2.3 O’zbekistonda pandemiya va undan keyinggi YaIM dinamikasi.
Iqtisodiyotda ijobiy o‘sish dinamikasi saqlab qolindi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilning birinchi yarmida kichik bo‘lsada iqtisodiy o‘sish sur’atlari saqlanib qolindi. Yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmi 255,3 trillion so‘mni tashkil etib, o‘sish ko‘rsatkichi 0,2 %ni tashkil etdi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan ushbu ko‘rsatkich 6 %ni tashkil etgandi.Sohalarda yalpi qo‘shilgan qiymat o‘sishi 0,3 % ni tashkil etdi.Iqtisodiyotning aksariyat tarmoqlarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish dinamikasi sekinlashgan bo‘lsa-da, o‘sish davom etmoqda. Ushbu ko‘rsatkich xizmat ko‘rsatish sohasida 2,6 %, qurilish xizmatlarida 7,3 %, iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish tarmog‘ida 1,2 %ga oshdi. Hududlar kesimida YaHM o‘sish tendensiyalari bo‘yicha Andijon (5%), Navoiy (4.3%) va Namangan (3.1%) viloyatlarida yuqori rivojlanish ko‘rsatkichlriga ega. YaIM strukturasini qaraydigan bo‘lsak yaratilgan qo‘shilgan qiymatning 24,0 %i qishloq xo‘jaligida, 37,7 %i sanoatda va 38.8 %i xizmatlar sohasida yaratildi. Taqqoslash uchun, qo‘shni davlatlar iqtisodiyotlarida retsessiya boshlanganligi qayd etilmoqda. Xususan, Qozog‘istonda birinchi yarim yillikda YaIM hajmi 1,8 %ga,
Qirg‘izistonda esa 5,3 %ga pasaygan.Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki hisob-kitoblariga ko‘ra, YaIMning yillik pasayishi 9,5-10 %ni tashkil qiladi.Xitoy iqtisodiyoti ikkinchi chorakda 3,2% o‘sganiga qaramay, birinchi yarim yillikda jami 1,6 %ga qisqargan. O‘zbekistonda iste’mol narxlari indeksi iyun oyida o‘tgan yilning dekabriga nisbatan 104,6% ni tashkil etdi, 2019 yilning 6 oyi davomida iste’mol narxlari indekslari 105,6% ni tashkil etdi.Shu bilan birga, yillik hisobda iyun oyida o‘tgan yilning iyuniga nisbatan tovarlar va xizmatlar narxlari 14,2 %ga, 2018 yil iyunidan 2019 yilning iyunigacha esa 13,6% ga o‘sishi kuzatilgandi. Investitsiyalarda pasayish kuzatildi. O‘tgan yarim yil mobaynida asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar 12,8 %ga kamaygan. Investitsiyalar strukturasida asosan markazlashgan investitsiyalar 35,4%ga kamaygan. Markazlashmagan investitsiyalarda kamayish atigi 2,5 %ni tashkil etgan. Shu bilan birga, korxonalar mablag‘lari hisobiga investitsiyalarning 15,8 %ga o‘sganligi qayd etildi. To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar va kreditlar o‘tgan yilga nisbatan 18,2% ga oshgan. Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasidan yangi ish o‘rinlarini yaratish masadida 3,6 trillion so‘mdan ortiq mablag‘lar investitsiya loyihalariga qo‘shimcha yo‘naltirildi. Sohalar kesimida qishloq xo‘jaligida o‘sish suratlari 2,8 %ni tashkil etib, bu o‘tgan yilgi (2,4%) ko‘rsatkichdan yuqoridir.
Qishloq xo‘jaligi sohalari ichida baliqchilik (16,7%) keskin rivojlanish ko‘rsatkichlarini ko‘rsatdi. Hududlar kesimida Qashqadaryo va Sirdaryo va Samarqand viloyatlaridan boshqa barcha viloyatlarda dinamik o‘sish tendensiyalari kuzatildi. Sanoat tarmoqlarida ham olib borilgan samarali choralar natijasida mahsulot ishlab chiqarishni keskin pasayib ketishi oldi olindi. Xususan, keskin karantin choralari kiritilgan aprel oyida ham sanoat mahsulotlari hajmi pasayishi - 5.4% ni tashkil etgan edi. May va iyun oylarida esa qabul qilingan chora tadbirlar natijasida mazkur sohadagi yo‘qotishlar - 1.9 %gacha kamaydi, Ushbu kamayish asosan tog‘-kon sanoatida yuz bergan pasayish hisobiga ro‘y berdi. Shu bilan birga, elektr ishlab chiqarish (12.9%) sanoatida o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarimizga qaraganda keskin o‘sish kuzatildi. Ayni vaqtda sanoat ishlab chiqarishning 81 foizini tashkil etuvchi qayta ishlash sanoatida ham 2,2 foizlik o‘sish qayd etildi. Xizmatlar sohasida ham (2,6 %) o‘sish tendensiyalari kuzatildi. Xizmatlar sohasining muhim qismi bo‘lgan yuk va passajirlar tashuv xizmatlarida (-9,1%), ovqatlanish va yashash xizmatlari (- 17,1 %) sohalarida keskin pasayish kuzatilgan bo‘lsa, aloqa (15,1 %), moliya (35.9%), ta’lim (11,5%) va savdo (0,8%) xizmatlarida o‘tgan yilga nisbatan o‘sish tendensiyalari saqlanib qoldi.
Transport sohasidagi ko‘rsatkichlarning pasayishi ikkinchi chorakning birinchi oylarida transport vositalarining harakatlanishiga qo‘yilgan cheklovlarning ta’siri va hududlararo transport aloqalarining to‘xtatilishi tufayli yuzaga keldi. Yuk aylanmasi ko‘rsatkichi 6,6 %ga, yo‘lovchi tashish aylanmasi 13,8 %ga pasaydi. Chakana savdo sohasida bozorlar va yirik savdo maydonchalarining vaqtinchalik yopilishiga qaramay, ijobiy dinamika saqlanib qoldi – chakana savdo hajmi 0,7% ga oshdi.
Tashqi savdoda talab pasaymoqda
Pandemiya mamlakat tashqi iqtisodiy faoliyatiga ham ancha jiddiy ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda. Xususan, 2020 yilning 1-yarim yilligida yalpi tashqi savdo aylanmasi 15,9 mlrd. AQSh dollarni tashkil etib o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18,2 %ga pasaydi. Shuni ta’kidlash lozimki, 2014-2016 yillarda ham tashqi savdoda ham shunga o‘xshash pasayishlar kuzatilgan.
Tashqi va ichki talabning o‘zgarishi natijasida eksport va import operatsiyalarida ham o‘zgarishlar kuzatildi. Yarim yil mobaynida eksport operatsiyalari 22,6 %ga, import operatsiyalari esa 15 %ga kamayib tashqi savdo balansi 3,3 milliard AQSh dollari miqdoridagi defitsitga ega bo‘ldi.
Pandemiya MDH davlatlariga amalga oshirilayotgan eksport ko‘rsatkichlariga jiddiy ta’sir o‘tkazdi – eksport hajmi 34,7 %ga tushib ketdi. Boshqa davlatlarga qilingan eksport hajmi esa nisbatan kamroq 15,7 %ga pasaydi. Import hajmida esa aksincha, MDH davlatlaridan import hajmi 9 %ga, boshqa davlatlardan esa 18,2 %ga kamaydi.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston iqtisodiyoti pandemiya sharoitida hamkor davlatlar iqtisodiyotida yuzaga kelgan retsessiya sharoitida iqtisodiy o‘sishning ijobiy dinamikasini saqlab qola oldi. Epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda maqsadli cheklov choralarini qo‘llash, aksariyat korxonalarning to‘liq yopilishiga yo‘l qo‘ymaslik karantin cheklovlariga qaramay may-iyun oylarida tadbirkorlik sohalarida faollikni tiklash imkonini berdi. Qishloq xo‘jaligi va qurilishda yaratilgan qo‘shimcha qiymat hajmining o‘sishi sanoat va qurilishdagi yo‘qotishlarni qoplash imkonini berdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |