Somoniylar davlati hokimiyati va boshqaruvining tashkil etilishi
Somoniylar davlati ikki ulkan mamlakatni - Movarounnahr va Xurosonni o'z ichiga olgan edi. Movarounnahrga Amudaryo shimolidagi yerlar kirgan. Shulardan Buxoro, Samarqand, So'g'di Istaravshon, Choch, Iloq, Farg'ona, Kesh, Nasaf viloyatlari siyosiy va madaniy, iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan edi. Daryolarning yuqori oqimi viloyatlaridan Chag'oniyon, Xuttalon, Qubodiyon, Ahorun, Shumon, Vashgird, Rashtt, Kumed, Badaxshon, Karon, Shikinon, Vaxon, Ro'shon qisman somoniylarga tobe edilar. Xuroson Amudaryoning janubida joylashgan Balx, G'uzg'onon, Garjiston, Marv, Hirot viloyatlarini o'z ichiga olardi. Somoniylar xalifalikdagidek hukmronlik tizimini o'rnatdilar. Somoniylar Movarounnahr va Xurosonda mustaqil davlat tuzish uchun avvalambor, kuchli markazlashgari hokimiyat tuzish kerakligini yaxshi tushunishgan. Bu, ayniqsa Ismoil Somoniy hukmronligi davrida dolzarb masalaga aylandi. Chunki Ismoil Somoniy Movarounnahr va Xurosonni birlashtirishga va yagona markazlashgan davlat tuzishga muvaffaq bo'ldi. Endi bu davlatni idora qilish lozim edi. Shuning uchun u bir qancha islohotlar o'tkazdi. Mana shunday islohotlardan biri davlatni boshqarish ma'muriyatirii joriy qilish bo'ldi. Bu islohotga binoan davlatni idora qilish saroyi (dargoh) va 10 ta devon {harbiy-fuqaro mahkamalari) tashkil etildi. Ismoil Somoniy davlatning majmuyini tashkil etishda Somoniylar Eroni va Arab xalifaligida qabul qilingan tajribalardan foydalandi va uni zamon talabiga qarab mukammallashtirdi.
Hokimiyatning eng yuqori pog'onasida somoniylar turib, ular amir unvoni bilan davlatni idora qilganlar. Davlat majmuyini mustahkamlashda Nasr II Somoniyning ma'rifatli vazirlari Abu Abdullo Muhammad Jayhoniy va Abu-Fazl Muhammad Balamiylarning xizmatlari katta bo'lgan. Umuman, somoniylar hukmdorligi davrida vazirlik mansabiga asosan shu ikki sulola vakillari tayinlanganlar. Davlat majmuyini dargoh va devonlarga bo'linishi ma'lum darajada rasmiy bo'lgan. Chunki saroyning nufuzli kishilari ko'p hollarda devonlarning ishlariga aralashib turganlar. Saroyda siyosiy hokimiyat «Sohibi xoras» qo'li ostida bo'lgan. Sohibi xoras amir farmonlarining bajarilishini nazorat qilgan. Saroyda sharbatdorlar, dasturxonchilar, tashtadorlar, otboqarlar, xo'jalik bekalari kabi turli xizmatchilar bo'lgan. Saroydagi hamma xo'jalik ishlarini «vakil» boshqargan. Vakil saroydagi eng e'tiborli kishilardan biri hisoblangan. Narshahiyning yozishicha, Nasr II Somoniy hukmronligi davrida 10 ta devonga Buxoro Registonida 10 ta maxsus bino qurilgan.
Devonlar orasida vazir yoki «xo'ja buzurg» devoni alohida o'rin tutgan. Bu devonga boshqa hamma devonlar bo'ysungan. U hamma -ma'muriy, siyosiy va xo'jalik mahkamalarini nazorat qilgan.
Davlatni idora etishda «mustaufi devon» ham muhim ahamiyatga ega bo'lgan. Bu devon davlatning butun moliya ishlarini boshqargan va nazorat qilgan. Devon xazinador tomonidan boshqarilgan.
«Devon amir al-mulk» yoki «al-rasoil» davlat ahamiyatiga molik bo'lgan rasmiy hujjatlarni tuzish bilan shug'ullangan. Bundan tashqari bu devon chet davlatlar bilan bo'ladigan munosabatlarni ham boshqargan.
«Sohib ash-shurat» devoni davlatning butun harbiy ishlarini, shu jumladan amiming shaxsiy qo'shinini ham boshqargan. «Sohib ash-shurat»ning maxsus yordamchisi -ariz bo'lgan. U mahkama va uning boshlig'i amir qo'shini xazinasi bilan shug'ullangan. Qo'shinga bir yilda to'rt marta maosh to'langan. Davlatni idora etishda «sohib al-borid» devonini ahamiyati ham juda katta bo'lgan. Bu devon davlat ahamiyatiga molik bo'lgan hujjatlarni va xabarlarni yetkazish bilan shug'ullangan. Devonning hamma shahar va viloyatlarda mahalliy mahkamalari bo'lgan.
«Muxtasiba» devoni bozorlarni, sotuvchilarni, qadoqboshlarning og'irligini, bozordagi mollarning narxini, sifatini nazorat qilgan.
Davlat xazinasining daromadlarini va xarajatlarini «mushrif» devoni nazorat qilgan. Bundan tashqari «qozi az-ziya» va «vaqf» devonian bo'lgan. «Qozi az-ziya» devoni davlat yerlarini, «vaqf» devoni hadya etilgan yerlarni va musulmon ruhoniylarining boshqa mol-mulklarini nazorat qilishgan.
Devonlarning deyarli hammasini viloyatlarda boshqarmalari bo'lgan. Devonlarning viloyatlardagi boshqarmalari bir tomondan o'z devonlariga, ikkinchi tomondan viloyat hokimiga bo'ysunishgan. Bundan faqat «Sohib al-borid» devonining amaldorlari mustasno bo'lgan. Viloyat va rustaklar amir tomonidan tayinlangan hokimlar tomonidan idora etilgan. Odatda bunday lavozimga mahalliy boy zodagonlar tavsiya etilgan.
Somoniylar davlatida musulmon ruhoniylarning ta'siri nihoyatda kuchli bo'lgan. Ular markaziy hokimiyat ishlarida ham faol ishtirok etganlar. Somoniylar davlatining diniy hayotida hanafiylar mazhabiga mansub ruhoniylar hamma diniy lavozimlami o'z qo'llariga olishgan. Ruhoniylarning boshlig'i «ustod», keyinchalik «shayx ul-islom» deb atalgan. «Ustod»dan so'ng o'z lavozimi bo'yicha ruhoniylar orasida «xatib» turgan. U jome' masjidlarida juma namozida xutba o'qish huquqiga ega bo'lgan.
Davlat amaldorlari asosan boy dehqon va ruhoniylardan tanlangan. Bunda yuqori tabaqaga mansub bo'lishdan tashqari, ma'lum bilimlarga ega bo'lish talab etilgan. Amaldorlar arab, turk va fors tillarini, Qur'oni Karim va shariatni yaxshi bilishi hamda turli fanlar to'g'risida ma'lum darajada tasavvurga ega bo'lishi kerak bo'lgan.
Har bir o'lkalar va viloyatlar hokimi ko'ngillilardan iborat qo'shin saqlagan. Odatda ko'ngillilar ozod va boy dehqonlarning o'g'illaridan iborat bo'lgan. Ko'ngillilar harbiy holat vujudga kelgan vaqtda yig'ilgan. Ular viloyat va davlat daromadi hisobiga saqlangan. Davlat hududlari viloyat qo'shinlari va g'oziylarning qismlari bilan qo'riqlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |