2.3. Ish bilan bandlikni ta’minlash orqali aholi daromadlarini oshirish va hayot sifatini yuksaltirish masalalarini hal etish yo‘llari
Yangi ish o‘rinlari yaratishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning roli katta bo‘lmoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, o‘zining qator xususiyatlariga ko‘ra, mehnatga layoqatli aholining bandlik darajasi ortishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Birinchidan, bu soha kam kapital sig‘imiga ega yangi ish o‘rinlarini tez tashkil etishga qodir. Ya’ni, kichik korxonalarda har bir ish o‘rniga kapital sarfi yirik korxonalardagiga nisbatan ancha kam bo‘ladi.
Ikkinchidan, kichik korxonalar uchun kapitalning quyiroq texnik tuzilmasi xos. Ya’ni, kichik korxonalarda yirik korxonalarga nisbatan mehnat birligiga ishlatilayotgan ishlab chikarish vositalari birligi ko‘proq to‘g‘ri keladi.
Uchinchidan, kichik biznes iqtisodiy faol aholining ish bilan band bo‘lishi uchun ma’qulrokdir. Chunki bu ularga tashabbus ko‘rsatish va ijodiy g‘oyalarini amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
To‘rtinchidan, bevosita kichik korxonalarda ish bilan bandlikning moslashuvchan shakllarini qo‘llash mumkin. Xo‘jalik yuritishning bu subyektlaridagi to‘liksiz bo‘lmagan ish kuni yoki haftasi, o‘rindoshlik, moslashuvchan ish grafigi mehnatga layoqatli aholining turli toifalari uchun maqbul bo‘ladi.
Beshinchidan, kichik biznes asosan mehnat sig‘imi ko‘p talab etiladigan tarmoqlarda jadal rivojlanib, ijtimoiy mehnatni tashkil kilishning ulkan sohasi, davlat va mahalliy budjetlarga moliyaviy tushumlarning muhim manbai hisoblanadi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, odamlarning “hayot falsafasini” o‘zgartirdi. Vujudga kelgan erkinlik, har bir kishiga o‘z mehnatini sarflash sohasi va shakllarini mustaqil belgilash imkoniyatining berilishi natijasida uzoq yillar davomida boqimandachilik kayfiyatida yurgan aholi orasidan ishbilarmon, tadbirkor, mohir xo‘jalik egalari, hunarmandlar, kasanachilar, ish yurituvchilar ajralib chiqdi. Endilikda ular faqat davlatdan ish joyi va ish haqi kutib qolmasdan, balki o‘zlari ham xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, yangi ish o‘rinlarini yaratishga harakat qilmoqdalar. Bu natijalarni mamlakatimizdagi aholi daromadlari tarkibining o‘zgarishi orqali ham kuzatish mumkin. 1990 yilda aholi daromadlari tarkibida ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar 69,8 foizni, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotishdan olinadigan daromad 7,6 foizni, tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromad 3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2009 yilda bu daromadlarning ulushi tegishli ravishda quyidagicha o‘zgardi: 29,7 foiz, 27,0 foiz, 28,1 foiz. Bundan ko‘rinadiki, tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromad ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar darajasi bilan deyarli baravarlashgan.
Demak, mustaqillik yillari davomida oilalar moddiy asoslarining rivojlanishi, ular moliyaviy imkoniyatlarining kengaygani, yashash sharoitlari (elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi, oqova suv tizimi bilan ta’minlanganlik darajasi)ning yaxshilanishi kabi omillar endilikda biznesni oila a’zolari doirasida tashkil etish uchun qulay zamin yaratdi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning aholi bandligi darajasini oshirishdagi roli ham ahamiyatli hisoblanadi. Haqiqatan ham, tadbirkor o‘z mablag‘larini ishlab chiqarish sohasiga kiritar ekan, ayni paytda o‘z daromadlarini oshirish bilan birga jamiyat boshqa a’zolarining ham ish hamda daromad bilan ta’minlanishiga moddiy negiz yaratadi. Mamlakatimizda bu boradagi faoliyat ham kengayib bormoqda: 2000-2008 yillar davomida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida band bo‘lganlar soni 3,3 marta oshdi. 2010 yilning 1 yanvar holatiga kichik biznes va xususiy tadbirkorlikda band bo‘lganlar soni 8402,3 ming kishini, shu jumladan, yakka tadbirkorlar 6446,2 ming kishini, kichik korxona va mikrofirmadagi bandlar soni 1956,1 ming kishini tashkil etdi. Ushbu soha vakillari tomonidan 2002 yilda 369,3 mingta, 2005 yilda 434,2 mingta, 2006 yilda 290 mingta, 2009 yilda 390 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Aholining har bir a’zosi turmush sharoitlarini oshirish, bilim olish imkoniyatlarini kengaytirish, salomatligini mustahkamlash, ishchi kuchi sifatida ijtimoiy foydali mehnatda ishtirok etish salohiyatini yuksaltirish davlatimiz ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Ana shu ma’noda aholi muhofazasini ta’minlashdagi birinchi va asosiy vazifa ham insonni kamol toptirish, uning oila va jamiyatdagi o‘rni hamda nufuzini ko‘tarish bilan bog‘liq. Binobarin, jamiyatning insonparvarligi mamlakat iqtisodiy salohiyatining qanchalik yuksakligi bilangina emas, balki bu salohiyat har bir kishining farovon yashashi va har tomonlama rivojlanishi uchun yo‘naltirilgani bilan ham baholanadi.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda aholini, ayniqsa kam ta’minlangan aholi qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun har yili davlat budjetidan muayyan miqdorda mablag‘ ajratilmoqda. Bunday yordam o‘tish davrida ham, inqiroz sharoitida ham aholining iqtisodiy barqarorligini ta’minlashda muhim rol o‘ynadi.
Ma’lumki, jamiyat taraqqiyotida aholining muhtoj qatlamlarini sotsial muhofaza qilish nafaqat ijtimoiy, ayni vaqtda siyosiy ahamiyatga egadir. Chunki jamiyatning o‘zagini tashkil etuvchi inson uning yuksalish darajasi, haqiqiy qiyofasini belgilaydi. Shu boisdan, aholining mazkur qatlamlarining ijtimoiy-iqtisodiy va demografik holati miqdoriy o‘zgarishlarini, ularning daromadlari va xarajatlarining shakllanish xususiyatlarini, tarkibini o‘rganish muhim ilmiy ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimiz iqtisodiyotini modernizatsiya qilish sharoitida aholi daromadlari tarkibida qator o‘zgarishlar sodir bo‘ldi:
birinchidan, daromad shakllari o‘zgardi, ya’ni uning an’anaviy turlari (ish haqi, pensiya, nafaqa, stipendiya) qatoriga mutlaqo yangilari - tadbirkorlik faoliyatidan, mulkdan, ko‘chmas mulkdan, qimmatli qog‘ozlardan, chet el valyutasidan keladigan daromadlar qo‘shildi;
ikkinchidan, daromadlarning tarkibiy qismlari miqdor va sifat jihatidan o‘zgardi, bu borada fuqaro ixtiyoridagi haqiqiy daromadlar, to‘planish va ajralish koeffitsiyenti, daromad tanqisligi, tirikchilik minimumi, qashshoqlik darajasi, oila pul daromadlarining xarid qobiliyati kabi tushuncha va kategoriyalar paydo bo‘ldi;
uchinchidan, daromadlardan foydalanishning yangi yo‘nalishlari paydo bo‘ldi: majburiy to‘lovlar va badallar, chet el valyutasi, qimmatli qog‘ozlar va shaxsiy mulkni sotib olish uchun xarajatlar, tijorat banklariga qo‘yilmalar shular jumlasidandir.
Ta’kidlash joizki, aholi daromadlarining darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, uning zaruriy ehtiyojini qondirish, salomatligini saqlash, dam olishini tashkil etish, ma’lumot olishi, bo‘sh vaqtlarini madaniy tarzda o‘tkazishi bo‘yicha imkoniyatlari shunchalik ko‘p bo‘ladi. Mamlakatimizda aholi daromadlarining shakllanishi o‘ziga xos xususiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |