Biologik xususiyatlari. Bug‘doy – bir yillik o‘simlik, har xil tur va shakllarni duragaylash yo‘li bilan ko‘p yillik bug‘doy navlari yaratilgan. Kuzgi, bahori, yarim kuzgi va kuz hamda bahorda ekilganida ham hosil beradigan (duoba) turlari ham bor. Kuzgi bug‘doy bahorgisidan biologik jihatdan farq qiladi, sovuqqa va qurg‘oqchilikka chidamli, tuproq harorati 4–5°C bo‘lganda unib chiqadi. Ayniqsa boshoqlash davrida namga talabchan. Vegetatsiya davrida kuzgi bug‘doy uchun 2100°C, bahorgi bug‘doy uchun kamida 1300°C samarali harorat talab etiladi. Qurg‘oqchilik hosiddorlikni pasaytiradi.
Kuzgi bug‘doyning vegetatsiya davri kuzda 45–50, bahor – yozda 75–100 kun, bahorgi bug‘doyniki 90–100 kunni tashkil etadi. Kuzgi bug‘doy qor qoplami qalin bo‘lganda – 35°C gacha sovuqqa chidaydi. Bahorgi bug‘doy maysalari – 8–10°C daraja sovuqqa bardosh beradi. Kuzgi bug‘doy hosildorligi suvli yerlarda 20–25 (ayrim hollarda 70–80) s/ga, lalmi yerlarda bahorgi bug‘doy hosildorligi 12–18 s/ga boradi.
Xulosa
Agrotexnikasi. Sug‘oriladigan mintaqalarda kuzgi bug‘doyni makkajo‘xori, g‘o‘za, kartoshka va boshqa dala ekinlaridan bo‘shagan unumdor yerlarga ekish tavsiya etiladi. Nordon va sho‘rlangan tuproqda yaxshi o‘smaydi. Ekish usuli yoppasiga qatorlab (qator orasi 12–15 sm) yoki tor qatorlab (qator orasi 7–8 sm) ekiladi. Ekish me’yori – lalmi yerlarda gektariga 70–110 kg, sug‘oriladigan mintaqalarda gektariga 170–200 kg, ekish chuqurligi 4–6 sm; kuzgi bug‘doy chuqurroq ekiladi, ekish me’yori 10–15% ortiq olinadi, urug‘lik ekish oldidan saralanib, dorilanadi.
O‘zbekistonning sug‘oriladigan sharoitida bug‘doy ekiladigan yerga ekish oldindan 10–15 t go‘ng, 40–80 kg fosfor, 40–100 kg azot, kaliy solinadi, o‘suv davrida ham ekinzor o‘g‘itlanadi, suvli yerlarda o‘suv davrida 2–3 marta sug‘oriladi, O‘zbekistonda pishib yetilgan bug‘doyzorlar yoppasiga bir yo‘la g‘alla kombaynlari bilan o‘rib-yig‘ib olinadi.
Navlari. O‘zbekistonda 1937–1996 yillarda bug‘doy bo‘yicha 6 marta (1937–61; 194464; 196065; 196375; 197080; 198085; 199095) nav almashtirildi. Bug‘doy bo‘yicha urug‘lik va yangi bug‘doy navlarini yaratishda Milyutin (G‘allaorol) davlat seleksiya stansiyasi 1937; hozir “Suvli yerlarda boshoqli va dukkakli ekinlar ilmiy tekshirish instituti (Andijon shaxri) ning G‘allaorol filiali” muhim ishlarni amalga oshirdi. Sug‘oriladigan maydonlarda bug‘doyning Qiltiqsiz (Bezostaya 1), Unumli bug‘doy, Sete Serros, Sangzor 4, Intensiv, Yonbosh, lalmi yerlarda Qizil bug‘doy (qadimiy jaydari nav). Qizil Shalola (Krasnovodopadskaya 210), Surxok 5688, Tezpishar va boshqa navlari ekiladi. 1995 yildan Rossiyaning Krasnodar o‘lkasi, Ukrainadan keltirib ekilayotgan Skifyanka, Yuna navlari sug‘oriladigan maydonlarda gektaridan 50–70 s hosil berish imkoniyatiga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |