Cho'lpon - Cho'lpon har sohada zamon talabiga mos ish tutish tarafdori edi. Jumladan, iqtisodiyotda Yevropaning texnika yutuqlaridan foydalanish zarurligini u quyidagicha ifodalaydi: «Ovro'poning maktab, madrasa, ilm - fan, sanoat, hunarga o'xshash madaniyatlari sizlarni obod, ma'mur olim qilub, johillikdan, asorat qulligidan qutuldurodur. Birodarlar ko'zlaringizni ochub yaxshi o'ylanglar!!!...». Cho'lpon dehqonlar uchun maxsus banklar ochish lozimligini va bu kabi tadbirlarning afzallik tomonlarini bayon qilib beradi: «...Amriholiklar ekin asboblari ishlatub, biz 10 kishi 10 kunda qilg'on ishimizni, onlar 2 kishi bilan 10 soatda qilmoqdadurlar!... Shul oson asboblar Rusiyani butun dehqonlarida bordur. Bizlar ham shul ekin asboblaridan olib ishlatsak og'ir mehnatlarimiz yengillanur edi...».
- Mashhur jadid Abdulvahhob Ibodiyev o'zining maqolalarining birida ilm-fan taraqqiyoti haqida qimmatli fikrlar beradi, ilmsizlik oqibatidagi xalqning holati bayon etiladi: «Ilm-sharaf va boyliklari (qo'llarida bo'lg'on tijorat va kasblari) boshqalarga o'tub, bellari tamom bukulub, ming xo'rlik bilan umr o'tkazmoqdalar...». Chor mustamlakasi davrida mazlum xalq vakili sifatida bu fikrni ochiq bayon etish, albatta, jasorat edi. Turkiston ahli boshiga yoqqan bu balolardan qutilishning yo'li - maorifni isloh qilish, asosiy e'tiborni ta'lim-tarbiya ishlariga qaratish, Orenburg, Qozon, Ufa kabi shaharlariga talabalar yuborish, qimmatlik boylar yordami ila maktab binolarini zamonaviy holga keltirish lozim ekanligini ta'kidlab o'tadi: shundagina «...tez fursatda Turkistonimiz xalqining ilm va ma'rifat tobmoqlari tabiiydur»,-deb, kelajakka umid bilan boqadi.
- Yangi usuldagi maktab xonalarining ichki tuzilishi, eski maktablardan parta, yozuv taxtasi, geografik xarita va o'qituvchi uchun stol-stulning borligi bilan ajralib turgan. Maktablarda bolalar 2-3 yil o'qishni davom ettirganlar. Usuli savtiya maktablari eski usul maktablaridan ta'limning sifati bilan ham farq qilgan. Bu e'tiroflar o'sha davr matbuotida ham o'z aksini topgan. Masalan, Andijondagi Azim Qodirov maktabi 3 sinfli bo'lib, 1-sinfda bolalarga o'qish va yozish, 2-sinfda tajvid, hisob, 3-sinfda esa ibodati islomiya, sarfi turkiy o'rgatilgan. 1900 yil may oyida Otabek qozi ishtirokida ushbu maktab o'quvchilaridan imtihon olingan. o'quvchilar imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirganlar. Imtihon ishtirokchilaridan Tojiddinbek Otabekov yozganidek: «...Eski zamon maktablari birlan usuli jadid maktabini farqi nihoyat darajada ma'lum va ravshan bo'ldi. Usuli jadid maktabi birlan eski zamon maktablarini bir joyga bormoq uchun otash aroba birlan piyoda odimga misol qilsak ham to'g'ridur...».
- Jadid maktablarining soni ortib borgan sari, ulardagi ta'lim tizimi ham takomillashib borgan. Imtihonlar keng xalq ommasi ko'z o'ngida, qishloq yoki shaharlarning ilg'or ziyolilari davrasida «Imtihon majlisi» nomi bilan o'tkazilgan. Bunday holatlarda yangi usul maktablari o'zining afzallik tomonlarini to'liq namoyish eta olgan.
- Jadidlar ma'rifatchilik faoliyatining yana muhim bir tarmog'i - teatr san'ati edi. Turkiston teatr san'atining to'ng'ich sahna asari Mahmudxo'ja Behbudiyning «Padarkush» dramasi edi. Bu asar Samarqand, Toshkent va boshqa shaharlarda ijro etilgach, 1914 yilning fevral oyi oxirlarida muallif boshliq Samarqandlik havaskorlar va mahalliy yoshlar hamkorligida Qo'qonda ham sahnaga qo'yiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |