy qismlari teng munosabatli bo`lgan so`z birikmalaridagi bog`lanish bilan mushtarakdir. So`z birikmalari (so`z formalari) va qo`shma gap sathida (predikativli birliklar) o`zaro bog`lanayotgan komponentlar bir xil sintaktik vazifa bajaradi».
Ko`rinadiki, bu o`rinda komponentlari teng bog`lanishli bo`lgan so`z birikmasi bilan bog`langan qo`shma gap sathidagi sintaktik munosabat aynan bir xil deb ko`rsatiladi. Biroq bu fikr bilan to`lig`icha qo`shilish qiyin, chunki bog`langan qo`shma gap komponentlarining sintaktik shakllanishi alohida tub strukturalarga asoslanishi sababli ular o`rtasidagi sintaktik bog`lanish ham o`ziga xoslikka egadir. So`z birikmasi esa har doim hosila qurilmani taqozo etadi, unga tub struktura begonadir. Bundan tashqari, yuqoridagi fikrda ta`kidlangan sintaktik vazifalar bir xil ekanligi ham ilmiy asoslanmagan. Biroq mazkur darslikda bog`lovchisiz qo`shma gaplar taqozo etadigan sintaktik sistema ko`p jihatdan hali ilmiy izohlarga ehtiyojli ekanligi, ularning tadqiqi tilshunoslik fani oldida turgan galdagi vazifalarni taqozo qilishi to`g`ri qayd etiladi.
A.P.Komarovning mulohazasiga ko`ra, bog`langan qo`shma gap komponentlari o`rtasida mantiqiy bog`lanish mavjudligi sababli, bunda kuzatiladigan sintaktik aloqa kuchsiz bo`ladi. Ergash gapli qo`shma gap komponentlarining o`zaro munosabati esa predmetga asoslanadi (predmetnaya svyaz). Bunda mantiqiy bog`lanish kuzatilmaydi. Lekin A.P.Komarov bu bilan logik bog`lanish faqat bog`langan qo`shma gap komponentlari uchun, predmetga asoslangan munosabat ergash gapli qo`shma gaplar uchun xarakterli degan xulosaga kelmaslik kerakligini, bunda qat`iy korrelyatsiya (chegara) yo`qligini ham ta`kidlaydi.
YE.A.Referovskayaning ilmiy mushohadalariga ko`ra, bog`langan qo`shma gap komponentlari ma`no jihatdan o`z mustaqilligini saqlaydi. Ularning o`zaro bog`lanishi natijasida qo`shma gapning umumiy mazmuniy salmog`i shakllanadi. Demak, bog`langan qo`shma gapning mazmuni har doim ikki xabar ifodasining majmuini taqozo etadi.
YE.A.Referovskayaning fikri bilan qo`shilish mumkin.Lekin, shuni ham aytish kerakki, bog`langan qo`shma gap komponentlarining mustaqilligi semantik jihatdan ham, sintaktik jihatdan ham nisbiydir.
YE.A.Referovskaya bog`langan qo`shma gaplarni bog`lovchisiz qo`shma gaplardan keskin farqlash lozimligini aytadi. Olimning fikriga ko`ra, bog`langan qo`shma gaplarning tarkibiy qismlari mazmunan yagona bir butunlikni tashkil etadi, bog`lovchisiz qo`shma gaplar komponentlari esa bunday imkoniyatdan mahrumdir.
Bizningcha, YE.A.Referovskayaning mazkur fikriga ijobiy yondashib bo`lmaydi. Negaki, nafaqat bog`lovchisiz qo`shma gaplarda, balki qo`shma gaplarning barcha turlarida ham umumiy mazmun ifodasi kuzatiladi.
Fransuz tilshunosi J.Antuan teng bog`lanish muammosini talqin etishga o`zining ikki jildli monografiyasini bag`ishlaydi. Asarning birinchi jildida muallif mavzuga oid lingvistik adabiyotlar tahlilini beradi, ikkinchi jildida esa bog`langan qo`shma gaplarning semantik va sintaktik rejalar asosidagi talqini o`z aksini topadi.
J.Antuan bu asarida bog`langan qo`shma gapni mantiqiy reja zamirida o`rganish lozimligini tavsiya etgan tilshunoslar fikriga qo`shilmaydi va teng bog`lanish tushunchasining mantiq bilan aloqador emasligini, ergash bog`lanishning esa mantiq nuqtai nazaridan izohlanishi mumkinligini aytadi. J.Antuan teng bog`lanishning asosiy belgisi qo`shma gap komponentlarining o`zaro muvozanat holati ekanligini ta`kidlaydi.
J.Antuanning bog`langan qo`shma gap komponentlarining o`zaro tenglik asosida bog`lanishini (bog`langan va bog`lovchisiz qo`shma gaplarni ) mantiqiy nuqtai nazardan izohlash noo`rinligi haqidagi fikri bilan qo`shilish mumkin, biroq ergash bog`lanishning mantiq bilan bog`liqligi xususidagi mulohazasi, bizningcha, izohtalabdir. To`g`ri, tilshunoslik fani mantiq bilan uzviy bog`liqdir. Ammo bundan mantiqiy qonun-qoidalar bilan tilshunoslik qonun-qoidalari mushtarakdir, degan xulosaga kelib bo`lmaydi, zotan, tilshunoslik fanining til sistemasi unsurlarining faqat o`z doirasida amal qiladigan qonun-qoidalari mavjuddir. Aniqrog`i, lingvistik hodisalarning semantik tahlili mantiqiy qoidalar bilan hisoblashishi lozim bo`lca-da, ularning formal-sintaktik tahlili sof lingvistik qoidalarga tayanishi darkor. Aks holda, mantiq bilan tilshunoslik fanlari o`rtasidagi chegara buziladi. 5
Turk tilshunosi prof. Leyla Karaxan bog`langan qo`shma gapning komponentlari quyidagi vositalar orqali o`zaro munosabatga kirishuvini ko`rsatadi: ve, veya, da, ne, fakat, ama, läkin, halbuki, meĝer. Olim bog`langan qo`shma gapning har bir komponenti mustaqil jumlani taqozo etishini va ular mazmunan bog`lovchi vositalar orqali aloqada bo`lishini ta`kidlaydi:
Hava bulutlu ve durduĝumuz tepe rüzgârli idi. Gönlümle oturdum da hüzünlendim o yerde. Ne doĝan güne hükmüm geçer, ne hâlden anlayan bulunur.
Ko`rinadiki, L.Karaxan bog`langan qo`shma gap komponentlarini mutlaqo mustaqil jumlalar tarzida talqin etadi. Bizningcha, ularni nisbiy mustaqil jumlalar sifatida izohlash maqsadga muvofiq bo`lar edi, zotan, umumiy bir ma`no ifodasini berish uchun birikkan jumlalar qandaydir tarzda mustaqilligini yo`qotadi.
Turk tilshunosi Tahsin Bangu o`g`lu bog`lovchisiz va bog`lovchili qo`shma gaplarni alohida turli qo`shma gaplarga ajratmaydi va ularni umumlashtirib, bog`langan qo`shma gap nomi bilan ataydi. Bog`lovchisiz qo`shma gaplar bunda biriktiruv (ulama) jumlalar sirasiga kiritiladi va biriktiruv bog`lovchili qo`shma gaplar qatorida tahlil etiladi.
A.N.Baskakov turk tilida bog`lovchisiz bog`langan qo`shma gaplarni ikki yoki undan ortiq sodda gaplarning intonatsiya vositasida birikuvidan tashkil topgan mazmuniy butunlik sifatida talqin etadi. Bunda, olimning fikriga ko`ra, qo`shilayotgan sodda gaplar mazmunidan farqlanuvchi yangi ma`no vujudga keladi. Bizningcha, A.Baskakovning mazkur fikri e`tiborga molikdir, zotan, qo`shma gapning har qanday turida ham komponentlari mazmunidan kelib chiqadigan yangi bir mazmuniy butunlik shakllanadi.
Biroq, shuni ham aytish lozimki, turk tilshunosligida bog`langan qo`shma gapning har bir komponenti mustaqil ega va kesimga ega bo`lishi masalasiga e`tibor berilmaydi.
Hozirgi o`zbek tilshunosligida bog`langan va bog`lovchisiz qo`shma gaplarning har biri qo`shma gapning alohida turi sifatida o`rganiladi va ularning ergash gapli qo`shma gaplardan farqlanuvchi tomonlari ko`rsatib beriladi. Jumladan, bog`langan qo`shma gaplarni ergash gapli qo`shma gaplardan farqlovchi asosiy vosita teng bog`lovchilar va yuklamalar ekanligi alohida qayd etiladi. Bu haqda «O`zbek tili grammatikasi»ning akademnashrida quyidagilarni o`qiymiz: «Bog`langan qo`shma gapni boshqa qo`shma gap konstruksiyalaridan farqlab turuvchi asosiy grammatik belgi ularni tashkil etgan qismlarni bir-biriga bog`lovchi teng bog`lovchilar va yuklamalardir». Bog`langan qo`shma gap komponentlari shaklan mustaqil, mazmunan esa o`zaro bog`langan bo`ladi va bunday bog`lanish ularning strukturasida, kesimlarning mazmuniy va grammatik munosabatlarida, umumiy gap bo`laklarining bo`lishida kuzatiladi.
Mazkur asarda bog`lovchisiz qo`shma gaplar haqida quyidagilar aytiladi: «Bog`lovchisiz qo`shma gaplar bog`langan yoki ergash gapli qo`shma gaplarning bog`lovchisiz varianti emas, balki alohida qo`shma gap tipidir. Bog`lovchisiz qo`shma gaplarning qismlari orasiga teng yoki tobe bog`lovchisini kiritib bo`lmaydi. Bunday bog`lovchi biror o`rinda kiritilsa ham, butun bir gap konstruksiyasi o`zgaradi».
XULOSA
Mazkur ishda mualliflar bog`langan qo`shma gapni shakllantiruvchi asosiy vosita teng bog`lovchilar ekanligini to`g`ri ta`kidlaydilar, zotan,derivatsion nuqtai nazardan ham teng bog`lovchilar qo`shma gap shakllanishiga xizmat qiluvchi eng faol morfologik unsur sanaladi.
Aytish lozimki, havolada nomi ko`rsatilayotgan qo`llanma mualliflaridan biri G`.Abdurahmonov bo`lgani uchun, unda bog`lovchisiz qo`shma gaplar haqida so`z yuritilganda yuqorida eslatib o`tilgan fikr va mulohazalarga asoslaniladi.
B.O`rinboyev tadqiqotlarida ham bog`langan qo`shma gaplarda sodda gaplarni o`zaro biriktirish uchun teng bog`lovchilar qo`llanilishi ta`kidlanadi va bunda birinchi gap, odatda, erkin holda tuzilgan bo`lishi eslatiladi.
B.O`rinboyevning ta`kidlashicha, bog`lovchisiz qo`shma gaplar tarkibidagi sodda gaplar mazmun va ohang tugalligiga ega bo`lmaydi. Bog`lovchisiz qo`shma gap tarkibidagi sodda gaplar, bog`langan va ergash gapli qo`shma gaplardagidek, o`zaro teng aloqaga ham, tobe aloqaga ham kirisha olmaydi.
Bu o`rinda bog`lovchisiz qo`shma gaplar tarkibiy qismlari munosabati, asosan, leksik unsurlar, gap bo`laklarining takrorlanishi, zamon ma`nosi, ohang va o`rin kabi vositalar bilan bog`liq ekanligi to`g`ri ta`kidlanadi. Bizningcha, ayni paytda bunday vositalar jumlasiga semantik distributsiya ham kirishi va asosiy omillardan biri bo`lib qolishi eslatilganda yanada maqsadga muvofiqroq bo`lardi.
N.Turniyozov «bog`langan qo`shma gap» va «bog`lovchisiz qo`shma gap» terminlarining qo`llanilishi maqsadga nomuvofiq ekanligini qayd etadi. Chunki qo`shma gapning har qanday turi komponentlari ham o`zaro qandaydir vosita orqali bog`langan bo`ladi. Shu bois N.Turniyozov «bog`lovchili bog`langan qo`shma gap» va «bog`lovchisiz bog`langan qo`shma gap» terminlaridan foydalanish ma`qul ekanligini aytadi. Bundan tashqari, N.Turniyozov bog`lovchili va bog`lovchisiz bog`langan qo`shma gaplar tarkibiy qismlarning teng huquqli ekanligi birinchi galda ularning tub strukturalari qo`shma gapning tashkil etilishida alohida ahamiyatga egaligi bilan izohlanishini ko`rsatadi, zero, bunday gaplar komponentlarining har biri mustaqil (alohida) tub strukturaga tayanadi. Ergash gapli qo`shma gaplarning esa semantik strukturasi ham, sintaktik shakli ham, asosan, hokim gapning tub strukturasiga asoslanadi. Chunki ergash gap o`zi uchun emas, balki hokim mavqega ega bo`lgan ikkinchi bir gap uchun xizmat qiladi. (Bu haqda ishimizning ikkinchi va uchinchi boblarida batafsil ma`lumot beriladi).
R.Sayfullayevaning ta`kidlashiga ko`ra, o`zbek tilshunosligida qo`shma gaplarning «bog`langan qo`shma gap», «ergash gapli qo`shma gap», «bog`lovchisiz qo`shma gap» tarzida uchga bo`lib o`rganilishi juda e`tirozli bo`lib, mazkur tasnif qaysi prinsipga asoslanganligi ham aniq emas.
R.Sayfullayeva qo`shma gap sodda gaplarning birikuvidan hosil bo`lishi haqidagi fikrga tanqidiy yondashadi. Chunki sodda gap fikran nisbiy, intonatsiya jihatidan mutlaq tugallikka ega bo`ladi. Qo`shma gap tarkibiy qismlari bo`lgan sodda gaplar bunday xislatlarga ega bo`lmaydi. Ular shakllariga ko`ra sodda gapga o`xshasa-da, ichki tomondan mustaqil sodda gaplardan keskin farqlanadi. Shuning uchun qo`shma gaplar yo nomustaqil sodda gaplardan, yoki predikativ birliklardan tashkil topadi, deyish maqsadga muvofiqdir.


Download 82,17 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish