Ro’ziqulova Marjona
Reja:
I.Kirish. Al-Xorazmiyning hayotiga bir nazar.
II.Asosiy qism:
1. Qomusiy olimning ilm-fan ravnaqiga qo’shgan hissasi.
2. Xorazmiyning mashhur “Arifmetika” asari haqida.
3. Xorazmiyning falsafiy qarashlari.
III.Xulosa. Xorazmiy merosiga qiziqish.
Xorazmiy, Abu Jaʼfar (Abu Abdulloh) Muhammad ibn Muso al Xorazmiy (783, Xiva – 850, Bagʻdod) – xorazmlik matematik, astronom, geograf, fan tarixidagi ilk qomusiy olimlardan.
Dastlabki maʼlumotni Xiva shahrida olgan va yetuk olim boʻlib shakllangan. Bunda arab istilosidan soʻng muayyan darajada saqlanib qolgan qadimgi Xorazm fani anʼanalari asosiy rol oʻynagan. Xalifa Horun ar-Rashidning oʻgʻli va uning Xurosondagi voliysi alMaʼmun huzuriga – Marvga taklif etilgan. 819-yilda Bagʻdodni egallagan al Maʼmun Markaziy Osiyolik olimlardan Xorazmiy, Ahmad al Fargʻoniy, Habash al Hosib Marvaziy, Abul Abbos Javhariy va boshqalarni oʻzi bilan olib ketib, oʻziga xos ilmiy jamoa tashkil etgan. Bu jamoa fan tarixidagi dastlabki rosmana akademiya deb qaraladigan ilmiy muassasa – „Bayt ul Hikmat“ („Donishmandlik uyi“)ning asosini tashkil etgan. Bu akademiyada Xorazmiy yetakchi olim va ilmiy rahbar boʻlgan. U shu davrdan boshlab Bagʻdodda al Maʼmun (813–833), soʻng al Moʻtasim (833–842), al Vosiq (842–847) xalifaligi davrlarida yashab ijod etgan.
Xorazmiyning bizgacha oʻntacha asari toʻliq, qisman yoki ayrim parchalar tarzida yetib kelgan. Shu asarlarning oʻziyoq koʻrsatadiki, Xorazmiy insoniyat sivilizatsiyasiga buyuk hissa qoʻshgan olimdir. Amerikalik fan tarixchisi George Sarton Xorazmiyni „Oʻz zamonasining eng buyuk matematigi, agar barcha holatlar eʼtiborga olinsa, barcha zamonlarning eng buyuk matematiklaridan biri“,- deb baholagan. Bunday baho Xorazmiyning matematika tarixida tutgan beqiyos oʻrni sabab.
Miloddan avvalgi VI asrdan milodiy V asrgacha ravnaq topgan yunon madaniyati IV asrga kelib inqirozga yuz tutdi. 415-yilda yunon fanining xazinasi boʻlgan Iskandariya kutubxonasi vayron qilinib, minglab kitoblar yoqib yuborildi. Natijada fan taraqqiyotdan toʻxtab, hatto qoʻlga kiritilgan yutuqlar ham unutila boshladi. IV-VIII asrlarda olis Xitoy va Hindistondagi ayrim olimlar faoliyatini hisobga olmaganda Konstantinopol (Vizantiya) va Gandishapurda (Eronning hozirgi Huziston viloyatida) jon saqlagan yunon olimlari, ayrim suryoniy, yahudiy va nasroniy ruhoniylari omon qolgan yunoncha kitoblarni saqlash, tarjima qilish, sharhlar bitish bilangina shugʻullangan, diniy ehtiyojlar tufayli ayrim astronomik kuzatuvlargina olib borilgan.
IX asrda Arab xalifaligi kuchayib, uning poytaxti Bagʻdod ulkan iqtisodiy-ijtimoiy markazga aylandi va bu yerga ilm ahli oqib kela boshladi. Al Hajjoj ibn Matar al Kufiy, Abu Zakariyya Yahyo ibn al Bitrik, Huaayn ibn Ishoq, Qusta ibn Luqo al Baalbakiy va boshqa yunon olimlarining asarlarini, Muhammad al Fazariy, Yaʼqub ibn Tariq va boshqa olimlar hind tilidagi kitoblarni arab tiliga tarjima qila boshladilar, arab tilida dastlabki sharhlar bitildi. Lekin fan yangi marralarni egallashi uchun uni yangi rivojlanish bosqichiga koʻtarish lozim edi. Fan tarixchisi Adam Mets iborasi bilan „Musulmon renessansi“ deb atalgan fan tarixidagi bu hodisa birinchi navbatda Xorazmiy nomi va ilmiy jasorati bilan bogʻliq.
Xorazmiy Bagʻdodda yunon fanining yutuqlarini oʻrganadi, hind va eron manbalari, hatto bevosita Bobildan kelgan ayrim faktlar hamda xitoy manbalari bilan ham tanishadi, ularni oʻzining muhim kashfiyotlari bilan boyitadi va fan tarixida abadiy iz qoldirgan fundamental asarlar yaratadi.Xorazmiy oʻzigacha mavjud boʻlgan sivilizatsiya merosini sintez qilib, boyitib jahonga yoygan.
Xorazmiy qalamiga mansub 20 dan ortiq asarlarning faqat 10 tasi bizgacha yetib kelgan. Bular “Aljabr va al-muqobala hisobi haqida qisqacha kitob” – algebraik asar, “Hind hisobi haqida kitob” yoki “Qoʻshish va ayrish haqida kitob” – arifmetik asar, “Kitob surat-ul-arz” – geografiyaga oid asar. “Zij”, “Asturlob bilan ishlash haqida kitob”, “Asturlob yasash haqida kitob”, “Asturlob yordamida azimutni aniqlash haqida”, “Kitob ar-ruhoma”, “Kitob at-taʼrix”, “Yahudiylarning taqvimi va bayramlarini aniqlash haqida risola”. Bu asarlarning toʻrttasi arab tilida, bittasi Fargʻoniyning asari tarkibida, ikkitasi lotincha tarjimada saqlangan va qolgan uchtasi hali topilgan emas.
Xorazmiyning arifmetik risolasi qachon yozilgani nomaʼlum. Biroq unda olim algebraik risolasini eslaydi. Demak, bundan Xorazmiy arifmetik risolani algebraik risoladan keyin yozgani maʼlum boʻladi. Bu risola XII asrda Ispaniyada lotin tiliga tarjima qilingan. Tarjimaning XIV asrda koʻchirilgan yagona qoʻlyozmasi Kembrij universiteti kutubxonasida saqlanadi. Risola “Diksit Algorizmi”, yaʼni “Al-Xorazmiy aytdi” iborasi bilan boshlanadi. Bundan keyin Xorazmiy toʻqqizta hind raqamining sonlarni ifodalashdagi afzalliklari va ular yordamida har qanday sonni ham qisqa qilib va osonlik bilan yozish mumkinligini aytadi. Asarning lotincha qoʻlyozmasida hind raqamlari koʻpincha yozilmay, ularning oʻrni boʻsh qoldirilgan yoki ahyon-ahyonda 1, 2, 3, 5 sonlarga mos keladigan hind raqamlari yozilgan. Koʻpincha esa hind raqamlari oʻsha davrda Ovroʻpoda keng tarqalgan rim raqamlari bilan almashtirilgan.
Xorazmiy hind raqamlari asosida oʻnlik pozitsion sistemada sonlarning yozilishini batafsil bayon qiladi. U sonlarning bunday yozilishidagi qulayliklar, ayniqsa, nol ishlatilishining ahamiyatini alohida taʼkidlaydi. Keyin Xorazmiy arifmetik amallarni bayon qilishga oʻtadi. Bunda Xorazmiy sonlarning martabalarini, yaʼni razryadlarini eʼtiborga olishni hamda nolni yozishni unutmaslikni uqtiradi, aks holda natija xato chiqadi, deydi u.
Risolaning boshlanishida Xorazmiy undagi masalalar oʻz davrining amaliy talablariga javob sifatida vujudga kelganligini qayd qiladi.U shunday deydi: “…Men arifmetikaning oddiy va murakkab masalalarini oʻz ichiga oluvchi “Aljabr va al-muqobala hisobi haqida qisqacha kitob”ni taʼrif qildim, chunki meros taqsim qilishda, vasiyatnoma tuzishda, mol taqsimlashda va adliya ishlarida, savdoda va har qanday bitimlarda va shuningdek, yer oʻlchash, kanallar oʻtkazishda, (amaliy) geometriya va boshqa shunga oʻxshash turlicha ishlarda kishilar uchun bu zarurdir”[1].
Risolaning Kembrij universiteti kutubxonasida saqlanayotgan lotincha qoʻlyozmasining matnini 1857-yili B. Bonkompani nashr etgan. Mazkur qoʻlyozmaning fotoreproduksiyasini tarixchi A P. Yushkevich ham nashr etgan[2]. Undan tashqari, A. P. Yushkevich oʻz risolasida Xorazmiy risolasiga alohida paragraf bagʻishlagan[3]. B. Bonkompanining nashri asosida Yu. X. Kopelevich va B. A Rozenfeldlar risolaning ruscha tarjimasini nashr etishgan[4]. Xorazmiyning 1200 yillik yubileyi munosabati bilan 1983-yili bu asarning qayta nashri va oʻzbekcha tarjimasi chop etildi[5].
Xorazmiyning arifmetik risolasi XII asrdayoq Ispaniyada seviliyalik Ioann tomonidan qayta ishlangan. Keyinchalik to yangi davrgacha Ovroʻpo olimlari Xorazmiy risolasini qayta-qayta ishlaganlar, u asosida darsliklar yozganlar. Bu qayta ishlangan nusxalar va darsliklarning nomida “Algorizm kitobi” degan ibora boʻlgan.
Xorazmiyning arifmetik risolasi hind raqamlariga asoslangan oʻnlik pozitsion hisoblash sistemasining Ovroʻpoda, qolaversa butun dunyoda tarqalishida buyuk ahamiyat kasb etdi. Ovroʻpoga hind raqamlari arablar orqali oʻtganligi uchun ular “arab raqamlari” deb ataladi va hozir ham shunday deb atalib kelinmoqda. Ovroʻpoliklar uzoq vaqtgacha hind raqamlariga asoslangan hisob tizimini “algorizmi” deb atab keldilar. Faqat XVI asr oʻrtalaridagina bu nom “arifmetika” iborasi bilan almashtiriladi. Shundan keyin to hozirgi kungacha “algorizm” yoki “algoritm” deganda har qanday muntazam hisoblash jarayoni tushuniladigan boʻldi. Bu ibora bilan al-Xorazmiyning nomi fanga abadiy kirib qoldi.
Xorazmiyning algebraik risolasining toʻliq nomi – “Al-ki-tob al-muxtasar fi hisob al-jabr va al-muqobala”. Risolaning nomidagi “al-jabr” va “al-muqobala” soʻzlari “toʻldirish” va “roʻpara qoʻyish” – oʻrta asr algebrasining ikkita asosiy amalini anglatadi. “Aljabr” soʻzi lotincha transkripsiyada “algebra” boʻlib, Xorazmiy asos solgan yangi fanning nomi boʻlib qoldi. Xorazmiyning algebraik risolasi uch qismdan iborat:
1) algebraik qism, buning oxirida kichik bir boʻlim – savdo muomalasidagi bob keltiriladi;
2) geometrik qism, algebraik usul qoʻllanib oʻlchash haqida;
3) vasiyatlar haqidagi qism. Xorazmiy uni alohida nom bilan “Vasiyatlar kitobi” deb atagan. Xorazmiy oʻz risolasida hech qanday belgi keltirmaydi va mazmunni butunlay soʻz bilan bayon etadi va shakllar keltiradi.
Asarning boshida Xorazmiy oʻz oldiga qoʻygan maqsad – kompleks masalalarni aks ettirgan. Shu bilan birga Xorazmiy xalifalikda kun tartibida turgan ehtiyojlar, islom va shariat talablariga koʻra yuzaga keladigan masalalar, meʼmorchilik va irrigatsiya bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni hal qilishni ham koʻzda tutganligini bildiradi. Umuman olganda, Xorazmiy algebrasi – bu sonli kvadrat va chiziqli tenglamalarni yechish haqidagi fandir.
Xorazmiyning aytishicha, algebrada uch xil son bilan ish koʻriladi: ildiz (jizr) yoki narsa (shay), kvadrat (mol) va oddiy son yoki dirham (pul birligi). Yana uning aytishicha, ildiz oʻzini oʻziga koʻpaytiriladigan miqdordir, kvadrat esa iddizni oʻziga koʻpaytirishda hosil boʻlgan kattalikdir. Xorazmiy ish koʻradigan tenglamalar mana shu uch miqdor orasidagi munosabatlardir. U avval risolada koʻriladigan oltita chiziqli va kvadrat tenglamaning tasnifini keltiradi. Bundan keyin aniq misollar bilan boshqa har qanday tenglamalar risola mohiyatidagi asosiy amallar – aljabr va almuqobala amallari yordamida olti konoik koʻrinishga keltiriladi.
Xorazmiy asos solgan algebra fanini undan keyingi Sharq olimlari muvaffaqiyatli rivojlantirdilar.Xorazmiyning boshqa asarlaridan farqli oʻlaroq, uning algebraik risolasining uchta qoʻlyozmasi saqlangan. Ular Kobulda, Madinada va Oksford universitetining Bodleyan kutubxonasida saqlanadi.
Risola 1145-yili Seviliyada (Ispaniya) Robert Chester tomonidan lotin tiliga tarjima qilingan. Asarning arabcha qoʻlyozmalari va lotincha tarjimalari XIX va XX asr olimlari tomonidan chuqur oʻrganilgan.
Xorazmiyning eng yirik astronomik asari uning “Zij”idir. Olim bu asarini 830-yil atrofida yozgan.“Zij” 37 bob, 116 jadvaddan iborat. Asarning avvalgi besh bobi xronologiyaga bagʻishlangan boʻlib, “toʻfon”, “iskandar”, “safar” va xristian eralaridagi sanalarni hijriy eraga koʻchirish qoidalari keltiriladi. 6-bobda aylana – 12 burjga, burj – 30 darajaga, daraja – 60 daqiqaga, daqiqa – 60 soniyaga va hokazo mayda boʻlaklarga boʻlinishi bayon etiladi. 7 – 22-boblar Quyosh, Oy va besh sayyoraning harakatlari masalasiga bagʻishlangan. Bu boblarda Xorazmiy qadimgi va ilk oʻrta asr hind astronomik maʼlumotlaridan, Eron va Yunon maʼlumotlaridan mohirona foydalangan holda Ptolemeyning geomarkaz sistemasiga asoslanib, planetalar harakatini bayon etgan. 23-bob trigonometriyaga bagʻishlangan, unda Xorazmiy “tekis” va “akslangan sinus” tushunchalarini kiritadi va bu funksiyalar jadvallarini keltiradi. 25 – 27-boblar matematik geografiyaga bagʻishlangan. Bu yerda geografik joylarning uzunlik va kengliklarini aniqlash qoidalari keltiriladi va bu koordinatlarning oʻzgarishi Quyoshning yillik, kecha-kunduzlik harakatida ekliptik, ekvatorial koordinatlarning oʻzgarishi bilan bogʻliqligi koʻrsatiladi.28-bobda Xorazmiy yana trigonometrik masalalarga murojaat qiladi va tangens, kotangens tushunchalarini kiritadi hamda ularga mos jadvallarni keltiradi. 29-bobda planetalar harakatining tezligi aniqlanadi. 30-bobda Quyosh va Oy koʻrinmas kulchalarining oʻlchami keltiriladi. 31-32 va 36-37-boblar munajjimlik masalalariga bagʻishlangan, 33-35-boblar Quyosh va Oy tutilishi va parallaks (yoritgichning koʻrinish farqi) masalalariga bagʻishlangan.
Xorazmiy “Zij”i xalifalikdagi dastlabki astronomik asarlardan edi. Asar yozilishi bilan olimlarning diqqatini oʻziga jalb etdi. Unga Xorazmiyning zamondoshlaridan Fargʻoniy, Al-Hoshimiy va boshqalar yuksak baho berishgan. Abu Rayhon Beruniy bu “Zij”ni sharhlashga uchta asarini bagʻishlagan. Fan tarixida ispaniyalik arab astronomi Maslama al-Majritiy tomonidan 1007-yili koʻchirilgan nusxa diqqatga sazovor. Bu nusxani 1126-yili Adelard Bapg Ispaniyada lotinchaga tarjima qildi. Xorazmiy “Zij”i hozir mana shu lotincha tarjimada mavjud. Shu tarjimaning toʻrt qoʻlyozma nusxasi asosida 1914-yili X. Zuter “Zij”ning lotincha tanqidiy matnini, shu matn asosida O. Neygubauer esa 1962-yili uning ingilizcha tarjimasini nashr etgan. Mana shu ikki nashr asosida “Zij”ning toʻla ruscha va qisman oʻzbekcha tarjimalari nashrga tayyorlandi.Xorazmiy “Zij”ining Ovroʻpo faniga taʼsiri X. Zuter, K. A. Nallino va I. Yu. Krachkovskiylar tomonidan yaxshi oʻrganilgan. Tadqiqotchilar yakdillik bilan taʼkidlashicha, Xorazmiyning bu asari uning arifmetik va algebraik risolalari kabi bunday asarlarga ehtiyoj tugʻilgan paytda yuzaga keladi va bu asari bilan olim astronomik asarlar yozilish uslubini standartlashtirdi, bu standart esa to Ulugʻbek “Zij”igacha oʻz kuchini saqladi.
Xorazmiy oʻz “Zij”ida boshlangʻich meridian sifatida, hind anʼanasiga koʻra, Arin (hozirgi Hindistondagi Ujayn) shahridan oʻtgan meridianni tanlagan, Ovroʻpoda XIII asrda Rojer Bekon va Buyuk Albert ham Arin meridiani gʻoyasining tarafdorlari boʻlganlar. Arin gʻoyasiga koʻra, Ayyalik Petr (Fransiyadan) 1410-yili oʻzining “Yer tasviri” nomli asarini yozdi. Bu asarning 1487-yili chop etilgan bir nusxasidan Xristofor Kolumb foydalangan. Kolumbning oʻziga tegishli nusxa hoshiyasiga yozgan eslatmalariga koʻra, Arin gʻoyasi unda Yerning noksimon ekanligi va yerning Aringa diametral qarama-qarshi tarafida Aringa oʻxshash joy boʻlishi kerakligi haqida tasavvur hosil qilgan.Shunday qilib, Xorazmiyning “Zij”i geografiya sohasidagi buyuk kashfiyotlarga ham aloqador boʻldi.
Xorazmiy geografik asarining yozilgan yili aniq maʼlum emas. Akademik V. V. Bartold bu asar 836 – 847 yillar orasida yozilganligini aniqlagan[6].Asar 1037yili koʻchirilgan yagona arabcha nusxasida bizgacha yetib kelgan boʻlib, bu nusxa Strasburg universiteti kutubxonasida saqlanadi.Kitobda shaharlar, togʻlar, dengizlar, orollar va daryolardagi 2402 ta geografik joyning koordinatlari keltiriladi. Shaharlar, daryolar, togʻlar, orollar va boshqa obʼyektlar iqlimlar boʻyicha taqsimlangan. Iqlim soʻzi aslida yunoncha klima – “ogʻish” soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, uni fanga Gipparx (eramizdan oldingi II asr) kiritgan. Gipparx Yerning odamlar yashaydigan qismini 12 ta iqlimga ajratgan. Undan soʻng Ptolemey iqlimlarning sonini 8 tagacha kamaytiradi, lekin oʻz “Geografiya”sida u iqlimlar nazariyasiga toʻla rioya qilmaydi, chunki geografik joylarni mintaqalar va yeparxiyalar boʻyicha taqsimlaydi.
Geografiyani iqlimlar nazariyasiga toʻla rioya etgan holda birinchi marta Xorazmiy bayon qiladi. U yerning maʼmur, yaʼni insonlar yashaydigan obod qismini yetti iqlimga ajratadi. Xorazmiy qadimgi yunon olimi Ptolemeydan farqli oʻlaroq, mintaqalar, mamlakatlar va ulardagi geografik joylarni emas, balki 1-iqlimdan to 7-iqlimgacha joylashgan joylarni tavsif etadi.Xorazmiyning geografik risolasi oʻrta asrlardagi eng birinchi geografik asar edi. Shuning uchun uning iqlimlar nazariyasi keyingi davrlarda geografiyaning rivojlanishida katta ahamiyat kasb etdi. Xususan, uning iqlimlar nazariyasi Yerning maʼmur qismini iqlim mintaqalari boʻyicha oʻrganishni osonlashtirdi.Xorazmiy ham Ptolemey kabi uzunliklarni Kayar orollaridan boshlab hisoblaydi. Xorazmiy ekvatordan janubda 8 shahar, 1-iqlimda 64 shahar, 2-iqlimda 54 shahar, 3-iqlimda 59 shahar, 4-iqlimda 146 shahar, 5-iqlimda 79 shahar, 6-iqlimda 63 shahar, 7-iqlimda 25 shahar va 7-iqlimdan shimolda 40 shaharning koordinatlarini keltiradi.
Risolaning ikkinchi bobida iqlimlardagi togʻlar tavsiflanadi. Togʻlarning boshi va oxirining koordinatlari keltiriladi. Xorazmiy Yaqin va Oʻrta Sharqdagi hamda Kavkaz va Markaziy Osiyodagi togʻlarni ham u yerlardagi shaharlar kabi batafsil bayon qiladi. Shunga qaraganda olim u yerlarning geografiyasi bilan shaxsan tanish boʻlgan koʻrinadi.Risolaning uchinchi bobida Xorazmiy dengizlarni, toʻrtinchi bobida orollarning qirgʻoq chiziqlari va ulardagi punktlarni, beshinchi bobda esa mamlakatlarni, oltinchi bobida esa daryolar va buloqlarni tavsiflaydi.
Xorazmiyning “Kitob surat ul-arz” asari koʻp olimlar tomonidan oʻrganilgan. Lekin asar shu paytgacha toʻla ravishda birorta hozirgi zamon tiliga tarjima qilinmagan. 1983-yili olimning 1200 yillik yubileyi munosabati bilan bizda bu asarning oʻzbekcha tarjimasi Xorazmiyning “Tanlangan asarlar”i tarkibida chop etildi.
Xorazmiyning yuqorida keltirilgan asarlariyoq u fanning qator tarmoqlarining asoschisi boʻlganligini koʻrsatadi. Uning gʻoyalari matematika va astronomiyaning oyoqqa turishi va rivojlanishiga sabab boʻldi. Hozirgi davrda uning xizmatlari jahon afkor ommasi tomonidan eʼtirof etilgan.
Xorazmiy asarlari dunyoning turli kutubxonalarida saqlanadi. Turli gʻarb va sharq tillariga tarjima etilgan. U oʻz asarlari, ixtirolari bilan nafaqat oʻz vatanini, balki arab xalifaligining ilmiy yutugʻi, oʻz davri madaniyatining yuksak natijalarini butun dunyo va barcha asrlarga mashhur etdi. Hozirda uning nomiga turli mamlakatlarda (Eron, Turkmaniston, Oʻzbekiston va boshqalar) mukofot va medallar taʼsis etilgan, koʻcha, muassasalarga nomlari qoʻyilgan.
Sivilizatsiya taraqqiyotida sonlar va arifmetik amallar qanday oʻrin tutishi ravshan, busiz jamiyat taraqqiyotini tasavvur qilib ham boʻlmaydi. Bugun umumbashariy madaniyatning eng oddiy unsuriga aylanib ketgan sonlarni oʻnlik sanoq sistemasida yozish va ular ustida arifmetik amallarni bajarish qoidalari Xorazmiyning „Arifmetika“ asari tufayli joriy boʻlgan.Gap shundaki, hind olimlari tomonidan kashf etilgan sonlarni oʻnta raqam yordamida yozish usuli Xorazmiygacha ham Yaqin Sharq olimlariga maʼlum edi. Lekin shunga qaramay hind hisobi keng yoyilmagan. Xorazmiyning buyuk xizmati shundaki, u oʻnlik sanoq sistemasining ahamiyatini birinchi boʻlib payqab, sodda va loʻnda uslubda bayon qilib bergan. Shu tufayli Xorazmiyning kitobi ham, oʻnlik sanoq sistemasi ham tez orada Sharqiy Turkistondan Ispaniyagacha boʻlgan hududdagi musulmon dunyosiga, XII asrdan boshlab Yevropaga tarqalgan. Shuning uchun Xorazmiyni butun insoniyatni arifmetikaga oʻrgatgan ustoz hisoblash mumkin.
Oʻrta asrlarda matematika, astronomiya va boshqa fanlar sohasida yozilgan yuzlab olimlarning kitoblari orasida aynan Xorazmiy asarlari Sharqda ham, Gʻarbda ham eng koʻp tarqalgani va umuminsoniy taraqqiyotga eng koʻp hissa qoʻshgani bilan ajralib turadi. Bunga Xorazmiy keng qoʻllagan original bayon uslubi sabab boʻlgan. Bu uslub tagida algoritm gʻoyasi yotadi. Xorazmiyning bu gʻoyasi zamonlar oʻtishi bilan koʻproq ahamiyat kasb etib bormoqda va bugunga kelib jamiyat taraqqiyotining eng muhim omillaridan biriga aylandi – raqamli axborotni qayta ishlash shunga asoslanadi.
Algoritm namunalari (masalan,Evklid algoritmi) yunon matematikasida uchraydi. Xorazmiy algoritmik mushohadaning qiyin va murakkab mavzularni bayon qilishdagi ahamiyatni toʻgʻri baholab, uni oʻz asarlarida muntazam ravishda qoʻllagan, mushohada va bayon uslubiga aylantirgan. Oʻrta asrlarga kelib, Yevropada avval toʻrt amalni bajarish qoidalari, soʻng umuman arifmetika, XVIIIasrdan har qanday qatʼiy tartibdagi matematik qoidalar, XIX asrdan hisoblash mashinalari uchun dasturlar „algoritm“ deb atala boshlagan. XX asr oʻrtalarida algoritm tushunchasi komputerlar fanining oʻzak konsepsiyasiga aylangan boʻlsa, asr oxirida u matematika va informatika doirasidan chiqib, barcha tabiiy fanlar va texnikada tafakkurning zaruriy unsuri – algoritmik mushohada qobiliyati darajasiga yetdi. Xorazmiyning nisbasi algoritm atamasiga aylangani tarixiy adolatdir.
Xorazmiy „Arifmetika“si sonlar tabiati haqidagi umumiy mushohadalardan boshlanadi. Soʻng istalgan butun musbat sonni oʻnta raqam orqali yozish usuli, yaʼni oʻnlik sanoq sistemasi va uning afzalliklari bayon qilinadi. Soʻng bu sanoq sistemasida yozilgan sonlarni qoʻshish, ayirish, koʻpaytirish va boʻlish qoidalari bayon qilinib, misollar bilan tushuntiriladi. Shundan keyin Xorazmiy kasr sonlar haqida tushuncha beradi va ular ustida arifmetik amallarni oltmishlik sanoq sistemasiga asoslanib bajarish qoidalarini aytadi.
Kitob bosh qismining (uch yarimni sakkiz butun oʻn birdan uchga ko’paytirish misoligacha) lotincha tarjimasi saqlangan, xolos. Tarixchilar asarning qolgan qismlari haqida bir fikrga kelolmagan. Tarjimalardan bir nusxasi „Magistr A. tomonidan tuzilgan Al-Xorazmiyning astronomiya sanʼatiga kirish kitobi“ degan soʻzlar bilan boshlanib, u 1143-yilda koʻchirilgan (Venada saqlanadi). Ikkinchi risolaning nusxalaridan biri ham shu davrga mansub boʻlib, ispaniyalik Yuxannoga tegishli (Parijda saqlanadi).Bu manbalarga koʻra, Xorazmiy „Arifmetika“sining davomida sonlarni ikkilantirish, ikkilash (yaʼni ikkiga boʻlish) va kvadrat ildiz chiqarish amallari bayon qilingan.
Mutaxassislar Milanda saqlanayotgan „Al-Xorazmiyning butun kvadriviumiga muqaddima kitobi“ qoʻlyozmasiga asoslanib, Xorazmiy „Arifmetika“si aslida kvadrivium, yaʼni arifmetika, geometriya, astronomiya va musiqa qismlaridan iborat boʻlgan deb taxmin qilishadi. Bulardan tashqari, qadimiy qoʻlyozmalarda Xorazmiyning „Kitob aljamʼvaltafriq“ („Qoʻshish va ayirish kitobi“) asariga tegishli deb koʻrsatilgan parchalar uchraydi. Bu faktga koʻra, Xorazmiy arifmetikaga oid yana boshqa asarlar ham yozgan.
Muhammad Muso Xorazmiy nafaqat buyuk matematik, tabiatshunos alloma, balki mashhur faylasuf sifatida ham ma’lum va mashhurdir.
Xorazmiy maxsus falsafiy asar yozgan bo’lmasa-da, lekin uning matematika,
geometriya, astronomiya, geografiya, tarix va musiqa ilmiga oid barcha
kitoblarida ilgari surilgan va ilmiy isbotlangan falsafiy mulohazalar, falsafiy
g’oya, nazariya va ta’limotlar son-sanoqsizdir.Uningcha, Olloh tomonidan
yaratilgan dunyoda, materiyada o’z holatini doimiy ravishda o’zgartirmay
saqlab turadigan hech qanday narsa va hodisa bo’lmaydi. Materiya tinimsiz o’tish, o’zgarish va rivojlanishdadir. Unda nimadir yangidan paydo bo’ladi, ma’lum vaqt mobaynida yashaydi, keyinchalik borib esa u ham eskira boshlaydi va pirovard-oqibatda o’z o’rnini boshqa narsaga qonuniy ravishda bo’shatib eradi. Eski narsa o’rnini yangisi, o’layotgan narsa o’rnini tug’ilayotgan narsa egallashi,Xorazmiy falsafiy ta’limotida qayd etilishicha, tabiiy-qonuniy jarayondir. Bu jarayon cheksiz va chegarasizdir.
Xorazmiyning dunyoning asosini, moddiy negizini nima tashkil etadi,
degan masala bo’yicha bayon etgan fikrlari ham e’tiborga sazovordir. Buyuk
mutafakkir materiyani olamdagi barcha narsa va hodisalarning asosi deb
hisoblaydi. Uning tushuntirishicha dunyo to’rt unsur-tuproq, suv havo va olovdan
tashkil topgan. Dunyodagi barcha narsa va hodisalar ana shu unsurlarning
birikishi, o’zaro ta’siri ostida hosil bo’ladi va yashaydi. Suv va havo haqidagi
ta’limot Xorazmiy falsafiy dunyoqarashining o’zagidir. Orol dengizining
Markaziy Osiyo xalqlari hayoti, o’simliklar va hayvonot dunyosi uchun naqadar
muhimligi haqida buyuk vatandoshimizning bundan ming yil ilgari qilgan
bashoratlari bunga misol bo’ladi.
Alloma o’zining bilish nazariyasidagi moddiy olam, inson, uning sezgisi, aql-idrokidan oldin paydo bo’lgan, inson va uning aqli esa moddiy olam rivojining mahsulidir, deydi. Ayni paytda u inson bilish sub’ekti,tabiat, jamiyat, umuman moddiy olam esa uning ob’ekti deb biladi. Uning
aytishicha aqliy bilish hissiy bilishsiz vujudga kelmaydi. Hissiy bilish borliqning
tashqi tomonlari haqida bilim berish manbaidir. Aqliy bilish yordamida esa inson
narsa va hodisalarning murakkab ichki tuzilishini, mohiyatini, qonuniyatini bilib
oladi. Aqliy bilish inson bilish rivojining yuqori bosqichidir. Bunda biz
Xorazmiyning aqliy bilish masalalariga alohida e’tibor berganligini ko’rib turibmiz.
Bilishda inson aqlining va amaliyotning ahamiyatini ko’rsatganligi buyuk
vatandoshimizning ajoyib xizmatlaridan hisoblanadi.
Muso Xorazmiy dunyoqarashida ijtimoiy-falsafiy masalalar, xususan,jamiyat va
uning istiqboli haqidagi fikr-mulohazalar alohida o’rin egallaydi. Jamiyat
taraqqiyotida ilm-fan va madaniyatning, odob-axloqning, islom dini, shariat
qonunlarining katta o’rin tutishi haqida alloma tomonidan bayon etilgan fikrlar
hozirgi davr uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Odamlarning aqlini peshlash,
iymon-e’tiqodini mustahkamlash, ruhan poklash va kishilar o’rtasidagi insoniy
munosabatlarni mustahkamlashda fan va madaniyatning, diniy qadriyatlarning
muhimligi xususidagi fikrlari tahsinga sazovordir.
Buyuk vatandoshimiz Muhammad Muso Xorazmiyning nodir asarlari,
yaratgan ta’limoti, ijtimoiy-falsafiy qarashlari, hozirgi avlod uchun bitmas-
tuganmas xazina, mustaqilligimiz uchun xizmat qiladigan bebaho ma’naviy
boylikdir.
Xulosa. Xorazmiyning ilmiy merosiga qiziqish uning hayotlik davridayoq boshlangan. Zamondoshlaridan Ahmad al-Fargʻoniy, Xuttaliy va boshqa uning asarlariga sharhlar yozishgan. Xorazmiy o’zining „Zij“ini yozishda hind „Sindhanta“lariga va Ptolemeyning „Almagest“ asariga tayangan bo’lsa, „Algebra“, „Arifmetika“va boshqa asarlari batamom original asarlar sanaladi. Xorazmiy asarlarining mundarijasi, tuzilishi va bayon uslubi keyingi olimlar uchun namunaga aylanadi. Shu bilan birga uning ijodi fanning keyingi taraqqiyoti uchun muhim pogʻona vazifasini o’tadi. Masalan,Beruniy Xorazmiyning „Zij“ iga atab uchta risola bitgan.
Xorazmiy asarlari XII asr boshidayoq Yevropa shaharlariga kirib borgani maʼlum. Kitoblarga ehtiyoj kuchayganidan soʻng ular lotinchaga tarjima qilingan. Xorazmiyning „Algebra“, „Arifmetika“, „Geografiya“si va „Zij“i XVI asrgacha darslik vazifasini oʻtagan. Xorazmiy asarlari oʻsha davrlarda Hindistonga ham olib ketilgani haqida dalillar mavjud.
XIX asr boshlarida Xorazmiy merosiga tarixiy nuqtai nazardan qiziqish boshlangan. Xorazmiy „Algebra“sini 1817-yilda K. Koulbruk qisman, 1831-yilda F. Rozen toʻliq hajmda Londonda, 1838-yilda G. Libri Parijda chop ettiradi. Hozir bu asarning inglizcha (L.S. Karpinskiy, 1915-yil, AQSH), arabcha (A.M. Musharrafa, 1939-yil), ruscha (Yu.Xorazmiy Kopelevich, B.A. Rozenfeld, 1964-yil) va boshqa nashrlari mavjud.
Xorazmiyning „Arifmetika“sini birinchi bo’ib B.Bonkompani Rimda (1857),Karrolyne Fogel Germaniyada (1963), Adolph-Andrei Pavlovich Yushkevich Moskvada (1954) chop ettirishgan.
Xorazmiy „Zij“ini oʻrganishga ham katta eʼtibor berilgan. Uni 1914-yilda N. Zuter, soʻng O. Neygebauer (1962), V.Millas, Goltsteyn (1963) va boshqalar nashr qilishgan. 1919-yilda F. J. Videman „Astrolyabiya bilan amallar haqida kitob“ini nashr etgan.
Xorazmiyning „Geografiya“si birinchi marta Xorazmiy fon Mjik (1926) tomonidan chop etilgan. Olimning boshqa qoʻlyozmalarini izlab topish, oʻrganish, chop etish va tarjima qilish – matematika tarixi sohasining dolzarb muammolaridan boʻlib qolmoqda.
1983-yilda Xorazmiy tavalludining 1200-yilligi munosabati bilan uning barcha asarlari rus tilida (A.Axmedov, Adolph-Andrei Pavlovich Yushkevich, B.A. Rozenfeld va boshqalar tarjimalarida) hamda tanlangan asarlari oʻzbek tilida (A. Axmedov tarjimasida) nashr etildi.
Xorazmiy ilmiy merosini oʻrganish va uning fan taraqqiyotiga qoʻshgan hissasini targʻib qilishda nomlari yuqorida zikr etilgan olimlardan tashqari J. Sarton, E.S. Kennedi, D. King (AQSH), S.A. Nallino (Italiya), Xorazmiy Zemanek (Avstriya), A. Allar (Belgiya), R. Rashed (Fransiya), S. Brokelman, D. Samploinius (Germaniya), M. M. Rojanskaya (Rossiya) va boshqalar ham muhim hissa qoʻshgan.
Oʻzbekistonda Xorazmiy hayoti va faoliyati bilan birinchi boʻlib T.N. Niyoziy qiziqqan. 1960-yillardan S.H. Sirojiddinov va G.P. Matviyevskaya rahbarligida Yaqin va Oʻrta Sharq fani tarixi, jumladan, Xorazmiy merosini oʻrganish va dunyo miqyosida targʻib qilish boʻyicha keng koʻlamda ilmiy tadqiqotlar boshlab yuborildi. 1983-yilda buyuk olim tavalludining 1200 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan Xalqaro ilmiy anjuman (Moskva, Toshkent va Urganch shahrida) Xorazmiyning jahon sivilizatsiyasida tutgan oʻrnini belgilashda muhim tadbir boʻldi.
Hozirgi kunda Urganch davlat universiteti, Oʻzbekistonning turli joylarida koʻplab maktab va boshqa obʼyektlar „Xorazmiy“ nomi bilan atalgan.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:
1.“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.
2. As. Tanlangan asarlar, T., 1983; Matematicheskiye traktati, T, 1964; Astronomicheskiye traktati, T., 1983.
3. Sirajiddinov S. X., Matviyevskaya G. P., Al Xorezmi – vidayushiysya matematik i astronom srednevekovya, M., 1983;
4.Salye M. A., Muxammed al Xorezmi – velikiy uzbekskiy uchyoniy, T., 1954; 5.Salye M. A., Ulugʻ oʻzbek olimi Muhammad al Xorazmiy, T., 1955; 6.Abdurahmonov A., Al Xorazmiy – buyuk matematik, T., 1983;
7. Muxam mad ibn Musa al Xorezmi. K 1200 letayu so dnya rojdeniya, M., 1983; 8.Velikiy ucheniy srednevekovya al Xorezmi, T., 1985;
9. Bulgakov P.S, Rozenfeld B. A., Axmedov A. A., Muxammad alXorezmi, M., 1983. Abdulla Aʼzamov.
Internet resurslari:
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/muso-al-xorazmiy-783-850
https://uz.wikipedia.org/wiki/Al-Xorazmiy
https://bilimlar.uz/tarjimai-hol/abu-abdulloh-al-xorazmiy-hayoti-va-ijodi-asarlari/
Do'stlaringiz bilan baham: |