Hinduiylik. Eramizdan avvalgi VI asrda Hindistonda keyinchalik jahon dinlaridan biriga
aylangan Buddaviylik vujudga keldi. U braxmanlikdagi bir necha elementlarni qabul qilgan bo‘lsa-
da, kasta ta’limotini inkor etdi. O‘sha davrda Hindistondagi kasta tuzumini saqlab qolishga,
braxmanlik dinini isloh qilib, qayta tiklashga harakat boshlandi. Bu harakat braxmanlik bilan
buddaviylik o‘rtasidagi kurashni ifodalovchi hinduiylik edi. Hinduiylik ko‘pxudolik dini bo‘lib,
unda braxmanlikning asosan uchta xudosi tan olinadi; 1) koinotning yaratuvchisi bo‘lgan Braxma;
2) dunyo nizomini ushlab turuvchi Vishnu; 3) koinotni halok qilish qudratiga ega SHiva.
Hinduiylik ta’limotiga ko‘ra olam, hayotning barcha shaklini Braxma yaratgan. Biroq
Braxma bu dinda uch xudoning nomigagina boshlig‘dir. Hozir Braxmaga sig‘inish deyarli yo‘q.
Hinduiylar asosan Vishnu va SHivaga sig‘inadilar, ularga atab qurbonliklar keltiradilar.
Hinduiylikda jannat va do‘zax haqidagi tushunchalar ham mavjud. Ular marhumlarni Gang
daryosi sohillarida kuydirib, kulini suvga oqizadilar.
Bu din asosan Hindistonda tarqalgan bo‘lib, mamlakat aholisining 83% shu dinga e’tiqod
qiladi. Hinduiylikning uni qabul qilmoqchi bo‘lganlarga qo‘yadigan birinchi va asosiy sharti
Hindistondagi kasta tuzumini qabul qilishidir.
III. Konfutsiychilik
Qadimgi Xitoyda Lao-Szi falsafiy ta’limoti bilan deyarli bir davrda Kun-Szi (Konfutsiy
- miloddan avvalgi 551-479)ning falsafiy ta’limoti ham paydo bo‘ldi. Konfutsiy - Qadimgi
Xitoy faylasufi va pedagogi, Konfutsiychilikning asoschisi. Konfutsiy, garchi, samoni oliy
ruhiy qudrat, ajdodlarga qurbonlik keltirishni ularni e’zozlashning asosiy ifodasi deb bilsa
ham, o‘z ta’limotida osmon sirlari muammolarini deyarli tilga olmagan hamda ruhlar va
narigi dunyo kabi tushunchalarga kam e’tibor bergan. Konfutsiyning falsafiy va axloqiy
g‘oyalari markazida inson, uning aqliy va ma’naviy qiyofasi, olamdagi hamda jamiyatdagi
o‘rni, vazifasi muammolari turadi.
Konfutsiy fikricha olamdagi barcha mavjudot singari insonning taqdiri ham samoviy
qudratga bog‘liq. SHuning uchun odamlarning oliyjanobligi yoki tubanligi, oliy yoki past
tabaqaga mansubligini o‘zgartirib bo‘lmaydi.
Binobarin, podshoh - podshohligicha, fuqaro - fuqaroligicha, ota - otaligicha, farzand -
farzandligicha qolishi kerak. Bunday g‘oya, ko‘ramizki, mavjud tuzumni saqlab qolishni nazarda
tutar edi. SHu bilan birga, Konfutsiy ideal, oliy inson, asl, mard kishi konsepsiyasini ishlab
chiqqan. Bu kotsepsiyaga ko‘ra, odamlar ijtimoiy kelib chiqishi yoki jamiyatdagi mavqei orqali
emas, balki odamiylik, adolatgo‘ylik, haqgo‘ylik, samimiyat, farzandlik izzat-hurmati kabi
yuksak ma’naviy fazilatlarga erishish tufayli yuksak kamolotga etishuvi mumkin.
Konfutsiyning falsafiy ta’limoti keyinchalik Xitoyda hukmron dinlarning biriga aylangan
va Konfutsiychilik deb nom olgan dinning asosi bo‘ldi. (milodning boshlarida). Konfutsiychilik
manbai - Konfutsiy izdoshlari yozgan «Lung-YUy» (Suhbatlar va mulohazalar, miloddan oldingi
VI asr) kitobidir. Konfutsiychilik Lao-Szi ta’limotidan tubdan farq qiladi. U jamiyatni ijtimoiy
larzalardan asrab qolishga intilgan feodal amaldorlarning qarashlari va manfaatlarini himoya
qilgan. Konfutsiychilikning maqsadi - xalqni mavjud tartib-qoidalarni hurmat qilish ruhida
tarbiyalashdir. Bu din aqidasiga ko‘ra, jamiyatda osmondan yuborilgan «Jeng» (Insonparvarlik)
qonuni amal qiladi. Bu qonunni o‘rganib olish uchun inson «Li»ga, ya’ni ijtimoiy axloq
normalariga, qoidalariga, an’anaviy marosimlarga amal qilishi, o‘zining jamiyatdagi darajasiga
qarab ish tutishi zarur.
Konfutsiychilik belgilangan diniy tartiblarga qattiq amal qilishni talab etadi. Konfutsiyning
o‘zi hayotligida diniy tartiblarni sidqidildan bajargan.
Endilikda, har bir oilaning o‘z ibodatxonasi bo‘lishi zarur bo‘ldi, har bir oila o‘z
ibodatxonasiga ajdodlarning timsoli bo‘lgan «CHju» tasvirini joylashtiradi. Uning yoniga
qurbonliklarni qo‘yadi va diniy marosimlarni ijro etadi.
Konfutsiychilikda ijtimoiy-axloqiy masala alohida o‘rin egallaydi. SHu ma’noda Konfutsiy
ta’limotini inson xatti-harakati hayoti me’yorlari haqidagi ta’limot deyishi ham mumkin edi.
Insonlar o‘rtasidagi hayot tarzi an’anaviy besh munosabatdan iboratligi qayd etilgan:
- davlat boshlig‘i bilan amaldorlar o‘rtasidagi munosabat;
- ota-onalar bilan farzandlar o‘rtasidagi munosabat;
- er bilan xotin o‘rtasidagi munosabat;
- katta va kichik aka-ukalar o‘rtasidagi munosabat;
- do‘st-birodarlar o‘rtasidagi munosabat.
Bu ta’limotda shunday qadriyatlar ham borki, unga qoyil qolmay iloj yo‘q. Birgina
misol keltiramiz:
O‘g‘il ota-onasi oldida quyidagi beshta vazifani bajarish shart edi:
1.
har doim ota-onani to‘la hurmat qilish;
2.
ularga eng suyukli taomni keltirish;
3.
ular betob bo‘lib qolganlarida chuqur qayg‘urish;
4.
ular vafot etganlarida yurak-yurakdan achinish;
5.
ular xotirasiga tantanali ravishda qurbonliklar qilish.
Konfutsiychilikda diniy marosimlarning asosiy mazmuni - Konfutsiychilikka qadar mavjud
bo‘lgan an’analarni, urug‘-qabilaviy marosimlarni mustahkamlash, qonunlashtirishni tashkil
etardi. CHunki konfutsiy o‘zining hech qanday yangi ta’limot yaratmaganligini faqat eski
marosimlarga, tartib-qoidalarga qattiq rioya etishni talab qilardi. Bu o‘rinda uning quyidagi
so‘zlarini keltirishni maqsadga muvofiq deb bildik: «Qadimdan joriy etilgan marosimlar
saqlanmas yoki ular bekor qilinar edi, unda hamma narsa aralashib ketadi, izdan chiqadi. Nikoh
marosimini yo‘q qiling-chi, unda er-xotinlik bo‘lmaydi, bu bilan bog‘liq katta-katta jinoyatlarga
yo‘l ochiladi yoki dafn etish va qurbonlik qilish marosimini yo‘q qilingchi, unda bolalar vafot
etgan ota-onalari xotirasi to‘g‘risida o‘ylamay, tiriklarga esa xizmat qilmay qo‘yadilar; Pin-Szin
marosimini yo‘q qilingchi - unda podshoh bilan amaldor o‘rtasidagi farq yo‘q bo‘lib ketadi,
kichik-kichik knyazchalar o‘z boshimchalik qila boshlaydilar, natijada ta’qib etish va zo‘ravonlik
boshlanadi».
Xitoy xalqi tarixida qadimgi marosimlar katta o‘rin tutganligini Konfutsiy yaxshi bilar edi.
SHuning uchun ham Xitoy xalq an’analarini, marosimlarini o‘zining ta’limotida asosiy
mazmunga aylantirgan. Xitoyliklar uchun eng yomon fojea - erkak tomonidan avlodning
qolmasligidir. Ular avlodlari qolmasa, biz o‘lganimizdan so‘ng kim bizlarni yod etadi deb qattiq
qayg‘uga tushadilar.
Konfutsiychilikning bosh xudosi - osmon Xudosi edi. Keyinchalik Konfutsiyning o‘zi
ham ilohiylashtirilgan. Uning sharafiga, hatto imperatorning o‘zi ham diniy marosimlarni bajo
keltirar edi. Bu bejiz emas edi, albatta. CHunki, Konfutsiychilik oddiy xalq ustidan
«aslzodalar»ning hukmronligini oqlardi. Bu dinga ko‘ra ayni paytda imperatorning o‘zi oliy
Xudoning erdagi vakili edi. Konfutsiychilikda imperatorga qarata yozilgan quyidagi maslahat
ham bor edi: «Agar imperator biror katta maqsadni amalga oshirmoqchi bo‘lsa, u albatta
ajdodlari ibodatxonasiga borishi lozim. Qilmoqchi bo‘lgan ishidan, o‘zining maqsadidan
avlodlarini xabardor etmog‘i kerak. SHu paytda u osmonda yulduzlarning holatiga qaramog‘i,
ular qulay joylashganligiga ishonch hosil qilganidan so‘ng o‘zining maqsadini amalga
oshirmog‘i mumkin».
Do'stlaringiz bilan baham: |