Klinik ko‘rinishlari
Gripp keskin boshlanadi: bir necha soat ichida bemorda isitma, yo‘tal (odatda quruq), bosh og‘rig‘i, mushaklar va bo‘g‘imlarda og‘riq, zaiflik, tomoq yallig‘lanishi va burun oqishi paydo bo‘ladi.Ushbu alomatlarning ba'zilari mavjud bo‘lmasligi mumkin, ammo yuqori isitma va keskin boshlanish kasallikning klassik belgilaridir. Boshqacha qilib aytganda, agar siz bir necha kun davomida betoblik his qilib yurib, keyin «yiqilib» qolsangiz, unda bu gripp emas, balki o‘tkir respirator virusli infeksiya ya'ni tomoq og‘rig‘idir.
Aksariyat odamlar bir hafta ichida davolanmasdan tuzalib ketishadi. Ammo xavf guruhi ostidagi gripp jiddiy oqibatlarga va o‘limga olib kelishi mumkin.
Xavf guruhlari:
ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar;
65 yoshdan katta qariyalar;
homilador ayollar;
har qanday yoshdagi surunkali yurak, o‘pka, buyrak, jigar, qon kasalliklari, shuningdek qandli diabetdan aziyat chekuvchilar;
immuniteti pasaygan bemorlar (masalan, OIV bilan kasallanganlar).
Virus yuqtirish yo‘llari
Virus havo tomchilari orqali qiyinchiliksiz yuqadi va aynan shu sababli maktab, bolalar bog‘chasi, ofis va boshqa odam gavjum joylarga tez fursatlarda tarqaladi. Ko‘pincha bu kasallik bemor yo‘talishi yoki aksirishi orqali yuqadi, ammo qo‘l bilan salomlashishda ham virus o‘tishi mumkin (masalan, agar bemor yo‘talayotganda og‘zini qo‘li bilan yopsa, so‘ng aynan shu qo‘lida sog‘lom kishi bilan salomlashsa va u bu qo‘l bilan burnini ushlasa). Shuning uchun virus tarqalishi oldini olishning asosiy choralari — niqob kiyish (sog‘lom odam emas, betoblar) va qo‘lni sovun bilan muntazam yuvib turish.
Yuqumli kasallikning yashirin davri (betob bilan aloqa qilishdan kasallik belgilari paydo bo‘lishigacha bo‘lgan vaqt) — 2 kun.
Mavsumiy gripp epidemiyalari
Mavsumiy gripp epidemiyalari ko‘pincha dekabrdan martgacha kuzatiladi (bir yil ko‘tarilish dekabrda kuzatilsa, boshqasida — fevralda). Har yili kattalarning 5-10 foizi va bolalarning 20-30 foizi grippga chalinadi. Aksariyat insonlar kasallikka dosh berishga qodir, ammo yiliga 3-5 million odam grippning og‘ir turini boshdan kechiradi, bu esa 250-500 ming, ba'zida esa 1 milliongacha kishining o‘limiga olib keladi.
Profilaktika
Grippning oldini olishning bir necha yo‘li mavjud:
Kasal odamlar bilan aloqa qilishdan saqlaning.
Agar o‘zingizni yomon his qilsangiz, ishga bormang.
Betoblik tugab, kasallikning har qanday alomati yo‘qolgandan keyin kamida bir kun uyda qoling.
Agar kasal bo‘lsangiz, iloji boricha boshqa odamlar bilan aloqa qilishdan saqlaning.
Aksirish va yo‘talayotganda og‘zingiz va burningizni albatta ro‘molcha (bir marta ishlatiladigan qog‘oz) bilan yoping.
Qo‘llaringizni iloji boricha tez-tez sovun bilan yuving. Agar buning imkoni bo‘lmasa, antiseptik gellardan (sanitariya vositalaridan) foydalaning.
Ko‘z, burun va og‘zingizga tegmang, ayniqsa jamoat joylariga borganda.
Ammo profilaktikaning eng samarali usuli vaksinatsiyadir. Grippga qarshi emlash samarali va xavfsizdir; 60 yildan ortiq vaqt davomida ko‘plab mamlakatlarda qo‘llanishda. Katta yoshdagi aholini emlash kasallik, ishdan mahrum bo‘lish va yaqinlarga yuqtirishdan saqlanish uchun tavsiya etilishi mumkin. Ammo emlanishi juda zarur bo‘lgan aholi guruhlari mavjudki, ularda asoratlar rivojlanishi tahlikasi yoki yuqtirish xavfi juda yuqori.
Do'stlaringiz bilan baham: |