6-MAVZU: SHOYIM BO‘TAEV QISSALARINING O‘ZIGA XOSLIGI
Reja:
Adibning “Sho„rodan qolgan odamlar” qissasi taxlili
Yozuvchining “Kayvonining mangu makoni” ertak-qissasida inson tasviri
Shoyim Bo„tayevning kampir yoki ona obrazini yaratishdagi ijodiy tajribalari
“Shohona sovg„a” qissasiga taxlil
Badiiy uslub, asar syujeti va kompozitsion qurilishi
E.A’zam “Pakananing oshiq ko„ngli” qissasidayumoristik ironiya
E.A’zamning kinoyaviy asar yaratishdagi yangicha badiiy uslubi
E.A’zamning qissasi “Chapaklar va chalpaklar” taxlili
Tayanch so‘z va iboralar: Qissachilik taraqqiyoti, ruhiyat talqini, ramziylik, adabiy mulohazalar
Shoyim Bo„tayevning Kampirlar obrazini yaratishdagi tajribalari “Sho„rodan qolgan odamlar”, “Kunbotardagi bog„”, “Kayvonining mangu makoni”, “Yulduzlarga eltar yo„l” qissalarida ko„rinish bergan edi. Adibning “Sho„rodan qolgan odamlar” qissasi o„tgan asr oxirida yozilgan. Qissada qamoqxona nazoratchisi, o„g„irlikda gumon qilingan uning o„g„li Toshmurod, nazoratchining kampiri kabilar asosiy qahramon sifatida harakatlanadi. Qissada Shoyim Bo„taev badiiy uslubiga xos kinoyaviy nigoh, istehzo va kesatiqlar, satirik tasvirlar nihoyatda mahorat bilan tasvirlangan. Asarda qamoqxona nazoratchisining boshiga tushgan tashvishlar orqali jamiyatdagi va oiladagi jaholat tanqid ostiga olinadi. Qissada tasvirlangan kampir nihoyatda xokisor, mushfiq, kamsuqum, eriga itoatkor bir ayol. Qissada qalamga olingan muammo nafaqat bir oila fojiasi sifatida, balki davr fojiasi sifatida shafqatsiz realistik uslubda ochib beriladi.
Qamoqxona nazoratchisining kampiri o„g„lining dardi bilan xastalanib, bolasi qamoqda paytida olamdan ko„z yumadi. Butun umr olatayog„ini ko„tarib, polizning qo„riqchisiga o„xshab yashab o„tgan qamoqxona nazoratchisi o„g„lini onasining azasiga qorovul bo„lib kuzatib keladi. Qissada ota-o„g„il munosabati va ota-o„g„il fojiasi nihoyatda kuchli keskin dramatik tasvirlanadi. O„g„il qamaladi, u nomer to„qson oltinchi mahbus bo„ladi. To„qson oltinchi mahbusning onasi o„lim to„shagida yotgani uchun o„z otasi nazoratchi sifatida tayinlanadi. Quyida qamoqxona boshlig„i bilan nazoratchi o„rtasidagi parchaga e’tibor qaratamiz: “Nazoratchi qo„li bilan kameralar tomonga ishora qilib qo„ydi va nima deyarini bilmayotgandek:
- Onasi, - dedi zo„rg„a sas chiqarib. - O„lyapti.
Boshliq tushunmadi.
Kimning onasi o„lyapti?
To„qson oltinchining.
Aniqroq ayting.
No„mir to„qson oltinchi mahbusning onasi o„lyapti.
Boshliq kallasini qotirib eslab o„tirgisi kelmadi.
Kim ekan u,
To„qson oltinchi, - beixtiyor takrorladi nazoratchi.
Boshliq nima gapligini fahmlay olmayotgandek nazoratchining yuziga bir zum tikilib turdi. Keyin nimadir esiga tushdi-yu:
-O„g„lingizmi? - deb so„radi.
Nazoratchi tosh qotdi. Uning qiyofasida, o„g„lim deb atab gunohini osonlikcha kechib yuboramanmi, degan ifoda bor edi. Lekin hozir boshliqning izohtalab savoliga javob bermay iloji yo„q, u hamon chaqchaygancha qarab turardi”1.
Qissada ruhiy dramalar nihoyatda kuchli ifodalangan. Xususan, qamoqxona nazoratchisi Mels, uning o„g„li Toshmurod, moli o„g„irlangan uka va boshqalarning ruhiyatida kechayotgan o„y-xayollar, toriqishu zoriqishlar barcha- barchasi teran aks ettiriladi. Nazoratchining ismi ham davr shamolini o„zida aks ettirgan. Ya’ni proletar dohiylari Marks, Engels, Lenin, Stalin ismlari qisqartirilgan shaklda Mels deb nomlangan. Shu birgina qahramon ismida davrning chuqur fojiasi aks ettirilgan. Asarda ayniqsa, kampir va nazoratchi (er-xotin), Mels va Toshmurod (ota va o„g„il), aka-uka munosabatlari, ular o„rtasidagi keskin dramatizm maromiga yetkazib tasvirlanadi. Xususan, kampirning eri tomonidan tinimsiz kaltaklanishi, uyidagi oxirgi unni qorib chalpak qilishi, uni o„g„liga atab qamoqxona tarafga yo„lga chiqishi, chalpakning kuchukka yem bo„lishi, farzand dog„ida kuya-kuya ado bo„lishi yuqori dramatizmda kuylanadi. Kampir oilada na turmush o„rtog„i tomonidan, na o„g„li tomonidan qadrlanadi. Kampir og„ir ahvolda to„shakda o„tar ekan, unga qarashgani chiqqan qo„shni kampir nazoratchiga qarata shunday deydi:
Peshonang sho„r ekan sani, peshonaginang sho„r ekan! O„g„lingni turmaga qamatib, xotiningni o„ldirib, bi-ir o„zginang so„ppayib yuradigan bo„lding-a! O„l-a, bu kuningdan, o„l qo„y! Ikki juvonmargni tug„ib katta qilgan onang sanlardan nima rohat ko„rdiki, boshqalar ko„rsin! Birovning parishtaday qizini urib-urib sochini oqartirding, qaritding. Mana, endi qutilasan, mana endi durust xotin olasan, - kampir birdaniga aytib turgan gapidan tondi. - Durust xotin olasan-a, durust xotin olasan! Sochginasini tarab turgan ekanmi? Sanginaga qarab qolgan ekanmi? Baloni olasan! Sanga mocha eshak ham hayf, hayf! Er bo„lguncha qaro yer bo„l, qaro yer
bo„l!- kampir eshik oldida qoqqan qoziqdek turgan serrayib turgan nazoratchiga qaramay, ikki mushti bilan tizzalarini eza boshladi”57.
Kuzatib turganimizdek, yozuvchi qo„shni kampir tili orqali o„lim to„shagida yotgan onaning, ayolning butun hayotiga odilona chizgi beradi. Uning qarg„ishlarida, mimika va jestlarida (ikki mushti bilan tizzasini ezishida) nihoyatda hayotiylik, xalqonalik saqlangan. Kampir oldida serrayib turgan Mels Musaevni xumoridan chiqqunicha qarg„ab, qora toshini chiqaradi. O„g„li Toshmurodni qamoqxonadan ona bilan xayrlashib qolish uchun olib kelishni buyuradi. Afsuski, Toshmurod otasi, ya’ni nazoratchi yetovida uyga kirib kelganida, ona o„g„lining yo„liga qaray-qaray olamdan ko„z yumadi. Uning oxirgi o„tinchini ham vojib eta bilmagan noshud, kaltabin, kaltafahm er, ya’ni nazarotchi shuncha fojialardan so„ng, uning ko„nglida qandaydir yorishish sodir bo„ladi. Ya’ni u o„zligiga, insoniyligiga qaytadi. Lekin endi juda kech edi. Qissa shunday satrlar bilan yakun topadi: “Havoni isiriq isi tutib borayotganini tuygan ongi yarq etib yorishganini his etdi, o„rnidan turib, o„g„lining yelkasidan ushladi, uni o„ziga qaratib bag„riga bosdi, mahkam quchdi - kechi-ir, bolam - erta-kechi yo„q, u buni angladi”58.
Shoyim Bo„taevning kampir yoki ona obrazini yaratishdagi ijodiy tajribalari adibning so„nggi qissalaridan biri “Yulduzlarga eltar yo„l”da ham aks etgan. Kitobga so„ngso„z yozgan M.Qo„chqorova qissa haqida shunday yozadi: “Yulduzlarga eltar yo„l” qissasi markazida umrida ro„shnolik ko„rmay o„tgan bir oila Hotam (ota), Buvish (ona), Tursunmurod (o„g„il)ning fojiaviy qismati turadi. Tursunmurod ota-onasining xudodan tilab olgan yettinchi farzandi. Er-xotin farzand dog„ida kuyib-ado bo„lgan. Ularning olti bolasi tug„ilib, o„n kun yashab- yashamay olamdan ko„z yumgan.
Ota-bola Hotam bilan Tursunmurod bir-biridan yashirin ravishda ko„ngilli bo„lib urushga ketishga ariza berishadi. Qora qismat bu oila hayotiga mash’um chizig„ini tortadi. Qissada Ismat pochtachi, Shohid Qarg„a obrazlari ham badiiy-mantiqiy davomiylikka ega bo„lib, Hotam, Buvish, Tursunmurod, Ne’matilla bobo, Bozor bobo, Qumri opa. Ilyos Bo„tako„z, Nu’mon qirtish. Elyor, Xushhol xola, Nosir cho„tir. Hayit, Ilon, Qoraxayol kabi hayotiy va mifologik-ramziy obrazlar bir-biri bilan uzviy aloqadorlikda aks ettirilgan. Ular bir-biriga bog„lanib, mustahkam badiiy qo„rg„on barpo bo„lgan”59. Mazkur qissada tasvirlangan Buvish kampirning psixologiyasi tasviri, ko„p jihatdan “Sho„rodan qolgan odamlar” qissasidagi ona obrazi ruhiyati bilan bir-biriga yaqinlashadi. Har ikki ona, har ikki mushtipar
kampir farzand dog„ida kuyib ado bo„lishadi. Bittasi qamoqxonadagi o„g„lini kutib, olamdan ko„z yumgan bo„lsa, ikkinchisi, urush tugaganiga necha o„n yillar o„tsa ham, o„g„li Tursunmurodni sog„inib, yo„lga tikilib, farzandini kutadi. Bu haqda olima shunday yozadi: “Buvish ena sochlari oqarib, munkillab qolsa ham, urushdan yigirma yil o„tsa ham, o„g„li Tursunmurodni kutaveradi. Chunki, ona o„g„lining o„limi haqida xat olmagan. Yozuvchi insoniyat hayoti va tarixida takrorlanib turuvchi urushlarning, bir-birini o„ldirishining Qobil va Hobil haqidagi diniy mifologiya bilan naqadar uyg„un ekanligini, go„yoki, bu ulardan meros bo„lib kelayotganligiga ramziy ishora beradi.
Qissada ikki badiiy falsafa bo„y ko„rsatadi, birinchisi urushlar insoniyat tarixida bot-bot takrorlanadi, unga nuqta qo„yish mumkin. Ammo odamzodning ruhoniyatidagi Shayton va Rahmon muhorabasi aslo to„xtamaydi. Odamzod Alloh tomonidan mana shunday jazoga mustahhiq qilingan, degan keng qamrovli falsafa bor. Aslida har ikki urush ham dahshatli. Dunyoni bo„lib olish uchun qilingan siyosiy urushlar inson va jamiyat hayotini izdan chiqarsa, ruhoniyatdagi Shayton va Rahmon kurashi har bir bandani istalgan soniyada jar yoqasiga olib kelishi mumkin”60.
Qissada ertak va dostonlarga xos bo„lgan takroriy bayon, zachin (boshlanma) bilan boshlash unsurlari istifoda etilgan. Bu adabiy usul esa Shoyim Bo„taevning mazkur qissada folklor stilizatsiyasini mahorat bilan qo„llaganini ko„rsatadi. Qissadagi voqealar “Shunaqa ekan. Shunaqa bo„lgan ekan. Shunaqa qilib...” degan takroriy zachinlar bilan boshlanadi. Buvish onaning, Buvish kampirning farzandiga bo„lgan ulkan mehri-muhabbati xuddi ertaklarga xos bayon uslubida ifodalandi. Masalan, “Bug„doyzor tugab, bedazor boshlanipti.
Buvishning quvonchi ichiga sig„mas ekan. Tursunmurodning ko„zlariga termular ekan. Go„dagining ko„zlari osmondek beg„ubor ekan. Ko„z ochmagan oltovlonning ko„zlari ham shunaqa bo„lganmikan, deb o„ylagan Buvishning yuragi gupirar ekan, toshib ketar ekan, munis ko„zlaridan oqib borayotgan yoshlarni ham o„zi payqamas ekan”6. Olingan parchada birinchidan, onaning mehrga to„liq qalbi, bolajonligi, ikkinchidan bayondagi xalqona uslub yorqin ochiladi. Shoyim Bo„taev har bir qissasida yangicha uslub, yangicha obrazlar, yangi-yangi hayotiy voqealarni ochib berishga intiluvchi iste’dodli adib. Qolaversa, yozuvchi atay voqelikni o„tgan zamon shaklida beradi. Albatta, bundan yozuvchining ko„zlagan maqsadi bo„lgan. Urush tugaganiga ancha yillar bo„lishiga qaramasdan, Shoyim Bo„taev urush
mavzusiga yana qo„l uradi. Ehtimol, ayni sabab ham o„tgan asrda yuz bergan ikkinchi jahon urushining odamlarga, oilalarga, jamiyatga yetkazgan zarari haqida yozish uchun ertakkka xos o„tgan zamon shaklini qo„llashi bejiz emas. Hayotiy voqealar ertakdek hikoya qilinadi. Qolaversa, yozuvchining otasi urush ishtirokchisi bo„lgan. Shu hayotiy asos ham qissaga turtki bergan bo„lishi mumkin.
Yozuvchining “Kayvonining mangu makoni” ertak-qissasida ham kampir obrazi uchraydi. Bu qissada tasvirlangan kampir va kayvoni erkak kinoyaviy nigoh bilan yaratilgan. Adib “Kayvoni” nomiga teskari ma’no yuklaydi. Bu elning oldi bo„lgan kayvoni og„zi tinmay qarg„aydigan, kuchugini qarg„ab, uyidan quvib solgan, so„ngra ko„ziga Oqtosh (kuchugining oti) ko„rinib, uyiga qaytarib kelishga jahd qilgan ajabtovur fe’lli, fikrlashi, dunyoqarashi nihoyatda haminqadar bir kishi hisoblanadi. “Kayvonining mangu makoni”da ham folklor stilizatsiyasi, afsonalarga ramziy badiiy-shartli ma’nolar yuklash kuzatiladi. Yozuvchi qissa janrini “ertak-qissa” deb belgilagan. Asarga Rumiydan quyidagi misra epigraf sifatida olingan: “Tez oching zindonnikim, zulmat bosibdur beomon!”61. Qissada Rumiy misrasidan ifodalangan johillik, johilona munosabatlar Beshkapa nomli qishloq va u yerda yashovchi odamlar hayotidan hikoya etiladi. Qissa xalq ertaklari singari zachin bilan (ammo bu zachin Shoyim Bo„taevga xos adabiy zachin - boshlanma) bilan boshlanadi: “Yumaloq yer ustida, osmon gumbazi ustida bir qishloq bo„lgan ekan.
Tog„ning shundoqqina etagida ekan.
Ko„chki xafvi ostida qolgan ekan.
Qadimda bu qishloqda besh tom bo„lgan ekan, shundan uning Beshkapa nomi qolgan ekan.
Ko„chki xafvi tug„ilganida tomlar ko„paygan ekan.
Odamlarning fe’li o„sha-o„sha ekan: qadimgidek.
Qaerdan bir katta chiqsa o„shaning tomirini o„zlariga olib kelib bog„lashar ekan: qadimgidek.
Haminqadar qarindoshni tan olgilari kelmay, ko„rib ko„rmaslikka olib o„tishar ekan: qadimgidek.
Qadimda undoq edi. Qadimda bundoq edi deb, o„z kemtiklarini xaspo„shlab qo„yishar ekan”62.
Kayvonining qissaga olib kirilishidayoq Shoyim Bo„taevga xos kinoya, o„tkir satira, kesatiq, istehzolar ko„zga tashlanadi: “Shu qishloqda bir kayvoni bor ekan.
Tovuqning kataginiyam buzib bo„lmaydi, deb aytib yurguvchi ekan.
Suygan matali shu ekan.
Ana shu kayvoniyam... o„pkasi to„lganicha uy tomiga chiqib sardevorga ketmon uripti”63.
Ko„chki xavfi tug„ilib, Besh kapaliklar boshqa joyga ko„chib ketishga majbur bo„lishadi. Kayvonining o„y-xayollari, o„zini tutishi, yuz ifodasi adibning kinoyaviy nigohi orqali chiziladi: “Kayvoni ancha fursat mutafakkirona o„y suripti.
Ikki qoshi o„rtasini bodomchaday tugun qilipti.
U yoq-bu yoqqa qadam tashlapti.
Xayol bilan bo„lib, yupqa lablarini chapillatib ham qo„yipti. Aslida, uning bundaychangi odati yo„q ekan. Yana u yoqqa-bu yoqqa qadam tashlapti-da, bir yerda to„xtab, barcha jumboqlarni bir himo bilan yechib yuboradigandek, ha-a, deya xitop qilipti. So„ngra dunyoda tovuqning ham katagini buzib bo„lmasligi haqida shunaqa dono gaplarni aytiptiki, bunday gaplarni uloqib ketgan matal to„qigich ham harchand aytolmaskan; juda qoyil-maqom hikmatlar ekan, ularni eshitgandan keyin dunyodagi barcha xumboshlarning tovuqboqar bo„lganiga hech qanday shubha qolmaskan”64. Qissa matnida og„zaki so„zlashuv nutqiga xos uslub saqlanib qolgan. Nazarimizda, bu yozuvchining ertak stilizatsiyasini to„la ifodalash uchun qilgan ijodiy tajribasi mahsulidir. Yozuvchi ataylab, adabiy til me’yorlariga amal qilmaydi.
Shoyim Bo„taevning Kayvoni obrazini yaratishdagi kinoyasi hatto bora-bora masxaraomuz darajaga chiqadi. Shu paytgacha boshqa qissalarida qo„llamagan masxaraomuz kinoya “Kayvonining mangu makoni”da kuzatiladi. Hatto kayvoni oldiniga erkalab, so„ngra esa qarg„ab yurgan iti haqidagi lavhalarda kinoyaviy nigoh bilan satirik uslub qorishib ketadi. Qissada kayvoni obrazidan tashqari Maston kampir obrazi ham bor. Maston kampir o„lgudek xasis, ziqna bir ayol. Och qolib ketgan mardikorlar uning shaparagini yegach, battar ichlari siyrilib ketardi. Adib Maston buvi qiyofasida birovga xayri tegmaydigan ayollar timsolini mujassamlashtiradi. Bu qissada shunday ifodalanadi: “Maston buvi deganlari kuvda ayron pishirgan, bir tuyur yog„ni chalpakka o„rab tushirgan, tishdan qolsa ham gapdan qolmagan, ko„zdan qolsa ham gapdan qolmagan, yetti mahallani kezib gap izlagan bir kampir ekan.
U non so„rab borgan quruvchilarga bitta qotgan shaparak beripti. Keyin u yoqqa o„tsa ham shuni gapiripti, bu yoqqa o„tsa ham shuni gapiripti.
- Hammaning ham non yeydigan tishi bor, - derkan u gapni uzoqdan boshlab. - O„l qo„y-da! Biz bechoralardan non so„rab kepti. O„zi qishga g„amlab
qo„yganim ikki qop bug„doy bo„lsa, uni tishimning kavagida asrab, yesammi- yemasammi, deb yurgan bo„lsam-u, yana mendan non so„rab kelsa-ya! Mol- hollarimiz o„tlaydigan joylarni egallab olib, qavat-qavat imoratlar solib yotishipti- yu, yana yeyishga nonlari yo„q emish. Imoratga pul topishar emish-u, non yeyishga kelganda... bir g„arib kampirga kunlari qopti!
Maston buvi o„zini g„arib deb atapti.
Keyin ko„ngli to„liqib yig„lab ham yuboribdi”65.
Yozuvchi qissada Maston kampirning dardi holini berish orqali ikki yoqlama kinoyaviy munosabat hosil qiladi. Birinchidan, yozuvchining Maston kampirga kinoyasi, ikkinchi tomondan esa, qahramon, Maston kampirning dachalar qurib, ustalarining qornini to„ydira olmaydigan zamonaviy “yangi boylar”ga kinoyasi anglashiladi. “Kayvonining mangu makoni” qissasida o„tish davri odamlarining qiyinchiliklari, pulsizlik, ishsizlik, kamdaromadlilik kabi qator ijtimoiy, maishiy muammolar qalamga olingan. Ochlikdan sillasi qurigan Quruvchilar kayvonining kuchugini so„yib yeyishadi. Kayvoni qish kunida, qor gupillab yog„ib turgan pallada kuchugi Oqtoshni izlab, topib beringlar, deb akasi Avaz podachining uyiga boradi. Avaz podachi kuchukni izlab yurib, uning to„kilib yotgan junini, qon tomchilarini topadi. Kayvoni Avaz podachi bilan ukasini kuta-kuta o„zi yo„lga tushadi. Bu qissada shunday tasvirlanadi: “Kayvoni yo„lga tushipti.
Kayvoni qiyamalik ostiga yetgach, tepaga qarapti: hammayoqni qor bosgan, bilmagan odam qayoqdan yurishga ham hayron bo„lar ekan. Kayvoniga bo„lsa... bu yerlar qadrdon joylar ekan, qanchalik qalin qor ostida qolgan esa-da, yo„lni iskab bo„lsayam topa olar ekan - o„ziga-o„zi shunday depti; bundan tashqari daraxatlar, na’mataklar bor ekan, kayvoniga yo„l ko„rsatib turishar ekan...”66.
Qissa kayvonining fojiasi bilan yakunlanadi. Yo„qolgan kuchugini izlab, yo„lga chiqqan kayvoni qor ko„chib, chuqurlikda oyoqlari sinib halok bo„ladi. Uni aka- ukalari topib olib ketishadi. “Kayvoni” so„zi odatda, Ayollarga nisbatan ishlatiladi. Shoyim Bo„taev bu qissada elning kayvonisi bo„lgan kishi (musofir odam) haqida ertaknamo asar bitadi. Qissa yakunidagina Kayvonining ayol emas, erkak ekanini anglab yetasiz. Qissaga asosiy syujet sifatida tanlangan voqea, kayvonining kuchugini quvib solishi, so„ngra uni izlab yo„lga chiqishi, aka-ukalaridan yordam so„rashi, o„zi ham Oqtoshni izlab, chuqurga tushib ketib halok bo„lishi satirik va tragik lavhalar yaratilishga asos bo„lgan. Kayvoni o„zini juda aqlli qilib ko„rsatishga urinadi. Og„zi tinmay yig„laydigan o„g„lini kelajakda buyuk shaxs chiqadi, deb bashorat qiladi. U o„zini salkam bir bashoratgo„y, avliyo odamdek tutadi. Yozuvchi ayollar ruhiyatining nihoyatda nozikligiga urg„u berib, ular hayotidagi dramatizm va tragik holatlar sababini ochishga harakat qiladi. Jumladan, Buvish kampir, nazoratchining ayoli farzand dog„ida kuyib vafot etgan ona taqdiri sabablari aslida ularni qurshab turgan yaqinlari, hamkasblarining loqaydligi, yordamga muhtoj odamlarga beparvo kuzatuvchi bo„lib yashaganliklari oqibati ekanini haqqoniy yoritadi.
Inson ruhiyatining chuqur tahlili, uning ong osti, yashirin sir-sinoatlarini yanada mukammal tushunish va tasvirlash doimo, eng qadimgi davrlardan boshlab adabiyotning eng asosiy muammosi bo„lib kelgan. Shu bois badiiy asarda inson ruhiyatining chuqur va batafsil tahlilini adabiyotning sifat belgisini ko„rsatuvchi xususiyat deyish mumkin. Ruhiyat tasviri muammosi jahon ilm-fanidagi kabi o„zbek adabiyotshunosligida ham doimo muhim va dolzarb tadqiqot muammosiga aylanib kelgan.
Istiqlol davri o„zbek qissachiligida iste’dodli ijodkor Shoyim Bo„taev o„zining qator qissalari bilan adabiy jamoatchilik va keng kitobxonlar ommasi nazariga tushdi. Jumladan, qissanavis shu kunga qadar “Sho„rodan qolgan odamlar”, “Eski arava”, “Kunbotardagi bog„”, “Bir kunlik mehmon”, “Shohona sovg„a”, “Shamol o„yini”, “Kayvonining mangu makoni”, “Yulduzlarga eltar yo„l” kabi o„nga yaqin asarlar yaratdi. Shu qissalar orasidan adibning “Shohona sovg„a” qissasiga to„xtalamiz. Chunki, bu qissada bizni qiziqtirgan ruhiy xasta ayol Gavhar obrazi bor. Qissada voqealar sobiq vazirning bundan roppa-rossa yigirma yil oldin Arab mamlakatlaridan biriga borganida keksa podsho sovg„a qilgan antiqa hassa atrofida kechadi. Sho„ro davrining kommunist odami bo„lib yashagan sobiq vazir katta lavozimlarda ishlagan bo„lsa ham, juda oddiy va kamtarona hayot kechiradi. U o„z vijdoni va xalqiga, mamlakatiga xiyonat qilmasdan halol yashaydi. Uning halolligi na o„g„liga, na qiziga yoqadi. Qissada ikki davr odami, ya’ni sho„rodan qolgan sobiq vazir bilan unga teskari ravishda bozor iqtisodiyoti davri, ya’ni o„tish davrining pulxo„rak odamlari timsoli bo„lgan o„g„il va qiz qarshi qo„yiladi. Sobiq vazir o„ylab-o„ylab ota yurtiga qaytib ketishga qaror qiladi. Qishloqda uni qarindosh-urug„lari yoqtirinqiramay kutib olishadi. Chunki, oradan ancha yillar o„tib ketgach, otasidan qolgan hovliga to„satdan tashrif buyurgan Tog„aning o„g„liga bu malol keladi. Jiyan hovlini tartibga keltirib, bog„ qilgan, devor qurgan, xullas, hovlida anchagina o„zgarishlar qilgan. Tog„aning ota uyiga qaytib kelishi, jiyanni tashvishga soladi. Ammo ko„pni ko„rgan Tog„a o„g„lini tinchlantiradi. Qissada voqealar ham qahramonlar ishtiroki ham kinoyaviy nigoh bilan kuzatiladi. Masalan, vazirning ota uyiga eshak aravada ko„ch-ko„roni bilan olib borilishi quyidagicha kinoyaviy modusda mahorat bilan chiziladi: “Ertasi kuni tushga yaqin sobiq vazirning ko„ch-ko„roni, ko„rpa-to„shagini ikkita uzoq qarindoshi eshak aravaga yuklashdi. Uning o„zini yuklarning ustiga o„tqazishib, hassasini qo„liga tutqazib qo„yishdi. Bu eshak aravaga hamisha go„ng tashilar, somon, poxol, pichan ortilar, har xil qalang„i-qasang„i, usti boshi ming yamoq odamlar minishar, yasalaganidan buyon bunaqa obro„li, shlyapa-yu shim-kostyumdagi, hatto, bo„yinbog„ bog„lagan, hatto bir yil avval ham vazir bo„lib ishlab turgan odamning endi o„tirishi edi. Bu eshak arava, qishloqdan boqqa olib boriladigan yo„lni, bu yo„ldagi shu bugungi safarni keyinchalik zavq-shavq bilan eslasa arzirdi”67. Butun qishloq ahli, hatto Tog„a ham uning qo„lidagi antiqa hassaga qiziqib qoladi. Ularning nazarida, Arab mamlakatining podshosi bu hassani Sobiq vazirga bejizga sovg„a qilmagan. Bu matohda qandaydir sir bor. Yozuvchi voqealar va xarakterlarni shu hassa va sobiq vazir tevaragida hikoya qiladi. Ammo to„satdan, qissaga yangi qahramon kirib keladi. Bu vazirning ota uyida vaqtincha yashab turgan, og„zi shaloq, shallaqi Gavhar ismli ayol. Qissada Gavhar obrazi, unga xos tashqi ichki ruhiy tavsif yozuvchining o„tkir kinoya va istehzolari bilan tasvirlanadi: “Gavhar o„ttizlarga borib qolgan, qop-qora, devqomatu fil kuchiga yarasha yaratgan tildan ham unga uch-to„rt quloch bergan, qayoqdagi bo„lmag„ur so„zlarni topib shallaqilik qilishga suyagi yo„q edi.
Qaynota-qaynonasi uning ishidan rozi, o„zidan rozi, uy tutishidan rozi, qo„chqorday-qo„chqorday nevaralar tug„ib berganidan rozi, tildan bezor edilar! Bu tildan qo„ni-qo„shniyu butun qishloq ahli ham zir-zir titrashar edi.
Agar u tiliga erk beradigan bo„lsa, to„fonday toshar, bo„ronday quturar edi.
Qadimgi yunon shoiri Yevripid aynan shu Gavharni tasavvur etib, o„z zamonasida unga qasida bitib ketganday edi:
Dahshatlidir quturganda dengiz to„foni,
Dahshatlidir suv toshqini, yong„in balosi, Dahshatlidir qashshoqlik ... lek johil ayolning G„azabidan qahhor dahshat yo„qdir va bo„lmas!”
Alal-oqibatda uning tilidagi hayajon qo„ligayam o„tib, birovlarni bosib urar, shundan keyingina xumoridan chiqib, sokin nafas olar edi”68.
Shoyim Bo„taev kutilmaganda, qissa sahnasiga odatdagidek, sipo, go„zal, muloyim yoki o„qimishli, ziyoli ayol obrazini emas, aynan og„zi shaloq, hatto quturib ketib, birovlarni ustiga chiqib do„pposlab, urib tashlaydigan, mana shunday ruhiy jihatdan nosoz, johil ayol obrazini olib kiradi. Albatta, Shoyim Bo„taev talqinidagi Gavhar obrazini Xurshid Do„stmuhammad yaratgan Gulgun, Gulshod, Chamanmomo obrazlari bilan bir qatorga qo„yib bo„lmaydi. Chunki, Xurshid Do„stmuhammad talqinidagi ayollar or-nomusi uchun kurashgan ayollardir. Shoyim Bo„taev talqinidagi Gavhar esa tamomila boshqacha salbiy tip hisoblanadi. Ammo har ikki qissada ayollar jinoyatga qo„l uradi. “Chayongul”da opa singlisining nomusini himoya qilaman deb, qotilga aylangan bo„lsa, “Shohona sovg„a”da Gavhar ruhan buzuq fe’li tufayli, sobiq vazirni urib o„ldirib qo„yadi. Demak, qissalarda aks ettirilgan bu ayollar obrazini “qotil ayol” yoki “jinoyatga qo„l urgan ayol” sifatlari birlashtiradi.
Yozuvchi Gavhar obrazi tasvirida ham kinoyaviy badiiy vositalardan, yana boshqa tomondan satirik badiiy shartli vositalardan nihoyatda mahorat bilan foydalanadi. Gavhar timsolida johil, ruhiyati muvozanatdan chiqqan Ayolni kuzatamiz. Adib bu obrazning hayotiyligi va jonliligini ta’minlash maqsadida uning xatti-harakatlari va gapirish manerasini, tashqi, ichki ruhiy dunyosini tabiiy tasvirlaydi. Shahardan qishloqqa qaytib kelgan sobiq vazir aynan o„z ajali bo„lajak Gavhar yashayotgan hovliga ko„chib keladi. Gavhar eshak aravada yetib kelgan Vazirni vaysaqi gap-so„zlari bilan qarshi oladi: “ - Vo-oy aylanayin vazir bovadan! - deya, tinmay shaqillay ketdi. - Aravada o„tiribdilarmi-ya! Shunday vazirbova- ya! Rahmatli otam aytardilarki, vazir bova kelaversalar, hamma tik oyoqda boshini egib turadi, deb. Nimaga boshini egadi shuncha odam? Chiqib kutib olmaymanmi? Chiqibgina kutib olmaymanmi-ya?..”69. Yozuvchi endi bir hovlida yashashga mahkum etilgan ikki qahramonni ilk bor uchrashtirganda, ham satirik, ham ironik bayon uslubini qo„llaydi. Zero, quyidagi parchada buni yaqqol kuzatish mumkin: “Eshak arava ustida yaroqbardori Sancha Panchoni kutayotgan dilovar ritsar Don Kixotdek bo„lib o„tirgan sobiq vazirni ko„rgan zahoti Gavhar taqqa to„xtab, valdirashni-da bas qilib qotdi-qoldi. Faqat harsillagani eshitilar, tog„day-tog„day ko„kraklari gursillab ko„tarilib tushayotgandek edi. Keyinchalik u o„zining bu holati haqida, mani vazir bovaning hayosi-yu salobati bosib qoldi, deb ochiq-oydin aytdi”70.
Gavhar qo„lini oshpichoq bilan kesib olib, tuman markazidagi shifoxonaga borganida yosh shifokor ko„rigidan o„ta turib, almoyi-jalmoyi gaplari bilan shifokorning og„zini ochiq qoldiradi. Natijada, ruhiy kasallar shifokori Gavharga shizofreniya degan tashxis qo„yadi. Yozuvchi asarda Gavharga ruhiy kasal tashxisi qo„yilib, davlat himoyasiga olingach, qishloqdagi hamma ayollar shifokordan shu tashxisni qo„yib, nafaqaga chiqarishlarini iltimos qilib kelishiga ham ironik, satirik ma’no yuklaydi. Bunday tasvir orqali jamiyatimizda tekinxo„rlikka ruju’ qo„ygan qanday yo„l bilan bo„lsa-da, davlatdan pul undirish, sarmoya topishga urinayotgan zamondoshlarimiz ustidan zaharxanda kuladi. Gavhar o„ziga qo„yilgan tashxisdan g„ururlanib, butun qishloq ayollariga maqtanib, bu gapni hamma yoqqa ovoza qiladi. Shoyim Bo„taev o„zbek qissachiligida hali shu kungacha yaratilmagan devona ayol obrazini to„laqonli yaratishga muvaffaq bo„ladi.
Hovliga bog„ qurib yashab o„tirgan Gavhar uchun uni eshitadigan odam topiladi. Ya’ni, bu - Vazir bova. Gavharni butun oila a’zolari qilig„idan bezor bo„lishib, odam kam keladigan shu boqqa ko„chirishadi. Gavhar bora-bora uni o„zidan ham past ko„ra boshlaydi. Ikkalasi aytishib qolib, Vazir bova uni qo„lidagi hassa bilan kaltaklayman deb, hassani yong„oq daraxtiga urganda, hassa ikkiga bo„linib, ichidan tillalar “shuv” to„kiladi. Nima bo„lganini anglay olmay qolgan Vazir bova bir zumda yuragini changallab yiqiladi. Shizofrenik ruhiy kasal tashxisi qo„yilgan Gavhar tilla bilan jezning farqiga borardi, albatta. Ikki raqib bir-biri bilan olishib, tabiiyki, Vazir bova filday Gavharning tagida shilqa tushib olamdan ko„z yumadi.
Yozuvchi davri o„tgan odam, sho„rodan qolgan odam Vazir bovaning butun umr halol yashadim, deb yurib, umri oxirida hassasidan chiqqan tillalarni ko„rib, makkor arab podshosining ayyorona kulgisini ko„z oldiga keltiradi. Uning butun umrlik kommunistik e’tiqodiga zid ravishda u Arab podshosidan pora olgan bo„lib chiqadi. Vazir bovani Gavharning shallaqiligi emas, balki, vijdon azobi yuragini yorib o„limga mahkum etadi. Xullas, Shoyim Bo„taev qissada Gavhar kabi antiqa johil ayol obrazini yaratar ekan, bu orqali jamiyatdagi ko„pdan-ko„p salbiy tiplarni, salbiy xarakterlarni kinoya qiladi.
XX asr tongida shakllangan yangi o„zbek prozasi hali xalq og„zaki ijodi va mumtoz adabiyot an’analaridan tamomila uzilmagan edi. Badiiy uslub, asar syujeti va kompozitsion qurilishi, qahramon tasvirida ertak, doston janrining ulkan ta’siri seziladi. Ammo bugungi zamonaviy o„zbek nasri haqida bunday gapni aytish biroz mushkul. Chunki, 60-70-yillar adabiyotiga mansub avlodi o„zbek nasrini sinovdan o„tmagan yangicha yo„llardan olib ketdi. Ularning asarlarida qo„llangan badiiy shartlilik vositalari sinalmagan yangicha ijodiy yo„llarni ochdi. Birgina E.A’zam prozasi misolida kuzatadigan bo„lsak, badiiy shartlilik tabiatining naqadar professionallashib ketganligini ko„ramiz.
E.A’zam “Pakananing oshiq ko„ngli” qissasida yumoristik ironiyadan foydalangan bo„lsa, “Shoirning to„yi”, “Chapaklar va chalpaklar”, “Guli-guli”da kinoyaning o„tkir formasi - sarkazmni qo„llagan. Ko„pchilik ilmiy adabiyotlarda sarkazmning ma’no-mohiyati shunday izohlanadi: “Sarkazm” so„zining etimologiyasi (ot grech. Sarkoso - “razrbivayu myaso”) so„zning tanaga azob berish bilan bog„liqligini ko„rsatadi. Hayotni barbod qilish harakatiga o„xshatib, muallif xayoliy emas, balki o„zi uchun muhim qadriyatlarni tepkilaydi. U inson borlig„idagi eng qimmat va himoyaga muhtoj jihatlarni tutishga harakat qiladi. Bu turdagi badiiy yaxlitlik turida “tirik” “o„lik”lik ziddiyati o„ziga xos estetik shokni hosil qilishdan iborat: tasvir predmeti yakson qilinishi kerak, toki kitobxon uning hayoti muhim ekanligini anglasin”71.
Adabiyotshunos olimlar “ironiya” bilan “sarkazm” o„rtasida nozik farq borligini qayd etishadi, sarkazm - kinoyaning o„tkir formasi, real voqelik bilan badiiy voqelik o„rtasida yupqagina parda tortilgan bo„ladi. Parda ortidagi voqelik, real shaxslarni tanib-bilib, aynan kim ekanligini aniq bilmasak-da, undagi ramzlar, ishoralar vositasida ularning kimligi va haqqoniy tarixiy-ijtimoiy, adabiy davr haqida xabardor bo„lamiz. “Shoirning to„yi” qissasining qahramonlari, voqealar, adabiy jarayon (qatag„onga uchragan Otashqalb shoir tavalludi ayyomi), siyosiy o„yinlar kitobxonga juda tanish bo„lgan manzaralar haqida hikoya qiladi. Shu bois mazkur asarda qo„llangan kinoyaviy badiiy shartlilik vositasini sarkazm deb atadik. Qissa boshdan-oyoq sarkazm asosiga qurilgan. Asar qahramonlari aniq bir atoqli ism (ot) bilan atalmaydi. Unda Otashqalb shoir, Oqsoqol shoir, Jasur shoir, Zahmatkash domla, Ajoyib domla, Mafkuraxonim, Moviyko„z, Jiyanbeka, Alvastixonim, Ma’shuqaxonim, Temiryo„lchi, Tepakal, Musofir muxlis, Maddoh aka, Eng katta rahbar, Darbon xotin, Ta’qibkor kabi o„n yetti nafarga yaqin qahramonlar ishtirok etadi. Qahramon ismlarining o„zidayoq o„tkir sarkazm aks etgan. Qahramonlarning ismiga aylangan nomlar ularning bosib o„tgan hayotiy- ijodiy yo„li, prinsiplari, xarakteri haqida tugal tasavvur bera oladi. Binobarin, Otashqalb shoir - qatag„onga uchragan iste’dodli shoir, o„tli qalam sohibi; Oqsoqol shoir - davrning siyosiy o„yinlariga chap berib kelgan ijodkor; Jasur yosh shoir - Otashqalbning shogirdi, navqiron iste’dod egasi; Moviyko„z - ikki ijodkor do„st - Otashqalb bilan Oqsoqol shoir o„rtasida talash bo„lgan go„zal ayol, aslida ayg„oqchi (ruslarning agenti) xiyonatkor, sotqin; Jiyanbeka - Otashqalbning nomi ostida katta mansablarni ko„zlagan niqobdor; Mafkuraxonim - davr g„oyalarining sodiq quli, rahbar lavozimdagi ayol; Tepakal - ayollarning kushandasi, Don Juan; Zahmatkash domla - haqiqatni yuzaga chiqarishga intilayotgan chin olim; Ajoyib domla - Otashqalbning hayoti va ijodini afsonaviylashtirib tashlagan pafosi kuchli, zamonasoz olim; Alvastixonim, Ma’shuqaxonim - bular mavqe’, mashhurlik, boylik uchun erkaklar qo„lida qo„g„irchoqqa aylangan ayollar; Maddoh aka - davrni madh etuvchi madhiyaboz; Ta’qibkor - mavjud davlatning ishonchli odami (KGB) obrazi.
Jiyanbeka - niqobli obraz, u o„zini jabrlangan, bir paytlari “xalq dushmani” deb qoralangan tog„asi Otashqalb uchun jon kuydirayotgan yaqin insoni, qondoshi, avlodi sifatida ko„rsatadi. Ammo bu tashqi taassurot. Uning asl qiyofasi va maqsadi esa mansab-martabadan umidvorlik. Umuman, qissadagi Oqsoqol shoir, Ajoyib domla, Mafkuraxonim, Moviyko„z, Jiyanbeka, Alvastixonim, Ma’shuqaxonim, Tepakal, Maddoh aka kabi obrazlar niqoblangan qahramonlardir. Ular yuz niqobi (ruhi, o„ylari, intilishi)ni davrning shabadalariga qarab, tez-tez o„zgartirib turishadi. Ularning yuzida go„yoki, karnaval bayramlarda kiyiladigan niqobi bor. Ular bu niqobni vaziyatga, o„zlarining shaxsiy manfaat va maqsadlari, intilishlari yo„lida almashtirishdan charchamaydilar. Niqobli obrazlar - E.A’zamning kinoyaviy asar yaratishdagi yangicha badiiy shartlilik vositasi o„laroq yaratilgan.
Niqobli odamlar “haybatu dabdabaga o„ch mo„ylovdor dohiy” buyrug„i bilan barpo etilgan va “Ozod Sharqning mash’ali” nomi bilan atalgan san’at maskani, ulkan koshonada turli anjumanlar o„tkazish uchun yig„ilishadi. Nazarimizda, adib bitgan har bir so„z, har bir satr ostiga ikkinchi tag matnni joylagan. Mo„ylovdor dohiy - kommunizm yaratmoqchi bo„lgan proletariat rahnamolari Engels, Marks, Lenin, Stalin ham bo„lishi mumkin. “Ozod Sharqning mash’ali” nomli koshonada aslida “erkin, hur, mustaqil fikrli” kishilar emas, o„z fikrini aytishdan qo„rqadigan qullar to„planishadi. Ularning orasida hur fikrli inson paydo bo„lib qolsa, uning hayoti go„yo jahannamga aylantiriladi. Bu holatga yosh shoir Jasurning (yorqin iste’dod) hayoti birgina misol bo„la oladi. “Ozod Sharq mash’ali” koshonasi ezilgan, xo„rlangan, erksiz asirlar, abgor-chorasiz odamlarning qo„l mehnatlari, ruhiy siniqishlari, ohu nidolari, ko„z yoshlari evaziga barpo etilgan. Koshonaga qo„yilgan demokratik nom esa unga teskari ma’no tashiydi. Shaharning ko„rkiga ko„rk qo„shib turgan bu muhtasham bino yolg„on, riyoli, ta’mali, soxta, balandparvoz, nosamimiy munosabatlar uchun maskan hisoblanadi. Aslida, esa bu muhtasham koshona qizg„in, jonli, samimiy adabiy-siyosiy, musiqiy, ma’rifiy kechalarga oshyon bo„lishi kerak edi. Demak, muhtasham bino va unda o„tkazilayotgan shoirning yubiley kechasi ramziy ma’noda tarixning qora kunlariga, xalqning og„ir kechmishiga ishora qiladi. Asirlarning qoni va joni evaziga bunyod etilgan bino - aslo xayrli ishlarga xizmat qilmaydi. Aksincha, unda mafkuraviy kurashlar, munofiqona ishlar avj oladi.
O„rta asrlarda Yevropada kibor janoblar va xonimlar chiroyli, shinam saroylarda yoki boy amaldorning uyida to„planishib, bal-maskarad uyushtirishib, vaqtini chog„ o„tkazish bahonasida siyosiy o„yinlar, ikki yuzlamachiliklar qilishgan. Xuddi shunga o„xshab “Shoirning to„yi” qissasida muhtasham bino - niqoblangan kishilar hayotini yaqindan ko„rishimiz uchun badiiy maskan, ramziy badiiy makon sifatida tanishtiriladi. Adib ataylab, niqoblangan kishilar va haqiqatparastlarni bir joyga to„playdi. Niqoblanganlarga qarshi yosh shoir Jasur va Temiryo„lchi, Zahmatkash domla obrazini kiritadi. Niqoblanganlar ko„pchilikni tashkil qiladi. Haqiqatparastlar esa juda kam, bor-yo„g„i - ikki-uch nafar.
Jabrlangan shaxs - Otashqalb shoir - Musofir muxlis. Bir nafar shaxs ikki xil nom bilan atalgan bo„lsa-da, u aslida bir odam. E’tibor bersak, qissada niqoblanganlar bilan haqiqatparastlar obrazining bir-biriga qarama-qarshi qo„yilishi, badiiy shartlilikning qarshilantirish, kontrast tasvir usullarini yodga soladi.
E.A’zamning sarkazm, yumoristik, satirik ironiya asosiga qurilgan bu tipdagi asarlari struktural tahlil metodini talab qiladi. Eski tahlillar esa o„zini oqlamaydi. Yangicha yondoshuvlar, yangicha nazariy fikrlar asosida tahlil qilish zarur. Aks holda ko„ngildagidek badiiy-estetik tahlil chiqmaydi. Asar g„oyasi jumboq bo„lib qolaveradi.
E.A’zamning navbatdagi qissasi “Chapaklar va chalpaklar”da ham ironiyaning o„tkir formasi - sarkazm istifoda etilgan. Avvalo, asarning janri haqida to„xtalishni joiz deb bildik. Qissa adibning 90-yillardan so„ng ham sotsialistik tuzumda yashayotgan Sharqiy Buriyo mamlakatiga qilgan safar taassurotlari asosida yaratilgan. Shu bois asar janrini “esse-qissa” deb belgilash mumkin. Asarda “xotira” janriga xos xususiyatlar ham bor bo„lib, unda badiiy nasrga xos shartlilik vositalari mahorat bilan foydalanilgan. Qissada mamlakatda eng katta ijtimoiy- siyosiy muammoga aylangan “shaxsga sig„inish”ning dahshatli oqibatlari (ko„r- ko„rona sotsializm, kommunizm g„oyalariga ishonch, qashshoqlik, qariya- nogironlarning jamiyatga keraksiz buyum singari uloqtirilishi, sirti yaltiroq, ichi qaltiroq xalq hayotini “baxtli”, “to„kin-sochin”, “zamonaviy”, “ozod va obod”, “saranjom-sarishta” mamlakat, xalq sifatida xo„jako„rsinga yoki nomiga ko„rsatish, inson naslining qadrsizlanishi, insoniy tuyg„ular va munosabatlarning tahqirlanishi) Buriyo xalqi hayoti misolida hikoya etiladi. Butun boshli millat Xon Man Menning shaxsiga sig„inib orzulari, ko„ngil xohishlari, istaklari, erkaliklarini amalga oshirish uchun kecha-kunduz xizmatda turadi. Qissa kontekstida kinoyaviy badiiy shartlilikning yana bir vositasi - kalambur ustalik bilan qo„llangan.
“Kalambur- so‘z o‘yini (frans. calembour) komik ta’sir qilish maqsadida so„zlarning ko„p ma’noliligi (polisemiya), shakldoshligi yoki tovush o„xshashligidan foydalanish”18. Kalambur asarda komik ta’sirchanlikni hosil qiluvchi badiiy shartlilik vositasi sanaladi. Kalambur asarda nafaqat komik ta’sirchanlikni oshirib ko„rsatadi, balki sarkazmning o„tkir tig„ini yanada charxlaydiki, u ham muhim shartli vosita hisoblanadi. Shunday deyishga asoslarimiz yetarli. Demak, asar matnida omonim so„zlar, ko„p ma’noli so„zlar (polisemiya hodisasi), qofiyali, bir xil tovushli so„zlar tizmasini qo„llash kalambur hodisasidir. Sharq adabiyotida askiya, latifa janrlarida ishlatiladigan xalqona qochirimlar, maqol-matallar, iboralar, idiomalar, frazeologik birikmalar ham
kalambur doirasiga kiradi. Binobarin, E.A’zamning “Chapaklar va chalpaklar”, “Shoirning to„yi” kabi qissalarida va “Stupka” hikoyasida shu singari so„z o„yinlariga guvoh bo„lamiz. Misol uchun: “Jiyanbeka hay’at stolining atayin oldidan aylanib o„tib, eshila-to„lg„ona minbarga yaqinlashdi. Tamanno bilan pastga nazar tashlab, bir lahza sukut saqladi. Shoirning jiyaniga xos shoirona sukut”72. (Kursiv - M.Q.) Yoki ikkinchi misol: “Chapaklar ostida kirib kelib, chapaklarga burkanib chiqib ketdi. Bu zotning yurgan yo„li - chapak, borgan yeri - chapak. Uzundan-uzoq umri chapagu olqishlar og„ushida o„tayotir.
“Chapak” - talaffuzi buzuq, qandaydir harfi tushib qolgan chala bir so„zdek tuyuladi bizga. Aslida, deylik, “chalpak” bo„lganmikan? Biroq bu boshqa tushuncha, ma’nosi ham boshqa. Chalpak - ba’zi viloyatlarimizda faqat ta’ziya marosimlarida pishiriladigan, qozonda yoqqa qovurib olinadigan yupqagina xamirdan qilinadigan taom. Shundan bo„lsa kerak xalq orasida “Chalpagingni yeyin” degan qarg„ish ham bor. - “o„l, o„lganingda isqotingdan tatib ko„ray” degan mazmunda. Harholda, bu ko„pham iliq-issiq ibora emas. “Urib chalpak qilib tashladi”, - o„ligini cho„zib qo„ydi, qaramaydi”73.
Umuman, “Chapak-chalpak” so„zlari aytilishda nihoyatda bir-biriga yaqin, ohangdosh, faqatgina, bitta “l” tovushi so„zlarning ma’nosini o„zgartirib yuboradi. Asarning “Chapaklar va chalpaklar” deb atalishining o„zidayoq o„tkir ironiya va shu bilan birga nozik so„z o„yini (kalambur hodisasi) ifodalangan.
Asar kompozitsiyasida “chapaklar mamlakati”, “chapaklar bo„roni”, “chapaklar egasi”, “gulduros qarsaklar”, “davomli qarsaklar”, “davomli chapaklar, tantanavor chapaklar”, “chapaklar yangrog„i” singari kinoyaviy-ramziy, nozik qochirimli so„z birikmalari tizimli ravishda bir-biriga ulanib, “chapaklar mamlakatidagi” - “chalpakka o„ralgan odamlar” hayotidan hikoya etadi.
Qissa qahramonlari Tovarim Yak, Xon Man Men, Men Xon Man, Mayda Xon ismlari ham kinoyaviy-ramziy-majoziy ma’nolarni o„zida ifoda etib turadi. Tovarim Yak - umrini Xon Man Menning g„oyalariga qurbon qilgan. (Yak - forscha - bir degan ma’noni bildiradi). Xon Man Men va ukasi Men Xon Man asarida ajnabiycha ismlar sifatida yangrasa-da, bizningcha esa amalparast, hokimiyatsevar aka-ukalar ismi nihoyatda maqsadli nom (ot) bilan atayin qo„yilgan. Ularning ismida ma’no nazarda tutilib “Men xonman” degan ma’nolar zuhur topgan. Mayda xon esa aka-uka homiyatparastlardan so„nggi bosqichda turadigan “kichkina amalparast” degan ma’noda shunday nomlangan. Asar syujeti talqiniga ko„ra bu mamlakatda sevishish, o„pishish, quchoqlashish ham mumkin emas ekan. Uylanish, erga tegish, sevish-sevilish degan insoniy istaklar ham qonunan chegaralangan. O„ttiz yoshgacha har bir yosh vatan oldidagi burchini ado etishi darkor. Bu mamlakatda faqat yakka shaxs istaklari hukmron.
Asarda voqealar muallif - qahramon nigohi bilan kuzatiladi. Muallif obrazi ham “asar qahramoni”, ham “hikoyachi” mavqeida turadi. Unda esse janriga xos behad erkinlik, mulohazakorlik, turfa fikrlilik, ochiqlik, samimiylik asarning butun ruhini bezab turibdi. Bunday uslub esa qissaga lirik-ironik kayfiyat bag„ishlagan. Yana, qissada ko„rib-kuzatib, yurakdan his etilgan voqelik asos qilib olingan. Shu bilan birga qissada mubolag„alik badiiy shartlilik vosistasidan unumli foydanilgan. Voqelikni bo„rttirib ko„rsatish, masalan, Xon Man Men janoblari kostyumining pastki tugmalarini taqmay yuradi, bu holat butun mamlakat bo„ylab urf tusiga kirganligini muallif - hikoyachi kinoyaviy nigoh bilan ta’kidlab ko„rsatadiki, bu ayni paytda jamiyatdagi ko„r-ko„rona ergashish, fikrsizlik, aqlsizlikning bir nishonasi sifatida talqin etiladi. Umuman, mazkur qissada mubolag„ali tasviriylik asarning boshidan oxirigacha asosiy badiiy shartlilik vositasi sifatida o„z ifodasini topgan. Qolaversa, adib bir tomondan Sharqiy Buriyo davlatidagi sotsialistik tuzumning yemirilgan ijtimoiy tuzum ekanligini jonli, qiziqarli, hayotiy lavhalarda ko„rsatar ekan, ikkinchi jihatdan esa sobiq sovet ittifoqi davlatlari kechmishiga, o„tgan kuniga tamsiliy bir ishora beradi. A.Oripovning “Tilla baliqcha” ixcham she’ri mazmuni qissada aytilmoqchi bo„lgan ulkan ijtimoiy muammoni o„zida aks ettirib turibdi.
Fikrimizcha, “Shoirning to„yi” va “Chapaklar va chalpaklar mamlakati” qissalari o„quvchida uzviy ravishda tutash, bir-biriga bog„langan davomiy qissalardek taassurot qoldiradi.
E.A’zam kinoyaviy obraz yaratish, asar matniga qavatma-qavat ma’no yuklash malakasini oshirishda asardan -asarga, obrazdan- obraz tomon o„sishda davom etmoqda. “Chapaklar va chalpaklar mamlakati” qissasi yakunida shunday jumlalar bor: “Shu yo„ldagi yelib-yugurishlarim butunlay zoe ketmasin, ko„rgan- bilganlarimni nishxo„rdga chiqarmayin debmi, “Shovqin” degan kechmishnoma roman ham boshladim. Quloq-miyadagi balo battar zo„rayib, diltanglik ortib, ish yurmadi. Keyin bunga boshqa “shovqin”lar qo„shildiyu qo„lyozma chala qolib ketdi”74.
Adibning 1971 yilda yaratilgan “Shaytonchalar ko„chasi” asari qahramoni Amirning kinosevar ukasi Farhod obrazi E.A’zam qalbida go„yo qirq yil yashadi. Oradan qirq yil o„tib, kinosevar bola obrazi ulg„ayib, “Shovqin” romani qahramoni Farhod Ramazon bo„lib dunyoga keldi. Mazkur romanda ham kinoyaviy ohang, ramziylik, majoziylik, parodiyaviy obrazlilik yetakchilik qiladi.
E.A’zamning “Guli-guli” qissasi ham o„tkir ironiya vositasi - sarkazm asosiga qurilgan. Bizningcha, sarkazm badiiy shartlilik vositasida yaratilgan asarlar teatrlashtirilgan sahnaviy ijroga o„xshaydi. Unda go„yoki aktyorlar, tomashabin va kitobxon ishtirok etayotgandek taassurot qoldiradi. Xususan, E.A’zamning yuqorida tahlilga tortilgan “Shoirning to„yi”, “Chapaklar va chalpaklar mamlakati”, “Guli-guli”, “Aralashqo„rg„on” asarlarida shu holat yana kuzatiladi; ularda sarkazm badiiy shartli vosita mahorat bilan qo„llanilgan.
“Guli-guli” qissasi hikoyachi-muallif va uning bolalik do„sti Mahmudning bog„bololik Salom chopag„onning ta’ziyasidan chiqqach, Mo„min-Maymun va uning qishloqdoshlari - jiydalilar haqidagi xotiralari asosiga qurilgan. Fikrimcha, “ta’ziya motivi” adibning bir necha hikoya, qissalarining syujet va kompozitsiyasida tez-tez murojaat qilinadi. Jumladan, “Ta’ziya” (Dastlabki nomi “Do„ppi”)75 hikoyasida ham shahardan kelgan muallif-hikoyachi otasi bilan ta’ziyali uylarga kirib chiqadi. Ta’ziya munosabati bilan Salim Safarov (Salim Qaror - partiya qarorlari va shiorlarini o„z maqolalariga iqtibos va yakunlovchi so„z sifatida ishlatadi. Bo„lsa-bo„lmasa partiya qarorlarini tiqishtiraveradi. Shuning uchun “Salim Qaror” deb laqab olgan) - zamonasoz odam obrazi, mafkuralar qurboni bo„lgan kishi sifatida eslanadi. Hikoyada xotira-xayol va ota-o„g„il suhbati, ularning vafot etganlar (Salim Qaror, Asom zo„r) haqidagi gurunglari badiiy shartlilik vositasi sifatida istifoda etilgan. Yana mazkur hikoya motivi “Guli-guli” qissasi syujetiga singdirib yuborilgan.
Adibning mahorat bilan bitilgan bir qator hikoya va qissalarida kinoyaning badiiy-g„oyaviy jihatdan turli ma’nolardan ustalik bilan foydalanganini aytish lozim. Binobarin, “Ta’ziya”da muallif-hikoyachi qahramon hayotini (Salim Qaror hayoti nazarda tutilyapti - M.Q.) beozorgina bo„lib, jimgina turib kuzatadi. Hatto, bir o„rinda shunday jumla keladi: “Beozor kinoya aralash bu gapga indamay qo„ya qoldim”76. Shunga asoslanib, biz E.A’zam nasrida istifoda etilgan shartlilik vositasi bo„lgan kinoyaviy ohangni quyidagicha tasniflab ko„rsatishga qaror qildik:
Beozor kinoya: “Anoyining jaydari olmasi” (qissa), “Ta’ziya”, “Navoiyni o„qigan bolalar”, “Qiyofadosh” (hikoyalar);
Quvnoq yumoristik kinoya: “Pakananing oshiq ko„ngli” (qissa);
Zaharxanda kinoya va sarkazm: “Shovqin” (roman), “Shoirning to„yi”, “Chapaklar va chalpaklar mamlakati”, “Guli-guli”, “Javob”, “Otoyining tug„ilgan yili”, “Bayramdan boshqa kunlar” (qissalar).
Liro-romantik kinoya: “Kechirasiz, o„rtoq muallim”, “Shaytonchalar ko„chasi” (qissalar);
Masxaraomuz-kinoya: “Guli-guli” (qissa), “Shovqin” (roman).
Yu.Borev kinoyani “aysberg-kulgi” sifatida ta’riflab shunday deydi: “Ironiya, bu tagma’noli “aysberg-kulgi” komizmning bosh shakliga aylanib boradi. Komik tahlil olamning, ikkinchi tomondan, shaxsning mukammalligi haqidagi ushalmaydigan orzu va tasavvurlardan kelib chiqadi. Tanqidning asosi hamma vaqt olamdan shaxsga va shaxsdan olamga tomon siljib boradi. Ironiya o„z-o„zini kinoya qilishga (masalan, G.Geyneda), o„z-o„zini kinoya qilish esa jahon skepsisiga aylanadi”77. Erkin A’zam nasrida kinoyaning go„yo aysberg kabi ulkan muz tog„idan yaralgan kulgi turlarini kuzatish mumkin.
“Guli-guli” qissasidan “Shovqin” romani o„sib chiqqan. Jiydali qishlog„iga oralagan o„g„ri tilidan aytilgan, ma’no-mazmuni noma’lum “guli-guli” degan parol so„z asarga sarlavha sifatida tanlangan. Qolaversa, qissa qahramonlari shu so„z atrofida hayrona va vayrona bo„lib munosabat bildirishadi. Qissa kompozitsiyasi to„la ma’noda ramziy-halqali-kinoya asosiga qurilgan. Asarda tasvirlangan qahramonlarning ismi ham ramziy-kinoyaviy ma’noga ega: Mo„min-Maymunvoy, Tyotya Katiya, O„rmon kalta, Amalbek, Musallam kokildor, Sho„ro bobo, Soli baqiroq, Egamboy, Qodir kalamush, Olma kelin, Natasha Rostova, Vahshiy Orziqulov, Hasancha, Sayfiddin Kulol, Sobir to„pponcha, Avaz milisa, Ahad maxsum, Nurillaev, Ma’mura gajak, Dodo somsapaz, Beg„am kabobpaz, Lamark, Sattor miskar, Sayfi pason, labi qizil Flyura, Rahmon Bolta va boshqalar. Qahramonlarga tanlangan ismlar ularning kimligi, qanday odam ekanligi haqida ochiq so„zlab turadi.
Rus adabiyotshunosligida esa bunday ismlar “so„zlovchi ismlar” (“gapiruvchi ismlar”) termini bilan ataladi78. D.Andaniyozova bu kabi muammoni tilshunoslik nuqtai nazaridan o„rganar ekan, rus olimlarining bu boradagi qator ishlarini tilga oladi: “Rus filologi V.M.Kalinkin fikricha, badiiy matnda jamlangan tarixiy, etnografik, konnototiv va boshqa informatsiyalarni o„quvchiga yetkazib turadi. Tilshunos Bardakova bolalar adabiyotidagi lingvopoetik xususiyatga ega bo„lgan onomastik birliklarni o„rganar ekan, bu borada Yu.A.Karpenkoning xizmatini alohida ta’kidlab, uning bolalar adabiyotidagi “so„zlovchi” ismlarni o„rganishga e’tiborini qaratganini va bu an’anani boshlab berganini aytadi. Keyinchalik E.B. Magazanik ham rus adabiyotidagi ayrim mashhur asar qahramonlarining ismlarini tahlil etib, estetik vazifalarni yoritgan”79.
Yana D.Sa’dullaev “Badiiy tarjimada “so„zlovchi” ismlar haqida” maqolasida shunday deydi: “Hozirgi kunda aksariyat tarjimonlarning boshini qotiradigan narsa, bu badiiy adabiyotda “so„zlovchi nomlar” tarjimasi masalasidir: qanday qilib tarjimada ism obrazliligi, qahramon sifatlarini ifodalash lozim, asl asar tilini bilmaydigan kitobxonga qay tariqa bunday ism o„ziga xosligini yetkazish kerak”80.
Haqiqatan ham “so„zlovchi” ismlar original tildan boshqa tillarga tarjima qilinganida anchagina qiyinchiliklar tug„diradi. Bu borada ba’zi olimlar ismlar tarjima qilinmasligi lozim deyishsa, ba’zi olimlar atoqli ism bilan atalmagan tipiklashtirilgan “so„zlovchi” ismli obrazlar nomi albatta, o„sha tildagi so„z bilan tarjima etilishi shart, deb hisoblashadi. Albatta, mazkur masala boshqa tadqiqotlar uchun asosiy o„rganish ob’ekti sifatida tadqiq etilishi mumkin. E.A’zamning “so„zlovchi” ismli qahramonlari nomini boshqa tillarga tarjima qilishda anchagina qiyinchiliklar vujudga kelishi aniq. Bu holat, tabiiyki, tarjimondan nozik fahm va yuksak iqtidorni talab etadi.
Endi E.A’zamning “Guli-guli” qissasidagi “so„zlovchi ismli” - qahramonlar nomlarini badiiy-estetik tahlil etib ko„rsak: Mo„min-Maymunvoy - bu obraz odamiylik qiyofasidan chiqib hayvon qiyofasiga kirgan, fahsh urug„ini sochuvchi, harom-harishning farqiga bormaydigan nosog„lom odam; O„rmon kalta - zamonasoz, ayni choqda “yozg„uvchi”; Musallam kokildor - sochining uzunligi bilan erkaklarni rom etib, sevgani bilan ilakishib, bir necha marotaba qishloqdan qochib ketgan, yana qaytib kelgan tuturiqsiz ayol obrazi; Sho„ro bobo - o„z davrining odami, zamonasoz, sobiq sho„ro mafkurasi bilan qurollangan odam, shopmo„ylov Budyoniy bilan shaxsan ko„rishgan, uchrashgan va shu xotiralar tufayli g„ururlanib yuradi; Qodir kalamush - selponing omborchisi, davlat mulkini kalamushdek kemirgan odam obrazi (kalamush - kemiruvchi jonzot, shu bois qahramonga bu laqab bejiz tanlanmagan - M.Q.); Olma kelin - “ikki yuzi olmaday” degan iboraga binoan shunday atalgan, ammo bundan tashqari xalq orasida “ko„zi olma teradi” degan salbiy ma’no ottenkali ibora ham borligini unutmaslik kerak; Vahshiy Orziqulov - o„quvchilarga jismoniy zug„um o„tkazib, shunday laqab olgan, o„z kasbiga noloyiq pedagog; Natalya Dmitrieva - Poltavadan rus adabiyotini targ„ib etish uchun kelgan o„qituvchi, uni o„quvchilari sevib qoladi (bu ro„yxatda muallif - hikoyachi, Mahmud, Shoir, Maymunvoy- Mo„minvoy, o„qituvchi Orziqulov bor) va shoir uni L.Tolstoyning “Urush va tinchlik” romanidagi Natasha Rostovaga qiyosan adabiy qahramon nomi bilan
ataydi, mazkur qahramon ismida ham “parodiya kinoya” turini kuzatish mumkin. Natasha Rostova Mo„min kal-Maymunvoy bilan ham osh-qatiq bo„lgan ayol obrazi va hokazo. Asarda bu obraz muallif-hikoyachining o„tkir ironik iboralari bilan ta’riflanadi: “qizil paltochali muallima”, bu ibora beixtiyor mashhur qirg„iz yozuvchisi Ch.Aytmatovning “Qizil durrachali sarvqomatim” qissasi va uning qahramonini esga soladi. Yoki yana shunday ironik ibora va lavhalarga misol: “Maymun bilan Natasha Rostova maymunlik qilmoqda!..”; “Natasha Rostovamiz esa she’r o„qib charchamaydigan bir nazm shaydosi ekan. Ikkisi topishdi-qoldi!”; “Shanba oqshomlari maktabda boshlangan rus tili va adabiyoti to„garagi mashg„ulotlari kechasi bir mahalgacha kinoteatr biqinidagi chiptaxona peshtoqidan taralayotgan chiroq yog„dusida davom etar, qizil paltochasining yoqalarini ko„tarib, ikki uchini bo„ynida juftlab ushlagan boshyalang Natasha Rostova qor zarralariga yuzini tutgan ko„yi entika-entika, o„sha vaqtlarda uncha-muncha odam nomini ham eshitmagan Sergey Yesenin she’rlaridan yod o„qib berar edi bizga”28.
Erkin A’zam o„z qahramonlariga ism tanlashda xalq tiliga, so„zlashuv uslubiga tayanadi, ya’ni laqab qo„yish usulini o„z ijodida kinoyaviy badiiy shartlilik darajasiga olib chiqadi.
Binobarin, E.A’zamning ijodida Salim Qaror, Asom zo„r (“Ta’ziya”); O„rmon kalta, Musallam kokildor, Sho„ro bobo, Soli baqiroq, Qodir kalamush, Olma kelin, Natasha Rostova, Vahshiy Orziqulov, Hasancha, Sayfiddin Kulol, Sobir to„pponcha, Avaz milisa, Ahad maxsum, Ma’mura gajak, Dodo somsapaz, Beg„am kabobpaz, Lamark, Sattor miskar, Sayfi pason, Labi qizil, Safar nosfurush (“Guli- guli”); Pakana rassom (“Pakananing oshiq ko„ngli”); Janobiddin Savdoyi yoki janob Janob (“Navoiyni o„qigan bolalar”); Olashovur, Saxiyxon (“Yozuvchi”); O„rin Jaga, Damin kal, Qurbon qo„ng„irot, Bozor sariq, Samar rais (“Suv yoqalab”); Yura piyon (“Zabarjad”); Bolta front, Haydar otboqar (“Shaytonchalar ko„chasi”); Turna piyon, Turobadze - tarix o„qituvchisi, Josus Hojiqulov - adabiyot o„qituvchisi, Kvadrat Asadov - matematika o„qituvchisi, Lamark Salimov - biologiya o„qituvchisi (“Kechirasiz, o„rtoq muallim”); Shodi garang (“Anoyining jaydari olmasi”); Tursun kal (“Ertak bilan xayrlashuv”); Manzuma otin (“Manzuma otin”); Salom chapdast (“Chapdast”); Papay (“Tish og„rig„i”) kabi laqabli kishilar obrazini uchratamiz va adibning bu boradagi mahoratiga tan beramiz.
Ba’zi qahramonlarning ismi sifatida tanlangan nom (ot)lar yoki ismi yoniga tirkab aytilgan laqab ularning kasb-koriga ham ishora qilib turadi. Xususan, Sho„ro bobo, Avaz milisa, Sobir to„pponcha - hukumat odamlari, ularning ismi yoki to„la ma’noda mansabi nomi bilan (Sho„ro bobo), yoki ismi yonida aniqlovchisi,
kasbining nomi qo„shib aytilgan (Avaz milisa, Sobir to„pponcha, Sayfiddin Kulol, Ahad maxsum, Sattor miskar, Ismoil telpakdo„z, Habibullo magazinchi, Safar nosfurush), o„qituvchilar ismi familiyasi to„liq holida yoki faqat familiyasi bilan va uchinchi holatda esa o„quvchilar tomonidan qo„yilgan laqab bilan familiyasi qo„shib atalgan Vahshiy Orziqulov (jismoniy tarbiya o„qituvchisi), Lamark, Nurillaev (zoologiya o„qituvchisi), Natasha Rostova (rus tili va adabiyoti o„qituvchisi). O„qituvchilar nomlari, ularga qo„yilgan laqablar. Shuni alohida qayd etish kerakki, o„qituvchi obrazini yaratish borasidagi E.A’zamning badiiy tajribalari bundan ancha yillar oldin, ya’ni ilk ijodiy davrida yozilgan “Kechirasiz, o„rtoq muallim” asarida ham aks etgan.
“Guli-guli” asaridagi joy nomlari (toponim)ga ham e’tibor bersak: Jiydali qishlog„i, Qo„shdaryo, Ko„tarma qishlog„i, Qizilcha qabristoni, Sovet ko„chasi, Qo„rg„ondara va h.zo. Umuman olganda, E.A’zam nasrida Jiydali, Bog„bolo singari joy nomlari u asardan bu asarga ko„chib yuradigan sayyor xarakterdagi nomlar hisoblanadi.
“Ta’ziya” ( hikoya), “Guli-guli” (qissa) asarlarining qahramonlari Salim Qaror bilan O„rmon kalta obrazlaridir. Ularning tashqi qiyofasi va ruhiy portretlari o„rtasida yaqin adabiy mushtarakliklar seziladi. Salim Qaror ta’ziyaga kelgan hikoyachi-qahramon tasavvurida shunday gavdalandi: “Ko„zim shularda-yu, xayol parishon. Xotiralar qatidan bir qiyofa chiqib keladi. Sarupo moshrang libosda. Boshda stalincha shapka, sercho„ntak stalincha kamzul, baqaloq galife shim, dag„al matodan etik. Qishin-yozin. Bir yonda kattakon bloknot, ko„krak cho„ntakda qator rang-barang avtoruchka, etikning qo„njida bir dasta gazet-jurnal.
Bu odamni boshqa qiyofada ko„rmaganman”81.
Endi esa “Guli-guli” qissasi qahramoni O„rmon kalta portreti bilan bog„liq chizgilarga diqqat qaratsak: “O„zi pak-pakana, biroq shashti, shiddati baland; yurganda - bo„yin g„oz, qo„llarini askar bola misol siltab-siltab, lekin generallarga xos bir salobatu siyosat bilan, iyakbozlik maqomida har yonga nazar sola-sola qadam tashlaydi. Tyotya Katiyaga mijoz tushmagan bo„lsa-da, boshidagi sarg„ishtob sochi jingalaga moyil. Ko„krak cho„ntagida doim to„rtta avtoruchka qatorlashtirib terib qo„yilgan, xuddi beshinchisini qo„lida rostlab olganu, indamasangiz, shu yerning o„zida cho„nqayib olib, ko„rgan-kuzatganlarini shartta yozib tashlaydi-da, hoziroq allaqaerga jo„natib yuboradigandek!”82 O„rmon kalta obrazi ham Salim Qaror obrazi singari zamonasoz, o„ta zamonaparast odam. Hayotini o„tkinchi, yolg„onchi mafkuralarga alishgan. Har ikkalasi tragik ironik obrazlar hisoblanadi. Demak, adibning 1991 yilda yaratgan “Ta’ziya” hikoyasining motivi va uning bosh qahramoni “Guli-guli” qissasi uchun ilk urinish bo„lgan bo„lsa, Salim Qaror obrazi esa O„rmon kalta obrazining dastlabki eskiz chizgisi vazifasini o„tagan.
Shunisi e’tiborga loyiqki, kinoyaviy-ironik obrazlar yaratishda E.A’zam bo„yi past “pak-pakana odam”larga tez-tez murojaat qiladi. Yuqorida aytib o„tganimizdek, O„rmon kalta, Egamboy (“Guli-guli” qissasi), Salim Qaror (“Ta’ziya” hikoyasi), Pakana rassom (“Pakananing oshiq ko„ngli” qissasi), Ergashali Ukkiboev (“Bayramdan boshqa kunlar”), G„affor Nurievich - ximiya o„qituvchisi (“Kechirasiz, o„rtoq muallim”) obrazlarini misol tariqasida sanab ko„rsatishimiz mumkin.
Ammo shulardan bo„yi past odam, ya’ni ximiya o„qituvchisi G„affor Nurievich timsolida adib mutlaqo salbiy... hajviy bo„yoqdorligiga alohida urg„u bermaydi. Mazkur obrazning tashqi portreti chizilgan o„rinlarga e’tibor qaratamiz: “G„affor Nurievich bo„yi past, sochi siyrak, ko„zi tiyrak, ma’noli boqib turadi. O„z fanini g„oyat sevadi, puxta biladi”83. Bu odamning bo„yi pastligi nuqson emas, aksincha fazilat deb qaraladi. Uning o„z fanini sevishi, ximiya fani ravnaqi yo„lida qo„lidan ham ajralishga tayyorligi, ritorik, hayajonli, dona-dona, optimistik murojaati - uning ichki madaniyatidan darak berib turadi.
Pakana odamning ironik qiyofasi, ayniqsa, Erkin A’zamning “Pakananing oshiq ko„ngli” qissasida maromiga yetkazilgan.E.A’zam “Guli-guli” qissasida sir saqlash usuliga yanada boshqacha yondashgan, noma’lum maxluqning tunda xonadonlarga kirib, “guli-guli” deb xayrlashib ketishiga sirli tus berishga harakat qilgan.
E.A’zam kinoyaviy badiiy asar qurilmasini pishiq, mazmunli, qiziqarli syujet va detallar bilan boyitish, to„ldirish tajribasini birinchidan, o„zbek va jahon adablari ijodini chuqur o„qib-o„rganish, ikkinchidan esa o„zining boy ijodiy-badiiy fantaziyasi, ijodiy ongi, xayoloti, ko„rgan-kechirganlari, hayotiy tajribalari natijasida to„plagan.
E.A’zam Salim Qaror, O„rmon kalta, Sho„ro bobo, Pakana rassom singari tragik ironik obrazlar galeriyasini yaratish tajribasini “Shovqin” romanida yanada kulminatsion nuqtaga olib chiqdi, deyish mumkin.
“Guli-guli” qissasida tilga olingan “Kallikka qarshi kurash” kompaniyasining chora-tadbirlari satirik-ironik lavhalarda ochiladi: “Yaltir kal, cho„tir kal, qo„tir kal - shularning bariga qiron keldi. Kallarga, umuman, o„tmish sarqiti hisoblangan kallikka qarshi yoppasiga kurash boshlandi. Kommunistik jamiyat quruvchisi har jihatdan to„kis, sog„lom, ilojini topsa, jingalaksoch bo„lmog„i lozim edi”84. Jamiyatdagi ijtimoiy nosozliklar, soxta mafkuraviy dastaklar shu tariqa kinoyaviy- ramzli uslub bilan ko„rsatib beriladi. Adib tomonidan o„ylab topilgan “o„tmish
sarqiti - kallik”, “kallikka mahkum etilganlar”, “kalxona”, “sobiq kallar”, “katta yoshli kallar”, “katta kallar”, “kallik illati”, “kal podsho”, “Mo„min kal” kabi so„z va iboralar go„yo halqa misoli bir-biriga ulanib, qissada ramziy-halqali-kinoyaviy obrazlilikni vujudga keltirgan. Bunday ramziy-halqali-kinoyaviy obrazli uslub E.A’zamning “Chapaklar va chalpaklar” qissasida “chapak”, “qarsak”, “chalpak” so„zlariga urg„u berilishi orqali, “Shovqin” romanida esa “kino” so„ziga, “Guli- guli”da “kal”, “guli-guli” so„zlariga urg„u berish orqali ironik lavhalar, ironik obrazlar, ironik vaziyatlar yaratilishiga asos bo„lgan. Shu o„rinda shuni qayd etishni joiz deb bildikki, adibning 1973 yilda yozilgan “Xotira” hikoyasi qahramonining ruhiy holati ham tushida, ham hushida, o„ngida shaklida bayon etiladi. Bolalik xotiralari qahramonni tinch qo„ymaydi. Rafiqasining ismi Guli. Xotini tushida unga xiyonat qilmayotganmikan, degan xomxayol bilan “Guli, Guli” deb jonholatda uyg„onadi. Bizningcha, hikoya so„nggidagi “Guli, Guli” murojaati qaysidir ma’noda “Guli-guli” qissasidagi shu so„zga xamirturish vazifasini o„tagan, deb o„ylaymiz.
Sho„ro bobo obrazining (“Guli-guli”) tasvirida ham beozor kinoyaviy ohang yaqqol sezilib turadi: “Sho„ro bobo ketgach, hech kim uning orqasidan ig„vo qilmaydi. Yaxshi odam Sho„ro bobomiz. Birovga ozori yo„q, o„z kuniga. Urush yillari frontdan yaralanib kelib rais bo„lganida kolxoz omborxonasidagi bor g„allani beva-bechoraga tarqatib, bir muddat qamalib ham chiqqan. “Ne-ne odamlar otilib ketdi, biz bo„lsak bor-yo„g„i to„rt yilgina tut yemadik, xolos”, deya g„ururlanib yuradi o„zicha.
Men qachon Sho„ro boboni ko„rsam, uning dumi haqidagi hangoma yodimga tushadi”33.
Qissadagi bir qator obrazlar, jumladan, Mo„min-Maymunvoy, Vahshiy Orziqulov, Natasha Rostova, Lamark, Olma kelin, Egamboy, labi qizil Flyura, Sayfi pason, Musallam kokildor, Tyotya Katiya, O„rmon kalta, Qodir kalamush, Sho„ro bobo, Amalbek kabi obrazlar tasvirida kuchli ironiya vositalari, ya’ni mubolag„adorlik, paradoks, salbiy bo„yoqdorlik, ramziylik, parodiya-kinoya, masxaraomuz-kinoya, beozor-kinoya, sarkazm, adabiy mistifikatsiya, ishora, xalq og„zaki ijodi janrlari ertak, askiya, latifaning ma’no nozikliklari, soddalik, jonlilik, masxaralash, mot qilish, kulgi kabi xilma-xil vosita va usullardan foydalanilgan.
“Guli-guli” asaridagi bir necha kinoyaviy obrazlar tasvirini tahlil etsak: “Bilmadik, qay nag„ma ustida u cho„loq childirmakashning ko„zi bir tola sochga tushib qolibdi! Uzundan-uzun soch emish! Bir uchi sahnada bo„lsa, bir uchi huv anavi oldingi qatorlarda. Shunda ahli Jiydalini g„aflatga ko„mib, ne bir usulda
nag„magar uni yerdan oladiyu chapdastlik bilan bilagiga o„raydi. Sozanda emasmi, mohir, evini topadi.
Keyin sahna ortida haligi soch tolasini bilagidan olib tashlayin desa - sira olinmasmish! Uzu-un, chirmab-chirmashib ketgan. Jiydalida ko„plarga dor bo„lgan arg„amchi sochlar!
Shunday qilib, Musallam kokildor oqsoq childirmakashning bilagiga ilashib- chirmashib Kitobga ketdi-qoldi”85.
Adib Musallam kokildor obrazi tasvirida ironiyaning o„tkir vositalaridan biri mubolag„adorlik (haddan ziyod uzun soch, sochiga chirmab childirmakashni o„ziga qaratish tasviri - mubolag„aning grotesk formasidir), hajviy-kinoyaviy nigoh, istehzo, kesatiq, qahramon ismiga sochining uzunligini ishora qilib “kokildor” laqabini qo„yish singari badiiy shartlilik vositalaridan unumli foydalanadi. Xuddi shunday shartlilik vositalarining kinomexanik Sayfi pason va labi qizil Flyura kabi ironik obrazlar tasvirida ham uchratamiz: “O„z ko„zim bilan ko„rganman: haqiqatan ham, oshiq-ma’shuq ko„chaning o„rtasidan qo„l ushlashib o„tgan. Hech kimga qiyo boqmay, nazar-pisand qilmay o„tganu ketgan. Sayfi pason osmonga qarab, Flyuraning esa lablari qip-qizil! “Ko„rib qo„yinglar, ey qishloqilar, biz bir- birimizni sevamiz!” Shunda qo„shnimiz Satttor miskarning “Obbo, bachchag„ar- ey, xuddi birov kelib tortib oladiganday-a! - degani esimda. - Qo„l ushlashmasa sevgisi hisoblanmas ekan-da, yo pirim-ey!”86
Sho„ro boboning o„g„li (Musallam kokildorning birinchi turmush o„rtog„i) Amalbek ironik obraz tasvirida ko„proq masxaraomuz-kinoya, shu bilan birga nozik xalqona qochirimli askiya janri elementlari yaqqol ko„rinadi: “Taytuv Amalbek qaytib xotin qilmabdi. Aftidan, kuydirmajon kokildor bir tutam jodu sochi bilan uning nozikroq joyini qattiq chandib ketgan”87.
Qissaning markaziy obrazlaridan biri Mo„minvoy-Maymunvoy hayoti Darvin ta’limotiga teskari ravishda odamiylik qiyofasidan yana hayvon, ya’ni maymun qiyofasiga do„nadi. Ma’lumki, ingliz olimi Darvin nazariyasiga ko„ra, maymun mehnat faoliyati natijasida odamga aylangan. Albatta, bu nazariyalar bugungi kunda bir oz kulgili va quloqqa xunuk eshitiladi. E.A’zam ilm-fanda uzoq yillar davomida yashagan mazkur nazariyaga teskari ravishda “Maymundan paydo bo„lgan odam” (Darvin nazariyasi) - “Jaholatga botsa odam yana qaytib Maymunga ham aylanishi mumkin” (E.A’zam badiiy falsafasi), degan fikrini Mo„minvoy-Maymunvoy hayoti misolida ko„rsatib bergan. Kuzatib turganimizdek, adibning “Guli-guli” qissasida kinoyaviy badiiy shartlilikning yana bir yangi vositasi, ya’ni paradoksdan foydalanilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |