3. Ilmiy g’oyalar
Inson tafakkurining mahsuli sifatida g‘oya milliy-madaniy merosni, umuminsoniy qadriyatlarni, ijtimoiy-ma’naviy hayotni, tevarak olamni o‘rganish, bilish jarayonida vujudga keladi. Ijtimoiy ongning barcha shakllari: ilm-fan, falsafa, din, siyosat, san’at va badiiy adabiyot, axloq va huquq muayan bir g‘oyalarni yaratadi, ularga tayanadi va ularni rivojlantiradi.
Professor S.Mamashakirovning fikricha, g‘oyalarni shakliy, mazmuniy, sotsial-etnik, ko‘lamiy va boshqa tamoyillar asosida quyidagicha turkumlashtirish mumkin:
-fan g‘oyalari (tabiiy-ilmiy yoki ijtimoiy-gumanitar, asoslangan yoki gipotetik, haqiqiy yoki yanglish, nisbiy yoki mutlaq va hokazo);
-diniy g‘oyalar (vahiy yoki vahiy bo‘lmagan, politeistik yoki monoteistik kabi);
-falsafiy g‘oyalar (idealistik yoki materialistik, teistik yoki ateistik, monistik yoki dualistik, pluralistik kabi);
-badiiy-nafosat g‘oyalari (go‘zallik yoki xunuklik, ulug‘vorlik yoki tubanlik, fojiaviylik yoki kulgililik kabi);
-axloqiy g‘oyalar (ezgulik yoki yovuzlik, yaxshilik yoki yomonlik kabi);
-huquqiy g‘oyalar (haqlik yoki nohaqlik, tenglik yoki tengsizlik kabi);
-sotsial-siyosiy g‘oyalar (guruhiy, tabaqaviy, sinfiy, partiyaviy, milliy, umuminsoniy kabi);
-mahalliy, mintaqaviy, umumbashariy va boshqa g‘oyalar
Ilmiy g‘oyalar – fan taraqqiyotining samarasi, ilmiy kashfiyotlarning natijasi sifatida paydo bo‘ladigan, turli fan sohalarining asosiy tamoyillari, ustivor qoidalarini tashkil qiladigan ilmiy fikrlardir.
Fan taraqqiyoti uzluksiz va cheksiz bo‘lib, bu jarayonda amaliyotda tasdiqlanmagan, eskirgan qarashlar yangi ilmiy g‘oyalar bilan o‘rin almashaveradi. Qadimga yunon faylasuflari Levkip va Demokrit jismlarning eng kichik bo‘linmaydigan zarrasi sifatida “atom” tushunchasini kiritgan edi. Ptolemey va Aristotel, Ulug‘bek astronomiyasigacha dunyoning markazi yer deb hisoblab kelganlar. Yevklid geometriyasi, Nyuton mexanikasi, Darvin ta’limoti ham o‘z davrining eng ilg‘or ilmiy g‘oyalariga asoslangan edi.
Bugungi ilm-fan taraqqiyoti atomning mayda zarrachalarga bo‘linishini, koinot markazi yer emasligini ham ishonchli dalillar bilan isbotladi; kvant mexanikasi, irsiyat nazariyasi va boshqa ko‘plab kashfiyotlar yaratildi.
G‘oya kategoriyasini fanda uch xil talqini bor.
1.talqin: turli falsafiy tizimlarda keng qo‘llaniladigan tushunchalardan biri. G‘oyaning mazmuni, kelib chiqishi, uning voqelikka mos kelish yoki kelmasligi masalasi doimiy bahs munozara obyektiga aylangan. G‘oya tushunchasi aksariyat falsafiy tizimlarda ruh rivojlanishining yuksak taraqqiy qilgan shakliga nisbatan ishlatilgan. Xususan, uni predmetlarning in’ikosi natijasida shakllangan hissiy obraz, obyektiv voqelikning subyektiv in’ikosi deb talqin qilish mavjud. Masalan Gegelda g‘oya hamma narsani mazmuni va yaratuvchisidir. U o‘z mantiqiy rivoji davomida obyektiv, subyektiv va absolut bosqichlarni bosib o‘tadi.
G‘oya Platon falsafasini markaziy kategoriyalaridan biri edi. Unda g‘oya haqiqiy olamning transsendent dunyosini ifdalaydi. Shunday qilib antik davrdan Uyg‘onish davrigacha G‘oya ontologik, yangi davrdan esa insonning olamni bilishiga xizmat qiluvchi shakllaridan biri sifatida gnoselogik talqin qilingan. Bunday bahs-mnozara ratsionalizm va emperizm o‘rtasidagi kurashda ham namoyon bo‘ldi. XX asr falsafasiga kelib g‘oyaning yuqoridagidek talqinlari barham topib, u asosan ilmiy bilish shakli, tushunchasining snonimi sifatida keng qo‘llanila boshladi. G‘oya gnoseologiya nuqtai nazaridan baholanar ekan, qo‘yidagi ma’nolarni anglatadi:
birinchidan inson ongining ijodiy, konstruktiv va tarkibiy qismi sifatida;
ikkinchidan, tashqi olamning subyekt ongida aks etadigan obrazli in’ikosi va aksi sifatida;
uchinchidan, insonning jamiyat va tabiatdagi voqea va hodisalarni anglash shakli sifatida;
to‘rtinchidan, inson ongining tashqi olam va hayot hodisalariga nisbatan aks ta’sirining namoyon bo‘lishi sifatida;
beshinchidan, g‘oya oldin mavjud bo‘lmagan, o‘zida yangilikni tashuvchi fikr sifatida.
2-talqin: G‘oya-ilmiy bilishni o‘ziga xos shakli. G‘oya ilmiy dalil, muammo, faraz, nazariya kabi voqelikni aks ettirish shakllaridan biri. G‘oyada shu voqelik bundan keyin qay yo‘nalishda o‘rganilishi zarurligi haqidagi ko‘rsatma botiniy tarzda mavjul bo‘ladi. Shundan boshlab u yo‘naltiruvchanlik xususiyatga ega bo‘ladi. Masalan: atomlarni mavjudligi, atomlarni bo‘linishi, olamni asosini topish, substansiyani mohiyatini bilishga bo‘lgan harakat...
G‘oya taraqqiyot omiliga aylanishi uchun ma’lum bir shart-sharoit-jamiyatning umumiy bilim darajasi yuzaga kelgan, yangi bilimni qabul qilishga tayyor bo‘lishi, uni tekshirib ko‘rish, tasdiqlash yoki inkor etish imkoniyati, qurollari, vositalar, moddiy-moliyaviy resurslarga ega bo‘lishi lozim. Aks holda u ma’lum madaniy-ma’rifiy hodisa sifatida qolib ketadi. Beruniyning “G‘arbiy yarim sharda quruqlik bor” degan g‘oyasi shunday bo‘ldi. Jamiyatni qabul qilish darajasi tayyor emasligi shu ahvolga olib keldi.
3- talqin: Keng ma’noda oldin mavjud bo‘lmagan, o‘zida yangilikni tashuvchi fikr. Bu hal qilinishi zarur bo‘lgan masalani yechishga intilish natijasida paydo bo‘lgan yaxlit xulosa – fikr. Bunday holat “Menda bir g‘oya paydo bo‘ldi” degan fikrda yorqin ifodasini topadi.
Har qanday g‘oya ijtimoiy ahamiyat kasb etib, odatda muayan g‘oyalar, alohida olingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |